Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-BOB

Jalilada va’z qiladi va havoriylarga ta’lim beradi

Jalilada va’z qiladi va havoriylarga ta’lim beradi

MATTO 9:35–10:15 MARK 6:6–11 LUQO 9:1–5

  • ISO YANA JALILADA VA’Z QILADI

  • HAVORIYLARINI VA’Z QILISHGA JO‘NATADI

Mana ikki yildirki, Iso tinmay va’z qilib yuribdi. Xo‘sh, endi u xizmatga kamroq vaqt ajratsa ham bo‘ladimi? Aksincha, u yanada ko‘proq ishlarni amalga oshiradi. «Iso [Jaliladagi] barcha shaharlar-u qishloqlar bo‘ylab yurib, u yerlardagi ibodatxonalarda ta’lim berar va Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon qilardi. Shuningdek, u odamlarning har turli kasalliklari-yu darmonsizliklarini davolardi». (Matto 9:35) Iso xizmati davomida ko‘rganlaridan, va’zgo‘ylik ishini yanada kengaytirish zarurligiga amin bo‘ladi. Ammo u buni qanday amalga oshiradi?

Iso qayerga bormasin, u ma’naviy shifoga va tasalliga muhtoj bo‘lgan odamlarni ko‘radi. Ularning xuddi cho‘ponsiz qo‘ylarday tarqoq va holdan toyganini ko‘rib, Isoning ularga rahmi keladi. Shuning uchun, Iso shogirdlariga shunday deydi: «Hosil chindan ham mo‘l, faqat ishchilar oz. Ana shu sababdan hosilni yig‘ish uchun ishchilar yuborsin deb, hosil Egasiga iltijo qilinglar». (Matto 9:37, 38)

Isoning bu borada rejasi bor. U 12 ta havoriyni chaqiradi-da, ularni ikkita-ikkita qilib va’z qilishga yuboradi. Iso ularga shunday yo‘l-yo‘riq beradi: «Boshqa xalqlar hududidan o‘tmanglar va samariyaliklarning hech bir shahriga kirmanglar. Sizlar yaxshisi adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar. Yo‘lda ketayotib: “Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi”,— deb e’lon qilinglar». (Matto 10:5–7)

Iso ularga Shohlik to‘g‘risida ibodat qilishni o‘rgatgan edi. «Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi» deganda, Xudo tayinlagan Shoh — Iso Masih ularning orasida ekani nazarda tutiladi. Shogirdlar samoviy hukumatning vakillari ekanini isbotlay olishlari uchun, Iso ularga kasallarni sog‘aytirish va hatto o‘liklarni tiriltirish vakolatini beradi. Qiziq, shogirdlar shaxsiy ehtiyojlarini qanday qondirishadi, masalan, har kunlik oziq-ovqatni qayerdan olishadi?

Iso shogirdlariga va’zgo‘ylikka chiqqanda moddiy ehtiyojlari haqida tashvishlanmaslikni aytadi. Havoriylar hamyonlariga oltin, kumush yoki mis pul ham solmasliklari kerak edi. Shuningdek, yo‘l uchun yegulik solingan to‘rva ham, qo‘shimcha ichki kiyim ham, sandal ham olmasliklari kerak edi. Nega? Iso ularga shunday deydi: «Ishchi o‘z rizqini olishga loyiqdir». (Matto 10:10) Xushxabarni minnatdorlik ila qabul qilganlar shogirdlarning asosiy ehtiyojlari qondirilishiga g‘amxo‘rlik qilishadi. Iso gapida davom etib shunday deydi: «Qaysi uyga kirsangiz, to ketmaguningizcha o‘sha yerda qolinglar». (Mark 6:10)

Qolaversa, Iso uy egasi bilan Shohlik haqida qanday qilib suhbat boshlash mumkinligini quyidagicha o‘rgatadi: «Biror uyga kirganingizda, xonadon ahliga salom beringlar. Agar uy ahli sizlarni qabul qilsa, tilagan tinchligingiz ularga yor bo‘ladi. Bordi-yu, qabul qilishmasa, tinchligingiz o‘zlaringizga qaytadi. Mabodo sizlarni qabul qilishmasa yoki tinglashmasa, o‘sha uy yoki shahardan chiqib ketayotib, oyoqlaringizdagi changni qoqib tashlanglar». (Matto 10:12–14)

Shogirdlar yetkazayotgan xabarni butun shahar yoki qishloq qabul qilmasligi mumkin. Xo‘sh, o‘sha hududning aholisi bilan nima bo‘ladi? Iso ular hukm etilishini aytib, shunday tushuntiradi: «Ishonavering, Hukm kunida bu shahardan ko‘ra Sado‘m va G‘amo‘raning ahvoli yengilroq bo‘ladi». (Matto 10:15)