Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46-BOB

Isoning kiyimiga qo‘l tekkizib sog‘aygan ayol

Isoning kiyimiga qo‘l tekkizib sog‘aygan ayol

MATTO 9:18–22 MARK 5:21–34 LUQO 8:40–48

  • AYOL ISONING KIYIMIGA KO‘L TEKKIZIB TUZALADI

Isoning O‘nkentdan qaytib kelgani haqidagi xabar Jalila dengizining shimoli-g‘arbida yashovchilar orasida tarqalib ketadi. Bu odamlar Iso dengizda bo‘ronni tinchlantirgani va jinga chalingan kishilarni sog‘aytirgani to‘g‘risida eshitishgandir. Isoni qarshi olish uchun sohilga, ehtimol Kafarnahum hududiga «katta xaloyiq» yig‘iladi. (Mark 5:21) Iso sohilga chiqqanida, odamlar uni sabrsizlik bilan kutib turgan bo‘lishadi.

Isoni rosa ko‘rgisi kelayotgan kishilardan biri, Yair ismli ibodatxona boshlig‘idir. Bu ibodatxona Kafarnahumda joylashgan bo‘lsa kerak. U Isoning oyoqlari ostiga muk tushib: «Qizalog‘im o‘lim to‘shagida yotibdi. Iltimos, borib ustiga qo‘lingizni qo‘ying, u sog‘ayib, tirik qolsin»,— deya yolvoradi. (Mark 5:23) Iso Yairning iltimosiga qanday javob beradi? Axir 12 yashar qizalog‘i Yair uchun juda aziz-ku, chunki u uning yakka-yu yagona farzandi. (Luqo 8:42)

Iso Yairning uyiga ketayotgan paytda, hayajonga soladigan boshqa bir hodisa yuz beradi. Xaloyiq yana bir mo‘jiza ko‘rish ilinjida Isoga ergashib boradi. Ammo xaloyiq orasidagi bir ayol o‘z dardidan boshqa hech narsani yuragiga sig‘dira olmaydi.

Bechora bu yahudiy ayol 12 yildan beri qon ketishidan azob chekadi. U ko‘p shifokorlarga uchrab, davolanishga bor pulini sarflasa ham hech qanday foyda ko‘rmaydi, aksincha, «ahvoli yanada og‘irlashadi». (Mark 5:26)

Bu ayolni tushunsa bo‘ladi, axir u dardidan azob chekayotgani yetmagandek, doim xijolat tortib, o‘zini kamsitilgan his qiladi. Chunki bunaqa kasallik to‘g‘risida gapirish ham noqulay. Boz ustiga, Tavrotga ko‘ra ayoldan qon oqsa, u nopok hisoblanadi. Bunday ayolga yoki uning qoni tekkan kiyimlariga qo‘lini tekkizgan odam esa yuvinishi zarur va u kechgacha nopok bo‘ladi. (Levilar 15:25–27)

Ayol «Iso haqida eshitgach», uni izlab topadi. Kasalligi dastidan nopok hisoblangani uchun u iloji boricha hech kimga bildirmay, xaloyiq orasidan o‘tib boradi. U ichida: «Hech bo‘lmasa uning kiyimiga qo‘limni tekkizsam, tuzalib ketaman»,— deb o‘ylaydi. Iso kiygan kiyimning popugiga tegishi bilanoq, ayol qon ketishi to‘xtaganini sezadi! U «og‘ir darddan forig‘» bo‘ladi. (Mark 5:27–29)

Keyin Iso: «Kim menga qo‘lini tekkizdi?» — deb so‘raydi. Isoning bu so‘zlarini eshitib, ayol nimalarni his qilgan ekan? Isoning savoli Butrusni hayron qoldiradi, shuning uchun u Isoga: «Axir xaloyiq sizni o‘rab, siqib turibdi-ku»,— deydi. Xo‘sh, unda nega Iso bu savolni bergan ekan? U buni quyidagicha tushuntiradi: «Kimdir menga qo‘lini tekkizdi, chunki mendan bir kuch chiqqanini sezdim». (Luqo 8:45, 46)

Qilgan ishini yashira olmaganini payqagach, ayol qo‘rqib, titrab Isoning oyoqlari ostiga muk tushadi. U hammaning oldida o‘zining kasalligi va qanday sog‘ayib ketgani to‘g‘risida aytadi. Iso unga hamdardlik bilan: «Singlim, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz. Eson-omon borib, og‘ir darddan forig‘ bo‘ling»,— deya tasalli beradi. (Mark 5:34)

Alloh shunday rahmdil, mehribon zotni yer yuzi ustidan hukmronlik qilishga tayinlaganini bilish naqadar zo‘r-a?! U odamlarni nafaqat yaxshi ko‘radi, balki ularga yordam berishga ham qodir.