Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

123-BOB

Qattiq iztirobga tushganda ibodat qiladi

Qattiq iztirobga tushganda ibodat qiladi

MATTO 26:30, 36–46 MARK 14:26, 32–42 LUQO 22:39–46 YUHANNO 18:1

  • ISO GETSEMANIYA BOG‘IDA

  • UNING TERI QONGA AYLANADI

Iso sodiq havoriylari bilan ibodat qilishni tugatdi. Endi ular «hamdu sano kuylab, Zaytun tog‘i tomon yo‘l olishadi». (Mark 14:26) Ular sharq tomonga, Iso tez-tez borib turgan Getsemaniya bog‘iga borishadi.

Ular zaytun daraxtlari ko‘p bo‘lgan xushmanzara joyga kelishganida, Iso sakkizta havoriysini qoldirib, yana yo‘lini davom ettiradi. Ehtimol, ular bog‘ning kiraverishida to‘xtashadi. Chunki Iso ularga: «Men nariroqqa borib ibodat qilgunimcha, shu yerda o‘tirib turinglar»,— deydi. Iso o‘zi bilan uchta havoriyni — Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, bog‘ning ichkarisiga kiradi. Uni kuchli xavotir bosadi. Iso ularga: «O‘lar holatda qiynalyapman. Shu yerda qolib, men bilan birga hushyor turinglar»,— deb aytadi. (Matto 26:36–38)

Ulardan nariroqqa o‘tib, Iso tiz cho‘kkach ibodat qila boshlaydi. Ushbu tang ahvolda u Xudodan nima so‘raydi? «Ota! Sen har narsaga qodirsan. Bu kosani mendan uzoqlashtir. Lekin men xohlagandek emas, Sen xohlaganday bo‘lsin»,— deya ibodat qiladi Iso. (Mark 14:35, 36) Qiziq, u nimani nazarda tutyapti? U Najotkor bo‘lishdan voz kechyaptimi? Aslo!

Iso osmonda bo‘lganida, rimliklar odamlarni qatl qilishganda ular qanday dahshatli azob chekishganini ko‘rgan. Endi u inson sifatida qo‘rquv va og‘riq nima ekanini tushunyapti hamda oldinda kutayotgan voqealar haqida o‘ylayapti. Eng muhimi, u razil jinoyatchi sifatida o‘lishi borasida juda ham qattiq iztirob chekyapti. Bu esa Otasining ismiga dog‘ tushirishi mumkin. Bir necha soatdan keyin u Xudoni haqoratlagan kishi kabi ustunga mixlanadi.

Iso uzoq ibodat qilib bo‘lgach, uchta havoriyning oldiga qaytganida, ular uxlab yotganini ko‘radi. Keyin Butrusga shunday deydi: «Men bilan birga hech bo‘lmaganda bir soat sergak tura olmadingizlarmi? Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor turib, doim ibodat qilinglar». Iso havoriylarga ham hozir oson emasligini va yarim kechasi ekanini tushunadi. Shuning uchun: «Ruh tetik, tana esa zaifdir»,— deb qo‘shib qo‘yadi. (Matto 26:40, 41)

So‘ng Iso ikkinchi marta ketadi va Xudodan «bu kosa» uni chetlab o‘tishini so‘raydi. Qaytib kelganida esa, uchta havoriy vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilishning o‘rniga, yana uxlayotganini ko‘radi. Iso murojaat qilganida ular «nima deb javob berishni bilishmaydi». (Mark 14:40) Keyin Iso uchinchi marta ketib, ibodat qilish uchun tiz cho‘kadi.

U jinoyatchi sifatida o‘lib Otasining ismiga dog‘ tushirishdan xavotirda. Yahova O‘g‘lining iltijolarini tinglab, uni mustahkamlash uchun farishtasini yuboradi. Hatto shunda ham, Iso Otasiga murojaat qilishni to‘xtatmay, «jon-jahdi bilan ibodat qilishda davom etadi». Ha, hissiy zo‘riqish nihoyatda kuchli! Axir Isoning bo‘yniga katta mas’uliyat yuklangan! Ham o‘zining, ham xudojo‘y odamlarning abadiy hayoti haqida gap ketyapti. «Uning teri qonga aylanib yerga toma boshlaydi». (Luqo 22:44)

Iso uchinchi marta havoriylarning oldiga borganida, ular yana uxlab yotgan bo‘ladi. «Shunday vaqtda uxlab, dam olib yotibsizlarmi?! — deydi Iso.— Mana, Inson O‘g‘li gunohkorlarning qo‘liga tutib beriladigan vaqt ham keldi. Turinglar, ketdik. Xoin yaqinlashib qoldi». (Matto 26:45, 46)