Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-BOB

Va’da qilingan chaqaloq

Va’da qilingan chaqaloq

LUQO 2:21–39

  • ISONI SUNNAT QILISHADI VA KEYINROQ MA’BADGA OLIB KELISHADI

Nosira shahriga qaytishning o‘rniga, Yusuf bilan Maryam Baytlahmda qolishadi. Tavrotga binoan, sakkizinchi kuni Isoni sunnat qilishadi. (Levilar 12:2, 3) Odatda o‘g‘il bolalarga sunnat qilinadigan kuni ism qo‘yishardi. Shu bois, ular farishta Jabroilning amriga ko‘ra bolaga Iso deb ism qo‘yishadi.

Bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, Iso 40 kunlik bo‘ladi. Ota-onasi endi uni qayerga olib boradi? To‘xtagan joylaridan atigi bir necha kilometr narida bo‘lgan Quddusdagi ma’badga. Tavrotga muvofiq, o‘g‘il farzand ko‘rgan ona 40 kun o‘tgach, poklanish uchun ma’badga qurbonlik olib kelishi kerak edi. (Levilar 12:4–8)

Maryam aynan shunday yo‘l tutadi. U qurbonlik sifatida ikkita g‘urrakni olib keladi. Bundan biz Yusuf bilan Maryamning moddiy ahvoli qanday bo‘lganini bilib olyapmiz. Tavrotga ko‘ra, yosh qo‘chqorni va qushni qurbonlik sifatida keltirish lozim edi. Ammo Maryamning vaziyatiga o‘xshab, onaning bunga qurbi yetmasa, ikkita g‘urrak yoki ikkita kaptar palaponi keltirsa yetarli bo‘lardi.

Ma’badda keksa bir kishi Yusuf va Maryamning oldiga keladi. Uning ismi Shimo‘n. U Yahova yuborgan Masihni ko‘rmaguncha, hayotdan ko‘z yummasligi haqida vahiy olgan edi. O‘sha kuni Shimo‘n muqaddas ruh boshqaruvi bilan ma’badga kelganda, Yusuf va Maryam olib kelgan chaqaloqning oldiga boradi. Shimo‘n chaqaloqni qo‘liga oladi.

Shimo‘n chaqaloq Isoni qo‘lida ushlab, Xudoni quyidagicha olqishlaydi: «Ey Oliy Hukmdor, aytgan so‘zingga muvofiq endi qulingning tinchgina hayotdan ko‘z yumishiga izn berasan. Zero ko‘zlarim najot keltiruvchi zotni, barcha xalqlar oldida tayyorlagan najotingni ko‘rdi. U xalqlarni qoplab turgan zulmatni yo‘q qiluvchi nur va Isroil xalqining ulug‘vorligidir». (Luqo 2:29–32)

Yusuf bilan Maryam bu so‘zlarni eshitib, hayratda qolishadi. Shimo‘n ularni duo qilib, Maryamga uning o‘g‘li «Isroilda ko‘plarning qulashiga va ko‘plarning yuksalishiga sababchi bo‘lishi» va qayg‘u uning yuragiga qilichday sanchilishi haqida aytadi. (Luqo 2:34)

O‘sha yerda 84 yoshli Anna ismli bir payg‘ambar ayol ham bo‘ladi. U ma’badni hech tark etmasdi. Shu payt u ham Yusuf va Maryamning oldiga keladi. Anna Xudoga shukronalar aytib, uni tinglayotganlarning barchasiga Iso haqida ayta boshlaydi.

Yusuf bilan Maryam ma’badda yuz bergan bu voqealardan rosa xursand bo‘lishganini bir tasavvur qiling-a! Bu barcha narsalar, chaqaloq Tangri va’da qilgan Zot ekaniga ularni yanada ko‘proq ishontirishi shubhasizdir.