Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-BOB

Iso to‘rtta shogirdini chaqiradi

Iso to‘rtta shogirdini chaqiradi

MATTO 4:13–22 MARK 1:16–20 LUQO 5:1–11

  • ISO SHOGIRDLARINI DOIMIY IZDOSHLARI BO‘LISHGA UNDAYDI

  • BALIQCHILAR ODAMLARNI OVLASHADI

Nosiraliklar Isoni o‘ldirmoqchi bo‘lishganda, u shaharni tark etib, shuningdek «Genisaret ko‘li» deb nomlangan Jalila dengizi bo‘yidagi Kafarnahum shahriga jo‘nab ketadi. (Luqo 5:1) Bu bilan Ishayo payg‘ambarning, dengiz bo‘yida yashovchilar ulug‘ nurni ko‘rishi haqidagi bashorati ro‘yobga chiqadi. (Ishayo 9:1, 2)

Jalilada Iso: «Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi»,— deya va’z qilishni davom etadi. (Matto 4:17) Bu yerda Iso o‘zining to‘rtta shogirdini topadi. Ular avvallari Isoga ergashib yurishardi, lekin Yahudiyadan qaytishgach, yana baliqchilik ishlariga kirishib ketishadi. (Yuhanno 1:35–42) Endi ular Isodan ta’lim olish uchun unga doimiy ravishda ergashishlari kerak. Chunki u ketganidan so‘ng ular xizmatni davom ettirishlari lozim.

Iso dengiz sohilida ketayotib, to‘rlarini yuvib o‘tirgan Simun Butrusni, uning ukasi Idrisni va ularning o‘rtoqlarini ko‘radi. Iso Butrusning qayig‘iga chiqib, sohildan sal nariroqqa suzishini iltimos qiladi. Ozgina nariroqqa suzgandan so‘ng, Iso sohildagi xaloyiqqa Xudoning Shohligi haqida ta’lim berishni boshlaydi.

Bundan so‘ng Iso Butrusga: «Chuqurroq joyga suzib borib, to‘rlaringizni tashlanglar»,— deydi. Butrus esa javoban: «Ustoz, biz kechasi bilan harakat qilib, hech narsa tuta olmadik. Mayli, siz aytganingiz uchun, to‘r tashlayman»,— deb aytadi. (Luqo 5:4, 5)

Baliqchilar to‘r tashlab, shunchalik ko‘p baliq tutishadiki, to‘r yirtila boshlaydi! Shunda ular zudlik bilan yonlaridagi qayiqda suzib ketayotgan o‘rtoqlarini yordamga chaqirishadi. Ko‘p o‘tmay, ikkala qayiq ham baliqqa to‘lib, cho‘ka boshlaydi. Buni ko‘rib, Butrus Isoning oldida tiz cho‘kadi-da: «Hazratim, men yoningizda bo‘lishga arzimayman. Chunki gunohkor odamman»,— deb yolvoradi. Iso bo‘lsa unga javoban shunday deydi: «Qo‘rqmang, bundan buyon insonlarni ovlaysiz». (Luqo 5:8, 10)

Iso Butrusga va Idrisga: «Mening ortimdan yuringlar, men sizlarni odam ovchilari qilaman»,— deydi. (Matto 4:19) Bundan tashqari, u yana ikkita baliqchini, Zabadiyning o‘g‘illari Yoqub va Yuhannoni chaqiradi. Ular ham ikkilanmay taklifni qabul qilishadi. Xullas, to‘rtalasi baliqchilikni tashlab, Isoning ilk doimiy izdoshlari bo‘lishadi.