1-BOB
«Boringlar,... shogird tayyorlanglar»
Havoriylarning faoliyati kitobining tahlili va bizning vaqtimiz bilan bog‘liqligi
1–6. Yahovaning Shohidlari qanday vaziyatlarda va’z qiladi? Misol keltiring.
GANALIK Rebekka ismli singlimiz maktabini va’zgo‘ylik hududi deb biladi. Shuning uchun u doim sumkasida Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni olib yuradi. U tanaffusda sinfdoshlariga shohidlik berish imkonini izlaydi. Rebekka bir necha sinfdoshi bilan tadqiq boshladi.
2 Afrika sohilining sharqiy qismida joylashgan Madagaskar orolidagi kashshof er-u xotin olis qishloqqa yetib borish uchun jazirama issiqda taxminan 25 kilometr yo‘l yurgan. U yerda ular qiziqish bildirgan odamlar bilan tadqiq o‘tkazgan.
3 Paragvay va Parana daryolari atrofida yashaydigan odamlarnikiga borish maqsadida paragvaylik va’zgo‘ylar hamda 15 ta mamlakatdan kelgan ixtiyoriy xizmatchilar qayiq yasashgan. Hajmi 127 kub metr bo‘lgan bu qayiqda 12 kishi yashay olardi. Undan foydalanib, Xudo Shohligining g‘ayratli va’zgo‘ylari borish qiyin bo‘lgan joylarda xushxabarni e’lon qilishgan.
4 Uzoq Shimolda, Alyaskadagi Yahovaning Shohidlari yoz mavsumida sayohatchilarga va’z qilish fursatini qo‘ldan boy berishmasdi. Ob-havo iliq bo‘lganda, turli millatdagi mehmonlarga to‘la katta kemalar u yerga suzib kelardi. Shunda mahalliy va’zgo‘ylar Muqaddas Kitobga asoslangan turli tillardagi adabiyotlarni stendlarga qo‘yib, mehmonlarga taqdim etishga shay turishardi. Bundan tashqari, o‘sha hududlardagi olis qishloqlarda yashovchi aleut, atabask, simshian va tlinkitlarga xushxabarni yetkazishda transport vositalaridan eng bebahosi samolyot edi.
5 Texaslik (AQSH) Larri birodarning o‘zgacha hududi bor edi — o‘zi yashagan qariyalar uyi. U baxtsiz hodisa tufayli nogironlar aravachasiga mixlangan bo‘lsa-da, vaqtidan unumli foydalangan. Larri birodarimiz Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni hamda bu Shohlik yer yuzi ustidan boshqarganda o‘zi ham yura boshlashi haqidagi umidni boshqalar bilan baham ko‘rgan. (Ishayo 35:5, 6)
6 Myanmaning shimolida bo‘lgan anjumanga borish uchun Mandalay shahridagi bir guruh va’zgo‘ylar uch kun kemada suzgan. Ular xushxabarni va’z qilishni xohlab, o‘zlari bilan olgan adabiyotlarni yo‘lovchilarga bergan. Kema to‘xtagan har bir shaharda yo qishloqda bu g‘ayratli va’zgo‘ylar kemadan tushib, tezda o‘sha hududni aylanib odamlarga adabiyotlarni tarqatgan. Shu payt kemaga yangi yo‘lovchilar chiqqan, bu esa va’z qilib qaytgan va’zgo‘ylar uchun xushxabarni ularga aytish imkonini bergan.
7. Yahovaning Shohidlari xushxabarni e’lon etish uchun qanday usullardan foydalanadi va qaysi maqsadda?
7 Ushbu misollardan ko‘rinib turganidek, g‘ayratli xizmatchilar butun dunyo bo‘ylab «Xudoning Shohligi to‘g‘risida» keng shohidlik beryapti. (Havor. 28:23) Ular uyma-uy, ko‘cha-ko‘yda va telefon orqali odamlar bilan suhbat quradi. Avtobusda, bog‘da yoki ish joyida tanaffus vaqtida ular Shohlik to‘g‘risida va’z qilish uchun fursatni boy bermaydi. Usullar farq qilishi mumkin, lekin maqsad bitta — odam bor joyda xushxabarni baham ko‘rish. (Mat. 10:11)
8, 9. a) Nega jahon bo‘ylab amalga oshirilayotgan va’zgo‘ylik faoliyatini mo‘jiza desa bo‘ladi? b) Qanday qiziqarli savol tug‘ilyapti va javobini topish uchun nima qilish kerak?
8 Qadrli kitobxon, siz ham 235 dan ziyod mamlakat va hududlarda xushxabarni faol va’z qilayotganlar orasidamisiz? Unda, Xudoning Shohligi haqidagi xabarni yoyish bilan bog‘liq, aql bovar qilmas faoliyatda sizning ham hissangiz bor! Jahon bo‘ylab amalga oshirilayotgan bu faoliyatni chindan ham mo‘jiza desa bo‘ladi. Og‘ir qiyinchilig-u sinovlarga yo‘liqib, hatto hukumat tomonidan taqiq va shiddatli quvg‘unlarga duch kelishsa-da, Yahovaning Shohidlari turli xalq vakillariga Shohlik to‘g‘risida keng shohidlik berishyapti.
9 Qiziq, nega hech narsa, hatto Shaytonning qarshiliklari xushxabar tarqatilishini to‘xtata olmayapti? Buni bilish uchun milodiy birinchi asrda yuz bergan voqealarni ko‘rib chiqish kerak. Boisi, biz — hozirda yashayotgan Yahovaning Shohidlari o‘shanda boshlangan ishni davom ettiryapmiz.
O‘ta muhim topshiriq
10. Iso hayotini nimaga bag‘ishlagan va u nimani tushungan?
10 Imonlilar jamoatining asoschisi Iso Masihdir. U hayotini Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilishga bag‘ishlagan. Bir safar u shunday degan: «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman». (Luqo 4:43) Iso bu ishni bir o‘zi oxirigacha bajara olmasligini tushungan. Yer yuzidagi hayotining so‘nggi damlarida u Shohlik to‘g‘risidagi xabar «barcha xalqlarga» e’lon etilishini bashorat qilgan. (Mark 13:10) Xo‘sh, bu ish kim tomonidan va qanday amalga oshiriladi?
11. Iso shogirdlariga qanday muhim vazifa topshirgan va ularni nimaga ishontirgan?
11 Iso tirilganidan keyin shogirdlariga ko‘rinib, quyidagi muhim vazifani topshirgan: «Shuning uchun boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman». (Mat. 28:19, 20) «Sizlar bilan bo‘laman» degan so‘zlar Iso va’zgo‘ylik hamda shogird tayyorlash ishida shogirdlarini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatyapti. Ular bunday yordamga muhtoj bo‘lgan, chunki u: «Hamma xalqlar sizlardan nafratlanadi»,— deb bashorat qilgan. (Mat. 24:9) Bundan tashqari, ular Iso ko‘proq yordam berishni va’da qilganini bilishgan. Osmonga ko‘tarilishidan sal oldin Iso shogirdlari muqaddas ruh orqali kuchga to‘lib, «hatto yerning chetlariga qadar» uning shohidlari bo‘lishini ularga aytgan. (Havor. 1:8)
12. Qanday muhim savollar tug‘ilyapti va nega javobini bilish zarur?
12 Ba’zi muhim savollar tug‘ilyapti: Isoning havoriylari va birinchi asrdagi boshqa shogirdlari bu topshiriqqa jiddiy yondashganmi? Ushbu kichik guruh ayovsiz quvg‘unlarga qaramay, Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berganmi? Shogird tayyorlash ishida Yahova ularga yordam berib, muqaddas ruhi ila qo‘llab-quvvatlaganmi? Bu va boshqa savollarning javobini Havoriylar kitobidan topamiz. Nega buni bilish muhim? Gap shundaki, Iso bu topshiriq «zamonaning oxirigacha» davom etishini va’da qilgan. Demak, bu barcha masihiylarga, jumladan, oxirzamonda yashayotgan bizlarga ham taalluqli. Shu bois Havoriylar kitobida tilga olingan tarixiy voqealar bizni befarq qoldirmaydi.
Havoriylar kitobining tahlili
13, 14. a) Havoriylar kitobini kim yozgan va ma’lumotni u qayerdan olgan? b) Havoriylar kitobining mazmuni qanday?
13 Havoriylar kitobini kim yozgan? Muallifning ismi yozilmagan bo‘lsa ham, kirish so‘zlaridan u xushxabar yozuvchisi Luqoning qalamiga mansubligi aniq ko‘rinyapti. (Luqo 1:1–4; Havor. 1:1, 2) Demak, bu kitobni «sevikli tabib» va sinchkov tarixchi Luqo yozgani azaldan ma’lum edi. (Kolos. 4:14) Kitobdagi voqealar taxminan 28 yillik davrni o‘z ichiga oladi. Ular mil. 33-yili Iso osmonga ko‘tarilganidan boshlab, taxminan mil. 61-yili havoriy Pavlusning Rim qamog‘idagi so‘nggi damlariga qadar davom etadi. Luqo «ular» olmoshidan «biz» olmoshiga o‘tishi ajablanarli emas, chunki u bayon etgan ko‘p voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan. (Havor. 16:8–10; 20:5; 27:1) Yuz bergan voqealarni aniq bayon etish uchun u Pavlus, Barnabo, Filip va boshqalar bilan shaxsan gaplashgan.
14 Havoriylar kitobining mazmuni qanday? Ilgari bayon etgan xushxabarda Luqo Isoning gaplari-yu ishlari haqida yozgan. Havoriylar kitobida esa u shogirdlarning gaplari-yu ishlarini qalamga olgan. U yerda aql bovar qilmaydigan ishni amalga oshirgan kishilar to‘g‘risida hikoya qilingan. Ular «o‘qimagan va oddiy odamlar» edi. (Havor. 4:13) Qisqa qilib aytganda, ilohiy ilhom bilan yozilgan bu kitobda imonlilar jamoatining paydo bo‘lishi va o‘sishi haqida gap ketadi. U yerda birinchi asrdagi masihiylar qanday va’z qilgani — xususan qaysi usullardan foydalangani ochib beriladi. (Havor. 4:31; 5:42) Unda xushxabarning yoyilishida muqaddas ruhning ahamiyatiga e’tibor qaratiladi. (Havor. 8:29, 39, 40; 13:1–3; 16:6; 18:24, 25) Qolaversa, Xudoning Kalomidagi asosiy mavzu — Masihning boshqaruvi ostidagi Samoviy Shohlik orqali Allohning ismi muqaddas bo‘lishi va xushxabar qarshiliklarga qaramay yoyilishi ko‘rsatilgan. (Havor. 8:12; 19:8; 28:30, 31)
15. Havoriylar kitobini o‘rganish bizga qanday foyda keltiradi?
15 Chindan ham, Havoriylar kitobini o‘rganish qiziqarli bo‘lib, imonimizga imon qo‘shadi! Isoning ilk izdoshlarining jasorati-yu g‘ayrati haqida mulohaza yuritish qalbimizga ta’sir qiladi. Birinchi asrdagi birodar-u opalarimizning imoniga taqlid qilish istagi paydo bo‘ladi. Isoning: «Boringlar,... shogird tayyorlanglar»,— degan topshirig‘ini yaxshiroq bajara olamiz. Ha, bu adabiyot Havoriylar kitobini puxta o‘rganishingizga yordamlashish maqsadida tayyorlangan.
Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun qo‘llanma
16. Ushbu adabiyotda qanday uchta maqsad ko‘zlangan?
16 Ushbu adabiyotning asosiy maqsadi nima? Uchta maqsad ko‘zlangan: 1) Yahova muqaddas ruhi ila va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida bizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonchimizni mustahkamlash, 2) Isoning birinchi asrdagi izdoshlarining misolini o‘rganish orqali xizmatga bo‘lgan g‘ayratimizni kuchaytirish va 3) Yahovaning tashkilotiga hamda va’zgo‘ylik ishida rahbarlikni o‘z zimmasiga olib, jamoatlarga ko‘z-quloq bo‘lgan kishilarga hurmatimizni oshirish.
17, 18. Bu kitob qanday tuzilgan va uning qaysi xususiyatlari shaxsiy tadqiqda foyda keltiradi?
17 Bu kitob qanday tuzilgan? U sakkizta bo‘limdan iborat bo‘lib, har birida Havoriylar kitobining muayyan parchasi muhokama qilinadi. Keyingi boblarning maqsadi: Havoriylar kitobini oyatma-oyat ko‘rib chiqish emas, balki undagi voqealardan saboq olib, buni hayotda qanday qo‘llash mumkinligini ko‘rsatishdir. Har bir bobning boshida u yerda nima haqida so‘z yuritilishiga va Havoriylar kitobining qaysi parchasi muhokama qilinishiga e’tibor qaratiladi.
18 Bu adabiyotning boshqa xususiyatlari ham bor bo‘lib, ular shaxsiy tadqiqda foyda keltiradi. Havoriylar kitobi ustida fikr yuritayotganingizda, u yerdagi rang-barang suratlar o‘sha voqealarni xayolan jonlantirishingizga ko‘maklashadi. Aksariyat boblarda qo‘shimcha ma’lumotni o‘z ichiga olgan ramkalar bor. Ayrim ramkalarda imoniga taqlid qilish arziydigan insonlarning hayoti haqida yozilgan. Boshqalarida esa Havoriylar kitobida bayon etilgan joylar, hodisalar, odatlar yoki insonlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot keltirilgan.
19. Ba’zida nima qilishimiz zarur?
19 Bu adabiyot o‘zingizni tekshirishga yordam beradi. Yahovaga qanchadan beri xizmat qilayotganingizdan qat’i nazar, ba’zida to‘xtab, hayotingizda nima birinchi o‘rinda ekani va xizmatga bo‘lgan munosabatingiz haqida fikr yuritish zarur. (2 Kor. 13:5) O‘zingizdan so‘rang: «Vaqt oz qolganini tushunayotganim xizmatimda aks etyaptimi? (1 Kor. 7:29–31) Xushxabarni aminlik va g‘ayrat ila va’z qilyapmanmi? (1 Salon. 1:5, 6) Va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida imkon qadar ko‘proq ishtirok etyapmanmi?» (Kolos. 3:23)
20, 21. Nega topshirig‘imiz shunchalik muhim va nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?
20 Bizga o‘ta muhim ish — va’z qilish hamda shogird tayyorlash topshirilganini yodda tutaylik. Bu topshiriqning muhimligi kundan-kunga oshib boryapti. Sababi, bu zamonaning oxiri juda yaqin. Hali hech qachon shuncha ko‘p insonning hayoti xavf ostida bo‘lmagan. Chindan ham xushxabarni qabul qilishga moyil bo‘lgan yana qancha odam xabarimizga quloq solishini bilmaymiz. (Havor. 13:48) Biroq kech bo‘lmasidan ularga yordam berish bizning vazifamizdir. (1 Tim. 4:16)
21 Shuning uchun birinchi asrdagi g‘ayratli va’zgo‘ylarning o‘rnagiga taqlid qilishimiz muhim. Iloyim, bu adabiyotni sinchkovlik bilan o‘rganish sizni xushxabarni yanada g‘ayrat va jasorat ila e’lon qilishga undasin. Bundan buyon ham «Xudoning Shohligi to‘g‘risida» keng shohidlik berish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. (Havor. 28:23)