5-BOB
Iso qayerda va qachon tug‘ilgan?
-
ISO BAYTLAHMDA TUG‘ILADI
-
CHO‘PONLAR CHAQALOQ ISODAN XABAR OLISHADI
Rim imperatori Avgust barcha fuqarolarga ro‘yxatdan o‘tish uchun tavallud topgan shaharlariga qaytishlarini buyuradi. Shu sababli, Yusuf va Maryam Yusufning ona shahri, ya’ni Quddus janubidagi Baytlahmga jo‘nashadi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun Baytlahm shahriga kelgan odamlar ko‘p bo‘lgani sababli, Yusuf bilan Maryam faqat molxonada boshpana topishadi. Eshak va boshqa hayvonlar saqlanadigan aynan bu yerda Iso tug‘iladi. Maryam uni yo‘rgaklab, chorva uchun yem solinadigan oxurga qo‘yadi.
Podshoh Avgust ro‘yxatdan o‘tkazish haqida farmon chiqargani, bu ishga Xudoning O‘zi aralashganidan dalolat berardi. Chunki bu orqali Iso ajdodi bo‘lmish shoh Dovudning shahri Baytlahmda dunyoga keladi. Bu shaharda va’da qilingan hukmdor tug‘ilishi haqida Muqaddas Yozuvlarda oldindan aytilgan edi. (Mixo 5:2)
Bu naqadar muhim kecha! Shahar tashqarisidagi dalada bir guruh cho‘ponlarning atrofini nur yarqiratib yuboradi. Bu, Tangri Yahovaning ulug‘vorligidir! Shunda Yahovaning farishtasi paydo bo‘lib, ularga quyidagilarni aytadi: «Qo‘rqmanglar! Men sizlarga barcha insonlarga cheksiz quvonch baxsh etadigan xabar keltirdim. Bugun Dovud payg‘ambarning shahrida sizlar uchun bir najotkor — Hazratingiz Masih tug‘ildi. Chaqaloqni yo‘rgaklangan, oxurda yotgan holda topasizlar. Bu sizlar uchun belgi bo‘ladi». Birdan farishtaning yonida son-sanoqsiz samoviy qo‘shin paydo bo‘lib, quyidagicha qo‘shiq aytadi: «Samodagi Xudoga shon-sharaflar yog‘ilsin! Yer yuzida esa, Uning iltifotiga ega bo‘lganlar orasida tinchlik bo‘lsin!» (Luqo 2:10–14)
Farishtalar g‘oyib bo‘lgandan so‘ng, cho‘ponlar bir-biriga: «Yuringlar, tezroq Baytlahmga boraylik. U yerda Yahova bizga bildirgan xabar bo‘yicha, nimalar bo‘lganini ko‘raylik»,— deyishadi. (Luqo 2:15) Ular darhol yo‘lga chiqishadi va farishta aytgan aynan o‘sha joyda Isoni topishadi. Cho‘ponlar farishtaning gaplarini aytib berishganida, barcha eshitganlar hayron qoladi. Maryam bo‘lsa bu so‘zlarni diliga tugib, ularning ma’nosi haqida o‘ylab yuradi.
Bugungi kunda ko‘p odamlar Iso 25-dekabrda (yoki 7-yanvarda) tug‘ilgan, deb o‘ylashadi. Ammo dekabr oyida Baytlahmda ob-havo yomg‘irli bo‘ladi va hatto qor yog‘adi. Shuning uchun yilning bu faslida cho‘ponlar suruvlari bilan kechasi dalada qolishlari amrimahol edi. Bundan tashqari, Rim imperatori isyon ko‘tarishga moyil bo‘lgan xalqdan qahraton qishda ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmasdi. Bundan xulosa shuki, Iso oktyabr oyida tug‘ilgan bo‘lishi mumkin.