Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

54-BOB

Iso — «hayot noni»

Iso — «hayot noni»

YUHANNO 6:25–48

  • ISO OSMONDAN TUSHGAN «HAQIQIY NON»

Jalila dengizining sharqiy sohilida Iso mo‘jizaviy tarzda minglarcha odamni to‘ydirganidan keyin, uni podshoh etib tayinlamoqchi bo‘lgan xalqdan qochib qutuldi. O‘sha kuni kechasi u qattiq to‘lqinlanib turgan dengiz ustida yurdi. Qolaversa, suv ustida yurgan Butrus imoni zaiflashgani bois cho‘ka boshladi, Iso esa uni qutqardi. Ehtimol, shogirdlari halokatga uchramasin, deya Iso dengizni tinchlantirdi.

Endi esa Iso dengizning g‘arbiy tomoniga, Kafarnahumga qaytadi. U mo‘jizaviy tarzda to‘ydirgan odamlar uning oldiga kelishadi. Ular Isodan: «Ustoz, bu yerga qachon keldingiz?» — deb so‘rashadi. Lekin ular yana ovqatlanib olish niyatida uni izlashgani sababli, Iso ularni koyib beradi. U o‘sha odamlarni «o‘tkinchi yegulik uchun emas, abadiy hayotga eltadigan yegulik uchun mehnat» qilishga chorlaydi. Shunda ular Isodan: «Allohga ma’qul ishlarni bajarish uchun nima qilmog‘imiz kerak?» — deya so‘rashadi. (Yuhanno 6:25–28)

Ehtimol ular Tavrotda yozilgan ishlar haqida o‘ylashayotgandir. Lekin Iso ularga eng muhim ish haqida aytadi. «Bunday ma’qul ish Xudo yuborgan zotga ishonishdir»,— deb tushuntiradi u. Biroq yaratgan barcha mo‘jizalariga qaramay, xalq Isoga ishonmaydi. Bu ishlarning barini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan bo‘lsa ham, ular shunday deya so‘rashadi: «Qanday ish qilasiz? Masalan ota-bobolarimiz sahroda mannani yeyishgan, Muqaddas Yozuvlarda aytilganidek: “Eyish uchun ularga osmondan non yog‘dirdi”». (Yuhanno 6:29–31; Zabur 78:24)

Ular mo‘jiza so‘rashgani uchun Iso: «Ishonavering, Muso sizlarga osmondan non bermagan, sizlarga osmondan haqiqiy non berayotgan mening Otamdir. Xudo bergan non, bu samodan tushuvchi va dunyoga hayot ato etuvchi zotdir»,— deb barcha mo‘jizalarning asl Manbaiga ishora qiladi. Xaloyiq uning so‘zlarini tushunmay: «Hazrat, bizga hamisha shunday nondan bering»,— deydi. (Yuhanno 6:32–34) Qiziq, Iso «non» deganda nimani nazarda tutadi?

«Men hayot noniman,— deb tushuntiradi ularga Iso.— Mening oldimga kelayotgan hech qachon och bo‘lmaydi, menga ishongan hech qachon chanqamaydi. Lekin men sizlarga aytganimdek, garchi meni ko‘rayotgan bo‘lsangiz-da, baribir ishonmayapsiz. [...] Axir men o‘zimning emas, meni Yuborganning irodasini bajarish uchun osmondan tushganman. Meni Yuborganning irodasi shundaki, U menga berganlarning hech birini yo‘qotmasdan, ularning har birini oxirgi kunda tiriltirayin. Otamning irodasi — O‘g‘ilni ko‘rib, unga ishongan har kim mangu hayotga noil bo‘lishidan iborat». (Yuhanno 6:35–40)

Shu payt yahudiylar Isoning so‘zlaridan noliy boshlashadi. Qanday qilib u: «Osmondan tushgan non menman»,— deb ayta oladi? (Yuhanno 6:41) Ularning nazarida Iso bor-yo‘g‘i Jalila yurtining Nosira shahridan bo‘lgan oddiy insonlarning farzandidir. Ana shu sababga ko‘ra ular: «Axir bu Yusufning o‘g‘li Iso emasmi? Uning otasini ham, onasini ham bilamiz-ku»,— deb aytishadi. (Yuhanno 6:42)

«Nolishni bas qilinglar,— deb javob qaytaradi ularga Iso.— Agar meni yuborgan Otam birovni jalb qilmasa, hech kim oldimga kela olmaydi. Menga kelgan kishini esa oxirgi kunda tiriltiraman. Payg‘ambarlar bashorat qilganidek: “Ularning barchasi Yahovadan ta’lim oladi”. Otamga quloq solib, Undan ta’lim olgan har bir inson oldimga keladi. Mendan tashqari Otamni hech bir odam ko‘rmagan. Alloh yuborgan mengina Uni ko‘rganman. Ishonavering, menga ishongan har bir inson abadiy hayotga egadir». (Yuhanno 6:43–47; Ishayo 54:13)

Iso sal oldin Nikodimga abadiy hayot haqida gapirib, bu Inson O‘g‘liga ishonish bilan qanday bog‘liq ekanini aytgan. U shunday degan: «Unga [Xudoning yagona O‘g‘liga] ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhanno 3:15, 16) Lekin endi Iso xaloyiqqa murojaat qilib, ular abadiy hayotga erishishida u qanday o‘ringa ega ekanini aytyapti. Axir manna ham, Jalilada yopiladigan non ham bunday imkoniyatni berolmaydi-ku. Unda abadiy hayotga qanday erishish mumkin? Iso yana bir bor ta’kidlab, shunday deydi: «Men hayot noniman». (Yuhanno 6:48)

Osmondan tushgan non haqidagi bahs-munozara, Iso Kafarnahumdagi ibodatxonada ta’lim berayotganda davom etib, avjiga chiqadi.