Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

102-BOB

Shoh Quddusga xo‘tikda kirib keladi

Shoh Quddusga xo‘tikda kirib keladi

MATTO 21:1–11, 14–17 MARK 11:1–11 LUQO 19:29–44 YUHANNO 12:12–19

  • ISO QUDDUSGA TANTANALI RAVISHDA KIRIB KELADI

  • QUDDUS VAYRON BO‘LISHINI BASHORAT QILADI

Kelasi kuni yakshanba, 9-nisonda Iso shogirdlari bilan Baytaniyadan chiqib, Quddusga yo‘l oladi. Zaytun tog‘ida joylashgan Baytfagiyaga yaqinlashib qolishganida, Iso ikkita shogirdiga quyidagicha topshiriq beradi:

«Ro‘parangizdagi qishloqqa boringlar. O‘sha yerda bog‘langan eshak bilan xo‘tikni ko‘rasizlar. Ularni yechinglar-da, menga olib kelinglar. Mabodo birov so‘rab qolsa, unga: “Bular Hazratimizga kerak”,— desalaringiz, darhol ruxsat beradi». (Matto 21:2, 3)

Shogirdlar Isoning yo‘l-yo‘rig‘i Muqaddas Kitob bashorati bilan bog‘liqligini tushunishmaydi. Biroq keyinchalik ular Zakariyoning bashorati amalga oshganini anglashadi. U yerda Xudo va’da qilgan Shoh Quddusga kirib kelishi haqida aytilgan: «U kamtarin, u eshakka minib kelmoqda, xo‘tikka, eshak bolasiga minib kelmoqda». (Zakariyo 9:9)

Shogirdlar Baytfagiyaga kelib eshak va xo‘tikni olib ketishayotganda, o‘sha yerdagi ba’zi odamlar: «Nimaga xo‘tikni yechyapsizlar?» — deb so‘rashadi. (Mark 11:5) Ammo ular, hayvonlar Hazratga kerakligini eshitib, bunga ruxsat berishadi. Shogirdlar eshak bilan xo‘tikni Isoning oldiga olib kelib, ularning ustiga ustki kiyimlarini tashlashadi, biroq Iso xo‘tikka o‘tiradi.

Iso Quddusga yaqinlashib kelayotganda xaloyiq to‘planadi. Ko‘plar ustki kiyimlarini, ba’zilar «daraxtlarning novdalarini kesib» yo‘lga poyandoz qilishadi. Ular: «Yolvoramiz, unga najot ber! Yahovaning nomidan kelayotgan muborakdir! Otamiz Dovudning kelayotgan Shohligi muborak bo‘lsin!» — deyishadi. (Mark 11:8–10) Farziylar buni eshitib Isoga norozilik bildirishadi: «Ustoz, shogirdlaringizni tiyib oling». Iso javob berib: «Ular jim bo‘lib qolishsa, mana shu toshlar baqiradi»,— deydi. (Luqo 19:39, 40)

Iso Quddusga qarab yig‘lay boshlaydi: «Koshki seni tinchlikka nimalar olib kelishini bilganingda edi... Lekin hozir bu ko‘zlaringdan yashirilgan». Quddus itoatsizligi uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi. Iso shunday bashorat qiladi: «Dushmanlaring atrofingni o‘tkirlangan xodalar bilan qurshab, seni har tarafdan qamalga olishadi. Ular seni ham, bolalaringni ham yer bilan yakson qilishadi. Xudo seni hukm qilish uchun kelganiga parvo qilmaganing uchun, bu yerda tosh ustida tosh qolmaydi». (Luqo 19:42–44) Isoning so‘zlari amalga oshmay qolmadi. Mil. 70- yilda Quddus vayron bo‘ldi.

Iso Quddusga kirib kelishi bilanoq, butun shaharda shov-shuv ko‘tarilib, odamlar: «Bu kim ekan?» — deyishadi. Xaloyiq esa shunday javob beradi: «Bu Jalilaning Nosira shahridan bo‘lgan Iso payg‘ambar!» (Matto 21:10, 11) Iso Lazarni tiriltirganini ko‘rganlar esa bu mo‘jiza to‘g‘risida boshqalarga ham aytib berishadi. Farziylar qo‘llaridan hech narsa kelmayotganidan xunob bo‘lishadi. Ular o‘zaro: «Mana, butun dunyo uning orqasidan boryapti»,— deyishadi. (Yuhanno 12:18, 19)

Iso ta’lim berish uchun odati bo‘yicha ma’badga kiradi. U yerda Iso ko‘r va cho‘loqlarni sog‘aytiradi. Bosh ruhoniylar-u ulamolar uning ishlarini ko‘rib, bolalar ma’badda: «Yolvoramiz, Dovudning O‘g‘liga najot ber!» — deya xitob qilishayotganini eshitib, g‘azabga to‘lishadi. Ushbu din rahbarlari Isodan: «Bular nima deyishayotganini eshityapsanmi?» — deb so‘rashadi. Iso ularga javoban deydi: «Nahotki shunday deb yozilganini o‘qimagan bo‘lsangiz: “Senga bolalar-u chaqaloqlarning og‘zi bilan madhlar aytildi”?» (Matto 21:15, 16)

Iso ma’baddagi barcha narsaga nazar tashlaydi. Lekin vaqt kech bo‘lib qolgani uchun havoriylar bilan ketadi. 10- nison hali boshlanmasidan oldin, u Baytaniyaga qaytadi va yakshanba kuni tunni o‘sha yerda o‘tkazadi.