Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

137-BOB

Isoni yuzlab insonlar ko‘radi

Isoni yuzlab insonlar ko‘radi

MATTO 28:16–20 LUQO 24:50–52 HAVORIYLAR 1:1–12; 2:1–4

  • ISO KO‘PLARGA ZOHIR BO‘LADI

  • U OSMONGA KO‘TARILADI

  • ISO 120 TA SHOGIRDINING USTIGA MUQADDAS RUH YOG‘DIRADI

Iso tirilgach 11 ta havoriysi bilan Jaliladagi bir tog‘da uchrashadi. U yerga qariyb 500 ta boshqa shogird ham keladi. Ulardan ba’zilari boshida shubhalangan edi. (Matto 28:17; 1 Korinfliklarga 15:6) Biroq hozir Iso aytadigan so‘zlar ularning har birini u tirik ekaniga ishontiradi.

Iso yer-u osmondagi butun hokimiyatni Xudo unga topshirganini tushuntiradi. «Shuning uchun boringlar,— deydi Iso,— barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar». (Matto 28:18–20) Ha, Iso tirik! Buning ustiga, u xushxabar va’z qilinishini xohlayapti.

Isoning barcha izdoshlari — erkaklar-u ayollar va bolalar shogird tayyorlashdek bir xil vazifa olmoqda. To‘g‘ri, dushmanlar va’z qilish va ta’lim berish faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lishadi, lekin Iso: «Alloh menga yer-u osmondagi barcha narsani ishonib topshirdi»,— deb aytadi. Bu izdoshlari uchun nimani bildiradi? Ularga shunday va’da beradi: «Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman». Iso, va’zgo‘ylik ishida ishtirok etadigan hamma izdoshlari mo‘jizalar qiladi deb aytmayapti. Aksincha, ularni muqaddas ruh qo‘llab-quvvatlaydi.

Iso tirilgach, shogirdlari uni «40 kun mobaynida» ko‘p marotaba ko‘rishadi. Garchi ular uni tanishmasa-da, u «o‘zining tirik ekanini ishonarli dalillar bilan» ko‘rsatadi. Qolaversa, Iso «Xudoning Shohligi haqida aytib beradi». (Havoriylar 1:3; 1 Korinfliklarga 15:7)

Ehtimol, havoriylar hali Jalilada bo‘lishganida Iso ularga Quddusga qaytish kerakligini aytadi. U havoriylar bilan shaharda uchrashganida quyidagicha degan edi: «Quddusdan ketmay, sizlar mendan eshitgan Otamning va’dasi amalga oshishini kutinglar. Chunki Yahyo suvga cho‘mdirgan edi, sizlar esa ko‘p o‘tmay muqaddas ruhga cho‘mdirilasiz». (Havoriylar 1:4, 5).

Keyinchalik Iso havoriylari bilan yana ko‘rishadi. Ularni Zaytun tog‘ining sharqiy yonbag‘ridagi «Baytaniyagacha kuzatib boradi». (Luqo 24:50) Iso ketishi to‘g‘risida gapirganlariga qaramay, ular haligacha uning Shohligi qaysidir ma’noda yerda bo‘ladi deb o‘ylashadi. (Luqo 22:16, 18, 30; Yuhanno 14:2, 3)

Havoriylar Isodan: «Hazrat, axir siz Isroilda shohlikni shu paytda tiklamaysizmi?» — deb so‘rashadi. Iso shunday javob beradi: «Otam O‘z ixtiyori bilan belgilagan vaqt va muddatlarni bilishingiz shart emas». So‘ng ular nima qilishlari kerakligini u yana quyidagicha ta’kidlaydi: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havoriylar 1:6–8)

Havoriylar tirilgan Iso bilan birga Zaytun tog‘ida turgan paytda u osmonga ko‘tarila boshlaydi. Bulutlar tufayli u yaqinda ko‘rinmay qoladi. Iso tirilgach, insoniy tanalarda paydo bo‘lgan edi. Endi esa Iso insoniy tanasini qoldirib ruhiy shaxs sifatida osmonga ko‘tariladi. (1 Korinfliklarga 15:44, 50; 1 Butrus 3:18) Sodiq havoriylar uni kuzatib turishar ekan, «yonlarida oq libos kiygan ikki kishi paydo bo‘ladi». Insoniy qiyofaga kirgan bu farishtalar: «Ey jalilaliklar, nega osmonga tikilib qarab turibsizlar? Orangizdan osmonga olingan bu Isoning ko‘kka ko‘tarilganini qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, u xuddi shunday qaytib keladi»,— deyishadi. (Havoriylar 1:10, 11)

Iso o‘ziga ommaning e’tiborini jalb qilmay, yer yuzini tark etadi. Uning ketganini faqat sodiq izdoshlari ko‘rishadi. «U xuddi shunday», o‘ziga ommaning e’tiborini jalb qilmay qaytib keladi. Faqat sodiq izdoshlari u boshqarayotgan Shoh sifatida hozir bo‘lganini aniqlay olishadi.

Havoriylar Quddusga qaytadi. Bir necha kun mobaynida ular va boshqa shogirdlar, jumladan, «Isoning ukalari bilan onasi Maryam» birga yig‘ilishadi (Havoriylar 1:14). Ularning hammasi yakdillik ila ibodat qilishadi. Masalan, yana 12 ta havoriy bo‘lishi uchun Yahudo Ishqariyotning o‘rniga boshqa shogirdni tanlash haqida ibodat qilishadi. (Matto 19:28) Ular bu kishi Isoning ishlarini va tirilganini ko‘rganlardan biri bo‘lishini istashadi. Allohning irodasini anglash niyatida qur’a tashlanadi. Bu Muqaddas Kitobda qur’a tashlangani haqida aytilgan so‘nggi voqea. (Zabur 109:8; Hikmatlar 16:33) Qur’a Mattiyaga tushadi va «uni 11 ta havoriy qatoriga» qo‘shishadi. Ehtimol, Mattiya Iso va’zgo‘ylikka yuborgan 70 ta shogird orasida bo‘lgandir. (Havoriylar 1:26)

Iso osmonga ko‘tarilganidan 10 kun o‘tgach, mil. 33- yili yahudiylarning Hosil bayrami bo‘ladi. Taxminan 120 ta shogird Quddusdagi boloxonada yig‘iladi. To‘satdan kuchli shamol esganday bir shovqin keladi-da, butun uyni to‘ldiradi. Shogirdlar alangalanib turgan tilga o‘xshash bir narsalar paydo bo‘lganini ko‘rishadi va ular har birining ustiga bittadan tushadi. Shogirdlarning bari turli tillarda gapira boshlaydi. Shu yo‘sin, Iso va’da qilgan muqaddas ruhni yog‘diradi. (Yuhanno 14:26)