Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-BOB

Tug‘ilgan kunda qotillik sodir etiladi

Tug‘ilgan kunda qotillik sodir etiladi

Havoriylar Jalila bo‘ylab va’z qilishadi. Lekin bu hududda ilk bor Iso haqida shohidlik bergan Yahyo mana ikki yildirki qamoqda o‘tiribdi.

Yahyo Hirod Antipaga o‘gay akasi Filipning xotini Hirodiyaga uylanib olgani noto‘g‘ri ekanini ochiq-oydin aytgan edi. Hirod Hirodiyaga uylanish maqsadida birinchi xotini bilan ajrashgandi. Hirod o‘zini Musoning Tavrot kitobiga muvofiq yashayotgandek tutardi va unga ko‘ra ushbu nikoh zino bo‘lib, noqonuniy hisoblangan. Yahyo Hirodning qilmishini fosh qilgani uchun, ehtimol, u Hirodiyaning gapiga kirib, Yahyoni qamoqqa tashlashni buyuradi.

Hirod Yahyo bilan qanday yo‘l tutishni bilmaydi, «negaki, xalq Yahyoni payg‘ambar deb» hisoblaydi. (Matto 14:5) Hirodiya esa undan farqli o‘laroq, ikkilanmaydi. U «Yahyodan achchiqlanib, uni o‘ldirish» uchun fursat poylab yuradi. (Mark 6:19) Nihoyat, bunday fursat tug‘iladi.

Mil. 32- yili Fisih bayramidan sal oldin Hirod tug‘ilgan kuni munosabati bilan katta ziyofat uyushtiradi. U barcha obro‘li amaldorlarni, lashkarboshilarni va jalilalik mashhur odamlarni taklif qiladi. Ziyofat paytida, Hirodiyaning sobiq eri Filipdan tug‘ilgan qizi Salomiya mehmonlar oldida raqs tushishga yuboriladi. Erkaklar uning raqsiga mahliyo bo‘lishadi.

Hirod o‘gay qizidan juda mamnun bo‘ladi. Shoh unga: «Istagan narsangni so‘ra, senga tortiq etaman»,— deb aytadi. U qasam ichib: «Ha, istaganingni beraman, hatto shohligimning yarmini so‘rasang ham beraman»,— deydi. Javobini aytishdan oldin Salomiya onasidan: «Nima so‘rasam ekan?» — deb so‘raydi. (Mark 6:22–24)

Mana, qulay fursat ham tug‘ildi! Hirodiya darhol: «Yahyoning kallasini so‘ra»,— deb javob beradi. Salomiya shosha-pisha Hirodning oldiga qaytib: «Hoziroq menga laganda Yahyoning boshini keltirishlarini xohlayman»,— deb aytadi. (Mark 6:24, 25)

Bu javobdan Hirod qayg‘uga botadi. Biroq u mehmonlar oldida qasam ichgani sababli, hatto aybsiz odamni o‘ldirishga to‘g‘ri kelsa ham, Salomiyaga rad javobini bera olmaydi. Shunda Hirod mudhish buyruq bilan qamoqxonaga jallodni yuboradi. Ko‘p o‘tmay, u laganda Yahyoning kallasini keltirib, Salomiyaga beradi. Salomiya esa uni onasining oldiga olib boradi.

Bo‘lib o‘tgan voqealar haqida Yahyoning shogirdlari eshitishganda, ular Yahyoning jasadini dafn etish uchun olib ketgani kelishadi. So‘ng buni Isoga so‘zlab berishadi.

Oradan vaqt o‘tib, Hirod Iso odamlarni sog‘aytirayotgani va jinlarni quvib chiqarayotgani to‘g‘risida eshitadi va bundan vahimaga tushib qoladi. Sababi, u Isoni «tirilib kelgan» Yahyo deb o‘ylaydi. (Luqo 9:7) Shu bois, Hirod Antipa Iso nima haqida va’z qilayotganini eshitish maqsadida emas, balki tashvishlanish uchun biron sabab borligini aniqlash niyatida uni ko‘rishni xohlaydi.