Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

65-BOB

Iso Quddusga ketayotganda ta’lim beradi

Iso Quddusga ketayotganda ta’lim beradi

MATTO 8:19–22 LUQO 9:51–62 YUHANNO 7:2–10

  • ISONING UKALARI UNGA QANDAY MUNOSABATDA?

  • XUDO SHOHLIGINING MANFAATLARINI KO‘ZLAB XIZMAT QILISH

Mana bir necha vaqt mobaynida Iso asosan Jalilada xizmat qilyapti. Yahudiyadan ko‘ra bu yerda odamlar uning xabariga qiziqish ko‘rsatishyapti. Bundan tashqari, Iso Quddusda bo‘lganida Shabbat kuni bir kishini sog‘aytirgan edi. Yahudiylar esa «uni o‘ldirish payiga tushishdi». (Yuhanno 5:18; 7:1)

Hozir mil. 32-yilning kuz fasli. Chaylalar bayrami yaqinlashib qoldi. Bu bayram yetti kun davom etib, sakkizinchi kuni esa tantanali marosim bilan tugaydi. Dehqonchilik mavsumining tugashi sharafiga uyushtiriladigan bu bayram katta quvonch va Xudoga shukrona bildirish fursatidir.

Isoning ukalari — Yoqub, Simun, Yusuf va Yahudo unga: «Bu yerda o‘tirmay, Yahudiyaga boring»,— deb aytishadi. Quddus butun yurtning diniy markazi hisoblanadi va bu yerga yiliga uch marta ko‘plab odamlar kelishadi. Isoning ukalari shunday o‘ylashadi: «Mashhur bo‘lishni istaydigan kishi yashirincha ish qilmaydi-ku. Bunday ishlarni qilayotgan ekansiz, o‘zingizni dunyoga taniting». (Yuhanno 7:3, 4)

Aslini olganda, ular akasi Masih ekaniga ishonishmaydi. Lekin bayramga yig‘ilganlar uning mo‘jizalarini ko‘rishini xohlashadi. Iso buning xavfliligini bilib ularga quyidagicha javob beradi: «Dunyo sizlardan nafratlanishiga hech bir sabab yo‘q, mendan esa nafratlanadi, chunki men uning ishlari yovuz ekani haqida shahodat beryapman. Sizlar bayramga bora qolinglar, men esa hozircha bu bayramga bormayman chunki mening vaqtim hali kelmadi». (Yuhanno 7:5–8)

Bir necha kundan so‘ng Iso shogirdlari bilan birga o‘ziga e’tibor jalb qilmagan holda bayramga yashirincha boradi. Ko‘pchilik Quddusga Iordan daryosi bo‘ylab borsa, Iso boshqa yo‘l bilan, Samariya orqali boradi. Iso hamrohlari bilan samariyaliklarning qishlog‘ida tunab qolmoqchi bo‘ladi. Shu sababli, zarur narsalarni tayyorlab turishlari uchun u oldidan xabarchilarni yuboradi. Ammo samariyaliklar Isoning Quddusga ketayotganini bilgach, uni qabul qilishdan bosh tortadilar. Yoqub va Yuhanno bundan g‘azablanib, Isoga: «Hazrat, istaysizmi, hozir osmondan olov tushib, ularni gumdon qilsin deymiz?» — deyishadi. (Luqo 9:54) Iso bo‘lsa ularga tanbeh beradi va ular boshqa qishloqqa ketishadi.

Yo‘lda Isoning oldiga bir ulamo kelib: «Ustoz, siz qayerga borsangiz, men ham o‘sha yerga boraman»,— deb aytadi. «Tulkilarning uyasi, qushlarning ini bor,— deb javob beradi Iso,— Inson O‘g‘lining esa turar joyi ham yo‘q». (Matto 8:19, 20) Iso bu so‘zlar bilan, ulamo uning izdoshi bo‘lsa turli qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini tushuntiradi. Hoynahoy ulamoning g‘ururi bunday hayot tarzini tanlashga yo‘l qo‘ymaydi. Har birimiz o‘zimizdan: «Isoning orqasidan ergashishga qanchalik tayyorman?» — deb so‘rashimiz mumkin.

So‘ng Iso boshqa bir kishiga: «Mening izdoshim bo‘ling»,— deydi. U esa: «Avvaliga borib otamni ko‘mib kelishimga ijozat bering»,— deb javob qaytaradi. Uning vaziyatini bilib, Iso: «O‘liklar o‘z o‘liklarini ko‘msin, siz esa borib, hamma yoqda Xudoning Shohligi haqida e’lon qiling»,— deydi. (Luqo 9:59, 60) Aniqki, o‘sha kishining otasi hali o‘lmagan, aks holda, u bu yerda Isoni tinglab o‘tirmagan bo‘lardi. Bu kishi hayotida Xudoning Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishga tayyor emas.

Iso shogirdlari bilan Quddusga ketayotganida, uning oldiga yana bir kishi kelib: «Hazrat, men sizga ergashib yuraman, lekin ruxsat bering, avval borib uyimdagilar bilan xayrlashib kelay»,— deydi. Iso unga shunday deydi: «Qo‘lini omochda tutib, ortda qolgan narsalarga qaraydigan odam Xudoning Shohligiga kirishga loyiq emas». (Luqo 9:61, 62)

Kimki Isoning izdoshi bo‘lishni istasa, u butun diqqatini Xudo Shohligining manfaatlarini ko‘zlab xizmat qilishga qaratishi kerak. Agar yer haydovchi oldinga qaramasa, uning egati qiyshiq chiqadi. Bordi-yu, qo‘lini omochda tutib ortda qolgan narsalarga qarasa, daladagi ish to‘xtab qoladi. Shunga o‘xshab kim ortiga, so‘lib borayotgan ushbu dunyoga o‘girilib qarasa, abadiy hayotga eltuvchi yo‘ldan og‘ishi hech gap emas.