Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-BOB

Kafarnahumda ko‘rsatilgan boshqa mo‘jizalar

Kafarnahumda ko‘rsatilgan boshqa mo‘jizalar

MATTO 8:14–17 MARK 1:21–34 LUQO 4:31–41

  • ISO JINNI QUVIB CHIQARADI

  • BUTRUSNING QAYNANASI SOG‘AYADI

Iso ilk shogirdlaridan to‘rttasini — Butrus, Idris, Yoqub va Yuhannoni odamlarni ovlashga taklif qilganidan so‘ng, Shabbat kuni ular birgalashib Kafarnahumdagi ibodatxonaga borishadi. U yerda Iso ta’lim bera boshlaydi va odamlar uning ulamolar kabi emas, balki hokimiyat egasiday ta’lim berayotganidan hayron qolishadi.

O‘sha Shabbat kuni ibodatxonada jinga chalingan bir odam bo‘ladi. U baland ovozda: «Ey nosiralik Iso, bizda nima ishing bor? Sen bizni yo‘q qilgani keldingmi? Sen, Alloh yuborgan muqaddas zot ekaningni bilaman»,— deb baqiradi. O‘sha odamni aslida jin boshqargan bo‘ladi, shuning uchun Iso unga gapirishni man etib: «Jim bo‘l va undan chiqib ket!» — deydi. (Mark 1:24, 25)

Shunda jin o‘sha odamni tutqanoqqa solib, qattiq silkitadi. Jin baland ovozda qichqirib, lekin «unga hech qanday zarar keltirmay, chiqib ketdi». (Luqo 4:35) Hamma lol qoladi! «Bu nimasi? — deb so‘raydi ular,— U hatto yovuz ruhlarga qudrat bilan buyuryapti, ular esa unga bo‘ysunishyapti». (Mark 1:27) Bu yangilik butun Jalila bo‘ylab yoyilishi ajablanarli emas.

Ibodatxonadan chiqqach, Iso bilan shogirdlari Simunning, ya’ni Butrusning uyiga borishadi. O‘sha paytda Butrusning qaynanasi isitmasi baland holda qiynalib yotgan bo‘ladi. Shu sababli, Isodan unga yordam berishini so‘rashadi. Iso ayolning yoniga boradi va qo‘lidan ushlab, o‘rnidan turg‘izadi. Shu ondayoq ayol sog‘ayib, Iso va uning shogirdlariga xizmat qilishni boshlaydi, ehtimol ularga ovqat tayyorlashga tushadi.

Keyinroq, quyosh botganda, Butrus yashaydigan uyning yoniga har yerdan odamlarni olib kelishadi. Tez orada eshik oldiga go‘yo butun shahar yig‘iladi! Bu odamlar davolanish uchun kelishgan. Ha, «turli kasalliklarga yo‘liqqan kishilarni Isoning oldiga olib kelishdi va u har birining ustiga qo‘lini qo‘yib, ularni davoladi» (Luqo 4:40). Bashorat qilinganidek, odamlarda qanday kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, Iso ularga yordam beradi (Ishayo 53:4). U hatto jinlarni ham quvib chiqaradi. Jinlar chiqib ketishayotganda: «Sen Xudoning O‘g‘lisan»,— deb baqirishadi. (Luqo 4:41) Lekin Iso ularga gapirishni man etadi. Chunki ular uning Masih ekani haqida guvohlik berishlarini istamaydi, toki boshqalarda jinlar ham haq Tangriga xizmat qilishar ekan degan fikr paydo bo‘lmasin.