Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

59-BOB

Inson O‘g‘li kim?

Inson O‘g‘li kim?

MATTO 16:13–27 MARK 8:22–38 LUQO 9:18–26

  • KO‘R ODAMNI SOG‘AYTIRADI

  • BUTRUSGA OSMON SHOHLIGINING KALITLARI BERILADI

  • ISO O‘Z O‘LIMI VA TIRILISHINI BASHORAT QILADI

Iso shogirdlari bilan Baytsaydaga yetib kelganida, odamlar uning yoniga ko‘zi ojiz kishini olib kelishadi va Iso unga qo‘lini tekkizib sog‘aytirishini istashadi.

Iso o‘sha kishini qo‘lidan ushlab, qishloq tashqarisiga olib chiqadi va ko‘zlariga tupurib, undan: «Biror narsani ko‘ryapsizmi?» — deb so‘raydi. «Odamlarni ko‘ryapman,— deb javob beradi o‘sha kishi,— biroq ular yurayotgan daraxtlarga o‘xshayapti». (Mark 8:23, 24) Iso uning ko‘zlariga qo‘llarini qo‘yib, ko‘rish qobiliyatini butkul tiklaydi. Keyin Iso unga uyiga qaytishni, ammo qishloqqa kirmaslikni buyuradi.

Endi Iso shogirdlari bilan shimolga, Filip Kesariyasiga yo‘l oladi. Taxminan 40 kilometr yo‘l yurib, tepalikka ko‘tarilish kerak. Shahar dengiz sathidan 350 metr balandlikda bo‘lib, uning shimoli-sharqida qor bilan qoplangan Xermon tog‘i joylashgan. Ular taxminan ikki kun yo‘l yurishlariga to‘g‘ri keladi.

Yo‘lda Iso ibodat qilish uchun xoli qoladi. O‘lishiga atigi to‘qqiz yoki o‘n oy qolgani sababli, Iso shogirdlari uchun qayg‘uradi. Ko‘pchilik uning ortidan ergashmay qo‘ygan. Boshqalar esa nima qilishini bilmaydi yoki umidi puchga chiqqan. Ular Iso shoh bo‘lishdan bosh tortgani va kim ekanini tasdiqlash uchun osmondan alomat ko‘rsatishni talab qilishganida rozi bo‘lmagani tufayli hayron bo‘lishayotgandir.

Shogirdlar Iso ibodat qilayotgan joyga yetib kelishganda, u: «Odamlar Inson O‘g‘lini kim deb hisoblashyapti?» — deya so‘raydi. Ular: «Kimdir xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo, kimdir Ilyos, kimdir Yeremiyo, yana kimdir boshqa payg‘ambarlardan biri deydi»,— deb javob berishadi. Ha, odamlar Isoni tirilib kelgan payg‘ambar deb o‘ylashadi. Iso shogirdlarning fikrini bilish maqsadida: «Sizlar-chi, meni kim deb o‘ylaysizlar?» — deya so‘raydi. Butrus shu zahotiyoq: «Siz barhayot Xudoning O‘g‘li — Masihsiz»,— deydi. (Matto 16:13–16)

Alloh Butrusga bu haqiqatni ayon qilgani uchun u baxtli ekanini aytib, Iso shunday deydi: «Shuni ham aytib qo‘yayki, siz Butrussiz. Men o‘z jamoatimni mana bu qoyatosh ustida barpo qilaman va mozor darvozalari uni ortiq asir tuta olmaydi». Iso jamoatni o‘zi barpo qilishini va o‘sha jamoatning a’zolari yer yuzida sadoqatini saqlab qolishsa, ularni hatto mozor ham asirlikda tuta olmasligini nazarda tutadi. U Butrusga: «Men sizga Osmon Shohligining kalitlarini beraman»,— deb va’da beradi. (Matto 16:18, 19)

Isoning bu so‘zlari, Butrus havoriylar orasida birinchi o‘rinni egallashini yoki jamoatning poydevori bo‘lishini anglatmaydi. Ustida jamoat barpo qilinadigan qoyatosh Isoning o‘zidir. (1 Korinfliklarga 3:11; Efesliklarga 2:20) Butrusga esa uchta kalit beriladi, ya’ni u turli insonlarga Osmon Shohligiga kirish imkoniyatini ochish sharafiga muyassar bo‘ladi.

Butrus birinchi kalitni mil. 33- yili Hosil bayramida qo‘llaydi: u tavba qilgan yahudiylar va yahudiy diniga kirganlar najot topish uchun nima qilishi kerakligini tushuntiradi. Imonli samariyaliklarga Xudoning Shohligiga kirish imkoniyatini ochganida, u ikkinchi kalitni qo‘llaydi. So‘ng mil. 36- yili u uchinchi kalitni qo‘llab, sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakillariga — Korniliy va boshqalarga bunday imkoniyatni ochib beradi. (Havoriylar 2:37, 38; 8:14–17; 10:44–48)

Iso havoriylari bilan suhbatlashayotib, yaqinda Quddusda azob chekib o‘lishi haqida aytadi. Bundan havoriylar qayg‘uga botishadi. Isoning tirilib, osmonga qaytishini tushunmay, Butrus uni chetga tortadi-da: «O‘zingizga rahm qiling, Hazratim. Bu ko‘rgiliklar zinhor boshingizga tushmasin»,— deydi. Iso bo‘lsa undan yuz o‘girib: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Sen menga to‘sqinlik qilib, Xudo kabi emas, insonlarday fikr yurityapsan»,— deya javob qaytaradi. (Matto 16:22, 23)

Iso nafaqat havoriylarga, balki boshqa shogirdlarga ham murojaat qilib, uning izdoshi bo‘lish oson emasligini tushuntiradi. U quyidagilarni aytadi: «Kimki mening ortimdan yurishni istasa, o‘zidan kechsin va o‘zining azob ustunini ko‘tarib, menga ergashib yursin. Agar kimdir o‘z jonini saqlamoqchi bo‘lsa, undan mahrum bo‘ladi. Ammo meni va xushxabarni deb jonidan mahrum bo‘lsa, uni saqlab qoladi». (Mark 8:34, 35)

Ha, Isoning marhamatiga sazovor bo‘lish uchun uning izdoshlari jasoratli va fidokor bo‘lishlari kerak. Iso ularga quyidagicha deydi: «Kimki bu bevafo va gunohkor nasl orasida mendan hamda so‘zlarimdan uyalsa, Inson O‘g‘li ham Otasining ulug‘vorligida muqaddas farishtalar bilan kelganda, o‘sha kishidan uyaladi». (Mark 8:38) Demak, Iso kelajakda kelganida «har kimga ishiga yarasha qaytaradi». (Matto 16:27)