Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

90-BOB

«Tirilish va hayot»

«Tirilish va hayot»

YUHANNO 11:17–37

  • LAZARNING VAFOTIDAN SO‘NG ISO BAYTANIYAGA KELADI

  • «TIRILISH VA HAYOT»

Iso Pereyada edi. Endi esa Baytaniya atrofiga, Quddusning sharq tomonidan qariyb uch kilometr narida joylashgan qishloqqa yetib keladi. Lazarning Marta bilan Maryam ismli singillari akasi vafot etganidan motam tutishadi. Ko‘plar ularga tasalli berish uchun keladi.

Kimdir Martaga Iso kelayotganini aytadi. Shuning uchun Marta shosha-pisha chiqib, Isoni kutib oladi. Ehtimol, Marta shu oxirgi to‘rt kun ichida o‘zi va singlisining xayolidan o‘tgan gaplarni Isoga aytadi: «Hazrat, agar siz bu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi». Keyin u umidini uzmaganini ko‘rsatib: «Allohdan nimaiki so‘rasangiz, Alloh sizga berishini bilaman»,— deydi. (Yuhanno 11:21, 22) Iso akasiga yordam berishi mumkinligiga Martaning ishonchi komil.

Iso javoban: «Akangiz tiriladi»,— deb aytadi. Martaning o‘ylashicha, u kelajakda yer yuzidagi tirilishni, Ibrohim va Xudoning boshqa xizmatchilari kutgan tirilishni nazarda tutyapti. Shu sababli, Marta: «Bilaman, oxirgi kunda, o‘lganlar hayotga qaytgan paytda tiriladi»,— deydi. (Yuhanno 11:23, 24)

Balki, Iso hozirning o‘zidayoq biror narsa qilar? Iso Xudo unga o‘liklarni tiriltirish qudratini berganini Martaga quyidagicha eslatadi: «Menga ishongan kishi o‘lsa ham, yana hayotga qaytadi. Yashayotgan va menga ishongan har qanday kishi hech qachon o‘lmaydi». (Yuhanno 11:25, 26)

Iso mazkur so‘zlari bilan uning zamonasida yashayotgan shogirdlari hech qachon o‘lmaydi, deb aytmoqchi emas. Bundan tashqari, u havoriylariga ilgari ham aytganidek, o‘zi o‘limga duchor bo‘ladi. (Matto 16:21; 17:22, 23) Bu bilan Iso unga ishongan kishi abadiy hayotga erishishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Aksariyat odamlar tirilish orqali, zamonaning oxirida yashaydigan Xudoning sodiq xizmatchilari esa o‘lmay turib unga ega bo‘lishadi. Har holda Isoga ishongan har bir kishi qabrda abadiy qolib ketmasligiga amin bo‘lishi mumkin.

Ammo o‘zi haqida: «Men tirilish va hayotdirman»,— deb aytgan Iso Lazarga yordam bera oladimi? Axir uning o‘lganiga bir necha kun bo‘ldi-ku. Iso Martadan: «Siz bunga ishonasizmi?» — deb so‘raydi. «Ishonaman, Hazrat,— deydi Marta,— siz dunyoga kelishi kerak bo‘lgan Xudoning O‘g‘li — Masihsiz». Marta bugunning o‘zida Iso biror narsa qilishidan shubhalanmay, uyiga yugurib boradi-da, hech kimga bildirmasdan singlisiga: «Ustoz shu yerda, seni chaqiryapti»,— deydi. (Yuhanno 11:25–28) Shunda Maryam darrov uydan chiqadi, ehtimol, boshqalar u Lazar qo‘yilgan qabr oldiga ketyapti deb uning orqasidan borishadi.

Maryam esa Isoning oldiga boradi-da, uning oyoqlariga o‘zini tashlab, opasining so‘zlarini qaytaradi: «Hazrat, shu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi». Maryam va yig‘layotgan odamlarni ko‘rgach, Iso ruhan ezilib, chuqur xo‘rsinadi va uning ko‘zidan yosh oqadi. Buni kuzatayotgan odamlarga bu qattiq ta’sir qiladi. Ulardan ba’zilari esa: «Ko‘rning ko‘zlarini ochgan bu kishi, nahotki uning o‘lmasligi uchun chora ko‘rolmagan bo‘lsa?» — deb so‘rashadi. (Yuhanno 11:32, 37)