Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

116-BOB

Iso havoriylarining oyoqlarini yuvadi

Iso havoriylarining oyoqlarini yuvadi

MATTO 26:20 MARK 14:17 LUQO 22:14–18 YUHANNO 13:1–17

  • ISO HAVORIYLAR BILAN OXIRGI MARTA FISIH TAOMINI EYDI

  • HAVORIYLARNING OYOQLARINI YUVIB, KAMTARIN BO‘LISHGA O‘RGATADI

Butrus va Yuhanno Isoning topshirig‘ini bajarish uchun Quddusga kelishdi. Ular Fisih bayrami uchun hamma narsani tayyorlab qo‘yishdi. Keyinroq u yerga Iso qolgan o‘nta havoriy bilan keladi. Hademay kech kiradi. Ular Zaytun tog‘idan tushayotganida, quyosh g‘arbda botayotgan edi. Iso tirilguniga qadar kunduzgi bu manzarani boshqa ko‘rmaydi.

Ular Quddusga kelib, Fisih taomini yeydigan uyga kirishadi. Ular zinadan katta boloxonaga ko‘tarilishadi. U yerda Fisih bayramini yaqin do‘stlar davrasida nishonlash uchun hamma narsa tayyorlab qo‘yilgan. Iso bu vaqtni intizorlik bilan kutgani uchun: «Boshimga tushadigan azoblardan oldin sizlar bilan mana shu Fisih taomini yeyishni juda orzu qilgandim»,— deydi. (Luqo 22:15)

Ko‘p yillar ilgari Fisih bayramini nishonlayotib bir-biriga bir necha kosa sharob uzatish odati kiritilgan edi. Iso ham kosalardan birini oladi-da, Xudoga shukrona aytib deydi: «Uni olinglar-da, bir-biringizga uzatinglar. Shuni bilib qo‘yinglarki, Xudoning Shohligi kelmaguncha, men sharob ichmayman». (Luqo 22:17, 18) Uning so‘zlaridan u yaqinda o‘lishi kerakligi ayon bo‘lyapti.

Fisih taomini tanovul qilishayotganda, o‘zgacha bir narsa yuz beradi. Iso ustki kiyimini yechadi-da, sochiqni oladi. Keyin tog‘oraga suv quyadi. Odatda mehmonlarning oyoqlari yuvilishiga uy egasi g‘amxo‘rlik qiladi, masalan u buni xizmatkoriga qilishni buyurishi mumkin. (Luqo 7:44) Hozir uy egasi yo‘q bo‘lgani sababli, Isoning o‘zi bu vazifani bajaryapti. Bu ishni havoriylardan biri qilishi mumkin edi, lekin hech biri o‘rnidan qimirlamadi. Balki sabab har biri o‘zini boshqasidan ustun qo‘yayotganidadir. Qanday bo‘lmasin, Iso oyoqlarini yuvayotgani uchun havoriylar xijolat tortishadi.

Iso Butrusning oldiga kelganida, u: «Aslo mening oyoqlarimni yuvmaysiz!» — deb e’tiroz bildiradi. Iso unga: «Agar yuvmasam, men bilan ulushingiz bo‘lmaydi»,— deb aytadi. Shunda Butrus his-tuyg‘ularga berilib: «Hazrat, unda nafaqat oyoqlarimni, qo‘llarimni ham, boshimni ham yuvib qo‘ying»,— deydi. Isoning javobi Butrusni hayron qoldirgan bo‘lsa kerak: «Cho‘milgan kishining oyoqlarini yuvish yetarli, chunki uning butun badani pokdir. Sizlar poksiz, ammo hammangiz emas». (Yuhanno 13:8–10)

Iso 12 ta havoriyning, jumladan, Yahudo Ishqariyotning oyoqlarini yuvadi. Keyin ustki kiyimini kiyib, dasturxonga qaytadi-da, shunday deb so‘raydi: «Men nima qilganimni angladingizmi? Sizlar meni “Ustoz”, “Hazrat” deb ataysizlar va bu to‘g‘ri, men o‘shaman. Demak, agar men Hazrat va Ustoz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam, unda sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishga burchlisiz. Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham shunday qilinglar deya o‘rnak ko‘rsatdim. Ishonavering, qul o‘z xo‘jayinidan buyuk emas, elchi ham uni yuborgandan buyuk emas. Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz». (Yuhanno 13:12–17)

Kamtarlik ila boshqalarga xizmat qilishning ajoyib o‘rnagi! Isoning izdoshlari birinchi bo‘lishga intilib, o‘zlarini boshqalardan ustun va o‘zgalar ularga xizmat qilishga burchli deb o‘ylamasliklari lozim. Ular oyoq yuvish odatini kiritib emas, balki boshqalarga kamtarlik ila va yuzxotirchiliksiz xizmat qilishga tayyor bo‘lib Isoning o‘rnagiga ergashishlari darkor.