138-BOB
Masih Xudoning o‘ng tomonida
-
ISO XUDONING O‘NG TOMONIDA O‘TIRIBDI
-
SHOUL MASIHNING SHOGIRDI BO‘LADI
-
SHODLIK UCHUN SABABIMIZ BOR
Samoga ko‘tarilganidan o‘n kun o‘tgach, Hosil bayramida Iso shogirdlarining ustiga muqaddas ruh yog‘diradi. Bu, Iso chindan ham osmonda ekanining tasdig‘i bo‘ladi. Keyinroq yana bir hodisa buni isbotlaydi. Sadoqat ila shohidlik bergani uchun toshbo‘ron qilinishidan oldin Stefan: «Men osmon ochilganini va Tangrining o‘ng tomonida turgan Inson O‘g‘lini ko‘ryapman»,— deydi. (Havoriylar 7:56)
Otasi bilan samoda ekan, Allohning Kalomida bashorat qilinganidek Iso o‘zgacha bir buyruq berilishini kutadi. Ilohiy ilhom ostida Dovud quyidagicha yozgan: «Yahova Hazratimga [Isoga]: “Dushmanlaringni oyog‘ing ostiga kursi qilmagunimcha, Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur”,— deb aytdi». Kutish vaqti tugaganidan keyin u quyidagi buyruqni bajaradi: «Borib dushmanlaring orasida hukmronlik qil». (Zabur 110:1, 2) Qiziq, dushmanlariga qarshi chiqish vaqti kelguniga qadar Iso osmonda turib nima qiladi?
Mil. 33-yil Hosil bayramida masihiylar jamoati paydo bo‘ladi. Iso esa osmondan turib muqaddas ruh bilan moylangan shogirdlari ustidan boshqara boshlaydi. (Kolosaliklarga 1:13) U shogirdlariga va’zgo‘ylik ishida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi va ularni kelajakda bajaradigan vazifalariga tayyorlaydi. Bu qanday vazifalar ekan? O‘limgacha sodiq qolgan shogirdlar vaqti kelib tirilishadi va Iso bilan birga Samoviy Shohlikda hukm surishadi.
Kelajakda shohlik qiladiganlardan biri Shoul edi. U ko‘proq Pavlus degan rim ismi bilan tanilgan. Shoul Allohning Kalomi uchun nihoyatda jonkuyar yahudiy edi. Ammo yahudiy din rahbarlari uni shunchalik yo‘ldan adashtirishadiki, u hatto Stefanning toshbo‘ron qilinishini ma’qullaydi. U «Hazratimizning shogirdlarini rosa ta’qib qilib, ularni o‘ldirish istagida» Damashqqa boradi. Isoning shogirdlarini hibsga olib, Quddusga keltirishi uchun Shoulga oliy ruhoniy Kayafa tomonidan huquq beriladi. (Havoriylar 7:58; 9:1) Biroq hali yo‘lda ketayotganida atrofini yorqin nur yarqiratib yuboradi va u yerga yiqiladi.
G‘oyibdan bir sado kelib: «Shoul, Shoul, nimaga meni ta’qib qilyapsan?» — deydi. Shoul esa: «Ey Hazrat, siz kimsiz?» — deb so‘raydi. Havoriylar 9:4, 5)
So‘ng: «Men, sen ta’qib qilayotgan Isoman»,— degan javob eshitiladi. (Iso Shoulga Damashqqa kirishni va yo‘l-yo‘riq berilishini kutishni aytadi. Lekin yorqin nur tufayli ko‘zlari ko‘rmay qolgani uchun uni shaharga yetaklab olib borishadi. So‘ng Iso Damashqda yashovchi Hananiya ismli shogirdiga vahiyda ko‘rinadi. Iso Hananiyaga bir manzilni aytib, Shoulning yoniga borishni buyuradi. Hananiya bundan xavotirga tushadi, lekin Iso uni ishontirib: «Qani bor, chunki men o‘z ismimni boshqa xalqlarga, shuningdek, shohlarga va Isroil o‘g‘illariga yetkazish uchun bu kishini tanlaganman»,— deydi. Shoulning ko‘rish qobiliyati tiklanadi va u Damashqda «Iso Xudoning O‘g‘li ekanini... va’z eta boshlaydi». (Havoriylar 9:15, 20)
Pavlus va boshqa xushxabar voizlari Isoning ko‘magi bilan u boshlagan va’zgo‘ylik ishini davom ettirishgan. Xudoning barakasi bilan ular misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishishgan. Damashqqa boradigan yo‘lda Iso unga zohir bo‘lganidan taxminan 25 yil o‘tib, Pavlus xushxabar «falak ostida bor jonzotga va’z» qilingani haqida yozgan. (Kolosaliklarga 1:23)
Yillar o‘tib Iso sevimli havoriysi bo‘lmish Yuhannoga bir qancha vahiylar ko‘rsatgan. Ular Muqaddas Yozuvlarning Vahiy kitobida bayon etilgan. Yuhanno ushbu vahiylar orqali Isoning Shoh sifatida qaytganini ko‘rgan. (Yuhanno 21:22) «Muqaddas ruh ta’sirida... [Yuhanno] Hazratimiz kunida bo‘lib» qolgan. (Vahiy 1:10) Xo‘sh, qaysi payt haqida gap ketyapti?
Muqaddas Kitob bashoratlaridan «Hazratimiz kuni» 1914- yili boshlangani ayon bo‘lyapti. Shu yili Birinchi jahon urushi yuzaga keldi. O‘sha paytdan beri borgan sari ko‘proq urushlar, o‘latlar, ocharchilik va zilzilalar sodir bo‘layotgani diqqatga sazovor. Bu va boshqa voqealar, Iso «hozir bo‘lishi» va «zamona oxirlab borayotgani» haqida havoriylariga aytgan «belgi» keng miqyosda amalga oshayotganini ko‘rsatyapti. (Matto 24:3, 7, 8, 14) Hozir Shohlik haqidagi xushxabar faqat Rim imperiyasi bo‘ylab emas, balki butun dunyo bo‘ylab va’z qilinmoqda.
Ilohiy ilhom ostida Yuhanno ushbu voqealarning ma’nosini quyidagicha tushuntirgan: «Endi Xudoyimizning najoti, kuch-qudrati, Shohligi va Masihining hukmronligi keldi». (Vahiy 12:10) Ha, Iso har yerda va’z qilgan Xudoning Samoviy Shohligi hozir boshqarmoqda!
Bu, Isoning barcha sodiq izdoshlari uchun ajoyib xushxabar. Ular Yuhannoning quyidagi so‘zlarini yaxshi tushunishadi: «Shu bois shodlaning, ey, osmon-u falak va unda yashovchilar! Ammo yer va dengizning holiga voy! Zero Iblis vaqti oz qolganini bilib, mudhish qahr-g‘azab ila oldingizga tushdi». (Vahiy 12:12)
Endi Iso Otasining o‘ng tomonida shunchaki kutib o‘tirgani yo‘q. U Shoh sifatida boshqaryapti va yaqinda barcha dushmanlarini yo‘q qiladi. (Ibroniylarga 10:12, 13) Qiziq, oldinda bizni qanday voqealar kutyapti?