9-BOB
Isoning Nosirada ulg‘ayishi
-
YUSUF VA MARYAMNING OILASI KATTALASHADI
-
ISO HUNAR O‘RGANADI
Iso kichkina Nosira shahrida o‘sib-ulg‘ayadi. Bu shahar Jalila tepaliklari orasidagi Jalila dengizining g‘arbida joylashgan.
Yusuf bilan Maryam bu yerga Misrdan kelishganida, Iso taxminan ikki yoshda bo‘lib, Maryamning yolg‘iz farzandi bo‘ladi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay ukalari Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudo tavallud topishadi. Bundan tashqari, Maryam bilan Yusufda qizlar ham tug‘iladi. Shunday qilib, Isoning kamida oltita ukasi va singillari bo‘lgan.
Isoning yana boshqa qarindoshlari ham bor. Biz Elisabet va uning o‘g‘li Yahyo to‘g‘risida bilamiz. Ular janubda, ko‘p kilometr uzoqda joylashgan Yahudiyada yashashadi. Yusuf va Maryamdan uncha uzoq bo‘lmagan Jalilada Maryamning singlisi Salomiya, Isoning xolasi yashaydi. Salomiya Zabadiy degan kishining xotini bo‘lib, Yoqub va Yuhanno ismli ikkita o‘g‘li bor. Ular Isoning xolavachchalaridir. Iso kichkinaligida ular bilan ko‘p vaqt o‘tkazadimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz, lekin katta bo‘lgach, ular Isoning yaqin do‘stlari va havoriylari bo‘lishadi.
Yusuf kattalashib borayotgan oilasini boqish uchun ko‘p ter to‘kib ishlaydi. U duradgorlik qiladi va Isoni o‘z o‘g‘liday katta qilgani sababli Isoni «duradgorning o‘g‘li» deb atashadi. (Matto 13:55) Yusuf Isoga duradgorlik hunarini o‘rgatadi va u buni yaxshi eplab ketadi. Ana shu sababli, odamlar keyinchalik Isoni ham «duradgor» deb bilishadi. (Mark 6:3)
Yusufning oilasida Tangri Yahovaga topinish katta ahamiyat kasb etadi. Tavrotga binoan Yusuf va Maryam bolalariga uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganda ham, turganda ham ma’naviy yo‘l-yo‘riqlar berishadi. (Qonunlar 6:6–9) Nosira shahrida sinagoga, ya’ni yahudiylarning ibodatxonasi bor. Shubhasizki, Yusuf butun oilasi bilan u yerga muntazam qatnab turadi. Keyinchalik Iso haqida u «odatdagidek Shabbat kuni ibodatxonaga» kirdi, deb aytiladi. (Luqo 4:16) Shuningdek, Yusuf va oilasiga Yahovaning Quddusdagi ma’badiga muntazam borib turish quvonch baxsh etadi.