11-BOB
«Shogirdlar bo‘lsa quvonch va muqaddas ruhga to‘lib-toshishardi»
Xushxabarni tinglashdan bosh tortgan insonlar bilan qanday yo‘l tutish kerakligida Pavlus o‘rnak ko‘rsatgan
Havoriylar 13:1–52 ga asoslangan
1, 2. Nega Barnabo bilan Shoulning safari boshqalarnikidan farq qilgan va ularning ishi Havoriylar 1:8 dagi bashorat amalga oshishiga qanday hissa qo‘shgan?
ANTIOXIYADAGI jamoat uchun bu kun hayajonli. Xushxabarni yer chetlariga qadar yetkazish uchun muqaddas ruh boshqaruvi bilan payg‘ambarlar va Antioxiyadagi muallimlar orasidan Barnabo a bilan Shoul tanlandi. (Havor. 13:1, 2) To‘g‘ri, bundan oldin ham layoqatli kishilar muhim topshiriqlar bilan yuborilgan. Lekin o‘shanda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar masihiylik keng tarqalgan joylarga borishgan. (Havor. 8:14; 11:22) Bu gal esa Barnabo bilan Shoul va ularga yordam beradigan Mark deb atalgan Yuhanno ham aksariyat kishilar xushxabarni eshitmagan yerlarga borishadi.
2 Bundan taxminan 14 yil ilgari Iso izdoshlariga: «Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar»,— deb aytgan. (Havor. 1:8) Barnabo bilan Shoulni to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida tayinlanishi Isoning bashorati amalga oshishiga hissa qo‘shadi! b
«Ish uchun» tanlangan (Havoriylar 13:1–12)
3. Nega birinchi asrda uzoq safarga chiqish oson bo‘lmagan?
3 Bugungi kunda mashina va samolyot kabi vositalardan foydalanib odamlar bor-yo‘g‘i bir-ikki soat ichida katta masofalarni bosib o‘tadi. Ammo mil. birinchi asrda vaziyat umuman boshqacha edi. O‘shanda ko‘pincha o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar orqali piyoda yurilardi. Bir kun ichida odamlar atigi 30 kilometr yo‘l yurib juda charchab qolishardi! c Barnabo va Shoul yangi vazifaga kirishishni juda xohlashgan bo‘lsa-da, hoynahoy, ulardan ko‘p kuch va fidoyilik talab qilinishini tushunishgan. (Mat. 16:24)
4. a) Barnabo bilan Shoul qay yo‘sin tanlangan va imondoshlari bunga qanday munosabat ko‘rsatgan? b) Sharafli vazifalarga ega bo‘lgan kishilarni qanday qo‘llab-quvvatlay olamiz?
4 Biroq nega muqaddas ruh «ish uchun» aynan Barnabo bilan Shoulni tanladi? (Havor. 13:2) Kalomda bu haqda hech narsa aytilmagan. Ammo bu kishilar muqaddas ruh boshqaruvi bilan tanlangani shubhasiz. Antioxiyadagi payg‘ambarlar va muallimlar bundan norozi bo‘lishgani haqida ham yozilmagan. Aksincha, ular buni qo‘llab-quvvatlashgan. Ular Barnabo bilan Shoulga hasad qilishmagan. Barnabo bilan Shoul birodarlari «ro‘za tutib, ibodat qilishgandan so‘ng,... ustiga qo‘llarini qo‘yib, ularni jo‘natib yuborish»ganda anchagina dalda olishgan bo‘lsa kerak. (Havor. 13:3) Biz ham imonlilar jamoatida vazifalar olgan kishilarni, jumladan, oqsoqollarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Bunday vazifalarga ega bo‘lgan kishilarga hasad qilishning o‘rniga «bajarayotgan ishlari uchun ularga ehtirom ko‘rsatib», sevishimiz darkor. (1 Salon. 5:13)
5. Kipr orolida va’zgo‘ylik ishi qanday bajarilganini tushuntiring.
5 Barnabo bilan Shoul Antioxiya oldida, dengiz sohilida joylashgan Salavkiya shahriga kelgach, kemada Kipr oroligacha taxminan 200 kilometr yo‘l yurishgan d. Barnabo kiprlik bo‘lgani uchun yurtdoshlariga xushxabarni aytishdan xursand bo‘lgandir. Ular Kipr orolining sharqida joylashgan Salamis shahriga kelib, vaqtni bekorga ketkazishmagan. Ular darrov «yahudiylarning ibodatxonalarida Allohning kalomini e’lon» qila boshlashgan. (Havor. 13:5) e Barnabo va Shoul butun Kipr oroli bo‘ylab yurib, hoynahoy, yo‘l-yo‘lakay katta shaharlarda va’z qilishgan. Bu degani ular taxminan 160 kilometr piyoda yurishgan!
6, 7. a) Sergiy Pavlus kim bo‘lgan va nega Bar-Iso uni imondan qaytarmoqchi edi? b) Shoul Bar-Isoni to‘xtatish maqsadida nima qilgan?
6 Mil. birinchi asrda Kipr butparastlikka to‘lib toshgan edi. Barnabo bilan Shoul orolning g‘arbidagi Pafos shahriga yetib kelishganida, ular vaziyat qanchalik dahshatli ekanini ko‘rishgan. U yerda ular Bar-Iso ismli «sehrgar va soxta payg‘ambar»ni uchratib qolishgan. «Bar-Iso aqlli bir kishi bo‘lmish viloyat hokimi Sergiy Pavlusning xizmatkori edi» f. Mil. birinchi asrda oliy ma’lumotli rimliklarning aksariyati — hatto Sergiy Pavlus kabi aqlli kishilar odatda jiddiy qaror chiqarishdan avval sehrgar yoki munajjimlarga murojaat qilgan. Lekin Sergiy Pavlus Shohlik to‘g‘risidagi xabar bilan qiziqib qolgan va «Tangrining kalomini eshitmoqchi» bo‘lgan. Bu esa Bar-Isoga yoqmagan. Uning Elimo degan boshqa ismi kasbiga mos bo‘lib, «sehrgar» ma’nosini bildirgan. (Havor. 13:6–8)
7 Bar-Iso Shohlik xabariga qarshi edi. U Sergiy Pavlusning oldida o‘z mavqeini saqlab qolish maqsadida «viloyat hokimini imondan» qaytarmoqchi edi. (Havor. 13:8) Lekin Shoul Bar-Iso Sergiy Pavlusning qiziqishini so‘ndirishini xohlamagandi. Qiziq, u nima qildi? Bayonotda shunday yozilgan: «Pavlus deb atalmish Shoul muqaddas ruhga to‘lib, unga tikilib qaradi-da, shunday dedi: “Ey, ichi har qanday hiyla-yu yaramaslikka to‘lib-toshgan odam, Iblisning o‘g‘li va barcha adolatli narsalarning dushmani! Qachongacha Yahovaning to‘g‘ri yo‘llarini buzib yurasan? Mana, Yahova seni jazolaydi va ko‘zlaring ojiz bo‘lib, bir necha vaqt quyosh nurini ko‘rmay yurasan”. Shu zahotiyoq uning ko‘zlarini quyuq tutun bilan zulmat qopladi. Shunda u atrofda o‘ziga bir yetaklovchi izlay boshladi» g. Xo‘sh, bu mo‘jizaning natijasi qanday bo‘ldi? «Viloyat hokimi... sodir bo‘lgan voqeani ko‘rgach, Isoning izdoshi bo‘ldi. Chunki Yahova haqida bilgan narsalardan qoyil qolgandi». (Havor. 13:9–12)
8. Pavlusning jasoratiga qanday taqlid qilishimiz mumkin?
8 Pavlus Bar-Isodan qo‘rqmagan. Biz ham qarshilik ko‘rsatganlar imonimizni susaytirmoqchi bo‘lganda, jasoratli bo‘lib haqiqatni himoya qilamiz. Albatta, so‘zlarimiz «doimo yoqimli va mazali» bo‘lishi zarur. (Kolos. 4:6) Shu bilan birga, haqiqatga qiziqish bildirgan kishi, hatto bu tufayli boshqalar achchiqlansa ham bilim olishda davom etishiga yordam berish uchun jon kuydiramiz. Soxta din tarafdorlari Bar-Isoga o‘xshab «Yahovaning to‘g‘ri yo‘llarini» buzishga ham harakat qilishyapti. Shu bois ularning noto‘g‘ri so‘zlari-yu ishlarini fosh qilishdan qo‘rqmasligimiz kerak. (Havor. 13:10) Pavlus kabi, xushxabarni jasorat ila gapirib, uni ko‘proq bilishni xohlaganlarga yordam berishni istaymiz. Bundan tashqari, Pavlusga o‘xshab, Xudoning qo‘llab-quvvatlashini doim ham ko‘rmasmiz. Lekin Yahova muqaddas ruhi orqali munosib bo‘lganlarni haqiqatga jalb qilishiga aminmiz. (Yuhan. 6:44)
«Dalda beradigan» so‘zlar (Havoriylar 13:13–43)
9. Pavlus va Barnabo bugungi kunda jamoatdagi mas’uliyatli kishilarga qanday o‘rnak ko‘rsatishgan?
9 Pafosdan ketib, ular Kichik Osiyoning sohilidagi Pergiya shahrigacha kemada taxminan 250 kilometr yo‘l yurishgan. Bundan keyin bu guruh «Pavlus va uning hamrohlari» deb tilga olingan. (Havor. 13:13) Demak, Pavlus bu guruhda yetakchilik qilgan deb ayta olamiz. Biroq Kalomda Barnabo unga hasad qilgani to‘g‘risida hech narsa aytilmagan. Aksincha, ikkalasi ham Allohning irodasini bajarib kelgan. Pavlus va Barnabo bugungi kunda jamoatdagi mas’uliyatli kishilar uchun zo‘r o‘rnakdir. O‘zimizni boshqalardan muhimroq deb hisoblashning o‘rniga, Isoning quyidagi so‘zlarini yodda tutamiz: «Barchangiz birodarsizlar». U yana shunday degan: «Kim o‘zini yuqori tutsa — pasaytiriladi, kimki o‘zini past olib yursa — yuksaltiriladi». (Mat. 23:8, 12)
10. Pergiyadan Pisidiyadagi Antioxiyagacha safar qanday bo‘lganini tasvirlab bering.
10 Pergiyaga kelishgach, Mark deb atalgan Yuhanno Pavlus bilan Barnaboni tashlab, Quddusga qaytgan. Muqaddas Kitobda u shu qadar tez ketib qolganining sababi yozilmagan. Pavlus va Barnabo esa safarini davom etib, Pergiyadan Pisidiyadagi Antioxiyaga qarab yo‘l olishgan. U Galatiya viloyatida joylashgan. Bu oson bo‘lmagan, chunki u dengiz sathidan deyarli 1 100 metr balandlikda joylashgandi. U yergacha tog‘lar osha borish kerak edi va bu xavfli bo‘lgan, chunki ko‘pincha bosqinchilar yo‘lovchilarga hujum qilishardi. Hoynahoy, Pavlusning sog‘ligi ham zaiflashib qolgandi h.
11, 12. Pavlus Antioxiya ibodatxonasida gapirganida, tinglovchilarda qay yo‘sin qiziqish uyg‘otgan?
11 Pisidiyadagi Antioxiyada Pavlus bilan Barnabo Shabbat kuni ibodatxonaga kirishdi. Injilda quyidagilarni o‘qiymiz: «Tavrot va payg‘ambarlar kitobining qiroati tugaganda, ibodatxona boshliqlari Pavlus bilan Barnaboga xabar yuborib: “Birodarlar, agar sizlarda xalq uchun dalda beradigan qandaydir so‘zlar bo‘lsa, marhamat qilib aytinglar”,— deyishdi». (Havor. 13:15) Shunda Pavlus nutq so‘zladi.
12 U quyidagi so‘zlardan boshladi: «Ey isroilliklar va barcha Allohdan qo‘rqqanlar, quloq solinglar». (Havor. 13:16) Uni yahudiylar va yahudiy diniga kirgan kishilar tinglagandi. Ular Isoni Masih sifatida hali tan olishmagandi. Xo‘sh, Pavlus ular bilan qay yo‘sin muzokara yuritgan? Avvalambor, u Yahova Isroil xalqi uchun nimalar qilgani to‘g‘risida gapirgan. Pavlus «bu xalq Misr yurtida musofir kabi yashaganda» Tangri uni qay yo‘sin yuksaltirganini va ular ozod bo‘lgandan keyin «qariyb 40 yil mobaynida ularning qilmishlariga» qanday toqat qilganini tushuntirgan. Shuningdek, u Xudo isroilliklarga va’da qilingan yurtga ega bo‘lishga qanday ko‘maklashgani va uni «meros sifatida» bergani to‘g‘risida aytgan. (Havor. 13:17–19) Ba’zilarning fikricha, Pavlus Muqaddas Yozuvlardan Shabbat kuni o‘qiladigan parchalardagi fikrlarga ham ishora qilgan. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, bu Pavlus qay yo‘sin «har turli insonlar uchun hamma narsa» bo‘lishni bilganini tasdiqlayapti. (1 Kor. 9:22)
13. Tinglovchilarning qalbini qay yo‘sin zabt etishimiz mumkin?
13 Biz ham va’z qilayotgan odamlarda qiziqish uyg‘otishga harakat qilishimiz kerak. Masalan, insonlarning e’tiqodini e’tiborga olib, ayniqsa, ularga qiziqarli bo‘lgan mavzularni tanlasak bo‘ladi. Bundan tashqari, ehtimol, ularga tanish bo‘lgan Muqaddas Kitobdagi oyatlar bilan bo‘lisharmiz. Agar Muqaddas Kitobi bo‘lsa, o‘zi undan o‘qib berishi foydaliroq bo‘ladi. Keling, tinglovchilarning qalbini zabt etish yo‘llarini izlaylik.
14. a) Pavlus Iso to‘g‘risidagi xushxabarni aytishni nimadan boshladi va tinglovchilarni nimadan ogohlantirdi? b) Tinglovchilar Pavlusning so‘zlariga qanday munosabat bildirdi?
14 Keyin Pavlus Isroil shohlari Isoning ota-bobolari bo‘lganini va Yahyo payg‘ambar odamlarni o‘sha «najotkor Isoni» qabul qilish uchun qanday tayyorlaganini tushuntirdi. So‘ng esa u Iso qanday o‘ldirilgani va tiriltirilgani haqida aytib berdi. (Havor. 13:20–37) Pavlus shunday dedi: «Shuni bilinglarki, u orqali gunohlaringiz kechirilishi sizlarga e’lon qilinmoqda... Isoga ishongan har bir kishi u orqali aybsiz deb e’lon qilinmoqda». U tinglovchilarini quyidagicha ogohlantirdi: «Ehtiyot bo‘linglar, toki sizlar bilan payg‘ambarlar kitoblarida aytilgan mana shu so‘zlar yuz bermasin: “Ey, xor qiluvchilar, qaranglar va qoyil qolib, yo‘q bo‘linglar. Chunki sizlarning davringizda Men bir ish qilamanki, bu haqda sizlarga birov batafsil aytib bersa ham, hech qachon ishonmaysizlar”». Bu so‘zlar ularni hayratga soldi. «Odamlar ulardan bu haqda keyingi Shabbat kuni ham aytib berishlarini iltimos qilishdi». Ular ibodatxonadan ketgach, «aksariyat yahudiylar va yahudiy diniga kirgan odamlar Pavlus bilan Barnaboning orqasidan ergashishdi». (Havor. 13:38–43)
«Biz boshqa xalqlarga murojaat qilyapmiz» (Havoriylar 13:44–52)
15. Keyingi Shabbat kuni nima yuz berdi?
15 Keyingi Shabbat kuni «deyarli butun shahar» Pavlusning so‘zlarini eshitishga to‘plandi. Bu ba’zi yahudiylarga yoqmadi va ular «Pavlusning aytgan gaplariga qarshi chiqib, uni haqorat qila boshlashdi». Pavlus va Barnabo esa jasorat ila shunday deyishdi: «Aslida Xudoning kalomi birinchi bo‘lib sizlarga aytilishi kerak edi. Lekin sizlar uni rad etib, o‘zlaringizni abadiy hayotga munosib ko‘rmaganingiz uchun, biz boshqa xalqlarga murojaat qilyapmiz. Chunki Yahova bizga amr etib, shunday degan: “Yer chekkalarigacha najot keltirishing uchun, Men seni boshqa xalqlarga nur qilib berdim”». (Havor. 13:44–47; Ishayo 49:6)
16. Yahudiylar Pavlus bilan Barnaboning so‘zlariga qanday munosabat bildirishdi va bu ikkita va’zgo‘y nima qildi?
16 O‘zga xalq vakillari xursand bo‘ldi va «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan barcha Isoning izdoshi bo‘ldi». (Havor. 13:48) Tez orada Yahovaning kalomi butun yurt bo‘ylab tarqaldi. Yahudiylarga esa bu yoqmadi. Pavlus bilan Barnabo Masih haqidagi xushxabar birinchi bo‘lib ularga aytilganini ta’kidlashdi, lekin ular Isoni rad etishdi. Shuning uchun ham Alloh ularning topinishini qabul qilmay qo‘ygan. Yahudiylar «obro‘li va xudojo‘y ayollarni hamda shahardagi mansabdor kishilarni, Pavlus bilan Barnaboni quvg‘un qilishga gijgijlashdi». «Shunda ular ikkovini shahardan quvib chiqarishdi». Qiziq, Pavlus va Barnabo nima qilishdi? «O‘sha odamlarga qarshi shohidlik bo‘lishi uchun oyoqlaridagi changni qoqib, Ikoniyaga ketishdi». Xo‘sh, Pisidiyadagi Antioxiyada masihiylikka chek qo‘yildimi? Yo‘q! U yerda qolgan shogirdlar «quvonch va muqaddas ruhga to‘lib-toshishardi». (Havor. 13:50–52)
17–19. Pavlus va Barnaboning o‘rnagiga qanday taqlid qilishimiz mumkin va bu quvonishimizga qay yo‘sin ko‘maklashadi?
17 Xudoning bu sodiq xizmatchilari quvg‘unlarga qanday munosabat bildirganidan muhim saboq olyapmiz. Hokimiyatga ega odamlar xushxabarni baham ko‘rishimizga xalaqit bersa ham, biz baribir uni e’lon qilamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Antioxiyadagilar Pavlus bilan Barnaboning xabarini rad etganda, ular «oyoqlaridagi changni qoqib» ketishdi. Bu bilan ular jahli chiqqanini emas, balki o‘sha odamlar uchun boshqa javobgar emasligini ko‘rsatishdi. Ha, ular boshqalarga bosim o‘tkazish orqali Isoga ishontirish mumkin, deb o‘ylashmasdi. Ular faqat va’z qilishni davom eta olardi, xolos. Shuning uchun ham Pavlus va Barnabo Ikoniyaga ketishdi!
18 Antioxiyada qolgan shogirdlar haqida nima desa bo‘ladi? To‘g‘ri, ular qarshilik ko‘rsatgan odamlar orasida yashardi. Lekin ularning xursandchiligi qancha odam xushxabarni qabul qilishiga bog‘liq emasdi. Iso shunday degan: «Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (Luqo 11:28) Pisidiyadagi Antioxiyada bo‘lgan birodarlar Isoning amrlarini bajarishga qaror qilishdi.
19 Keling, Pavlus va Barnabo kabi xushxabarni va’z qilish mas’uliyatini yodda tutaylik. Ammo xushxabarni qabul qilish-qilmaslik tinglovchilarimizga bog‘liq. Bordi-yu, odamlar xushxabarga qiziqish ko‘rsatishmasa, ilk masihiylardan o‘rnak olsak bo‘ladi. Hatto qarshiliklarga duch kelganda ham, xushxabar qanchalik bebaho ekani haqida o‘ylash va Xudoning ruhi bizni yetaklashiga yo‘l qo‘yish orqali quvonchga to‘la olamiz. (Galat. 5:18, 22)
a « Barnabo — “Tasalli o‘g‘li”» nomli 86-sahifadagi ramkaga qarang.
b O‘sha paytda hatto Quddusning shimolidan qariyb 550 kilometr uzoqlikda joylashgan Suriyadagi Antioxiyada ham jamoatlar bor edi.
c « Quruqlik bo‘ylab sayohat» nomli 87-sahifadagi ramkaga qarang.
d Mil. birinchi asrda shamol esgan kunlari kema o‘z manziliga taxminan 160 kilometr yurib yetib olardi. Havo yomon bo‘lganda esa bu ko‘proq vaqt olishi mumkin edi.
e « Yahudiylarning ibodatxonalarida» nomli 89-sahifadagi ramkaga qarang.
f Kipr oroli rimliklarning nazorati ostida bo‘lgan va ularning vakili u yerni boshqargan.
g Shu paytdan boshlab Shoul Pavlus deb ataladigan bo‘ldi. Ba’zilarning fikricha, u Sergiy Pavlusning haqi-hurmati bu ismni olgan. Ammo u Kiprni tark etganidan keyin Pavlus deb atalgani haqida boshqa fikr bor: u «o‘zga xalqlarga yuborilgan havoriy» sifatida rimcha ismidan foydalanishga qaror qilgan. Hoynahoy, u Shoul degan ibroniycha ismining yunoncha talaffuzi salbiy ma’noga ega bo‘lgan so‘zga o‘xshagani uchun ham uni Pavlus deb atashlarini xohlagandir. (Rim. 11:13)
h Pavlus Galatiyadagi jamoatlarga yo‘llagan maktubini bir necha yildan keyin yozgan. Ushbu maktubda u: «Birinchi marta sizlarga xushxabarni aytganimda kasal bo‘lganimni bilasizlar»,— deb yozgan. (Galat. 4:13)