Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

139-BOB

Jannatni o‘rnatadi va topshirig‘ini yakunlaydi

Jannatni o‘rnatadi va topshirig‘ini yakunlaydi

1 KORINFLIKLARGA 15:24–28

  • QO‘Y VA ECHKILARNI NIMA KUTYAPTI

  • KO‘PLAR YER YUZIDAGI JANNATDA ZAVQLANIB YASHAYDI

  • ISO YO‘L, HAQIQAT VA HAYOTDIR

Iso suvga cho‘mgach, hatto xizmatini boshlashga ulgurmasidan oldin uni muvaffaqiyatsizlikka uchratishga harakat qilgan dushmanga ro‘baro‘ keladi. Ha, Iblis uni ko‘p marotaba vasvasaga solgan. Keyinchalik Iso u to‘g‘risida: «Bu dunyoning hukmdori kelyapti. U esa menga hokim emas»,— deydi. (Yuhanno 14:30)

Havoriy Yuhanno vahiyda «buyuk ajdaho, Iblis va Shayton deb atalgan almisoq ilonni» nima kutayotganini ko‘rgan. Odamzodning bu ashaddiy dushmani osmondan uloqtirildi, u vaqti oz qolganini biladi va mudhish qahr-g‘azabda yuribdi. (Vahiy 12:9, 12) Masihiylar, ushbu oz vaqt mobaynida yashayotganiga va yaqinda «almisoq ilon» 1 000 yilga tubsizlikka tashlanib harakatsiz holatda bo‘lishiga, Iso esa Xudoning Shohligida boshqarishiga ishonishlari uchun yaxshi asos bor. (Vahiy 20:1, 2)

Xo‘sh, bu vaqt davomida bizning sayyoramizda nimalar ro‘y beradi? Bu yerda kimlar va qanday sharoitlarda yashaydi? Bu haqda Isoning so‘zlaridan bilib olsa bo‘ladi. U qo‘ylar va echkilar to‘g‘risidagi masalida, uning birodarlari bilan hamkorlik qilib, ularga ko‘maklashayotgan qo‘yga o‘xshatilgan odil kishilarni qanday kelajak kutayotganini ko‘rsatgan. Qolaversa, bunday yo‘l tutmayotgan va echkilarga o‘xshatilgan odamlarni nima kutayotgani borasida ham aytib o‘tgan. Iso: «Ular [echkilar] abadiy yo‘q bo‘lib ketishadi, odil kishilar esa [qo‘ylar] mangu hayotga ega bo‘lishadi»,— degan. (Matto 25:46)

Bu, Iso yonidagi ustunga mixlangan jinoyatchiga aytgan so‘zlarini tushunishimizga ko‘maklashadi. Iso o‘sha kishi sodiq havoriylariga va’da qilingan mukofotni olishini, ya’ni Samoviy Shohlikda bo‘lishini aytmagan. Aksincha, tavba qilgan o‘sha jinoyatchiga: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz»,— deb va’da qilgan. (Luqo 23:43) Bu kishida jannatda, ko‘rkam bog‘da yashash umidi paydo bo‘ldi. Mantiqan shunday xulosa qilish mumkinki, bugungi kunda qo‘yga o‘xshashini isbotlagan odamlar «mangu hayotga» ega bo‘lib yer yuzidagi jannatda yashashadi.

Bu, havoriy Yuhanno tasvirlagan yer yuzida bo‘ladigan sharoitlar bilan hamohang. U quyidagicha degan: «Allohning chodiri insonlar orasida. Xudoning O‘zi ular bilan birga yashaydi va ular Uning xalqi bo‘lishadi. Allohning O‘zi ular bilan bo‘ladi. O‘shanda Xudo ularning ko‘zidagi har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi. Zero avvalgilar o‘tib ketdi». (Vahiy 21:3, 4)

Iso gaplashgan jinoyatchi jannatda yashashi uchun tirilishi lozim. Shubhasizki, boshqa odamlar ham tiriladi. Iso aniq qilib shunday degan: «Shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda bo‘lgan hamma uning ovozini eshitib chiqadi: yaxshilik qilganlar yashash uchun, yomonlik qilganlar esa hukm etilish uchun tiriladi». (Yuhanno 5:28, 29)

Biroq Iso bilan samoda boshqaradigan sodiq havoriylar va soni chegaralangan boshqa kishilar haqida nima desa bo‘ladi? Muqaddas Kitobda: «Ular Xudoning va Masihning ruhoniylari bo‘lib, Masih bilan 1 000 yil shohlik qilishadi»,— deb yozilgan. (Vahiy 20:6) Masih bilan birga hukm suradiganlar yer yuzidagi erkag-u ayollar orasidan tanlab olinyapti. Ular yer yuzidagilar ustidan tushungan tarzda va rahm-shafqat ila boshqarishi shubhasiz. (Vahiy 5:10)

Iso to‘lov qurbonligini yer yuzidagi odamlarga nisbatan qo‘llab, ularni meros qilingan gunohdan xalos etadi. Iso va u bilan birga boshqaradiganlar sadoqatli insoniyatni mukammallikka yetaklaydi. O‘shanda Allohning insonlarga nisbatan ilk niyati amalga oshadi. Chunki boshida Alloh Odamato bilan Momohavo ko‘payib yer yuzini to‘lg‘azishini istagan edi. Shuni aytish joizki, Odamatoning gunohi dastidan paydo bo‘lgan o‘limga ham yakun yasaladi!

Shu yo‘sin, Iso Yahova unga topshirgan barcha narsani amalga oshiradi. Ming yillik boshqaruvi tugagach, Iso Shohlikni-yu mukammal insoniyatni Otasiga topshiradi. U chinakam kamtarlikni namoyon etganini havoriy Pavlus quyidagicha tasvirlaydi: «Barcha narsa unga tobe qilinganidan so‘ng, O‘g‘il ham unga barcha narsani tobe qildirgan Allohga tobe bo‘ladi. Toki Alloh barchaning yagona Hukmdori bo‘lsin». (1 Korinfliklarga 15:28)

Allohning buyuk niyatlari bajarilishida Isoning o‘rni ahamiyatli ekani shubhasiz. Bu niyatlar butun abadiyat davomida amalga oshishgani sayin Iso: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman»,— deb aytganiga muvofiq yashaydi. (Yuhanno 14:6)