Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

76-BOB

Farziynikida tushlikda

Farziynikida tushlikda

LUQO 11:37–54

  • ISO IKKIYUZLAMACHI FARZIYLARGA TANBEH BERADI

Iso Yahudiyada bo‘lganida, bir farziy uni tushlikka taklif qiladi va u rozi bo‘ladi. (Luqo 11:37, 38) Ovqat yeyishdan oldin farziylar odat bo‘yicha qo‘llarini tirsakkacha yuvishadi. Lekin Iso bunday qilmaydi. (Matto 15:1, 2) Garchi qo‘llarni tirsakkacha yuvish odati Tavrotga zid bo‘lmasa-da, Xudo buni talab qilmagan.

Iso bu odatga rioya qilmayotganini ko‘rib farziy hayron qoladi. Iso buni payqab quyidagicha deydi: «Siz farziylar, piyola-yu tovoqning sirtini tozalaysizlar, lekin ichingiz ochko‘zlik va yovuzlikka to‘la. Ey aqlsizlar! Axir sirtni yaratgan, ichni ham yaratgan emasmi?» (Luqo 11:39, 40)

Gap ovqatlanishdan oldin qo‘lni yuvish-yuvmaslikda emas, balki ikkiyuzlamachilikda. Farziylar va boshqalar odat bo‘yicha qo‘llarini yuvishadi-yu, lekin qalblarini yovuzlikdan tozalashmaydi. Shuning uchun Iso ularga: «Ko‘nglingizdan chiqarib xayr-sadaqa beringlar. O‘shanda butunlay toza bo‘lasizlar»,— deya maslahat beradi. (Luqo 11:41) Rostdan ham, xayr-sadaqa qilishga odilligini ko‘rsatish istagi emas, balki mehr-muhabbatga to‘lib-toshgan yurak undashi lozim.

Bu odamlar xayr-ehson qilmasdi, deb bo‘lmaydi. Iso shunday deb ta’kidlaydi: «Sizlar yalpiz, ruta va har xil ko‘katlardan ushr berasiz-u, adolat hamda Allohni sevish amriga ahamiyat bermay qo‘ygansiz. Ularni bajarish kerak bo‘lganiday, boshqalarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim». (Luqo 11:42) Tavrotga binoan daladan yig‘ib olingan hosildan ushr, ya’ni o‘ndan bir qismini berish talab qilinardi. (Qonunlar 14:22) Bunga shuningdek ziravor sifatida ishlatilgan o‘simliklar, ya’ni yalpiz hamda ruta kirardi. Farziylar shunga o‘xshash oshko‘klardan ham o‘ta sinchkovlik bilan ushr to‘lashadi. Biroq adolat ila ish tutish va kamtar bo‘lish kabi Tavrotdagi muhimroq talablarga rioya qilishadimi? (Mixo 6:8)

Iso ularga yana shunday deydi: «Ey farziylar, holingizga voy! Chunki sizlar ibodatxonalarda to‘rda o‘tirishni va bozor maydonlarida alik olishni yaxshi ko‘rasiz. Holingizga voy! Negaki sizlar odamlar bilmay bosib o‘tib ketadigan qabrlarga o‘xshaysiz». (Luqo 11:43, 44) Agar odamlar bunday qabrga qoqilib ketsa, odatga ko‘ra u nopok hisoblanardi. Bu misol yordamida Iso farziylarning nopokligi bir qarashda ko‘rinmasligiga ishora qiladi. (Matto 23:27)

Tavrotni yaxshi biladigan bir kishi buni eshitib: «Ustoz, bu so‘zlaringiz bilan bizni xafa qilyapsiz-ku»,— deya arz qiladi. Biroq bu odamlar xalqqa yordam berishmayotganini tushunishmayapti. Iso shunday deydi: «Ey Tavrot tafsirchilari, holingizga voy! Chunki sizlar ko‘tarib bo‘lmaydigan yuklarni odamlarga tashlab qo‘yasiz-u, o‘zlaringiz esa bu yuklarga hatto barmog‘ingizni ham tekkizmaysiz. Holingizga voy! Zero sizlar ota-bobolaringiz o‘ldirgan payg‘ambarlarga maqbaralar qurasiz». (Luqo 11:45-47)

Iso aytib o‘tgan yuklar — bu og‘zaki urf-odatlar hamda farziylar Tavrotni qanday talqin qilayotganidir. Bu kishilar xalqning yukini yengil qilmay, aksincha, og‘ir yukka aylangan talablarni bajarishga majburlashyapti. Ularning ota-bobolari Hobildan boshlab Xudoning payg‘ambarlarini o‘ldirishgan. Payg‘ambarlarga maqbaralar qurish orqali ularni hurmat qilayotganini ko‘rsatayotgan insonlarning nuqtai nazari va ishlari aslida ota-bobolarinikidan farq qilmaydi. Ular hatto Allohning ulug‘ Payg‘ambarini o‘ldirish niyatida yurishibdi. Isoning aytishicha Alloh bu avlodni javobgarlikka tortadi. Bu, taxminan 38 yildan keyin, ya’ni mil. 70-yilda sodir bo‘ladi.

Iso davom etib shunday deydi: «Ey Tavrot tafsirchilari, holingizga voy! Zero sizlar bilimning kalitini olib, o‘zlaringiz ham kirmadingiz, kirmoqchi bo‘lganlarga ham to‘sqinlik qildingiz». (Luqo 11:52) Tavrot tafsirchilari xalqqa Xudoning Kalomini tushuntirishlari shart edi. Biroq ular odamlarni Xudo Kalomidan bilim olib, uni tushunish imkonidan mahrum etishardi.

Isoning so‘zlariga farziylar-u ulamolar qanday munosabat bildirishadi? Ularning jahli chiqadi va Iso ketmoqchi bo‘lganida, uni savollarga ko‘mib tashlashadi. Ular o‘rganish maqsadida emas, balki Isoni so‘zidan tuzoqqa ilintirib, uni hibsga olish niyatida savollar berishadi.