Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

114-BOB

Masih kelganida «qo‘y va echkilarni» hukm qiladi

Masih kelganida «qo‘y va echkilarni» hukm qiladi

MATTO 25:31–46

  • ISO QO‘Y VA ECHKILAR HAQIDA MASAL AYTADI

Zaytun tog‘ida Iso endigina shogirdlariga o‘nta qiz va talantlar haqidagi masallarni aytib berdi. O‘zining hozir bo‘lishi va zamon oxirlab borayotganini ko‘rsatadigan belgi to‘g‘risidagi havoriylarning savoliga Iso javobni qanday yakunlaydi? Iso ularga qo‘y va echkilar haqidagi so‘nggi masalni aytib beradi.

Iso masalni aytishdan avval, hodisalar ketma-ketligini quyidagicha tasvirlaydi: «Inson O‘g‘li o‘z ulug‘vorligida barcha farishtalar bilan birga kelganda, o‘zining ulug‘vor taxtiga o‘tiradi». (Matto 25:31) Ushbu masaldagi bosh qahramon Iso Masih ekani shubhasiz. U o‘zini tez-tez «Inson O‘g‘li» deb atardi. (Matto 8:20; 9:6; 20:18, 28)

Qiziq, bu masal qaysi paytda amalga oshadi? Iso «o‘z ulug‘vorligida barcha farishtalar bilan birga kelganda, o‘zining ulug‘vor taxtiga» o‘tirganda amalga oshadi. Oldin ham Iso «Inson O‘g‘lining kuch-qudrat va shon-shuhrat bilan bulutlar uzra» kelishi haqida aytgan edi. Unda bu qachon yuz beradi? «Musibatdan so‘ng darhol» yuz beradi. (Matto 24:29–31; Mark 13:26, 27; Luqo 21:27) Demak, bu masal kelajakka, ya’ni Iso o‘z ulug‘vorligida kelgan paytga tegishli. O‘shanda u nima qiladi?

Isoning tushuntirishicha, «Inson O‘g‘li o‘z ulug‘vorligida... kelganda... Uning oldida barcha xalqlar to‘planadi. O‘shanda u xuddi cho‘pon qo‘ylarni echkilardan ajratgandek, odamlarni bir-biridan ajratadi. Qo‘ylarni o‘ng tomoniga, echkilarni esa chap tomoniga qo‘yadi». (Matto 25:31–33)

O‘ng tomonga qo‘yilgan, ya’ni marhamatga sazovor bo‘lgan qo‘ylar haqida Iso quyidagilarni aytadi: «Keyin shoh o‘ng tomondagilarga shunday deydi: “Ey, Otamdan baraka topganlar, kelinglar, dunyoga asos solinganidan beri sizlarga tayyorlab qo‘yilgan Shohlikka ega bo‘linglar”». (Matto 25:34) Nega qo‘ylar Shohning marhamatiga sazovor bo‘lishadi?

Shoh buni tushuntirib, shunday deydi: «Men och edim, sizlar menga yegulik berdingiz, suvsagan edim chanqog‘imni qondirdingiz, musofir edim, mehmon qildingiz, kiyimsiz edim, kiyintirdingiz, kasal edim, g‘amxo‘rlik qildingiz, qamoqda edim, xabar olib turdingiz». Qo‘ylar, ya’ni «odil kishilar» unga qachon yaxshilik qilishganini so‘rashganda, u: «Eng kichik birodarlarimdan biriga nima qilgan bo‘lsangiz, menga ham qilgan bo‘lasiz»,— deb aytadi. (Matto 25:35, 36, 40, 46) Ular bunday savob ishlarni osmonda qilishmaydi, sababi, osmonda na kasallar, na ochlar bor. Binobarin, bu yerda Masihning yer yuzidagi birodarlari uchun qilingan ishlar haqida gap ketyapti.

Chap tomonga qo‘yilgan echkilar bilan-chi, nima bo‘ladi? Iso quyidagilarni aytadi: «So‘ng u [Shoh] chap tomondagilarga shunday deydi: “Ey la’natilar, Iblis va uning jinlari uchun tayyorlab qo‘yilgan mangu olovga yo‘qolinglar. Sababi, men och edim, sizlar menga yegulik bermadingiz, suvsagan edim chanqog‘imni qondirmadingiz, musofir edim, mehmon qilmadingiz, kiyimsiz edim, kiyintirmadingiz, kasal edim, g‘amxo‘rlik qilmadingiz, qamoqda edim, xabar olib turmadingiz”». (Matto 25:41–43) Echkilar Masihning yer yuzidagi birodarlariga mehribonlik ko‘rsatmagani uchun, ularga mazkur jazo chiqariladi. Vaholanki, ular shunday qilishlari kerak edi.

Havoriylar kelajakdagi hukmning oqibatlari o‘zgarmas, abadiy ekanini tushunishadi. Iso davom etib, ularga quyidagicha deydi: «U [Shoh] esa [echkilarga] shunday deb aytadi: “Ishonavering, eng kichik birodarlarimdan biriga qilmagan bo‘lsangiz, menga ham qilmagan bo‘lasiz”. Ular abadiy yo‘q bo‘lib ketishadi, odil kishilar esa mangu hayotga ega bo‘lishadi». (Matto 25:45, 46)

Isoning havoriylariga bergan javobidan u izdoshlarini mulohaza yuritishga undayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ha, ular bunday qilib o‘z munosabati-yu harakatlarini tekshira olishadi.