Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-BOB

Ishayo payg‘ambarning bashorati amalga oshadi

Ishayo payg‘ambarning bashorati amalga oshadi

MATTO 12:15–21 MARK 3:7–12

  • ISO XALOYIQ ORASIDA QISILIB QOLADI

  • U ISHAYO PAYG‘AMBARNING BASHORATINI AMALGA OSHIRADI

Iso farziylarning va Hirod tarafdorlarining uni o‘ldirish niyati borligini bilib qolib, shogirdlari bilan birga Jalila dengizi tomon jo‘nab ketadi. U yerda butun Jalila, Tir bilan Sidon atroflaridan, Iordan daryosining sharqiy tomonidan, Quddus va janubda joylashgan Idumeyadan kelgan xaloyiq to‘planadi. Iso ko‘plarga shifo beradi, shuning uchun og‘ir dardga chalinganlar Iso ularga qo‘l tekkizishini kutmay, o‘zlari unga qo‘l tekkizishga intilishadi. (Mark 3:9, 10)

Odam juda ko‘p bo‘lgani sababli, Iso shogirdlariga doimo qayiqni tayyor tutishni buyuradi. Shu yo‘sin, Iso xalq orasida qisilib qolmaslik uchun sohildan nariroqqa suzib, qayiqda o‘tirib ta’lim berishi mumkin. Bundan tashqari, qayiqda boshqa joylarga ham suzib borib, o‘sha yerdagi odamlarga yordam bera oladi.

Matto e’tibor qaratganiday, Isoning faoliyati tufayli «Ishayo payg‘ambar orqali aytilgan» bashorat amalga oshadi. (Matto 12:17) Qaysi bashorat haqida gap ketyapti?

«Ana, tanlab olgan sevimli xizmatkorim. Men undan mamnunman! O‘z ruhimni unga yog‘diraman va u xalqlarga adolat nima ekanini tushuntiradi. U talashib-tortishmaydi, baqirmaydi, katta ko‘chalarda ovozi ham eshitilmaydi. U adolatni o‘rnatmaguncha, bukik qamishni sindirmaydi, lipillayotgan pilikni ham o‘chirmaydi. Xalqlar uning ismiga umid bog‘laydi». (Matto 12:18-21; Ishayo 42:1–4)

Shubhasizki, Iso Xudoning sevimli xizmatchisidir. U soxta din urf-odatlari dastidan noaniq bo‘lib qolgan haqiqiy adolat nimaligini odamlarga aniq qilib tushuntiradi. Farziylar Xudoning qonunini noto‘g‘ri talqin qilib, Shabbat kuni hatto kasal odamga yordam qo‘lini cho‘zishmasdi. Xudoning adolati nimaligini odamlarga tushuntirib, Xudoning ruhi uni boshqarayotganini ko‘rsatib, ularni og‘ir yuk bo‘lib qolgan urf-odatlardan xalos qiladi. Aynan shu sababli din rahbarlari uni o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Naqadar ayanchli ahvol-a?!

«U talashib-tortishmaydi, baqirmaydi, katta ko‘chalarda ovozi ham eshitilmaydi», degan so‘zlar nimani anglatadi? Iso shifo topganlarga va jinlarga «o‘zi haqida gapirishni qat’iy man etadi». (Mark 3:12) Odamlar u haqda ko‘cha-ko‘yda jar solayotgan yoki hayajonli tarzda mish-mish tarqatayotganlardan bilib olishlarini xohlamaydi.

Ramziy ma’noda ko‘p odamlar bukik qamish kabi ezilib, oyog‘osti bo‘lib ketishgan. Iso bundaylarga tasalli baxsh etuvchi xabarni yetkazyapti. Ular go‘yo o‘chib qolay deb lipillayotgan, tutayotgan zig‘ir pilikka o‘xshaydi. Iso bukik qamishni sindirmaydi va lipillayotgan pilikni ham o‘chirmaydi. U muloyimlik va mehr ila kamtarin kishilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Chindan ham, xalqlar Isoga umid bog‘lasa arziydi!