Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

125-BOB

Hananning, keyin Kayafaning huzurida

Hananning, keyin Kayafaning huzurida

MATTO 26:57–68 MARK 14:53–65 LUQO 22:54, 63–65 YUHANNO 18:13, 14, 19–24

  • SOBIQ OLIY RUHONIY HANAN OLDIGA OLIB BORILADI

  • OLIY KENGASH NOHAQ HUKM QILADI

Isoni xuddi jinoyatchidek bog‘langan holda Hananning huzuriga olib ketishyapti. Bolaligida Iso ma’badda muallimlarni lol qoldirgan paytda Hanan oliy ruhoniy edi. (Luqo 2:42, 47) Keyinchalik Hananning ba’zi o‘g‘illari ham oliy ruhoniyning vazifasini bajarishgan. Hozir esa buni uning kuyovi Kayafa bajaryapti.

Iso Hananning uyida ekan, Oliy Kengashni yig‘ish uchun Kayafada vaqt bor. U 71-a’zodan iborat. Unga oliy ruhoniy va ilgari bu martabaga ega bo‘lgan kishilar kiradi.

Hanan «Isoni shogirdlari va ta’limotlari haqida so‘roq qiladi». Iso unga shunday javob beradi: «Men dunyoga ochiqchasiga gapirdim. Men doim barcha yahudiylar yig‘iladigan joylarda, ibodatxonalarda va ma’badda ta’lim berdim. Hech narsani pinhona gapirmadim. Nega mendan so‘rayapsiz? Aytganlarimni eshitganlardan so‘rang». (Yuhanno 18:19–21)

Isoning yonida turgan soqchilardan biri uning yuziga shapaloq tushirib: «Bosh ruhoniyga shunday javob berasanmi?» — deydi. Iso noto‘g‘ri gapirmaganini bilib: «Agar noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, noto‘g‘riligini ayting menga, bordi-yu to‘g‘ri bo‘lsa, nega meni uryapsiz?» — deydi. (Yuhanno 18:22, 23) Shunda Hanan Isoni kuyovi Kayafaning oldiga jo‘natadi.

Shu orada Kayafaning uyida Oliy Kengashning hamma a’zolari: oliy ruhoniy, xalq oqsoqollari-yu ulamolar yig‘iladi. Fisih bayramida sud qilish qonunga xilof edi, lekin hech narsaga qaramay, ular qabih niyatini amalga oshirishmoqchi.

Bu odamlarni xolis deyish qiyin. Iso Lazarni tiriltirganida, Oliy Kengash Isoni o‘ldirishga qaror qilgan. (Yuhanno 11:47–53) Bundan tashqari, bir necha kun avval din rahbarlari Isoni tutib, o‘ldirishga til biriktirishgan. (Matto 26:3, 4) Bundan kelib chiqdiki, hukm qilinishdan oldin Isoga o‘lim jazosi chiqarilgan edi.

Bosh ruhoniylar va Oliy Kengashning boshqa a’zolari qonunga xilof ravishda yig‘ilgani yetmaganidek, Isoga qarshi soxta ayblovlar keltirish maqsadida guvohlarni izlashadi. Talaygina guvohlar topiladi, ammo ularning ayblovlari bir-biriga zid bo‘ladi. Oxiri, ulardan ikkitasi shunday deydi: «Bu kishi: “Men odam qo‘li bilan qurilgan shu ma’badni buzib, uch kun ichida odam qo‘li bilan qurilmagan boshqa ma’badni barpo qilaman”,— deganini o‘zimiz eshitdik». (Mark 14:58) Biroq shunda ham ularning guvohligi bir-biriniki bilan to‘g‘ri kelmaydi.

Kayafa Isodan: «Ha, nega indamayapsan? Senga qarshi qo‘ygan ayblariga nima deysan?» — deya so‘raydi. (Mark 14:60) Iso guvohlarning soxta ayblovlariga hech narsa demaydi. Shunda oliy ruhoniy Kayafa boshqacha yo‘l tutadi.

Agar kimdir o‘zini Xudoning O‘g‘li deb atasa, yahudiylar norozi bo‘lishi mumkinligini Kayafa bilardi. Ilgari Iso Xudoni Otam deb ataganida, yahudiylar u o‘zini «Unga tenglashtirdi», deya uni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. (Yuhanno 5:17, 18; 10:31–39) Ularning munosabatini bilgan Kayafa Isoga ig‘voli savol beradi: «Barhayot Xudo haqqi qasam ichib bizga ayt-chi, Xudoning O‘g‘li Masih senmisan?» (Matto 26:63) Haqiqatan ham, Iso o‘zini Xudoning O‘g‘li deb atardi. (Yuhanno 3:18; 5:25; 11:4) Agar Iso bu savolga javob bermasa, ular u Xudoning O‘g‘li va Masih emas, degan xayolga borishlari mumkin. Shuning uchun Iso: «Menman. Sizlar endi Inson O‘g‘li Qodir Allohning o‘ng tomonida o‘tirganini hamda bulutlar uzra kelayotganini ko‘rasizlar»,— deydi. (Mark 14:62)

Kayafa buni eshitgach, xo‘jako‘rsinga kiyimini yirtib, shunday baqiradi: «U Xudoga qarshi gapiryapti! Bizga boshqa guvohlarning nima keragi bor? Mana, u Xudoga qarshi gapirganini hozir o‘zlaringiz eshitdingiz! Bunga nima deysizlar?» Oliy Kengash: «U o‘limga loyiq!» — deb adolatsiz hukm chiqaradi. (Matto 26:65, 66)

Bundan so‘ng Isoni masxara qila boshlashadi. Uni mushtlab, tarsaki tushirishadi va yuziga tupurishadi. Uning yuzini berkitib: «Payg‘ambar bo‘lsang ayt-chi, seni kim urdi?» — deb mazax qilishadi. (Luqo 22:64) Ha, o‘sha kecha Xudoning O‘g‘lini nohaq hukm qilishadi!