Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

131-BOB

Beayb Shoh ustunda azob chekadi

Beayb Shoh ustunda azob chekadi

MATTO 27:33–44 MARK 15:22–32 LUQO 23:32–43 YUHANNO 19:17–24

  • ISONI AZOB USTUNIGA MIXLASHADI

  • ODAMLAR ISONING BOSHI TEPASIDAGI YOZUVNI O‘QIB KULISHADI

  • YER YUZIDAGI JANNATDA YASHASH UMIDI

Isoni shahardan uncha uzoq bo‘lmagan joyga olib kelishadi. Bu yerda uni va yana ikkita qaroqchini qatl qilishlari lozim. «Uzoqdan» ko‘rinib turgan bu joy esa Go‘lgota, ya’ni Boshsuyagi deb nomlanadi. (Mark 15:40)

Qatl qilinishga mahkum etilgan uchta kishining ustki kiyimini yechishadi. Keyin ularga kishini karaxt qiladigan mirra va allaqanday achchiq narsa bilan aralashtirilgan sharob berishadi. Bu og‘riqsizlantiradigan ichimlikni Quddus ayollari tayyorlashgandir va rimliklar uni o‘limga mahkum etilganlarga berishni man etishmaydi. Iso bu sharobni tatib ko‘radi, lekin undan ichmaydi. Nega deysizmi? Sababi, bunday dahshatli sinov paytida Iso his-tuyg‘ulari zarracha bo‘lsa-da o‘tmaslashib qolishini xohlamaydi. U hushida bo‘lib, oxirigacha sodiq qolmoqchi.

Isoni ustunga cho‘zilib yotishga majburlashadi. (Mark 15:25) Askarlar qo‘llari-yu oyoqlariga mixlar qoqishganida, ular tanasining to‘qimalariga teshib kirib nihoyatda kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi. Ustunni ko‘tarishganida esa, og‘riq chidab bo‘lmas darajada kuchayadi, chunki badanning og‘irligidan mixlar yaralarni yirtib yuboradi. Lekin Iso askarlarni koyimaydi. U shunday deb ibodat qiladi: «Otajon, bularni kechir, chunki ular nima qilishayotganini bilishmaydi». (Luqo 23:34)

Odatda rimliklar hukm qilingan jinoyatchining aybini ko‘rsatuvchi lavhani ustunga osib qo‘yishardi. Pilat: «Nosiralik Iso, yahudiylarning shohidir»,— degan yozuvni osib qo‘yishni buyuradi. Hamma o‘qiy olishi uchun bu so‘zlar yahudiy, lotin va yunon tillarida yoziladi. Shu tariqa, Pilat Isoni qatl etishni talab qilgan yahudiylardan nafratlanayotganini ko‘rsatadi. Norozi bosh ruhoniylar bunga qarshi chiqib: «“Yahudiylarning shohi”, emas, balki o‘zi aytganidek, “Men yahudiylarning shohiman”, deb yozib qo‘ying»,— deyishadi. Pilat esa bu safar ham unga nima qilishni uqtirishlarini istamay: «Nima yozgan bo‘lsam, shu»,— deb javob qaytaradi. (Yuhanno 19:19–22)

Qoni qaynagan ruhoniylar bundan sal avval Oliy Kengashda soxta guvohlik berganlarning so‘zlarini takrorlashadi. O‘tgan-ketganlar boshlarini chayqagancha, Isoni masxara qilib deyishadi: «Hoy, ma’badni buzib uch kun ichida tiklaydigan, o‘zingni o‘zing qutqar-chi! Qani, azob ustunidan tush-chi!» Shunga o‘xshab, bosh ruhoniylar bilan ulamolar o‘zaro quyidagicha aytishadi: «Qani, Isroilning shohi Masih azob ustunidan tushib ko‘rsin-chi, shunda biz unga ishonamiz». (Mark 15:29–32) Hatto Isoning chap va o‘ng tomonidagi qaroqchilar ham uni haqoratlashadi. Aslini olganda esa yolg‘iz Iso hech narsada aybdor emas.

To‘rtta Rim askari ham Isoni mazax qiladi. Ehtimol, ular nordon sharobni ichib, uni haqoratomuz tarzda Isoga uzatishadi, ammo unga ichishga imkon berishmaydi. Rimliklar Isoning boshi tepasida osilgan yozuvni o‘qib: «Agar yahudiylarning podshohi bo‘lsang, o‘zingni qutqar»,— deb aytishadi. (Luqo 23:36, 37) Bir o‘ylab ko‘ring! Yo‘l, haqiqat va hayot bo‘lgan inson nohaqlarcha xo‘rlanadi va masxara qilinadi. Yahudiylar unga nafrat bilan qarashadi, askarlar va ustunga mixlangan jinoyatchilar uning ustidan kulishadi. Ammo Iso bularning barchasiga matonat ila chidab, hech kimni haqorat qilmaydi.

Isoning ustki kiyimini olgan to‘rtta askar uni qismlarga bo‘lishdi. Kimga qaysi bo‘lagi tushishini aniqlash uchun ular qur’a tashlashdi. Biroq Isoning ichki ko‘ylagi yuqori sifatli, «boshdan-oyoq choksiz to‘qima edi». Shunda ular o‘zaro kelishib: «Kelinglar, uni yirtmay qur’a tashlaymiz. Qani kimga tusharkin?» — deyishadi. Shu yo‘sin, quyidagi bashorat amalga oshadi: «Ular kiyimlarimni o‘zaro bo‘lishib olib, libosim uchun qur’a tashladi». (Yuhanno 19:23, 24; Zabur 22:18)

Jinoyatchilardan biri Iso haqiqatdan ham shoh ekanini anglay boshlaydi. U sherigini koyib shunday deydi: «Hoy, Xudodan qo‘rqmaysanmi? Axir bunday jazoga o‘zing ham mahkum etilgansan-ku. Biz-ku qilmishimizga yarasha adolatli hukm etildik. U bo‘lsa hech qanday yomonlik qilmagan». Keyin Isoga yolvorib: «Shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— deb aytadi. (Luqo 23:40–42)

Iso unga: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz»,— deb aytadi. (Luqo 23:43) Iso «Shohlikda» emas, «Jannatda» dedi. Bu va’da u havoriylariga bergan va’dadan farq qiladi. Zotan, Iso havoriylariga Shohlikda u bilan birga taxtlarga o‘tirishni va’da qilgan. (Matto 19:28; Luqo 22:29, 30) Bu jinoyatchi yahudiy Xudoning irodasiga binoan Odamato, Momohavo va ularning avlodlari yashashi kerak bo‘lgan yer yuzidagi jannat haqida eshitganga o‘xshaydi. Shunday qilib, hayotdan ko‘z yumayotgan bu qaroqchi ham umidga ega bo‘ladi.