Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

64-BOB

Kechirimli bo‘lish muhim

Kechirimli bo‘lish muhim

MATTO 18:21–35

  • YETTI MARTA KECHIRISH KERAKMI?

  • SHAFQATSIZ QUL HAQIDA MASAL

Birodarlar orasida paydo bo‘lgan tushunmovchilikni yuzma-yuz gaplashib hal qilish borasidagi Isoning nasihatini Butrus eshitgan. Ammo u bunday vaziyatlarda necha marta harakat qilish kerakligini aniqlashtirmoqchi bo‘ladi.

Shuning uchun Butrus Isoga: «Hazratim, menga qarshi gunoh qilgan birodarimni echa marta kechirishim kerak? Yetti martami?» — deb savol beradi. Ba’zi din rahbarlari uch marta kechirish kerak, deb o‘rgatishadi. Ehtimol shu sababli Butrus «yetti marta» kechirishni oliyjanoblik deb hisoblayotgandir. (Matto 18:21)

Ammo odamning ayblarini sanashning o‘zi Isoning ta’limotlariga mos kelmaydi. Shunda Iso Butrusni tuzatib: «Sizga yetti marta emas, 77 marta deyapman»,— deydi. (Matto 18:22) Boshqa so‘zlar bilan aytganda kechirishning chegarasi yo‘q. Demak, Butrus birodarini cheksiz kechirishi kerak.

Shogirdlari kechirish borasidagi saboqni yaxshilab uqib olishlari uchun Iso Butrusga va boshqalarga bir masal aytib beradi. Bu masal rahm-shafqatli xo‘jayiniga o‘xshab yo‘l tutmagan bir qul to‘g‘risidadir. Shoh qullarining qarzlari bilan hisob-kitob qilmoqchi bo‘ladi. Uning huzuriga, undan nihoyatda ko‘p — 10 000 talant [60 000 000 dinor] qarzi bo‘lgan bir qulni keltirishadi. Buncha pulni qaytarishga qulning qurbi yetmaydi. Shunda shoh, qarzini qaytarib olish uchun uni xotin bola-chaqasi bilan sotib yuborishni buyuradi. Keyin qul shohning oldida tiz cho‘kib: «Ozgina sabr qiling, hammasini qaytarib beraman»,— deb yolvoradi. (Matto 18:26)

Shohning unga rahmi keladi-da, qarzidan kechib yuboradi. Qul shohning huzuridan chiqib ketishi bilanoq, 100 dinor qarzi bo‘lgan sherigini izlab topadi. Uni ushlab: «Qarzingni to‘la»,— deb uni bo‘g‘a boshlaydi. Ammo sherigi tiz cho‘kib: «Bir oz sabr qiling, qaytarib beraman»,— deb yalinadi. (Matto 18:28, 29) Biroq rahm-shafqatli shohdan farqli o‘laroq, o‘sha qul qarzi unikidan kamroq bo‘lgan sherigini qarzini qaytarmaguncha zindonga tashlaydi.

Bundan xabar topgan boshqa qullar borib hammasini shohga aytib berishadi. Shunda shohning jahli chiqib, o‘sha qulni chaqirtiradi. «Voy yovuz qul-yey,— deydi shoh,— sen mendan iltimos qilganingda, butun qarzingdan kechgandim. Men senga rahm-shafqat qilganimdek, sen ham sherigingga rahm-shafqat ko‘rsatsang bo‘lmasmidi?» G‘azabga mingan shoh qulni, butun qarzini to‘lamagunicha qamoqxona soqchilariga topshiradi. So‘ng Iso so‘zlariga shunday yakun yasaydi: «Sizlar ham chin yurakdan birodaringizni kechirmasangiz, samoviy Otam ham sizlar bilan xuddi shunday muomala qiladi». (Matto 18:32–35)

Kechirimli bo‘lishning qanday ajoyib sabog‘i, shunday emasmi?! Alloh katta qarzimizni, ya’ni gunohlarimizni kechirdi. Bu qarz bilan imondoshlarimizning bizga qarshi qilgan gunohlarini solishtirib bo‘lmaydi. Boz ustiga, Tangri Yahova bizni bir marta emas, balki bir necha ming marta kechirib kelyapti. Hatto ustidan shikoyat qilishga sababimiz bo‘lsa-da, biz ham birodar va opa-singillarimizni bir necha marta kechira olmaymizmi? Iso Tog‘dagi va’zida aytganidek, «bizga qarshi gunoh qilganlarni» kechirsak, Xudo ham «bizning gunohlarimizni» kechiradi. (Matto 6:12)