Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-BOB

«Gunohlaringiz kechirildi»

«Gunohlaringiz kechirildi»

MATTO 9:1–8 MARK 2:1–12 LUQO 5:17–26

  • ISO SHOL ODAMNING GUNOHLARINI KECHIRIB, UNI SOG‘AYTIRADI

Iso ancha taniqli bo‘lib qoladi va u to‘xtaydigan xilvat joylarga ko‘p odamlar uni tinglash va mo‘jizalarini ko‘rish uchun kelishadi. Ammo bir necha kun o‘tib, Iso xizmati davomida tez-tez qoladigan shaharga, Kafarnahumga qaytadi. Jalila dengizining sohilida joylashgan bu shahar bo‘ylab Isoning qaytib kelgani haqidagi xabar tezda tarqaladi. Iso to‘xtagan uyga xaloyiq yig‘ila boshlaydi. Butun Jalila, Yahudiya va hatto Quddusdan ham ba’zi farziylar-u Tavrot muallimlari kelishadi.

«U yerda odam shu qadar ko‘p ediki, hatto eshik oldida ham joy qolmadi. Shunda Iso ularga xushxabarni ayta boshladi». (Mark 2:2) Yaqin orada o‘zgacha bir voqea yuz beradi. Bu voqea, Iso odamzod chekayotgan azoblarning sababini bartaraf etib, o‘zi tanlagan barchaning sog‘ligini tiklashga qodir ekanini tushunishimizga yordam beradi.

Iso xaloyiqqa ta’lim berayotgan paytda, odamlarga to‘la uyning oldiga to‘rt kishi shol odamni to‘shagi bilan ko‘tarib keladi. Bu kishilar Iso ularning do‘stiga shifo berishini judayam xohlashadi. Ammo «xaloyiq ko‘pligidan uni Isoning yoniga olib kira olishmaydi». (Mark 2:4) Nahotki unga yordam berishning iloji bo‘lmasa? Yo‘q, ular taslim bo‘lmasdan, tomga chiqib, uni teshishadi-da, shol odamni to‘shagi bilan Isoning yoniga tushirib qo‘yishadi.

Gapini bo‘lishgani uchun Isoning achchig‘i chiqadimi? Yo‘q albatta! Aksincha, Iso ularning kuchli imonini ko‘rib qattiq ta’sirlanib ketadi. Shunda u shol odamga: «Gunohlaringiz kechirildi»,— deydi. (Matto 9:2) Qiziq, Iso gunohlarni rostdan ham kechira oladimi? Ulamolar-u farziylar bunday hisoblashmaydi. Ular ko‘nglidan quyidagilarni o‘tkazishadi: «Nega u bunday deyapti? Axir u Xudoga qarshi gapiryapti-ku! Gunohlarni yolg‘iz Allohdan boshqa kim ham kechira olardi?» (Mark 2:7)

Ular nima haqda o‘ylayotganini bilib, Iso shunday deydi: «Nega ko‘nglingizdan yomon fikrlarni o‘tkazyapsizlar? Axir shol odamga: “Gunohlaringiz kechirildi”,— deb aytish osonroqmi yoki “O‘rningizdan turing-da, to‘shagingizni olib yuring”,— deyishmi?» (Mark 2:8, 9) Ma’lum vaqtdan so‘ng Iso o‘z jonini fido qiladi va shu asosida u o‘sha kishining gunohlarini kechira oladi.

Shundan so‘ng Iso xaloyiqqa, jumladan, tanqidchilariga chindan ham odamlarning gunohlarini kechirishga vakolati borligini ko‘rsatadi. U shol odamga o‘girilib: «O‘rningizdan turib, to‘shagingizni oling-da, uyingizga ketavering»,— deydi. O‘sha odam darhol o‘rnidan turib, to‘shagini oladi-da, hammaning ko‘z o‘ngida tashqariga chiqib ketadi. Buni ko‘rganlar esa qoyil qolishadi! Ular: «Biz hech qachon bunaqa ishlarni ko‘rmaganmiz!» — deya Xudoni sharaflashadi. (Mark 2:11, 12)

Shunisi e’tiborga loyiqki, Iso gunohni kasalliklar bilan birga tilga oladi va jismoniy sog‘liqni tiklash, gunohlar kechirilishiga bog‘liq ekaniga ishora qiladi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, ilk otamiz Odamato gunoh qilgani tufayli hammamizga kasallik va o‘lim meros bo‘lib o‘tgan. Ammo Xudo Shohligining boshqaruvi ostida, Allohni sevib Unga xizmat qilayotgan barchaning gunohlarini Iso bartaraf etadi. O‘shanda hech qanday kasallik bo‘lmaydi! (Rimliklarga 5:12, 18, 19)