101-BOB
Baytaniyada Simunning uyida kechki ovqat
MATTO 26:6–13 MARK 14:3–9 YUHANNO 11:55–12:11
-
ISO QUDDUS YAQINIDAGI BAYTANIYAGA QAYTADI
-
MARYAM ISONING BOSHI VA OYOQLARIGA XUSHBO‘Y MOY SURTADI
Iso Yerixodan Baytaniyaga qarab yo‘l oladi. Bu yo‘l taxminan 20 kilometrni tashkil etadi va tepaga ko‘tarilish kerak bo‘lgani uchun u yerga yetib borish oson emas. Yerixo dengiz sathidan qariyb 250 metr pastda, Baytaniya esa dengiz sathidan qariyb 610 metr tepada joylashgan. Lazar va uning singillari Baytaniyaning kichik bir qishlog‘ida istiqomat qilishadi. U Quddusdan taxminan uch kilometr narida, Zaytun tog‘ining sharqiy yonbag‘rida joylashgan.
Ko‘p yahudiylar Fisih bayramini nishonlash uchun Quddusga yig‘ilishdi. «Qoidaga ko‘ra bayramdan oldin poklanish uchun» odamlar ertaroq kelishdi. Ular murdaga tekkani yoki boshqa sababga ko‘ra nopok bo‘lib qolgani uchun poklanishi kutilardi. (Yuhanno 11:55; Sahroda 9:6–10) Ertaroq kelganlardan ba’zilari ma’badda yig‘iladi. Ular Fisih bayramiga Iso kelarmikan, deb qiziqishadi. (Yuhanno 11:56)
Iso haqida ko‘p bahs-munozara bo‘ladi. Din rahbarlari uni tutib olib o‘ldirishmoqchi. Hatto Isoning qayerdaligini bilgan odam ularni xabardor qilishi kerakligi haqida buyruq berishadi. (Yuhanno 11:57) Bu rahbarlar Iso Lazarni tiriltirganidan keyin ham uni o‘ldirishga urinishgan edi. (Yuhanno 11:49–53) Shu bois, ba’zilar Iso omma oldiga chiqadimi, deya shubhalanishi tabiiy.
Iso Baytaniyaga juma kuni, «Fisih bayramidan olti kun avval» keladi. (Yuhanno 12:1) Quyosh botishi bilan yangi kun (Shabbat, 8-nison) boshlanadi. Shu yo‘sin, Iso o‘sha yerga Shabbat boshlanishidan (juma kuni quyosh botishidan va shanba kuni quyosh botishigacha davom etadigan kundan) avval keladi. Yahudiylarning qonuni bo‘yicha, Shabbat kuni Yerixodan yo‘lga chiqish mumkin emas edi. Ehtimol, bundan oldin ham qilganiday, Iso Lazarning uyiga ketyapti.
Baytaniyada istiqomat qiluvchi Simun ham Iso bilan shogirdlarini, shuningdek, Lazarni shanba kuni kechki ovqatga taklif qiladi. Ehtimol, Simun o‘tmishda moxov kasalligiga chalinib, Iso unga shifo bergani uchun uni «moxov» deb atashadi. Marta o‘ziga xos tirishqoqlik bilan mehmonlarning xizmatida yuradi. Maryam esa butun e’tiborini Isoga qaratadi. Lekin bu safar Maryam norozilik uyg‘otadigan bir ish qiladi.
Maryam ganch idishda xushbo‘y «sunbul moyidan taxminan 300 gramm» keltiradi. (Yuhanno 12:3) Ushbu moy juda qimmatbaho bo‘lib, uning narxi (300 dinor) ishchining taxminan yillik maoshiga teng. Maryam moyni Isoning boshiga, keyin oyoqlariga surtib, sochlari bilan ularni artadi. Butun uy xushbo‘y moy hidiga to‘lib ketadi.
Shogirdlar achchiqlanib: «Xushbo‘y moyni isrof qilishning nima keragi bor?» — deb aytishadi. (Mark 14:4) Yahudo Ishqariyot norozi bo‘lib: «Bu xushbo‘y moyni 300 dinorga sotib, pulini kambag‘allarga tarqatsak bo‘lmasmidi?» — deydi. (Yuhanno 12:5) Aslini olganda, Yahudoning kambag‘allar bilan hech qanday ishi yo‘q. U, barcha shogirdlarga tegishli bo‘lgan pulni qutidan shilib yuradi.
Iso Maryamning tarafini olib, quyidagicha aytadi: «Nega bu ayolni xijolat qilyapsizlar? U men uchun ezgu ish qildi. Chunki kambag‘allar doimo yoningizda bo‘ladi, men esa doim sizlar bilan bo‘lmayman. Bu ayol tanamga xushbo‘y moy surtib, meni dafn etishga tayyorladi. Ishonavering, xushxabar dunyoning qaysi joyida va’z qilinmasin, bu ayolning qilgan ishi ham yodga olinadi». (Matto 26:10–13)
Mana bir necha kundan beri Iso Baytaniyada va bu haqdagi xabar har yerga tarqaladi. Ko‘p yahudiylar Simunning uyiga nafaqat Isoni, balki «u tiriltirgan Lazarni ham ko‘rishga» kelishadi. (Yuhanno 12:9) Shunda bosh ruhoniylar Iso bilan Lazarni o‘ldirishga til biriktirishadi. Din rahbarlarining fikricha, ko‘plar Lazarning hayotga qaytganini ko‘rib, Isoga ishonishni boshladi. Bu din rahbarlari naqadar yovuz!