Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-BOB

«Yahovaning nomidan jasorat bilan va’z qilishdi»

«Yahovaning nomidan jasorat bilan va’z qilishdi»

Pavlus bilan Barnabo kamtarin va jasoratli bo‘lib, xizmat qilishni davom ettirishadi

Havoriylar 14:1–28 ga asoslangan

1, 2. Pavlus bilan Barnabo Listrada bo‘lishganida nimalar yuz berdi?

 LISTRADA g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Oyoqlari tug‘ma cho‘loq bir kishi suyunib sakrab yuribdi, chunki ikkita notanish kishi uni sog‘aytirdi. Odamlar bundan lol qolib, o‘sha ikki kishini xudo deb bilishgani uchun Zevs ibodatxonasining kohini ularga gulchambarlarni olib keldi. Kohin qurbonlik uchun tayyorlayotgan ho‘kizlar xirillab, bo‘kirardi. Pavlus bilan Barnabo esa xalqni to‘xtatmoqchi bo‘lib baqirishdi. Ular kiyimlarini yirtib, olomon orasiga otilib kirishdi va ularga sig‘inmaslikka zo‘rg‘a ko‘ndirishdi.

2 So‘ng Pisidiyadagi Antioxiyadan va Ikoniyadan yahudiy bo‘lgan dushmanlar keldi. Ular tuhmat qilib, Listra aholisining ongini zaharlashdi. Ilgari Pavlusga sig‘inishga tayyor bo‘lgan olomon endi uni o‘rtaga olib, toshbo‘ron qildi va Pavlus xushidan ketib qoldi. G‘azabini sochgach olomon Pavlusni o‘ldi deb o‘yladi va shahar tashqarisiga sudrab chiqdi.

3. Ushbu bobda qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 Bu ayanchli vaziyatga nima sabab bo‘ldi? Barnabo, Pavlus va Listraning o‘zgaruvchan aholisi bilan yuz bergan voqeadan biz qanday saboq olishimiz mumkin? Oqsoqollar «Yahovaning nomidan jasorat bilan» va’z qilgan hamda xizmatda matonatli bo‘lgan Barnabo va Pavlusning o‘rnagiga qanday taqlid qila olishadi? (Havor. 14:3)

«Talaygina yahudiy va yunonlar Isoning izdoshi bo‘lishdi» (Havoriylar 14:1–7)

4, 5. Nega Pavlus bilan Barnabo Ikoniyaga borishgan va u yerda nima bo‘lgan?

4 Bir necha kun oldin Pavlus bilan Barnaboni Rim shahri bo‘lmish Pisidiyadagi Antioxiyadan haydab chiqarishgan. Bu yahudiy bo‘lgan dushmanlar xalqni ularga qarshi qayrab qo‘yganidan keyin yuz bergan. Odamlar ularni tinglashdan bosh tortishgani uchun Pavlus bilan Barnabo tushkunlikka tushmay, «oyoqlaridagi changni qoqib» tashlashgan. (Havor. 13:50–52; Mat. 10:14) Ular bu dushmanlar Xudo oldida javobgarlikka tortilishini tushunib, u yerdan tinchgina ketishgan. (Havor. 18:5, 6; 20:26) Pavlus bilan Barnabo quvonchni yo‘qotmay, va’zgo‘ylik safarini davom ettirishgan. Janubi-sharq tomon qariyb 150 kilometr yurib, ular Tavr va Sulton tog‘ tizmalarining o‘rtasida joylashgan hosildor bir tekislikka yetib kelishgan.

5 Dastlab Pavlus bilan Barnabo yunon madaniyatining hududi hisoblangan Ikoniyada a to‘xtashgan. Bu Rimga qarashli Galatiya viloyatining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. U yerda obro‘li yahudiylar-u yahudiy diniga kirgan ko‘p odamlar yashagan. Pavlus bilan Barnabo odatdagidek ibodatxonaga kirib va’z qilishgan. (Havor. 13:5, 14) «Natijada talaygina yahudiy va yunonlar Isoning izdoshi bo‘lishdi». (Havor. 14:1)

6. Nega Pavlus bilan Barnabo ta’lim berishda muvaffaqiyatli bo‘lishgan va ularga qanday taqlid qila olamiz?

6 Nega Pavlus bilan Barnabo ta’lim berishda shu qadar muvaffaqiyatli bo‘lishgan? Pavlus Muqaddas Yozuvlar bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Iso va’da qilingan Masih ekanini isbotlash uchun u tarix, bashoratlar hamda Musoning Qonuniga mohirlik ila ishora qilgan. (Havor. 13:15–31; 26:22, 23) Barnabo esa insonlarga g‘amxo‘rlik qilgan. (Havor. 4:36, 37; 9:27; 11:23, 24) Ulardan hech biri o‘z tushunchasiga tayanmagan, aksincha, «Yahovaning nomidan» gapirgan. Siz-chi, va’zgo‘ylikda ularga qanday taqlid qila olasiz? Masalan, Xudoning Kalomini puxta o‘rganib, tinglovchilarning qalbini zabt etishi mumkin bo‘lgan oyatlarni topib, ularga amalda tasalli bersangiz bo‘ladi. Shuningdek, boshqalarga ta’lim berayotganda, o‘z donoligingizga emas, doim Yahovaning Kalomiga asoslaning.

7. a) Xushxabar odamlarga qanday ta’sir qilyapti? b) Yahovaga topinayotganingiz uchun qarshilikka duch kelsangiz, nimani unutmasligingiz kerak?

7 Biroq Ikoniyada Pavlus bilan Barnaboni hamma ham tinglashni xohlamagan. Luqo bayon etganiday, «ishonmagan yahudiylar o‘zga xalq vakillariga yomon ta’sir o‘tkazib, ularni birodarlarga qarshi qo‘zg‘atishdi». Pavlus bilan Barnabo hech qayerga ketmay, xushxabarni himoya qilish muhimroq ekanini tushunishdi va «u yerda bir muncha vaqt qolib,... jasorat bilan va’z qilishdi». Natijada «shahar aholisi ikkiga bo‘lindi: bir qismi yahudiylarning, boshqasi havoriylarning tomonini egalladi». (Havor. 14:2–4) Hozir ham odamlar xushxabarga turlicha munosabat ko‘rsatadi. Ba’zilar uni tinglab, o‘zaro yaqinroq bo‘lyapti, lekin ayrimlar uchun bu ayrilishga bahona bo‘lyapti. (Mat. 10:34–36) Yahovaga topinayotganingiz uchun oila a’zolaringiz sizga qarshi chiqsa, unutmangki, bunday qarshiliklar odatda asossiz gap-so‘zlar yoki g‘irt yolg‘on dastidan yuzaga keladi. Namunali xulq-atvoringiz zaharli yolg‘onga qarshi ziddi zahar kabi bo‘ladi va, ehtimol, sizga qarshilik ko‘rsatayotganlarning yuragini yumshatadi. (1 Butr. 2:12; 3:1, 2)

8. Nega Pavlus bilan Barnabo Ikoniyadan ketishgan va biz ulardan qanday saboq olyapmiz?

8 Bir muncha vaqt o‘tgach, Ikoniyadagi dushmanlar Pavlus bilan Barnaboni toshbo‘ron qilish uchun fitna uyushtirdi. Ular bundan xabar topgach, boshqa hududda va’z qilish uchun ketishdi. (Havor. 14:5–7) Bugun ham Xudo Shohligining xabarchilari ehtiyotkorlik ila yo‘l tutishadi. Odamlar bizga yoki xushxabarga qarshi yomon narsalar aytishganda jasorat ila gapiramiz. (Filip. 1:7; 1 Butr. 3:13–15) Ammo ular jismoniy zarar yetkazmoqchi bo‘lishsa, o‘z hayotimizni yoki imondoshlarimizning hayotini keraksiz xatarga qo‘yib, ahmoqlik qilmaymiz. (Hik. 22:3)

«Barhayot Xudoga» qaytinglar (Havoriylar 14:8–19)

9, 10. Listra qayerda joylashgan edi va uning aholisi to‘g‘risida nimani bilamiz?

9 Pavlus va Barnabo Ikoniyaning janubi-g‘arbidan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Rim mustamlakasi bo‘lmish Listraga yo‘l olishdi. Listra va Pisidiyadagi Antioxiya o‘rtasida yaqin aloqa bor edi. Lekin Listrada uncha ko‘p yahudiy yashamasdi. U yerdagi aholi balki yunon tilida gapirgan, biroq ona tili Likaoniya tili edi. Hoynahoy, u yerda ibodatxona bo‘lmagani uchun Pavlus bilan Barnabo jamoat joylarida va’z qila boshlashdi. Butrus Quddusda bo‘lganida oyoqlari tug‘ma cho‘loq bir kishini sog‘aytirgandi. Pavlus esa Listrada oyoqlari tug‘ma cho‘loq bir kishini sog‘aytirdi. (Havor. 14:8–10) Butrusning mo‘jizasini ko‘rib, talaygina kishilar Isoning izdoshi bo‘lishgandi. (Havor. 3:1–10) Pavlusning mo‘jizasiga esa odamlar umuman boshqacha munosabat ko‘rsatishdi.

10 Shu bobning boshida aytilganidek, Listrada tug‘ma cho‘loq kishi o‘rnidan turib, yura boshlaganida, butparast olomon noto‘g‘ri xulosaga kelgan. Ular Barnaboni eng oliy xudo Zevs, Pavlusni esa Zevsning o‘g‘li va xudolarning xabarchisi Germes deb atashgan. (« Zevs bilan Germesga sig‘inish va Listra shahri» nomli 97-sahifadagi ramkaga qarang.) Ammo Barnabo bilan Pavlus butparastlarning xudolari nomidan emas, balki tanho haq Xudo — Yahovaning nomidan gapirishganini xalqqa tushuntirmoqchi edi. (Havor. 14:11–14)

«Befoyda narsalardan voz kechib, yer-u osmonni... yaratgan barhayot Xudoga qaytinglar». (Havoriylar 14:15)

11–13. a) Pavlus bilan Barnabo Listra aholisiga nima deyishgan? b) Pavlus bilan Barnaboning so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

11 Odamlar bildirgan munosabatga qaramay, Pavlus bilan Barnabo tinglovchilarning qalbini zabt etishga intilishgan. Luqo yozgan bu bayonotdan o‘zga xalq vakillariga va’z qilishning samarali usulini bilib olyapmiz. Ular tinglovchilarga nima deyishganiga e’tibor bering: «Nega bunday qilyapsizlar? Axir biz ham sizlarga o‘xshagan bandalarmiz. Bu xushxabarni esa, sizlar befoyda narsalardan voz kechib, yer-u osmonni, dengiz va undagi bor narsalarni yaratgan barhayot Xudoga qaytishingiz uchun e’lon qilyapmiz. Avvallari Tangri barcha xalqlar o‘zlari istagancha yashashlariga yo‘l qo‘ygan edi. Shunday bo‘lsa-da, U ezgu ishlari bilan O‘zi to‘g‘risida shohidlik berib kelgan. Alloh sizlarga osmondan yomg‘ir yog‘dirib, serhosil mavsumlarni taqdim etgan. Shuningdek, oziq-ovqatni mo‘l-ko‘l berib, qalblaringizni quvonchga to‘ldirgan». (Havor. 14:15–17)

12 Ushbu ta’sirli so‘zlardan biz qanday saboqlar olishimiz mumkin? Birinchidan, Pavlus bilan Barnabo o‘zlarini tinglovchilardan ustun deb hisoblashmagan. Ular tug‘ma cho‘loq kishini sog‘aytirgani uchun o‘zlarini o‘zgacha insonday ko‘rsatishmagan. Aksincha, Pavlus bilan Barnabo tinglovchilari qatori kamchiliklardan xoli emasligini kamtarlik ila tan olishgan. Darhaqiqat, ular muqaddas ruhga ega bo‘lib, soxta ta’limotlardan ozod bo‘lishgan. Shuningdek, ular Masih bilan birga boshqarish umidiga ega bo‘lishgan. Biroq ular Listra aholisi ham Masihga itoat etsa, shunday in’omlarga ega bo‘lishi mumkinligini tushunishgan.

13 Biz insonlarga va’z qilayotib, ularga qanday munosabat ko‘rsatyapmiz? Ularni o‘zimizga teng ko‘ryapmizmi? Boshqalarga Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni bilib olishga ko‘maklashayotib, Pavlus va Barnabo kabi o‘zimizga sharaf izlashdan qochyapmizmi? Bunda 19-asrning oxiri va 20-asrning boshida va’zgo‘ylik faoliyatiga yetakchilik qilgan ajoyib ustoz Charlz Teyz Rassell yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. U shunday deb yozgan: «Boshqalar bizni yoki asarlarimizni ko‘kka ko‘tarib sharaflashini istamaymiz; Avliyoota yoki Taqsir deb atashini ham xohlamaymiz». Birodar Rassellning kamtarin nuqtai nazari Pavlus bilan Barnabonikiga o‘xshardi. Bizning ham maqsadimiz o‘zimizga sharaf izlash niyatida va’z qilish emas, balki odamlarga «barhayot Xudo»ni tanib-bilishga ko‘maklashishdir.

14–16. Pavlus bilan Barnabo Listra aholisiga aytgan so‘zlardan olishimiz mumkin bo‘lgan ikkinchi va uchinchi saboqlar qanday?

14 Ikkinchi saboq shundaki, Pavlus bilan Barnabo moslashuvchan bo‘lishgan. Ikoniyadagi yahudiylar va yahudiy diniga kirgan kishilardan farqli o‘laroq, Listra aholisi Isroil xalqining Alloh bilan bo‘lgan munosabatini va Muqaddas Yozuvlarni yaxshi bilmagan yoki umuman bilmagan. Biroq Pavlus bilan Barnaboning tinglovchilari dehqonchilik bilan yaxshi tanish bo‘lishgan. Listrada tez-tez yomg‘ir yoqqan va yerlari hosildor bo‘lgan. Aholisi esa, masalan, serhosil mavsumlarni kuzatib, Parvardigorning fazilatlari to‘g‘risida ko‘p narsani bilib olishi mumkin edi. Pavlus bilan Barnabo bu ma’lumotdan foydalanib, tinglovchilarni fikrlashga undashgan. (Rim. 1:19, 20)

15 Biz ham moslashuvchan bo‘la olamizmi? Aytaylik, dehqon bir nechta dalasiga bir xil urug‘ ekadi, lekin yerni tayyorlash uchun har xil usullarni qo‘llaydi. Ehtimol, bitta dalasidagi yer yumshoq bo‘lib, urug‘ ekilishiga tayyor. Boshqa daladagi yerga esa ko‘proq ishlov berish kerakdir. Faoliyatimiz ham shunga o‘xshaydi: biz o‘sha-o‘sha urug‘ni ekyapmiz, ya’ni Allohning Kalomida aytilgan Shohlik to‘g‘risidagi xabarni va’z qilyapmiz. Ammo Pavlus bilan Barnaboga taqlid qilsak, biz va’z qilayotgan insonlarning vaziyatini va e’tiqodini tushunishga harakat qilamiz. So‘ng bu Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni yetkazish usulimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yamiz. (Luqo 8:11, 15)

16 Pavlus, Barnabo va Listra aholisi to‘g‘risidagi bayonotdan olishimiz mumkin bo‘lgan uchinchi saboq ham bor. Urinishlarimizga qaramay, biz ekkan urug‘ ba’zan o‘g‘irlab ketiladi yoki toshloq yerga tushadi. (Mat. 13:18–21) Bunday bo‘lsa, tushkunlikka tushmang. Pavlus keyinroq Rimdagi imondoshlariga yozganidek, «har birimiz o‘zimiz uchun Xudoga hisobot beramiz», biz Allohning Kalomi asosida suhbatlashgan kishilar haqida ham shunday desa bo‘ladi. (Rim. 14:12)

«Ularni... Yahovaning qo‘liga topshirishdi» (Havoriylar 14:20–28)

17. Pavlus bilan Barnabo Derbedan qayerga borishgan va nima maqsadda?

17 Yahudiylar Pavlusni o‘ldi deb Listraning tashqarisiga sudrab chiqqach, uning atrofiga shogirdlar to‘planishdi va u o‘rnidan turib, tunab qolish uchun shaharga qaytib kirdi. Ertasiga Pavlus bilan Barnabo Listradan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Derbe shahriga jo‘nab ketishdi. Atigi bir necha soat oldin Pavlusni toshbo‘ron qilishganini hisobga olsak, safari qanchalik qiyin bo‘lganini tasavvur qilishimiz mumkin. Lekin Pavlus bilan Barnabo taslim bo‘lmay, Derbega yetib kelgach «ancha shogird» tayyorlashdi. So‘ng ular qisqaroq yo‘l orqali odatda to‘xtaydigan Suriyadagi Antioxiyaga borishning o‘rniga «Listra, Ikoniya va [Pisidiyadagi] Antioxiyaga qaytishdi». Nima maqsadda? Ular «shogirdlarning ko‘nglini ko‘tarib, imonini mustahkam qilish» uchun bunday yo‘l tutishdi. (Havor. 14:20–22) Pavlus bilan Barnabo biz uchun yaxshi o‘rnak bo‘la oladi! Ular o‘zlariga qulaylik izlamay, jamoatning manfaatini ko‘zlashgan. Bugungi kunda tuman nozirlari va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar ularning misoliga taqlid qilishyapti.

18. Oqsoqollar qay yo‘sin tayinlanadi?

18 Pavlus bilan Barnabo shogirdlarga so‘zlari-yu o‘rnagi bilan dalda berishdan tashqari «har bir jamoatda oqsoqollarni tayinlashdi». Ular va’zgo‘ylik safariga «muqaddas ruh tomonidan yuborilgan» bo‘lishsa-da, ibodat qilib, ro‘za tutishgandan keyin oqsoqollarni «Yahovaning qo‘liga topshirishdi». (Havor. 13:1–4; 14:23) Hozir ham shunga o‘xshash narsa yuz beradi. Birodarni jamoat xizmatkori yoki oqsoqol bo‘lishga tavsiya qilishdan oldin mahalliy oqsoqollar kengashi ibodat qilib, u Muqaddas Kitobdagi talablarga mos kelish-kelmasligini ko‘rib chiqishadi. (1 Tim. 3:1–10, 12, 13; Titus. 1:5–9; Yoqb. 3:17, 18; 1 Butr. 5:2, 3) U Xudoga qancha vaqtdan beri xizmat qilayotgani asosiy omil deb hisoblanmaydi. Birodarning nutqi, xulq-atvori va obro‘si muqaddas ruh uning hayotiga qanchalik ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi. U Alloh suruvining cho‘poni sifatida xizmat qilishga layoqatli yoki layoqatli emasligi nozirlar uchun Muqaddas Kitobdagi talablarga javob berishiga bog‘liq. (Galat. 5:22, 23) Tuman noziri oqsoqollarni tayinlash mas’uliyatiga ega. (1 Timo‘tiyga 5:22 ni solishtiring.)

19. Oqsoqollar nima uchun hisobot berishadi va ular Pavlus bilan Barnaboga qay yo‘sin taqlid qilishadi?

19 Tayinlangan oqsoqollar jamoatdagilarga ko‘rsatgan munosabati uchun Xudoga hisobot berishini bilishadi. (Ibron. 13:17) Oqsoqollar Pavlus bilan Barnaboga o‘xshab va’z qilishda yetakchilik qilishadi. Ular so‘zlari bilan imondoshlariga dalda berishadi. Qolaversa, oqsoqollar jamoatning manfaatini bajonidil o‘zlarinikidan ustun qo‘yishadi. (Filip. 2:3, 4)

20. Imondoshlarimizning sadoqatli xizmati haqida o‘qish bizga qanday foyda keltiradi?

20 Pavlus bilan Barnabo oxiri odatda to‘xtaydigan Suriyadagi Antioxiyaga qaytib kelishganda, «Xudo ular orqali ko‘p ishlar qilganini va o‘zga xalq vakillariga imon yo‘lini ochgani to‘g‘risida so‘zlab berishdi». (Havor. 14:27) Imondoshlarimizning sadoqatli xizmati haqida o‘qiganimizda va Yahova harakatlari uchun ularga qanday barakalar berayotganini ko‘rganimizda, «Yahovaning nomidan jasorat bilan» va’z qilishda davom etamiz.

a « Frigiyaliklar shahri — Ikoniya» nomli 96-sahifadagi ramkaga qarang.