Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-BOB

Iso kuchli bo‘ronni tinchlantiradi

Iso kuchli bo‘ronni tinchlantiradi

MATTO 8:18, 23–27 MARK 4:35–41 LUQO 8:22–25

  • ISO JALILA DENGIZIDA BO‘RONNI TINCHLANTIRADI

Bugungi kun Iso uchun juda uzun bo‘ldi va og‘ir kechdi. Kech kirganda Iso shogirdlariga: «Narigi qirg‘oqqa [Kafarnahumning qarama-qarshi tomoniga] suzib o‘taylik»,— deydi. (Mark 4:35)

Jalila dengizining sharqiy sohilida gerasaliklar hududi bor. Bu hudud shuningdek, O‘nkent deb tanilgan. Garchi O‘nkent shaharlari yunon madaniyatining markazi hisoblansa-da, bu yerda ko‘p yahudiylar yashashdi.

Isoning Kafarnahumdan jo‘nab ketishi nazardan chetda qolmaydi. Odamlar boshqa qayiqlarga o‘tirib dengizni suzib o‘ta boshlashadi. (Mark 4:36) Narigi qirg‘oq unchalik uzoq emas. Aslida Jalila dengizi suvi chuchuk katta ko‘ldir. Uning uzunligi taxminan 21 kilometr, eni esa ko‘pi bilan 12 kilometr. Lekin uni sayoz deb bo‘lmaydi.

Garchi Iso mukammal bo‘lsa-da, faol xizmat qilib charchagan bo‘lishi tabiiy. Qayiq sohildan uzoqlashganda, Iso qayiqning orqa tomonida yostiqqa bosh qo‘yib, uxlab qoladi.

Havoriylar orasida tajribali qayiqchilar bor. Biroq bu safar manzilga yetish oson bo‘lmaydi. Jalila dengizini tog‘lar o‘rab turgani sababli suvning ustki qismi ko‘pincha iliq bo‘ladi. Ba’zan tog‘lardagi sovuq havo pastga tushib iliq suv bilan to‘qnashganida, kutilmaganda dengizda kuchli bo‘ronlar paydo bo‘ladi. Aynan shu narsa yuz berdi. To‘lqinlar qayiqqa urilib, «qayiqqa suv to‘la boshlaganidan, ular xavf ostida» qolishdi. (Luqo 8:23) Iso esa haliyam uxlab yotibdi!

Tajribali qayiqchilar kuchi boricha qayiqni boshqarishga harakat qilishadi. Ularning hayotida bu birinchi bo‘ron emasligi shubhasiz. Ammo bu safar ularning qo‘lidan hech narsa kelmayapti. O‘z hayoti uchun xavfsiraganidan ular Isoni uyg‘otib: «Hazrat, bizni qutqaring, halok bo‘lyapmiz!» — deyishadi. (Matto 8:25) Shogirdlar cho‘kib ketishdan qo‘rqishadi.

Iso uyg‘onib havoriylariga: «Eh, imoni sustlar, namuncha qo‘rqmasangizlar?!» — deydi. (Matto 8:26) Keyin shamol va dengizga do‘q urib: «Jim bo‘l! Tinchlan!» — deydi. (Mark 4:39) Shunda shamol tinib, chuqur sukunat cho‘kadi. (Mark va Luqoning bayonotiga ko‘ra, Iso avvalo bo‘ronni tinchlantiradi, keyin esa shogirdlariga ularning imoni sust ekanini aytadi.)

Shu payt shogirdlar nimani his qilganini bir tasavvur qiling-a?! Hozirgina ularning ko‘z oldida bo‘lgan kuchli bo‘rondan asar ham qolmadi. Shogirdlarni vahima bosadi va ular bir-biriga shunday deyishadi: «Bu qanday odamki, hatto shamol va dengiz unga bo‘ysunyapti-ya?!» Shunday qilib, ular narigi qirg‘oqqa eson-omon yetib kelishadi. (Mark 4:41–5:1) Ehtimol, boshqa qayiqlar bo‘rondan oldin g‘arbiy qirg‘oqqa bexatar qaytib borishga ulgurishgan.

Allohning O‘g‘li tabiat kuchlari ustidan boshqara olishini bilish tasalli baxsh etadi! Kelajakda u yer yuzi ustidan hukmronlik qilganda hech qanday tabiiy ofatlar sodir bo‘lmaydi va barcha odamlar xavfsizlikda yashaydi!