Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37-BOB

Beva ayolning o‘g‘li tiriladi

Beva ayolning o‘g‘li tiriladi

LUQO 7:11–17

  • NAIN SHAHRIDAGI TIRILISH

Iso yuzboshining xizmatkoriga shifo bergach, Kafarnahumning janubi-g‘arbidan 32 kilometrdan oshiqroq masofada joylashgan Nain shahriga yo‘l oladi. Uning shogirdlari va xaloyiq u bilan birga ketishadi. Shaharga yaqinlashib qolishganida kech kirayotgan bo‘ladi. Shu payt ular, o‘lgan yigitni ko‘mishga olib ketayotgan olomonga duch kelishadi.

Marhum yigitning onasi nihoyatda ayanchli ahvolda. Sababi, u beva bo‘lib, bu yigit uning yakka-yu yagona farzandi edi. Eri o‘lgandan so‘ng hech bo‘lmasa sevikli o‘g‘li yonida edi. O‘g‘li uning suyanchig‘i bo‘lib qolgandi va undan umidlari katta edi. Endi u ham yo‘q. G‘am-qayg‘uga botgan bu ayolga endi kim tasalli beradi, kim qo‘llab-quvvatlaydi?

Yigitning onasiga qarab, Iso uning dardiga befarq qola olmaydi. Iso mehr ila, shu bilan birga ishonch baxsh etuvchi ohangda: «Yig‘lamang»,— deb aytadi. Lekin Iso bu ayol uchun ko‘proq narsa qiladi. U jasad yotgan tobutga yaqinlashib, qo‘lini tekkizadi. (Luqo 7:13, 14) Uning bu xatti-harakatidan tobutni olib ketayotgan odamlar to‘xtab qoladi. Ko‘pchilik: «Bevaga aytgan so‘zlari nimani anglatadi? U nima qilmoqchi o‘zi?» — deya hayron bo‘ladi.

Iso bilan birga kelayotganlar haqida nima desa bo‘ladi? Axir ular Iso odamlarga shifo berganining guvohi bo‘lishgan-ku. Biroq ular Iso o‘lgan odamni tiriltirganini ko‘rishmagan bo‘lsa kerak. Marhumlarni hayotga qaytarish faqat o‘tmishda bo‘lgan. Qiziq, Iso bunday qila oladimi? (3 Shohlar 17:17–23; 4 Shohlar 4:32–37) Shunda Iso o‘likka: «Hoy yigit, senga aytyapman: o‘rningdan tur!» — deydi. (Luqo 7:14) Yigit o‘rnidan turib gapira boshlaydi. Iso uni onasiga topshiradi. Onasi bundan hayratda qolib, quvonchi ichiga sig‘maydi. Endi u yolg‘iz emas!

Odamlar yigit rostdan ham tirilganini ko‘rib, hayot Manbai bo‘lmish Alloh Yahovaga hamdlar aytishni boshlashadi. Ular: «Oramizda ulug‘ payg‘ambar paydo bo‘ldi»,— deb aytishadi. Boshqalar esa Iso yaratgan mo‘jizaning ma’nosini tushunib: «Xudo O‘z xalqini yodga oldi»,— deyishadi. (Luqo 7:16) Bu mo‘jiza haqidagi xabar o‘lka bo‘ylab tezda tarqalib ketadi va Naindan taxminan 10 kilometr narida bo‘lgan Isoning ona shahri, Nosiraga ham yetib boradi. Ushbu xabar hatto janubda joylashgan Yahudiyagacha yetadi.

Odamlarni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo hanuz qamoqda va u Isoning ishlari haqida ko‘proq bilishni istaydi. Yahyoning shogirdlari bu mo‘jizalar haqida ustoziga hamma narsani aytib berishadi. Yahyo bunga qanday munosabat bildiradi?