128-BOB
Pilat va Hirod Isodan ayb topishmaydi
MATTO 27:12–14, 18, 19 MARK 15:2–5 LUQO 23:4–16 YUHANNO 18:36–38
-
PILAT VA HIROD ISONI SO‘ROQ QILISHADI
Iso chindan ham shoh ekanini Pilatdan yashirmaydi. Biroq uning Shohligi Rim uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. «Mening Shohligim bu dunyodan emas,— deydi Iso.— Bordi-yu, Shohligim bu dunyodan bo‘lganida edi, xizmatchilarim yahudiylarning qo‘liga tushmasligim uchun kurashgan bo‘lishardi. Ammo Shohligim bu dunyodan emas». (Yuhanno 18:36) Demak, Isoning Shohligi bor, lekin bu dunyo bilan hech qanday umumiyligi yo‘q.
Isoning javobi Pilatni qoniqtirmaydi. Shu sababli, u: «Xullas, sen shoh ekansan-da?» — deb so‘raydi. Pilat to‘g‘ri xulosaga kelganini Iso quyidagicha tushuntiradi: «Shoh ekanligimni o‘zingiz aytyapsiz. Men haqiqat to‘g‘risida shohidlik berish uchun tug‘ildim, ana shu maqsadda dunyoga keldim. Haqiqat tarafida bo‘lganlar ovozimga quloq solishadi». (Yuhanno 18:37)
Bundan avval Iso To‘maga quyidagilarni aytgan: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman». Endi Iso Pilatga ham o‘zining Shohligi haqidagi «haqiqat» to‘g‘risida shohidlik berish maqsadida yer yuziga yuborilganini bildiradi. Iso ushbu haqiqatga sodiq bo‘lib, u uchun hatto o‘lishga ham tayyor. Pilat Isodan: «Haqiqat? U nima o‘zi?» — deb so‘raydi-yu, lekin javob kutmaydi. Pilatning fikricha, bu kishiga hukm chiqarish uchun u eshitgan narsaning o‘zi yetarli. (Yuhanno 14:6; 18:38)
Pilat saroy yaqinida turgan xalq oldiga yana bir bor chiqadi. Ehtimol, uning oldida turgan Iso haqida u quyidagilarni aytadi: «Men bu odamdan biron ayb topolmayapman». Bunday qarordan norozi bo‘lgan bosh ruhoniylar va yig‘ilgan boshqa odamlar aytganlarida turib olib: «U o‘z ta’limotini butun Yahudiya bo‘ylab — Jaliladan tortib shu yergacha yoyib, xalqni g‘alayonga chorlayapti»,— deyishadi. (Luqo 23:4, 5)
Yahudiylarning aqlsizligi va mutaassibligi Pilatni hayron qoldiradi. Bosh ruhoniylar-u oqsoqollar baqirishayotganda, Pilat Isodan shunday so‘raydi: «Bo‘yningga qanaqa ayblar qo‘yishayotganini eshityapsanmi?» (Matto 27:13) Ammo Iso javoban hech nima demaydi. Iso shiddatli ayblovlarni xotirjamlik ila tinglayotgani Pilatni lol qoldiradi.
Yahudiylar Iso Jaliladan boshlab ta’lim berganini aytishadi. Shunda Pilat Iso jalilalik ekanini anglaydi va unga Isoni sud qilish mas’uliyatidan qutulish fikri keladi. Hozir Quddusda Fisih bayrami nishonlanayotgani sababli, Jalila hokimi — Hirod Antipa (Buyuk Hirodning o‘g‘li) tashrif buyurgan bo‘ladi. Shuning uchun, Pilat Isoni uning oldiga jo‘natadi. Bir paytlar Hirod Antipa Yahyoni boshidan judo qilgan edi. Keyinchalik, u Iso mo‘jizalar qilayotganini eshitganda, u tirilgan Yahyo emasmikin deya sarosimaga tushadi. (Luqo 9:7–9)
Hirod Iso bilan uchrashishdan g‘oyat xursand. Lekin u Isoga na yordam bermoqchi, na unga qarshi chiqarilgan ayblovlar asosli yoki asossiz ekanini aniqlamoqchi. Hirod Isoni shunchaki ko‘rmoqchi va «biron-bir mo‘jiza ko‘rsatar degan umidda». (Luqo 23:8) Biroq Iso Hirodning qiziquvchanligini qondirmaydi. Chunki u Hirodning savollariga bir og‘iz so‘z ham aytmaydi. Shunda hafsalasi pir bo‘lgan Hirod va uning askarlari Isoni kamsitishni boshlashadi. (Luqo 23:11) Ular Isoga qimmatbaho kiyim kiydirib, masxara qilishadi. So‘ngra Hirod Isoni qaytadan Pilatning huzuriga yuboradi. Shunday qilib, ilgari dushman bo‘lgan Hirod va Pilat yaqin do‘st bo‘lib qolishadi.
Isoni Pilatning huzuriga olib kelishganda, bosh ruhoniylar, yahudiy rahbarlari va xalqni yig‘ib, u shunday deydi: «Ammo men uni ko‘zingiz oldida so‘roq qilib, qo‘ygan ayblovlaringizning birortasini ham topa olmadim. Hirod ham unda hech qanday ayb topa olmay, uni oldimizga qaytardi. Xullas, u o‘lim jazosiga loyiq hech narsa Luqo 23:14–16)
qilmagan. Shuning uchun uni jazolayman-da, qo‘yib yuboraman». (Ruhoniylarning Isoga adovati bo‘lgani uchun uni sud qilishga topshirishganini bilib, Pilat Isoni ozod qilmoqchi. Qolaversa, Isoni ozod etish uchun yana bir sabab paydo bo‘ladi. Pilat hakamlik kursisiga o‘tirganida, xotini shunday xabar yuboradi: «Bu odil kishiga tegmang, chunki men bu kecha tushimda [tush Xudodan bo‘lgandir] uni deb ko‘p azob chekdim». (Matto 27:19)
Pilat aybsiz odamni ozod qilarmikan?