Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-BOB

Xudo yuzxotirchilik qilmaydi

Xudo yuzxotirchilik qilmaydi

Masihiylar barcha xalq vakillariga va’z qilishni boshlaydi

Havoriylar 10:1–11:30 ga asoslangan

1–3. Butrus qanday vahiy ko‘rgan va nega uning ma’nosini tushunish zarur?

 MILODIY 36-yili kuz fasli. Quyosh yarqirab turibdi, Butrus Yaffa shahridagi dengiz yonida joylashgan uyning tomida ibodat qilyapti. Butrus bu uyda bir necha kundan beri mehmon. Uning bu yerda yashashi yuzxotirchilik qilmasligidan dalolat beryapti. Xonadon egasi Simun charm tayyorlovchi edi va hamma yahudiylar ham bunday ish bilan shug‘ullanuvchining uyida qolishni xohlamaydi a. Shunday bo‘lsa-da, Butrus Yahovaning yuzxotirchilik qilmasligi to‘g‘risida muhim bir saboq oladi.

2 Butrus ibodat qilayotganida, bir vahiy ko‘radi. Vahiydagi narsalar har qanday yahudiyni esankiratib qo‘yishi hech gap emas. Osmondan dasturxonga o‘xshash bir narsa tushayotgandi. Uning ichida Tavrot bo‘yicha nopok hisoblangan hayvonlar bor edi. Butrusga ularni so‘yib yeyish buyurilganda, u: «Men nopok va harom narsani umuman og‘zimga olmaganman»,— deya javob beradi. Unga bir emas, uch marta: «Bas endi! Xudo halol qilgan narsani harom dema»,— deyiladi. (Havor. 10:14–16) Bu vahiydan Butrus esankirab qoladi, ammo bu ko‘p vaqt davom etmaydi.

3 Bu vahiyning ma’nosi qanday edi? Buni anglab yetishimiz zarur, chunki bundan Yahova insonlarga qanday qarashini bilib olishimiz mumkin. Samoviy Shohlik haqida va’z qila olish uchun odamlarga Yahova kabi nuqtai nazarda bo‘lishni o‘rganishimiz lozim. Vahiyning ma’nosini tushunish uchun, keling, bu bayonotdagi voqeadan oldin va keyin nima bo‘lganini ko‘rib chiqaylik.

Xudoga tinmay iltijo qilgan kishi (Havoriylar 10:1–8)

4, 5. Korniliy kim bo‘lgan va u ibodat qilayotganida nima yuz bergan?

4 Butrus bundan bir kun oldin Yaffadan taxminan 50 kilometr uzoqlikda, Kesariyada nima yuz berganini xayoliga ham keltirmagan. U yerda Korniliy ismli kishi ham Xudodan vahiy olgan. Korniliy Rim qo‘shinining yuzboshisi bo‘lib, xudotars edi b. Shuningdek, u yaxshi oila boshi bo‘lgan va «oilasi bilan birga Allohga topinar»di. Korniliy yahudiy bo‘lmagan va sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakili edi. Ammo u muhtoj bo‘lgan yahudiylarga mehr-shafqat ko‘rsatib, tez-tez moddiy yordam berardi. Bu samimiy kishi «tinmay Xudoga iltijo qilardi». (Havor. 10:2)

5 Korniliy kunduzi soat uchlarda ibodat qilayotganida, farishta unga aytgan quyidagi so‘zlarni eshitadi: «Qilgan ibodat-u xayr-sadaqalaring Alloh huzurida ijobat bo‘ldi». (Havor. 10:4) Farishta Korniliyga havoriy Butrusni chaqirib kelish uchun odam yuborishini aytadi. Sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakili bo‘lmish Korniliyga ilgari u uchun yopiq bo‘lgan eshikdan kirish imkoni ochilganday edi. U najot xabarini eshitishi kerak edi.

6, 7. a) Alloh U haqda haqiqatni bilmoqchi bo‘lgan samimiy insonlarning ibodatlariga javob bergani to‘g‘risida misol keltiring. b) Bunday misollardan qanday xulosaga kelyapmiz?

6 Alloh U haqda haqiqatni bilmoqchi bo‘lgan samimiy insonlarning ibodatlariga javob beradimi? Bir misolni ko‘rib chiqaylik. Albaniyada bir ayolga farzand tarbiyasi to‘g‘risida yozilgan «Qo‘riqchi minorasi»ni berishgan c. Eshigini taqillatib kelgan opamizga u shunday degan: «Aytsam ishonmaysiz, ammo endigina ibodat qilib, qizlarimni tarbiyalashda Xudodan yordam so‘ragan edim! Sizlarni U yubordi! Aynan menga kerak bo‘lgan ma’lumotni berib, qalbimni zabt etdingiz!» Bu ayol va qizlari Muqaddas Kitobni o‘rgana boshlashdi, eri esa keyinroq qo‘shildi.

7 Bu birgina misolmi? Aslo! Bunday voqealar dunyo bo‘ylab tez-tez yuz berib turadi. Demak, bu tasodif bo‘lishi mumkin emas. Bundan qanday xulosaga kelyapmiz? Birinchidan, Yahova Uni izlagan har bir samimiy insonning ibodatiga javob beradi. (3 Shoh. 8:41–43; Zab. 65:2) Ikkinchidan, va’zgo‘ylik ishida bizni farishtalar qo‘llab-quvvatlaydi. (Vah. 14:6, 7)

«Butrus... hayron bo‘lib o‘tirgan» (Havoriylar 10:9–23a)

8, 9. Xudo Butrusga nima qilishni aytdi va u bunga qanday munosabat bildirdi?

8 Hali-hanuz tomda ekan, «Butrus ko‘rgan narsalarining ma’nosini tushunmay hayron bo‘lib» o‘tirgandi. Bundan sal oldin u Tavrot bo‘yicha nopok hisoblangan narsani yeyishni uch marta rad etgandi. So‘ng Korniliy yuborgan odamlar uning oldiga keladi. (Havor. 10:17) Xo‘sh, Butrus yahudiy bo‘lmagan kishining uyiga borishga rozi bo‘ladimi? Xudo Butrusga muqaddas ruh orqali undan nima xohlayotganini ko‘rsatgan. Butrusga shunday deyilgan: «Qara, uch kishi seni izlab keldi. Endi o‘rningdan turib pastga tush-da, ular bilan birga bor. Hecham ikkilanma, chunki ularni men yubordim». (Havor. 10:19, 20) Osmondan tushgan dasturxon haqidagi vahiy Butrusni muqaddas ruhning boshqaruviga itoat qilishga tayyorlagani shubhasiz.

9 Butrus Korniliy farishtaning ko‘rsatmasiga ko‘ra bu kishilarni yuborganini bilgach, yahudiy bo‘lishmasa-da ularni ichkariga taklif etib «mehmon qildi». (Havor. 10:23a) Xudoning irodasi nimadan iboratligini anglagan havoriy nuqtai nazarini itoatkorlik ila o‘zgartira boshladi.

10. Yahova O‘z xalqini qanday yo‘naltiryapti va o‘zimizga qaysi savollarni bersak yaxshi bo‘lardi?

10 Bugun ham Yahova xalqiga O‘z irodasini asta-sekin ochib beryapti. (Hik. 4:18) U muqaddas ruhi orqali «ishonchli va aqlli xizmatkor»ni yo‘naltiryapti. (Mat. 24:45) Ba’zan Xudoning Kalomidagi ayrim tushunchalar yanada oydinlashishi yoki tashkiliy masalalarda muayyan o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Shunday ekan, o‘zimizga quyidagi savollarni bersak yaxshi bo‘lardi: «Bunday o‘zgarishlarga qanday munosabat bildiryapman? Bu masalalarda muqaddas ruhning boshqaruviga itoat qilyapmanmi?»

Butrus ularga «suvga cho‘mishni buyurdi» (Havoriylar 10:23b–48)

11, 12. Butrus Kesariyaga kelishi bilan nima qildi va u nimani anglab yetdi?

11 Butrus vahiy ko‘rganining ertasiga to‘qqizta kishi — Korniliy yuborgan uch kishi va Yaffadan kelgan «oltita [yahudiy] birodar» bilan Kesariyaga jo‘nab ketdi. (Havor. 11:12) Korniliy Butrusni kutib, ehtimol, yahudiy bo‘lmagan «qarindosh-u yaqin do‘stlarini» uyiga chaqirdi. (Havor. 10:24) Butrus ilgari xayoliga kelmagan ishni qildi: sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakili xonadoniga qadam bosdi! U shunday tushuntirdi: «O‘zlaringiz yaxshi bilasizlarki, yahudiy kishining boshqa xalq vakili bilan muloqot qilishi qonunga ziddir. Lekin Tangri hech kimni nopok va harom deb hisoblamaslik kerakligini menga ko‘rsatdi». (Havor. 10:28) Bu vaqtga kelib Butrus u ko‘rgan vahiy faqatgina qanday yegulikni yeyish bilan bog‘liq emasligini tushundi. U «hech kimni [hatto o‘zga xalq vakilini]» harom deb hisoblamasligi kerak edi.

«Korniliy esa qarindosh-u yaqin do‘stlarini chaqirib, ularni kutib turgandi». (Havoriylar 10:24)

12 Mezbonlar Butrusni intizor bo‘lib kutishardi. Korniliy: «Hammamiz Tangri oldida turib Yahova sizga buyurgan barcha gaplarni tinglashga tayyormiz»,— deb tushuntirdi. (Havor. 10:33) Siz ham qiziquvchidan bunday so‘zlarni eshitganingizda, hoynahoy, xursand bo‘lardingiz! Butrus gapini shunday ta’sirli so‘zlardan boshladi: «Endi tushundim, Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havor. 10:34, 35) Alloh insonlarning irqi, millati yoki tashqi ko‘rinishiga qarab muomala qilmasligini Butrus anglab yetdi. U ularga Isoning xizmati, o‘limi va tirilgani haqida shohidlik bera boshladi.

13, 14. a) Mil. 36-yili Korniliy va yahudiy bo‘lmagan boshqa odamlar masihiy bo‘lishi nimasi bilan ahamiyatli edi? b) Nega insonlarni tashqi ko‘rinishiga qarab hukm qilmasligimiz lozim?

13 Keyin oldin yuz bermagan narsa bo‘ldi: «Butrus gapirayotgan paytda» u yerdagi «o‘zga xalq vakillariga» muqaddas ruh tushdi. (Havor. 10:44, 45) Bu muqaddas ruh odamlarning ustiga suvga cho‘mishidan oldin tushgani haqida Kalomda yozilgan yagona bayonot. Butrus bu Xudo ularni ma’qullaganining belgisi ekanini tushungach, yahudiy bo‘lmagan o‘sha odamlarga «suvga cho‘mishni buyurdi». (Havor. 10:48) Mil. 36-yili o‘zga xalq vakillari masihiy bo‘lishi Allohning yahudiylar bilan o‘zgacha munosabatlari yakuniga yetganini ko‘rsatardi. (Don. 9:24–27) O‘shanda Butrus ularga shohidlik berib, «Osmon Shohligining» uchinchi va so‘nggi kalitini qo‘lladi. (Mat. 16:19) Ushbu kalit tufayli sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakillarida moylangan masihiy bo‘lish imkoni paydo bo‘ldi.

14 Shohlik xabarchilari sifatida «Tangri yuzxotirchilikdan xoli» ekanini tushunamiz. (Rim. 2:11) Darhaqiqat, «U har turli odamlar... najot topishlarini istaydi». (1 Tim. 2:4) Shuning uchun odamlarni tashqi ko‘rinishiga qarab hukm qilmasligimiz lozim. Bizning vazifamiz — Xudoning Shohligi haqida keng shohidlik berishdan va irqi, millati, tashqi ko‘rinishi yoki dini qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hammaga va’z qilishdan iborat.

«Ular tinchlanib... Allohni ulug‘lashdi» (Havoriylar 11:1–18)

15, 16. Nega ba’zi yahudiy masihiylar Butrusdan norozi edi va u qilgan ishini qanday tushuntirdi?

15 Shubhasizki, Butrus bo‘lib o‘tganlarni aytib berishni juda xohlagani uchun Quddusga yo‘l olgan. Hoynahoy, sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakillari «Xudoning kalomini qabul qilish»gani haqidagi xabar u yerga undan oldin yetib bordi. «Butrus Quddusga kelganida, sunnat qilish tarafdorlari» uni tanqid qilishdi. U «sunnatsizlar bilan bir uyda» yeb-ichib o‘tirgani ularga yoqmadi. (Havor. 11:1–3) Gap, o‘zga xalq vakillari Masihning izdoshi bo‘lishganida emasdi. Aslida, ular o‘zga xalq vakillari Yahovaga ma’qul tarzda topinishi uchun Tavrotga amal qilishi, jumladan, sunnat qilinishi kerak, deb hisoblashgandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ba’zi yahudiy masihiylar uchun Musoning Qonunidan voz kechish oson bo‘lmagan.

16 Butrus qilgan ishini qanday tushuntirdi? Havoriylar 11:4–16 ga binoan, u yo‘l-yo‘riqni yuqoridan olganiga to‘rtta dalil keltirdi: 1) u Xudodan vahiy olgan (4–10-oyatlar); 2) muqaddas ruh uni yo‘naltirgan (11-, 12-oyatlar); 3) Korniliyga farishta ko‘ringan (13-, 14-oyatlar) va 4) yahudiy bo‘lmagan odamlarga muqaddas ruh tushgan (15-, 16-oyatlar). Oxirida Butrus shunday ta’sirli so‘zlarni aytdi: «Agar Alloh Hazratimiz Iso Masihga ishongan bizlar [yahudiylar] qatori ularga [Xudoga ishongan o‘zga xalq vakillariga] ham bu in’omni [muqaddas ruhni] ato etgan bo‘lsa, unda men kim bo‘libmanki, Xudoga to‘sqinlik qilsam». (Havor. 11:17)

17, 18. a) Yahudiy masihiylar qanday qaror chiqarishi kerak edi? b) Nega jamoatda birlikni saqlash oson bo‘lmasligi mumkin va o‘zimizga qanday savollar bersak yaxshi bo‘lardi?

17 Yahudiy masihiylar Butrusning so‘zlarini eshitgach, qaror chiqarishi kerak edi. Ular o‘zga xalq vakillarini hukm qilmay, ularni imondoshlari sifatida qabul qiladimi? Bayonotda quyidagicha yozilgan: «Butrusning so‘zlarini eshitgach, ular [havoriylar hamda yahudiy xalqidan bo‘lgan masihiylar] tinchlanib: “Demak, o‘zga millat vakillari ham hayotga ega bo‘lsin, deb Tangri ularning tavba qilishiga imkon beribdi-da”,— deb Allohni ulug‘lashdi». (Havor. 11:18) Ularning ijobiy munosabati jamoat yakdil bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

18 Hozir ham Yahovaning xizmatchilari «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgani» bois birlikni saqlash osonmasdir. (Vah. 7:9) Ko‘p jamoatlarda har xil millat, madaniyatga mansub va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan insonlarni uchratamiz. O‘zimizga shunday savollar bersak yaxshi bo‘lardi: «Mendan farq qiladigan insonlarni darrov hukm qilamanmi? O‘z madaniyatimni boshqalarnikidan ustun deb bilamanmi? Boshqa irq va millat vakillariga nisbatan haliyam salbiy fikrdamanmi? Imondoshlarga bo‘lgan nuqtai nazarimga bu dunyodagilarning qarashlari ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yyapmanmi?» Ilk o‘zga xalq vakillari masihiy bo‘lganidan bir necha yil o‘tgach, Butrus (Kifa) bilan nima yuz berganini eslang. U boshqalarning ta’siriga berilib, yahudiy bo‘lmagan masihiylardan «o‘zini chetga olib aloqani uzdi». (Galat. 2:11–14) Keling, yuzxotirchilik qilish tuzog‘idan o‘zimizni ehtiyot qilaylik.

«Nihoyatda ko‘p kishi» imonga kirdi (Havoriylar 11:19–26a)

19. Yahudiy masihiylar Antioxiyada kimlarga va’z qilishni boshlashgan va natijasi qanday bo‘lgan?

19 Isoning izdoshlari sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakillariga va’z qila boshlashdimi? Keyinchalik Suriyadagi Antioxiyada d nima sodir bo‘lganiga e’tibor bering. U yerda ko‘p yahudiylar yashagan va ular bilan o‘zga xalq vakillari o‘rtasida deyarli kelishmovchilik bo‘lmagan. Shu sababli Antioxiyada o‘zga xalq vakillariga va’z qilish oson bo‘lgan. Aynan bu shaharda yahudiy shogirdlar «yunonzabon kishilarga» xushxabarni va’z qilishni boshlashgan. (Havor. 11:20) Bu va’zgo‘ylik faoliyati nafaqat yunonzabon yahudiylarga, balki sunnat qilinmagan o‘zga xalq vakillariga ham qaratilgan edi. Yahova bu ishga baraka berdi va natijada «nihoyatda ko‘p kishi» imonga kirdi. (Havor. 11:21)

20, 21. Barnabo kamtarlikni qanday namoyon etgan va biz unga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

20 O‘rim-yig‘imga tayyor bo‘lgan bu majoziy dalaga g‘amxo‘rlik qilish uchun Quddusdagi jamoat Antioxiyaga Barnaboni jo‘natdi. Juda ko‘p odam qiziqish ko‘rsatganidan, hoynahoy, Barnabo yakka o‘zi bu ishni eplay olmasdi. Boshqa xalqlarga yuborilgan havoriy — Shouldan bo‘lak, unga kim ham yordam bera olardi? (Havor. 9:15; Rim. 1:5) Xo‘sh, Barnabo Shoulni raqib deb hisoblaydimi? Yo‘q. U kamtarin bo‘lib, yordamga muhtoj ekanini tushunadi. Barnabo Shoulni topish uchun Tars shahriga boradi va yordam bersin deb uni Antioxiyaga olib keladi. Ular bir yil davomida u yerdagi jamoatda shogirdlarga dalda berishadi. (Havor. 11:22–26a)

21 Biz-chi, xizmatda kamtarlikni qanday namoyon eta olamiz? Bu fazilat imkoniyatlarimiz chegaralanganini tan olish bilan bog‘liq. Har birimizning kuchli tomonlarimiz va turli qobiliyatlarimiz bor. Masalan, kimdir norasmiy tarzda shohidlik berishda yoki uyma-uy xizmat qilishda yaxshi natijaga erishar, lekin takroriy tashriflar qilish yoki Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashga qiynalar. Bu borada yaxshilanmoqchi bo‘lsangiz, boshqalardan yordam so‘rang. Shunda xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lib, ko‘p quvonch topasiz. (1 Kor. 9:26)

Shogirdlar «yordam jo‘natishga qaror qildi» (Havoriylar 11:26b–30)

22, 23. Antioxiyadagi birodarlar chin sevgini qanday namoyon etishdi va Allohning hozirgi xizmatchilari ularga qay yo‘sin taqlid qilishyapti?

22 Aynan Antioxiyada «shogirdlar birinchi marta... “masihiy” degan nom olishdi. Bu Xudoning boshqaruvi bilan bo‘ldi». (Havor. 11:26b) Alloh ma’qul ko‘rgan bu nom Masihning izidan yurishni xohlagan kishilarga munosib. O‘zga xalq vakillari masihiy bo‘lgach, yahudiy masihiylar va ular o‘rtasida do‘stona munosabatlar paydo bo‘ldimi? Taxminan mil. 46-yili kuchli ocharchilik yuz berganda nima bo‘lganini ko‘rib chiqaylik e. Qadimda ocharchilik qo‘shimcha puli yoki oziq-ovqati bo‘lmagan kambag‘allarga nihoyatda ko‘p zarar yetkazardi. O‘sha ocharchilik paytida Yahudiyada yashagan yahudiy masihiylarning aksariyati, hoynahoy, kambag‘al bo‘lib, oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalarga muhtoj edi. Antioxiyadagi birodarlar, jumladan, o‘zga xalq vakillari bo‘lgan masihiylar bu haqda xabar topib, «Yahudiyada yashovchilarga yordam jo‘natish»di. (Havor. 11:29) Ular birodar-u opa-singillarga haqiqiy sevgi namoyon etishdi.

23 Bugun ham Allohning xalqi orasida xuddi shunday bo‘lyapti. Biron mamlakatdagi yoki o‘z hududimizdagi imondoshlar qiyinchilikka duch kelganini bilsak, yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lamiz. Filial qo‘mitalari tabiiy ofatlar, masalan, bo‘ron, zilzila va sunamidan jabr ko‘rgan imondoshlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun darrov Tabiiy ofatlarda yordam berish qo‘mitalarini tashkil etadi. Bunday choralarning bari oramizda haqiqiy birodarlik sevgisi borligini ko‘rsatadi. (Yuhan. 13:34, 35; 1 Yuhan. 3:17)

24. Butrus olgan vahiyning ma’nosini tushunish biz uchun muhim ekanini qanday ko‘rsata olamiz?

24 Masihning haqiqiy izdoshlari sifatida birinchi asrda Yaffadagi uyning tomida Butrus olgan vahiyning ma’nosini tushunish juda muhim ekanini bilamiz. Biz yuzxotirchilik qilmaydigan Xudoga topinyapmiz. U Shohligi haqida keng shohidlik berishimizni va irqi, millati yoki kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hamma insonlarga va’z qilishimizni xohlaydi. Shunday ekan, keling, bizni tinglaydigan har bir kishiga va’z qilaylik. Shunda ular Yahovaning xizmatchisi bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. (Rim. 10:11–13)

Imondoshlarimiz qiyinchiliklarga duch kelganda, ularga jon deb yordam beramiz

a Ayrim yahudiylar charm tayyorlovchilarni mensimas edi, chunki ular hayvonlarning terisi va jasadi, jumladan, teriga ishlov berish uchun mo‘ljallangan jirkanch narsalar bilan ishlashiga to‘g‘ri kelardi. Yahudiylar bunday odamlarni nopok hisoblab, ma’badga kirishiga qarshi edi. Ularning ish joyi shahardan kamida 20 metr narida bo‘lishi kerak edi. Bu Simunning uyi «dengiz bo‘yida» bo‘lganining sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. (Havor. 10:6)

b « Korniliy va Rim qo‘shini» nomli ramkaga qarang.

c «Farzandlarni tarbiyalashda ishonchli maslahatlar» nomli maqola 2006-yil 1-noyabr sonidagi 4–7-sahifalarida joylashgan.

d « Suriyadagi Antioxiya» nomli 73-sahifadagi ramkaga qarang.

e Yahudiy tarixchi Iosif Flaviy imperator Klavdiy hukmronligi paytida (mil. 41–54) bu kuchli ocharchilik yuz bergani haqida yozgan.