Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yo‘l, haqiqat va hayot

Yo‘l, haqiqat va hayot

Xushxabar eshitganingizda hoynahoy xursand bo‘larsiz. Sizga va sevimli kishilaringizga quyidagi xushxabar yoqishi shubhasiz.

Ushbu xushxabar ko‘p yillar avval koinot Yaratuvchisi, Alloh Yahovaning irodasiga ko‘ra Muqaddas Kitobda qalamga olingan. Bu adabiyotda Muqaddas Kitobdagi to‘rtta bayonotga diqqat qaratamiz, ularda har birimiz uchun foydali bo‘lgan ajoyib xabar yozilgan. Xudo ushbu to‘rtta kitobni yozishni Matto, Mark, Luqo va Yuhanno ismli sodiq kishilarga topshirgan. Bayonotlar shu to‘rtta kishining ismlari bilan atalgan.

Ko‘plarga ular Injil deb tanish. Har bir kitob Iso haqidagi xushxabardan iborat bo‘lib, ulardan Iso payg‘ambar orqali Xudo najot taqdim etishini va Samoviy Shohlikning Shohi sifatida unga ishongan hammaga qut-barakalar ato etishini bilib olamiz. (Mark 10:17, 30; 13:13)

NEGA AYNAN TO‘RTTA KITOB KERAK?

Ehtimol, nega Alloh Isoning hayoti va ta’limotlari haqida yozishlari uchun to‘rt kishini ilhomlantirgan, deb o‘ylarsiz.

Isoning so‘zlari-yu ishlari to‘rtta bayonotda yozilgani foydali. Masalan, ulug‘ ustozning yonida to‘rtta kishi turganini tasavvur qiling. Ustozning ro‘parasida turgan kishi soliqchi. O‘ng tarafida tabib, chap tarafida baliqchi hamda uning qadrdon do‘sti turibdi. To‘rtinchi kishi esa boshqalaridan yosh bo‘lib, nariroqda barchasini kuzatib turibdi. To‘rtalasi rostgo‘y bo‘lib, shaxsan o‘zi uchun muhim bo‘lgan narsaga e’tibor qaratadi. Agar har biri ustozning so‘zlari va ishlari to‘g‘risida yozsa, hikoyalarida turli tafsilotlar yoki hodisalar bo‘ladi. To‘rtta hikoyani diqqat ila o‘qib, har biri o‘z nuqtai nazarini yozganini va muayyan maqsadni ko‘zlaganini inobatga olsak, ustozning ishlari-yu so‘zlari borasida to‘liq tushunchaga ega bo‘lamiz. Ushbu misoldan ko‘ryapmizki, Ulug‘ Ustozimiz Isoning hayoti haqida to‘rtta bayonotga ega ekanimiz juda ham foydali.

Shunisi qiziqki, soliqchi hikoyasida avvalo yahudiylarga murojaat qilyapti. Shu bois, ayrim ta’limotlarni yoki hodisalarni ularga tushunarli tarzda yetkazadi. Tabib e’tiborini kasallar-u mayiblarning sog‘ayishiga qaratadi. Shuning uchun, soliqchi aytib o‘tgan tafsilotlarni tushirib qoldiradi yoki ularni boshqacha tarzda tasvirlaydi. Qadrdon do‘sti ustozining hissiyotlari-yu fazilatlariga urg‘u beradi. Yosh yozuvchining hikoyasi esa qisqa va lo‘nda. Biroq har birining bayonoti ishonchli. Ushbu misoldan ko‘rinyaptiki, Isoning hayoti haqida to‘rtta bayonot bo‘lgani uning faoliyati, ta’limotlari va shaxsiyati borasidagi tushunchamizni yanada boyitadi.

Ba’zilar ularni «Matto bayon etgan xushxabar» yoki «Yuhanno bayon etgan xushxabar» va hokazo deb atashadi. Bu nomlar to‘g‘ri, chunki har bir bayonotda «Iso Masih to‘g‘risidagi xushxabar» yozilgan. (Mark 1:1) Ammo umuman olganda, Iso haqida faqat bitta bayonot yoki xushxabar mavjud. U to‘rtta kitobda keltirilgan.

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan aksariyat kishilar Matto, Mark, Luqo va Yuhanno kitoblaridagi hodisalar-u tafsilotlarni o‘zaro solishtirishgan. Taxminan mil. 170-yili Tatian ismli suriyalik yozuvchi shunday qilgan edi. Ushbu to‘rtta kitob aniq va ilohiy ilhom ostida yozilganiga ishonch hosil qilgach, u Isoning hayoti-yu xizmati haqidagi to‘rtta bayonotni birlashtirib «Diatessaron» nomli asarni yaratgan.

«Iso — yo‘l, haqiqat va hayot» kitobi ham shunga o‘xshash, biroq unga qaraganda aniqroq va batafsil. Gap shundaki, hozirgi kunda biz Iso aytgan ko‘pgina bashoratlari qay tarzda bajarilgani va masallarining ma’nosi to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotga egamiz. Bu tufayli uning so‘zlari-yu ishlari, shuningdek, tasvirlangan hodisalar qanday ketma-ketlikda yuz berganini yaxshiroq tushunyapmiz. Shuningdek, arxeologik topilmalar ayrim tafsilotlarga va yozuvchilarning nuqtai nazariga oydinlik kirityapti. Albatta, hech kim hamma hodisalar aynan shunday ketma-ketlikda bo‘lgan deb ayta olmaydi. Ammo «Iso — yo‘l, haqiqat va hayot» kitobida voqealar xolisona va mantiqiy tarzda qalamga olingan.

YO‘L, HAQIQAT VA HAYOT

Bu kitobni o‘qiyotib, o‘zingiz va sevimli kishilaringiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy fikrni unutmang. Esingizda bo‘lsa, Iso Masih havoriy To‘maga: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi»,— deb aytgan edi. (Yuhanno 14:6)

Ushbu adabiyot yordamida Iso payg‘ambar chindan ham «yo‘l» ekaniga amin bo‘lasiz. Faqat u orqali Allohga ibodatda murojaat qila olamiz. Buning ustiga, aynan Iso orqali Xudo bilan yarashamiz. (Yuhanno 16:23; Rimliklarga 5:8) Faqatgina Iso Masih orqali Tangri Taolo bilan yaxshi munosabatga ega bo‘la olamiz.

Iso «haqiqat». U haqiqat bo‘yicha gapirib, unga muvofiq yashagan. U Isoda mujassam bo‘lgan desa bo‘ladi. Iso «uning vositasida “ha” bo‘lgan» ko‘pgina bashoratlarni amalga oshirgan. (2 Korinfliklarga 1:20; Yuhanno 1:14) Ushbu bashoratlardan Iso Xudoning niyatida asosiy o‘ringa ega ekanini ko‘rsak bo‘ladi. (Vahiy 19:10)

Qolaversa, Iso «hayot». U biz uchun qonini to‘kib, o‘z mukammal hayotini taqdim etgani tufayli biz «haqiqiy hayot», ya’ni «abadiy hayotga» ega bo‘lishimiz mumkin. (1 Timo‘tiyga 6:12, 19; Efesliklarga 1:7; 1 Yuhanno 1:7) Bundan tashqari, u millionlab o‘lgan insonlar uchun «hayot» bo‘la oladi. Ular tiriltiriladi va jannatda abadiy yashash imkoniga ega bo‘lishadi. (Yuhanno 5:28, 29)

Barchamiz Isoning Xudo niyatida tutgan o‘rnini qadrlashimiz zarur. Iloyim, «yo‘l, haqiqat va hayot» bo‘lmish Iso haqida ko‘proq bilib olish sizga zavq keltirsin.