74-BOB
Mehmondo‘stlik va ibodat haqida saboqlar
-
ISO MARTA VA MARYAMNIKIGA MEHMONGA BORADI
-
QUNT ILA IBODAT QILISH MUHIM
Baytaniya qishlog‘i Zaytun tog‘ining sharq tomonida, Quddusdan qariyb uch kilometr narida joylashgan. (Yuhanno 11:18) Iso bu qishloqqa kelib Marta, Maryam va ularning akasi Lazarnikida mehmon bo‘ladi. Ular Isoning do‘stlari bo‘lishgani uchun uni iliqlik bilan qarshi olishadi.
Masihni mehmon qilish — katta sharaf. Marta Iso uchun o‘zgacha taom tayyorlashga jon-jahdi bilan kirishadi. Martaning singlisi Maryam esa, Isoning oyoqlari oldiga o‘tirib, uni tinglayotgan bo‘ladi. Bir oz vaqtdan keyin Isoning yoniga Marta kelib: «Hazrat, singlim hamma ishni menga tashlab qo‘yganiga nahotki parvo qilmasangiz? Unga ayting menga yordam bersin»,— deydi. (Luqo 10:40)
Iso Maryamni tanqid qilishning o‘rniga, Martaga moddiy narsalar bilan ortiqcha ovora bo‘lmaslik borasida quyidagicha nasihat qiladi: «Eh Marta, Marta, shuncha ovoragarchilikka ne hojat? O‘zi ko‘p narsa kerak emas, bitta narsa ham yetadi. Maryam esa eng yaxshisini tanladi va bu undan tortib olinmaydi». (Luqo 10:41, 42) Bu bilan Iso har xil taomlar tayyorlashga shuncha vaqt sarflashning keragi yo‘q, deb aytmoqchi bo‘ladi. Ko‘p vaqtni olmaydigan oddiygina ovqatning o‘zi yetarli edi.
Martaning niyati yaxshi, chunki u mehmondo‘st bo‘lmoqchi. Ammo taomlar borasida haddan tashqari tashvishlanib, u Xudoning O‘g‘lidan ta’lim olish imkonini qo‘ldan boy beryapti. Shuning uchun, Iso Maryam dono qaror chiqarganiga e’tibor qaratadi. Bunday qaror Maryamga ko‘p foyda keltirdi va u biz uchun yaxshi o‘rnak.
Boshqa safar Iso yana bir muhim saboq borasida aytgan. Bitta shogirdi Isodan: «Hazrat, Yahyo o‘z shogirdlariga o‘rgatganiday, bizga ham ibodat qilishni o‘rgating»,— deya iltimos qiladi. (Luqo 11:1) Iso taxminan bir yarim yil oldin Tog‘dagi va’zida qanday ibodat qilish borasida tushuntirgan edi. (Matto 6:9–13) Ehtimol, o‘sha paytda bu shogirdi bo‘lmagan. Shu sababli, Iso o‘shanda aytgan asosiy fikrlarni takrorlaydi va qunt bilan ibodat qilish kerakligini bir misol yordamida ko‘rsatadi.
«Orangizdan biror kishining do‘sti bor, deb faraz qilaylik. U yarim kechada o‘sha do‘stinikiga borib: “Og‘ayni, uchta non berib tur. Uzoqdan bir do‘stim kelib qoldi. Oldiga qo‘yadigan hech narsam yo‘q”,— debdi. Og‘aynisi esa ichkaridan: “Meni bezovta qilma. Eshik qulf, bolalarim ham yonimda yotishibdi. Endi o‘rnimdan turib, senga hech narsa bera olmayman”,— deya javob beribdi. Sizlarga aytib qo‘yay, o‘z do‘sti bo‘lgani uchun o‘rnidan turib, biror narsa bermasa-da, u qayta-qayta so‘rayvergani tufayli o‘rnidan turib, unga kerak bo‘lgan hamma narsani beradi». (Luqo 11:5–8)
Iso Tangri Yahovaning bu hikoyadagi do‘st kabi iltimosga javob berishni istamasligini nazarda tutmagan. Iso shuni ta’kidlamoqchi ediki, hatto yordam qo‘lini cho‘zishni istamagan do‘st, qunt ila qilingan iltimosga javob bergan bo‘lsa, unda mehribon samoviy Otamiz samimiy iltijolarimizga javob berishi aniq! Iso so‘zida davom etadi: «Bundan xulosa shuki, so‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi. Chunki so‘raganga beriladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi». (Luqo 11:9, 10)
Keyin Iso nima demoqchi ekanini aniqroq tushuntirish maqsadida shunday deydi: «Orangizdagi qaysi bir ota, o‘g‘li undan baliq so‘rasa, o‘rniga ilon beradi? Yoki tuxum so‘rasa, unga chayon beradi? Shunday ekan, agar sizlar gunohkor bo‘la turib, bolalaringizga yaxshi hadyalarni berishni bilar ekansiz, samoviy Otangiz ham Undan so‘raganlarga muqaddas ruhni berishi muqarrar!» (Luqo 11:11–13) Samoviy Otamiz ibodatlarimizni tinglab, ularga javob berishga tayyor ekanini bilish qanchalik ajoyib-a?!