Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41-BOB

Mo‘jizalar kimning kuchi bilan qilingan?

Mo‘jizalar kimning kuchi bilan qilingan?

MATTO 12:22–32 MARK 3:19–30 LUQO 8:1–3

  • ISONING IKKINCHI XIZMAT SAFARI

  • JINLARNING QUVIB CHIQARILISHI VA KECHIRILMAYDIGAN GUNOH

Iso farziy Simunnikida kechirimli bo‘lish haqida gapirganidan ko‘p o‘tmay, ikkinchi marta Jalila bo‘ylab va’z qilishga boradi. Iso xizmatini boshlaganiga ikki yil bo‘ldi va u yolg‘iz emas. U bilan birga 12 ta havoriysi hamda «yovuz ruhlar va kasalliklardan xalos etilgan ayrim ayollar» bor. (Luqo 8:2) Ularning orasida magdalalik Maryam, Susanna hamda shoh Hirod Antipa saroyidagi amaldorning xotini Yo‘anna ham bor.

Isoning xizmati jadallashib borgan sayin, faoliyati bahs-munozaralar manbaiga aylanadi. Bu ayniqsa jinga chalingan, ko‘zi ojiz, soqov bir kishini sog‘aytirganida namoyon bo‘ladi. Haligi odam yovuz ruhdan xalos bo‘lib, gapirishni va ko‘rishni boshlaydi. Xalq g‘oyat hayratlanib: «Bu kishi Dovudning O‘g‘li emasmikin?» — deya so‘raydi. (Matto 12:23)

Iso to‘xtagan uyning atrofida shunchalik ko‘p odam yig‘iladiki, u va shogirdlari hatto ovqat yeya olishmaydi. Ammo o‘sha odamlarning hammasi ham Isoni va’da qilingan «Dovudning O‘g‘li» deb hisoblamaydi. Ayrim ulamolar-u farziylar uzoq yo‘l bosib Quddusdan kelgan bo‘lishsa-da, lekin na Isodan ta’lim olishadi, na uni qo‘llab-quvvatlashadi. Ularning xalqqa aytishicha, Isoning «ichiga Baalzabub kirib olgan», demak u «jinlar hukmdori» bilan birga. (Mark 3:22) Bahs-munozara ko‘tarilganini eshitganda, Isoning qarindoshlari uni olib ketgani kelishadi. Nima uchun?

Gap shundaki, Isoning o‘z ukalari, u Xudoning O‘g‘li ekaniga haliyam ishonishmaydi. (Yuhanno 7:5) Boz ustiga, Iso Nosirada, ularning ko‘z o‘ngida o‘sib-ulg‘aygani sababli, uning bunday g‘ala-g‘ovur keltirib chiqaradigan odati yo‘qligini bilishadi. Shuning uchun ular Iso jiddiy ruhiy kasallikka yo‘liqqan, deb o‘ylab: «U aqldan ozibdi»,— degan xulosaga kelishadi. (Mark 3:21)

Lekin aslida bu shundaymi? Iso jinga chalingan odamni sog‘aytiradi, endi u ko‘rishi va gapirishi mumkin. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Shuning uchun, ulamo-yu farziylar Isoni yomonotliq qilish niyatida uni qoralashadi. Ular shunday deyishadi: «Bu kishi jinlar hukmdori Baalzabubning yordami bilan jinlarni quvib chiqaryapti». (Matto 12:24)

Iso ulamo-yu farziylarning o‘y-fikrini bilgani uchun shunday deydi: «Ichidan bo‘lingan har qanday shohlik vayron bo‘ladi. Ichidan bo‘lingan har bir shahar yoki uy ham xarob bo‘ladi. Xuddi shunday, agar Shayton Shaytonni quvib chiqarayotgan bo‘lsa, u ichidan bo‘linib, saltanati o‘z yakuniga yetmaydimi?» (Matto 12:25, 26)

Qanday kuchli mantiq-a! Farziylar ba’zi yahudiylar jinlarni quvib chiqarishganini bilishadi. (Havoriylar 19:13) Shuning uchun Iso ularga quyidagicha deydi: «Aytaylik, men jinlarni Baalzabubning yordami bilan quvib chiqarayotgan bo‘lsam, unda izdoshlaringiz kimning yordami bilan quvib chiqarishyapti?» Boshqa so‘zlar bilan aytganda, ular Isoga qo‘yayotgan ayblovlarni ularning o‘ziga qo‘llash mumkin. Iso davom etib: «Agar men Allohning ruhi bilan jinlarni quvib chiqarayotgan bo‘lsam, Xudoning Shohligi sizlarga yetib kelgani aniq»,— deydi. (Matto 12:27, 28)

Jinlarni quvib chiqarish qobiliyati, Iso Shaytondan qudratliroq ekanini yaqqol ko‘rsatayotganini tushuntirish uchun Iso shunday misol keltiradi: «Baquvvat odamning uyiga o‘g‘rilikka kirgan kishi uni bog‘lamay turib uning mulkini egallay oladimi? Uni bog‘lagan holdagina, uyini talon-toroj qila oladi. Kim men tarafda bo‘lmasa, menga qarshidir. Men bilan birga yig‘magan, sochadi». (Matto 12:29, 30) Farziylar-u ulamolar Isoga qarshilik qilishayotgani aniq va bu bilan ular Shaytonning qo‘lidagi qurol ekanliklarini ko‘rsatishyapti. Ular «sochadi», ya’ni odamlarni Yahovaning kuchi bilan ish tutayotgan Isodan uzoqlashtiryapti.

Iso Shaytonning tarafdorlarini quyidagicha ogohlantiradi: «Insonlar qanday gunoh ishlar qilishmasin yoki qanday haqoratli so‘zlar aytishmasin, hammasi kechiriladi. Lekin kim muqaddas ruhga qarshi haqoratli so‘zlar aytsa, hech qachon kechirilmaydi. Gunohi uchun toabad aybdor hisoblanadi». (Mark 3:28, 29) Muqaddas ruh, ya’ni Xudoning qudrati orqali qilingan mo‘jizalarni Shaytonning ishlari deb aytgan odamlar bilan nima bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring!