Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

96-BOB

Isoning boy yigitga bergan javobi

Isoning boy yigitga bergan javobi

MATTO 19:16–30 MARK 10:17–31 LUQO 18:18–30

  • BOY KISHI ABADIY HAYOT HAQIDA SO‘RAYDI

Iso Pereya viloyatidan o‘tib, Quddusga ketayotgan bo‘ladi. Uning oldiga boy bir yigit yugurib kelib, tiz cho‘kadi. Bu kishi «boshliqlardan biri» bo‘lib, ehtimol, ibodatxonaning boshliqlaridan biri yoki Oliy Kengash a’zosidir. U Isodan: «Valine’mat Ustozim, abadiy hayotga erishish uchun nima qilishim kerak?» — deb so‘raydi. (Luqo 8:41; 18:18; 24:20)

Iso unga javoban: «Nega meni valine’mat deyapsiz? Allohdan boshqa hech kim valine’mat emas»,— deydi. Bu yigit din peshvolari kabi «valine’mat» so‘zini unvon sifatida ishlatayotgandir. Garchi Iso chindan ham mohirona tarzda ta’lim bersa-da, «valine’mat» unvonini faqat Xudoga nisbatan qo‘llash mumkinligini tushuntiradi.

«Hayotga erishishni istasangiz,— deya davom etadi Iso,— doimo amrlarga rioya qiling». Yigit Isodan: «Qaysi amrlarga?» — deb so‘raydi. Iso O‘nta amrdan beshtasini keltiradi: «Qotillik qilmang, zino qilmang, o‘g‘rilik qilmang, soxta guvohlik bermang, ota-onangizni hurmat qiling». Keyin bulardan ham muhimroq quyidagi amrni qo‘shib qo‘yadi: «Yaqiningizni o‘zingizni sevgandek seving». (Matto 19:17–19)

«Bularning bariga rioya qilib kelganman,— deb javob beradi u.— Yana nima qilishim kerak?» (Matto 19:20) Yigit abadiy hayotga erishish uchun qandaydir savob, qahramona ish qilishi kerakligini o‘ylayotgandir. O‘sha kishining samimiy ekanini ko‘rib, Iso unga «mehr bilan qaraydi» (Mark 10:21) Biroq yigitning oldida bir to‘siq bor.

U o‘z boyligiga bog‘lanib qolgan. Iso unga shunday deydi: «Bajarishingiz kerak bo‘lgan yana bir narsa bor: borib bor-yo‘g‘ingizni soting-da, kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. So‘ng kelib, mening izdoshim bo‘ling». Ha, u pullarini qaytarib berishga qurbi yetmaydigan kambag‘allarga tarqatib, Isoning shogirdi bo‘lishi mumkin edi. Lekin u o‘rnidan turib, qayg‘u ichida u yerdan ketadi. Ehtimol, Iso buni afsus bilan kuzatib turadi. Uning «mol-mulki» ko‘zlarini ko‘r qilib, chinakam xazinani ko‘rishga to‘sqinlik qiladi. (Mark 10:21, 22) Shunda Iso: «Puldor odamning Xudoning Shohligiga kirishi naqadar qiyin!» — deb aytadi. (Luqo 18:24)

Isoning bu so‘zlari shogirdlarni lol qoldiradi. Lekin u: «Boy kishining Xudoning Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroq»,— deb aytgani ularni ko‘proq ajablantiradi. Shogirdlar: «U holda kim najot topa oladi?» — deb so‘rashadi. Nahotki najot topish qiyin va odamga bu imkonsiz bo‘lsa? Iso ularga qarab: «Bu odamlar uchun imkonsizdir, ammo Tangri uchun hamma narsaning imkoni bor»,— deydi. (Luqo 18:25–27)

O‘sha boy kishidan farqli ravishda shogirdlar boshqacha yo‘l tutishganiga e’tibor qaratib, Butrus so‘raydi: «Mana, biz bor-yo‘g‘imizni qoldirib, orqangizdan ergashib keldik. Buning evaziga biz nimaga ega bo‘lamiz?» Iso ularning tanlovi to‘g‘ri ekanini ko‘rsatib, natijada ular qanday mukofot olishi haqida shunday deydi: «Ishonavering, Alloh barcha narsani yangidan yaratganda, Inson O‘g‘li o‘zining ulug‘vor taxtiga o‘tiradi. O‘shanda, mening orqamdan ergashgan sizlar ham 12 taxtga o‘tirib, Isroilning 12 qabilasini hukm qilasizlar». (Matto 19:27, 28)

Ha, Isoning so‘zlaridan shu narsa ayon bo‘lyaptiki, Adan bog‘idagi sharoitlar yana tiklanadi. Butrus va boshqa shogirdlar Iso bilan birgalikda yer yuzidagi jannat ustidan boshqarish mukofotiga ega bo‘lishadi. Bunday mukofot uchun har qanday qurbonliklarga borish arziydi!

Lekin kelajakdagi mukofotdan tashqari, ular hozirning o‘zidayoq ayrim barakalarga ega bo‘lishyapti. Iso shunday deb tushuntiradi: «Xudoning Shohligi uchun uy-joy, xotin, aka-uka, ota-ona yoxud bola-chaqasini qoldirgan har kim hozirning o‘zidayoq bundan-da ko‘prog‘iga ega bo‘ladi. Kelajak zamonada esa abadiy hayotga erishadi». (Luqo 18:29, 30)

Chindan ham, shogirdlar qayerga bormasin o‘z imondoshlarini, birodar-u opa-singillarini uchratishadi. Bu rishtalar qarindoshlik rishtalaridan ham yaqinroq va qadrliroq. Afsuski, boy yigit ushbu o‘zgacha barakani va Osmon Shohligida yashash mukofotini qo‘ldan boy beradi.

«Ammo birinchilardan ko‘pi oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘ladi»,— deb qo‘shib qo‘yadi Iso. (Matto 19:30) U nimani nazarda tutadi?

Yahudiy din rahbarlari singari boy yigit ham «birinchilar» qatoriga kiradi. U Allohning amrlariga rioya qilgani bois, to‘g‘ri yo‘ldan yurayotgandek va ma’naviy jihatdan muvaffaqiyatga erisha oladigandek bo‘lib ko‘rinadi. Ammo boyligi-yu mol-mulki u uchun hayotdagi hamma narsadan afzalroq. Oddiy insonlar esa Isoning ta’limotlarini haqiqat va hayot yo‘li deb bilishadi. Ular «oxirgilar» qatorida bo‘lishgan desa bo‘ladi, endi esa «birinchilar» qatorida bo‘lishadi. Ular haqli ravishda osmonda taxtlarga o‘tirib, Masih bilan yer yuzidagi jannat ustidan hukmronlik qiladigan paytni kutishyapti.