Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

112-BOB

Qizlar haqidagi masal hushyorlikka o‘rgatadi

Qizlar haqidagi masal hushyorlikka o‘rgatadi

MATTO 25:1–13

  • ISO O‘NTA QIZ HAQIDA MASAL AYTIB BERADI

Shogirdlar Isodan uning hozir bo‘lishi va zamonaning oxirlab borishi haqida so‘rashadi. Iso ularga javob berib, yana bir nasihatomuz masal keltiradi. Isoning hozir bo‘ladigan paytda yashaydigan odamlar u aytgan narsalarga guvoh bo‘lishadi.

Iso shunday deb boshlaydi: «Osmon Shohligi moychiroqlarni olib, kuyovni kutib olishga chiqqan o‘nta qizga o‘xshaydi. Qizlardan beshtasi aqlsiz, beshtasi esa aqlli ekan». (Matto 25:1, 2)

Bu bilan Iso Shohlikda hukmronlik qiladigan shogirdlarining yarmi nodon, yarmi aqlli bo‘lishini aytmoqchi emas. Aksincha, u har bir shogirdi o‘zi tanlov qilishi, ya’ni Shohlikni yodda tutib, hushyor turishi yoki boshqa narsalarga chalg‘ishi mumkinligini tushuntiradi. Biroq Iso har bir izdoshi sodiq qolishiga va Otasidan baraka olishiga amin.

Isoning masalidagi o‘nta qizning hammasi kuyovni kutib olish va nikoh bazmida ishtirok etish uchun chiqadi. Odatda kuyov kelinni, ular birgalikda yashaydigan uyga olib ketish uchun keladi. Qizlar esa kuyovga hurmat ko‘rsatish maqsadida chiroqlari bilan uning yo‘lini yoritishadi. Lekin bu safar nima bo‘ladi?

Iso quyidagicha tushuntiradi: «Aqlsiz qizlar chiroqlarni olishibdi-yu, lekin o‘zlari bilan moy olishmabdi. Aqlli qizlar esa chiroqlar bilan birga idishlarda moy ham olishibdi. Kuyov kechikkani sababli, hamma qizlar mizg‘ib, uxlab qolishibdi». (Matto 25:3–5) Kuyov kutilganidek tez orada kelmaydi. U ancha kech qoladi shekilli, bu paytda qizlar uxlab qolishadi. Havoriylar Isoni tinglayotib, ehtimol, asilzoda bir odam haqidagi masalni eslashadi. Oxiri «o‘sha kishi shohlikni qo‘lga kiritib» qaytadi. (Luqo 19:11–15)

Iso o‘nta qiz haqidagi masalida, kuyov qaytganida nimalar bo‘lishini shunday tasvirlaydi: «Birdan yarim kechada baland ovoz eshitilibdi: “Kuyov kelyapti! Uni qarshilagani chiqinglar”». (Matto 25:6) Xo‘sh, qizlar kuyovni kutib olish uchun tayyor va hushyor turishibdimi?

Iso gapini quyidagicha davom ettiradi: «Shunda hamma qizlar turib, moychiroqlarini tayyorlashibdi. Aqlsiz qizlar aqllilarga shunday deyishibdi: “Bizga moylaringizdan beringlar, chunki chiroqlarimiz o‘chib qolay deyapti”. Aqlli qizlar ularga javoban: “Tag‘in bizlarga ham, sizlarga ham moy yetmay qolmasin. Yaxshisi moy sotuvchilarga borib, ulardan olinglar”,— deyishibdi». (Matto 25:7–9)

Xullas, beshta qiz hushyor turmagan va kuyovning kelishiga tayyor bo‘lmagan. Moychiroqlarida moy qolmagani uchun, ular moyni topib kelishlari kerak. Iso shunday deydi: «Aqlsiz qizlar moy sotib olishga ketganda, kuyov kelibdi. Tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga nikoh bazmiga kirishlari bilanoq eshik yopilibdi. So‘ng qolgan qizlar ham kelib, shunday deya iltimos qilishibdi: “Taqsir, taqsir, eshikni oching!” U qizlarga javob berib: “Men sizlarni tanimayman”,— debdi». (Matto 25:10–12) Ha, tayyor va hushyor turmaganlarning oxiri voy bo‘ladi.

Iso kuyov deganda o‘zini nazarda tutayotganini havoriylar anglashadi. Bundan oldin ham u o‘zini kuyov bilan solishtirgan. (Luqo 5:34, 35) Aqlli qizlar esa kimni tasvirlaydi? Iso Shohlikni meros qilib oladigan «kichik poda» haqida gapirganida, ularga shunday degan edi: «Kiyinib, tayyor turinglar, moychiroqlaringiz yoqilgan bo‘lsin». (Luqo 12:32, 35) Demak, havoriylar «qizlar» so‘zi ostida Iso ularni hamda ular kabi sodiq shogirdlarni nazarda tutayotganini tushunishadi. Xo‘sh, Iso keltirgan masalning ma’nosi qanday?

Buni, uning yakunlovchi so‘zlaridan tushunsa bo‘ladi: «Shunday ekan, hushyor turinglar, chunki aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar». (Matto 25:13)

Ko‘rinib turibdiki, Iso o‘zining hozir bo‘lish payti haqida gapirib, izdoshlarini «hushyor turishga» undayapti. Demak, ular beshta aqlli qizga o‘xshab uning kelishiga tayyor va hushyor turishlari lozim. Shunda ular umidni qo‘ldan boy bermay, mukofot olishadi.