Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

136-BOB

Jalila sohilida

Jalila sohilida

YUHANNO 21:1–25

  • ISO JALILA SOHILIDA SHOGIRDLARIGA ZOHIR BO‘LADI

  • BUTRUS VA BOSHQALARGA QO‘ZILARNI BOQISH TOPSHIRILADI

Havoriylar bilan birga o‘tkazgan oxirgi oqshomda Iso: «Tirilganimdan so‘ng, sizlardan avval Jalilaga boraman»,— deydi. (Matto 26:32; 28:7, 10) Hozir Isoning ko‘pgina izdoshi Jalilaga ketyapti. Xo‘sh, u yerda ular nima qilishadi?

Butrus oltita havoriyga: «Men baliq ovlashga ketdim»,— deydi. Ular esa: «Biz ham sen bilan boramiz»,— deb javob berishadi. (Yuhanno 21:3) Tuni bilan ular hech narsa ovlay olishmaydi. Tong yorishganda Iso sohilda paydo bo‘ladi, ammo havoriylar uni tanimaydi. U baland ovozda: «Bolalar, sizlarda yeyishga biron narsa bormi?» — deb so‘raydi. Ular javoban: «Yo‘q!» — deyishadi. U shogirdlariga: «To‘rni qayiqning o‘ng tomoniga tashlanglar va tutasizlar»,— deydi. (Yuhanno 21:5, 6) Baliq ko‘pligidan ular to‘rni tortib olisholmaydi.

Yuhanno Butrusga qarata: «Bu Hazratimiz-ku!» — deydi. (Yuhanno 21:7) Shu zahotiyoq, Butrus baliq ovlayotganda yechib olgan ustki kiyimini egniga tashlaydi. U dengizga sakrab, taxminan 90 metr uzoqlikda bo‘lgan sohilga suzib boradi. Qolganlar uning orqasidan baliqqa liq to‘la to‘rni sudrab qayiqda asta-sekin suzib borishadi.

Ular sohilga yetib kelgach, «yonib turgan cho‘g‘ni va qovurilayotgan baliqni» ko‘rishadi, u yerda non ham bor edi. Iso ularga: «Hozirgina tutib kelgan baliqlardan bir nechta olib keling»,— deydi. Butrus to‘rni qirg‘oqqa chiqaradi. To‘rda 153 ta katta baliq bor! Iso: «Kelinglar, nonushta qilib olinglar»,— deb aytadi. Ulardan birortasi ham: «Siz kimsiz?» — deyishga jur’at eta olmaydi, sababi u Iso ekanini bilishadi. (Yuhanno 21:9–12) Shu bilan, u bir guruh shogirdlariga uchinchi marta ko‘rinadi.

Iso ular nonushta qilishsin deb har biriga non bilan baliq beradi. So‘ng ovlangan baliqqa qarab: «Yuhanno o‘g‘li Simun, bulardan ko‘ra meni ko‘proq yaxshi ko‘rasizmi?» — deb so‘raydi. Xo‘sh, Butrus uchun baliq ovlash muhimroqmi yoki Iso unga tayinlagan ishmi? Butrus javoban: «Ha, Hazrat! Men sizni qanchalik yaxshi ko‘rishimni o‘zingiz bilasiz-ku»,— deydi. Shunda Iso uni: «Qo‘zilarimni o‘tlating»,— deb undaydi. (Yuhanno 21:15)

Iso tag‘in so‘raydi: «Yuhanno o‘g‘li Simun, meni yaxshi ko‘rasizmi?» Butrus hayron bo‘lsa kerak. U chin qalbdan: «Ha, Hazrat! Men sizni qanchalik yaxshi ko‘rishimni o‘zingiz bilasiz-ku»,— deydi. Iso unga sal avval aytganiday: «Qo‘zilarimni o‘tlating»,— deydi. (Yuhanno 21:16)

Uchinchi marta Iso: «Yuhanno o‘g‘li Simun, meni yaxshi ko‘rasizmi?» — deya so‘raydi. Butrus, ehtimol, Iso uning sadoqatida shubhalanyapti deb o‘ylayotgandir. Shu bois, qat’iy: «Hazrat, sizga barcha narsa ayon va sizni qanchalik yaxshi ko‘rishimni ham bilasiz»,— deydi. Butrus nima qilishi kerakligini ta’kidlab Iso unga: «Qo‘zilarimni o‘tlating»,— deb aytadi. (Yuhanno 21:17) Demak, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotganlar Xudoning suruvidagi kishilarga xizmat qilishi darkor.

Yaqinda Isoni qo‘lga tushirib, Alloh topshirgan ishni bajargani uchun qatl qilishdi. Iso endi Butrusni ham shu kabi o‘lim kutayotganini oshkor etadi. «Yosh bo‘lganingizda,— deydi Iso,— o‘zingiz kiyinib, xohlagan joyingizga borar edingiz. Qariganingizda esa qo‘llaringizni uzatasiz va boshqa kimsa sizni kiyintirib, istamagan joyingizga olib boradi». Iso uni: «Siz orqamdan yuravering»,— deb chorlaydi. (Yuhanno 21:18, 19)

Havoriy Yuhannoga ishora qilib Butrus: «Hazrat, u-chi, u nima qiladi?» — deya so‘raydi. Chindan ham Isoga ayniqsa qadrli bo‘lgan havoriyning kelajagi qanday kechar ekan? Iso javoban deydi: «Agar men kelgunimcha uning qolishini istasam, sizga nima?» (Yuhanno 21:21–23) Butrus o‘zgalar qilayotgan ishlari haqida tashvishlanmay, Isoga ergashishi lozim. Biroq Iso, Yuhanno qolgan havoriylardan ko‘proq yashashini va Iso Shohlik qudrati bilan kelishi borasida vahiy olishini nazarda tutadi.

Shubhasizki, Iso boshqa ko‘p ishlarni ham qilgan. Lekin ularning hammasini yozish uchun bitik yetmaydi.