Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

55-BOB

Isoning so‘zlari ko‘pchilikni sarosimaga soladi

Isoning so‘zlari ko‘pchilikni sarosimaga soladi

YUHANNO 6:48–71

  • ISONING TANASI VA QONI HAQIDAGI SO‘ZLARI

  • KO‘PCHILIK QOQINIB, UNGA ERGASHMAY QO‘YADI

Iso Kafarnahumdagi ibodatxonada osmondan tushgan haqiqiy non haqida ta’lim beradi. Uning bu so‘zlari, Jalila dengizining sharqiy sohilidan qaytgan xaloyiqqa aytganlariga qo‘shimcha edi. O‘sha odamlarni Iso mo‘jizaviy tarzda non va baliq bilan to‘ydirgandi.

Iso so‘zlarini quyidagicha davom ettiradi: «Ota-bobolaringiz sahroda manna yeganlariga qaramay, o‘lib ketishgan». O‘zi haqida esa: «Men osmondan tushgan tirik nondirman. Bunday nonni kim yesa, mangu yashaydi. Bu non mening tanamdir, uni insoniyatga hayot baxsh etish uchun fido qilaman»,— deb tushuntiradi (Yuhanno 6:48–51)

Mil. 30-yilning bahorida Iso Nikodimga Xudo odamzodni qattiq sevgani uchun O‘z O‘g‘lini Najotkor sifatida yuborganini aytgan edi. Endi esa uning tanasini yegan, ya’ni to‘lov qurbonligiga ishongan har bir kishi abadiy hayotga ega bo‘lishini Iso ko‘rsatib berdi.

Bu so‘zlardan sarosimaga tushgan xaloyiq shunday deydi: «Qanday qilib bu odam bizga o‘z tanasini yediradi?» (Yuhanno 6:52) Aslida Iso, odamlar uning so‘zlarini tom ma’noda emas, majoziy ma’noda tushunishlarini istaydi. Uning keyingi so‘zlari buning tasdig‘idir:

«Inson O‘g‘lining tanasini yemasangiz va qonini ichmasangiz, hayotga ega bo‘lmaysiz,— deb aytadi Iso.— Kimki tanamni yeb, qonimni ichsa, abadiy hayotga ega bo‘ladi... Mening tanam — haqiqiy ozuqa, qonim — haqiqiy ichimlik. Tanamni yegan va qonimni ichgan men bilan birlikda, men esa u bilan birlikdaman». (Yuhanno 6:53–56)

Mazkur so‘zlar yahudiy bo‘lgan tinglovchilarga qattiq tegishini bir tasavvur qiling-a?! Ehtimol, Iso ularni odamxo‘rlikka va Xudoning qon borasidagi qonunini buzishga chorlayapti, deb o‘ylashayotgandir. (Ibtido 9:4; Levilar 17:10, 11) Ammo Iso tom ma’noda tanani yeyish va qonni ichishni nazarda tutmaydi. U shuni ta’kidlamoqchi ediki, mukammal tanasini berishi va qoni to‘kilishi orqali keltiriladigan qurbonlikka ishonganlargina abadiy hayotga ega bo‘lishadi. Lekin hatto ko‘p shogirdlari Isoni tushunishmaydi. Ayrimlari esa: «Qanday bo‘lmag‘ur gaplar! Ularni kim ham tinglay oladi?» — deya norozilik bildirishadi. (Yuhanno 6:60)

Ba’zi shogirdlari norozi ekanini payqab, Iso shunday deydi: «Nahotki bu sizlarni qoqintirdi? Unda Inson O‘g‘lining ilgarigi joyga ko‘tarilayotganini ko‘rsangizlar nima bo‘ladi?.. Sizlarga aytayotgan gaplarim muqaddas ruhdan kelib chiqqan bo‘lib, hayot baxsh etadi. Ammo orangizda ishonmaydiganlar bor». Shu yo‘sin, ko‘pgina shogirdlar Isoni tark etib unga ergashmay qo‘yadi. (Yuhanno 6:61–64)

Shunda Iso 12 havoriyga qayrilib: «Balki sizlar ham ketmoqchidirsiz?» — deb so‘raydi. Butrus shunday javob beradi: «Hazrat, biz kimga ham boraylik? Axir sizda abadiy hayotning so‘zlari bor-ku. Biz ishondik va bilamizki, siz Alloh yuborgan muqaddas Kishisiz». (Yuhanno 6:67–69) Bunday sadoqatga qoyil qolsa arziydi! Axir Butrus va boshqa havoriylar ham Isoning so‘zlarini oxirigacha tushunmagan bo‘lishlari mumkin-ku!

Garchi Butrusning javobi Isoni quvontirgan bo‘lsa-da, u shunday deydi: «Sizlarni o‘n ikkita qilib tanlagan o‘zim emasmanmi? Biroq sizlardan biringiz tuhmatchidir». (Yuhanno 6:70) Iso Yahudo Ishqariyotni nazarda tutadi. Ehtimol, Yahudo mana shu paytda to‘g‘ri yo‘ldan og‘a boshlayotganini Iso payqab qolgandir.

Butrus va boshqa havoriylar Isoga ergashishni va odamlarning hayotini qutqarish faoliyatida qatnashishni davom ettirishayotganidan Iso xursand ekani shubhasiz.