Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

75-BOB

Iso haqiqiy baxt manbaini oshkor etadi

Iso haqiqiy baxt manbaini oshkor etadi

LUQO 11:14–36

  • JINLARNI ALLOHNING «BARMOG‘I», YA’NI QUDRATI BILAN QUVIB CHIQARADI

  • HAQIQIY BAXT MANBAI

Hozirgina Iso qanday ibodat qilish kerakligi borasida yana bir bor aytdi. Lekin u xizmati davomida bir necha marotaba takrorlab aytgan mavzu faqatgina bu emas edi. Jalilada mo‘jizalar yaratganida, uni bu ishlarni jinlar hukmdorining yordami bilan qilganlikda ayblashgan. Endi Yahudiyada ham u shunday ayblovga duch keladi.

Iso bir odamning ichidan uni soqov qilib qo‘ygan jinni quvib chiqaradi. Xalq hayratda qoladi. Ammo ayrimlar oldin bo‘lganidek, Isoni ayblashga tushishadi. «U jinlar hukmdori Baalzabubning yordami bilan jinlarni quvib chiqaryapti»,— deyishadi ular. (Luqo 11:15) Boshqalar esa Isoning kimligini tushunish maqsadida, osmondan alomat ko‘rsatishini talab qilishadi.

Ular uni sinamoqchi ekanini bilib, Iso Jalilada shunga o‘xshash ayblovlarga javob bergandek javob qaytaradi. U, ichidan bo‘lingan har qanday shohlik vayron bo‘lishini ta’kidlab, ulardan: «Shu singari, Shayton ichidan bo‘lingan bo‘lsa, uning shohligi qanday tura oladi?» — deb so‘raydi. Keyin Iso ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday deydi: «Agar men Allohning qudrati [barmog‘i] bilan jinlarni quvib chiqarayotgan bo‘lsam, Xudoning Shohligi sizlarga yetib kelgani aniq». (Luqo 11:18–20, izoh)

Iso Allohning «qudrati» yoki «barmog‘i» haqida aytganida, tinglovchilar isroilliklarning tarixida bo‘lgan voqealarni eslashgandir. Muso payg‘ambar qilgan mo‘jizasini ko‘rgan fir’avnning a’yonlari: «Bu ish Xudoning qudrati [barmog‘i] bilan bajarilgan»,— deb aytishgan. Xuddi shu «barmoq» bilan tosh lavhalarga O‘nta amr yozilgan edi. (Chiqish 8:19; 31:18, izoh) Shunga o‘xshab, Iso Allohning «barmog‘i», ya’ni muqaddas ruhi yoki faol qudrati ila jinlarni quvib chiqaryapti va kasallarni sog‘aytiryapti. Ha, Xudoning Shohligi Isoning dushmanlariga yetib keldi. Axir, ushbu Shohlikning tayinlangan Shohi Iso ularning ko‘z o‘ngida bu ishlarni amalga oshiryapti.

So‘ngra Iso, o‘z uyini yaxshi qurollanib himoyalagan kishi haqida misol keltiradi. Ammo undan ham kuchliroq odam kelib, o‘sha kishini yengadi. Demak, Isoning jinlarni quvib chiqarishga qodirligi, u Shaytonning ustidan hokimiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, Iso odamni tark etgan yovuz ruh to‘g‘risidagi masalni takroran so‘zlaydi. Agar odam bo‘shagan joyni yaxshi narsalar bilan to‘ldirmasa, yovuz ruh yettita boshqa ruh bilan qaytib keladi va o‘sha odamning ahvoli avvalgisidan battarroq bo‘ladi. (Matto 12:22, 25–29, 43–45) Isroil xalqi bilan xuddi shunday bo‘ldi.

Xalq orasida Isoni tinglayotgan bir ayol: «Seni tuqqan va emizgan ayol baxtlidir!» — deya hayqiradi. Har bir yahudiy ayol payg‘ambarning va ayniqsa Masihning onasi bo‘lishni orzu qiladi. Shuning uchun bu ayol Isoning onasi Maryamni rosa baxtli deb o‘ylayotgandir, axir u shunday ustozning onasi bo‘ldi. Lekin Iso o‘sha ayolning nuqtai nazarini tuzatib, haqiqiy baxtning sirini ochib beradi. «Aniqrog‘i,— deydi u,— Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (Luqo 11:27, 28) Iso hech qachon onasi Maryamni o‘zgacha tarzda e’zozlash kerakligiga hatto shama ham qilmagan. Aksincha, har qanday inson — erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, qarindoshlik rishtalari yoki qandaydir yutuqlar orqali emas, Xudoning sadoqatli xizmatchisi bo‘lish orqali haqiqiy baxtga erishishi mumkin.

Xuddi Jalilada bo‘lganidek, Iso Yahudiyada ham osmondan alomat ko‘rsatishini talab qilgan odamlarga tanbeh beradi. U ularga Yunus payg‘ambarnikidan boshqa alomat ko‘rsatilmasligini aytadi. Yunus payg‘ambar chindan ham bir alomat tariqasida bo‘lgan. Chunki u uch kun baliq ichida qolgan va jasorat ila va’z etgani natijasida nineviyaliklar tavba qilishgan. «Lekin,— deydi Iso,— qarshingizda turgan kishi Yunusdan ham buyukroqdir». (Luqo 11:29–32) Shuningdek, u donoligi bilan Shava malikasini hayratlantirgan shoh Sulaymondan ham buyukroq.

«Hech kim moychiroqni yoqib, uni ko‘rinmas yerga yoki savatning tagiga qo‘ymaydi. Aksincha,.. uni chiroqpoyaga qo‘yadi»,— deb qo‘shimcha qiladi Iso. (Luqo 11:33) Ehtimol, Iso o‘sha odamlarga ta’lim berish va mo‘jizalar ko‘rsatish, yonayotgan moychiroqni bekitish bilan teng, deb aytmoqchi bo‘ladi. Ularning ko‘zi faqat bir narsaga qaratilmagani uchun u nima maqsadda mo‘jizalar yaratganini ular tushunishmaydi.

Yaqindagina Iso bir jinni quvib chiqardi va natijada soqov odam gapira boshladi. Bu mo‘jiza odamlarni Yahovani sharaflashga va boshqalarga ham Uning ishlari haqida aytishga undashi kerak edi. Iso uni tanqid qilgan kishilarni ogohlantirib, quyidagicha deydi: «Ehtiyot bo‘ling, tag‘in sizdagi nur qorong‘i bo‘lmasin. Agar butun tanangizning hech bir qismi qorong‘ilikda emas, yorug‘likda bo‘lsa, go‘yo moychiroqning nuri tushayotganiday, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi». (Luqo 11:35, 36)