Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

106-BOB

Uzumzor to‘g‘risida ikkita masal

Uzumzor to‘g‘risida ikkita masal

MATTO 21:28–46 MARK 12:1–12 LUQO 20:9–19

  • IKKI O‘G‘IL HAQIDAGI MASAL

  • BOG‘BONLAR TO‘G‘RISIDAGI MASAL

Iso hali ham ma’badda. Hozirgina u, uning vakolati to‘g‘risida savol bergan bosh ruhoniylar-u oqsoqollarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Ha, Isoning javobidan ular jim bo‘lib qolishdi. Endi Iso ularning ichki holati qanaqa ekanini ko‘rsatuvchi bir misol keltiradi.

Iso shunday hikoya aytib beradi: «Bir kishining ikkita o‘g‘li bor ekan. Birinchisiga: “O‘g‘lim, bugun uzumzorga borib ishlagin”,— debdi. U otasiga: “Bormayman”,— deb gap qaytaribdi. Ammo so‘ng pushaymon bo‘lib boribdi. Ota ikkinchi o‘g‘liga ham shu ishni buyurgan ekan, u: “Xo‘p bo‘ladi, otajon”,— debdi-yu, lekin bormabdi. Ikkovidan qaysi biri otasining istagini bajaribdi?» (Matto 21:28–31) Javobi aniq: birinchi o‘g‘il otasining xohishini bajardi.

Dushmanlariga murojaat etib, Iso: «Ishonavering, soliqchilar bilan fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin kiradilar»,— deydi. Boshida soliqchilar-u fohishalar Xudoga xizmat qilishni xohlashmasdi. Lekin keyinchalik ular birinchi o‘g‘il kabi pushaymon bo‘lib, Unga xizmat qilishni boshlashdi. Din rahbarlari esa ikkinchi o‘g‘ilga o‘xshashadi: ular Allohga amalda emas, so‘zda xizmat qilishadi. Iso davom etib deydi: «Yahyo kelib sizlarga adolat yo‘lini ko‘rsatdi, ammo sizlar unga ishonmadingiz. Soliqchilar bilan fohishalar esa unga ishonishdi. Sizlar esa buni ko‘rib na pushaymon bo‘ldingiz, na unga ishondingiz». (Matto 21:31, 32)

Keyin Iso yana bir masal aytib beradi. Bu safar, u din rahbarlarining nafaqat Xudoga xizmat qilishni rad etishayotganini, balki ular yovuz ekanini ham ko‘rsatadi. «Bir kishi uzumzor o‘tqazibdi-da, atrofini panjara bilan o‘rab, ichida uzum ezish uchun joy hozirlabdi. So‘ng minora quribdi-da, uni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi esa uzoq safarga ketibdi. Hosil yig‘ish payti kelganda, bog‘bonlar mevalarni terib berishsin deb ularning oldiga xizmatkorini yuboribdi. Ammo bog‘bonlar uni ushlashibdi-da, urib, quruq qo‘l bilan jo‘natishibdi. Uzumzor egasi yana bir xizmatkorni yuboribdi. Lekin ular uning boshini yorib, xo‘rlab jo‘natishibdi. Shundan keyin u yana bitta xizmatkorni yuboribdi. Biroq bog‘bonlar uni o‘ldirishibdi. O‘sha kishi ko‘p boshqa xizmatkorlarini jo‘natgan ekan, lekin ular ba’zilarini kaltaklab, boshqalarini esa o‘ldirishibdi». (Mark 12:1–5)

Xo‘sh, tinglovchilar bu misolni tushunadimi? Balki ularning xayoliga Ishayo payg‘ambarning quyidagi so‘zlari kelar: «Qo‘shinlar Sarvari Yahovaning uzumzori — Isroil xonadoni, yaxshi ko‘rgan ko‘chati Yahudo aholisidir. U odil hukmni kutgan edi, lekin adolatsizlikka duch keldi». (Ishayo 5:7) Iso aytgan masalning mazmuni ham xuddi shunday. Uzumzor Egasi — Yahova Taolo, uzumzor — Isroil xalqi. Xudoning qonuni ular uchun «panjara», ya’ni himoya bo‘lib xizmat qilardi. Yahova xalqiga ta’lim berish va ular yaxshi hosil keltirishiga ko‘maklashish uchun payg‘ambarlarni yuborardi.

Lekin «bog‘bonlar» ularnikiga yuborilgan «xizmatkorlarga» qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularni o‘ldirishardi. Iso buni quyidagicha tushuntiradi: «Uzumzor egasining sevikli bir o‘g‘li bor ekan. Oxiri u o‘g‘lini bog‘bonlarning oldiga yuborib: “Hech bo‘lmasa o‘g‘limni hurmat qilishar”,— debdi. Bog‘bonlar esa bir-biriga: “Axir bu merosxo‘r-ku! Kelinglar, uni o‘ldiramiz, shunda meros bizniki bo‘ladi”,— deyishibdi. Xullas, ular o‘g‘ilni ushlab olib o‘ldirishibdi va uzumzor tashqarisiga chiqarib tashlashibdi». (Mark 12:6–8)

«Xo‘sh, uzumzor egasi bog‘bonlarni endi nima qilar ekan?» — deb so‘raydi Iso. (Mark 12:9) Din rahbarlari javoban: «Bu yovuz odamlarni yo‘q qilib yuboradi. Uzumzorni esa, mevasini vaqtida beradigan boshqa bog‘bonlarga ijaraga topshiradi»,— deyishadi. (Matto 21:41)

Shu yo‘sin, ular bilmagan holda o‘zlariga hukm chiqarishadi. Sababi, ular «bog‘bonlar» qatorida bo‘lib, Yahovaning «uzumzori» bo‘lmish Isroil xalqi ularga ishonib topshirilgan edi. Yahova haqli ravishda bu bog‘bonlardan yaxshi hosil keltirishini, ya’ni O‘g‘liga, Masihga ishonishlarini kutadi. Din rahbarlariga qarab Iso quyidagilarni aytadi: «Nahot Muqaddas Yozuvlardagi: “Quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh, burchakka qo‘yiladigan negiz toshi bo‘lib chiqdi. Buni Yahovaning O‘zi qildi va ko‘z o‘ngimizda mo‘jiza bo‘ldi”,— deyilganini o‘qimagan bo‘lsangiz?» (Mark 12:10, 11) So‘ng esa Iso nimani nazarda tutayotganini aniq ko‘rsatadi: «Shuning uchun sizlarga aytamanki, Xudoning Shohligi sizlardan tortib olinib, samara keltiradigan boshqa xalqqa beriladi». (Matto 21:43)

Ulamolar-u bosh ruhoniylar Iso «bu masalni ular haqida aytganini payqashadi». (Luqo 20:19) Endi uni, ya’ni qonuniy «merosxo‘rni» har qachongidan ham ko‘proq o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Ammo Isoni payg‘ambar deb hisoblaydigan xalqdan qo‘rqishgani bois, shu zahotiyoq uni o‘ldira olishmaydi.