Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-BOB

Ko‘z yoshlari quvonchga aylanadi

Ko‘z yoshlari quvonchga aylanadi

Yair ayolning sog‘ayganini ko‘rib, Isoning mo‘jiza yaratishga qodir ekanligiga yanada ko‘proq ishonadi. Yairning qizi «o‘lib qolgan» bo‘lishi mumkin. Bunga qaramay, Iso unga yordam bera olishi shubhasiz. (Matto 9:18) Nahotki hali ham unga yordam berishning iloji bo‘lsa?

Iso sog‘aygan ayol bilan gaplashib turganida, Yairning uydagilari kelib unga: «Qizingiz vafot etdi. Endi Ustozni ovora qilmay qo‘yavering»,— deb aytishadi. (Mark 5:35)

Qanday mudhish xabar-a?! Jamiyatda katta obro‘ qozongan bu kishi hozir nochor ahvolda. Uning yakka-yu yagona qizchasi hayotdan ko‘z yumdi. Ammo Iso odamlarning gapini eshitib, Yairga: «Vahimaga tushmang. Faqat ishonsangiz bas»,— deya dalda beradi. (Mark 5:36)

Iso qayg‘u-alamdan ado bo‘lgan bu kishi bilan birga uning uyiga boradi. Ular yetib kelishgach, uyda katta xaloyiq yig‘ilganini ko‘rishadi. Odamlar ko‘kslariga urib, zor yig‘layotgan bo‘lishadi. Shunda Iso ichkariga kirib: «Bola o‘lgan emas, u uxlab yotibdi»,— deydi. (Mark 5:39) Bu gaplarni eshitib, odamlar Isoning ustidan kulishadi, chunki ular qizchaning o‘lganini bilishadi. Lekin Iso, Alloh unga bergan qudratdan foydalanib o‘liklarni qattiq uxlab yotgan insonni uyg‘otganday osonlikcha tiriltira olishini ko‘rsatadi.

Iso hammaga xonadan chiqib ketishni buyuradi va yonida faqat Butrus, Yoqub, Yuhanno va marhumaning ota-onasi qolishini so‘raydi. So‘ng o‘sha besh kishini qizcha yotgan joyga olib boradi-da, uning qo‘lidan ushlab: «Talifa qumi»,— deydi. Bu gapning tarjimasi: «Qizaloq, o‘rningdan tur!» — demakdir. (Mark 5:41) Shu ondayoq qizcha o‘rnidan turib, yura boshlaydi. Buni ko‘rgan ota-onasining quvonchi ichiga sig‘mayotganini bir tasavvur qiling-a! Iso qizchaga ovqat berishlarini aytib, u rostdan ham tirik ekanini ko‘rsatadi.

Iso ilgari ham sog‘aytirgan insonlarga bu haqda boshqalarga aytmaslikni buyurganidek, bu safar ham qizchaning ota-onasiga xuddi shunday yo‘l-yo‘riq beradi. Biroq qizchaning ota-onasi va boshqalar bu xushxabarni «butun o‘lka bo‘ylab» tarqatishadi. (Matto 9:26) Agar yaqin odamingiz tirilsa, bu haqda boshqalarga aytmasmidingiz?! Muqaddas Kitobning bayonotiga ko‘ra, bu qizcha Iso tiriltirgan ikkinchi odam edi.