10-BOB
«Yahovaning kalomi... tobora» yoyilardi
Butrus ozod etildi va ta’qiblar xushxabarning yoyilishini to‘xtata olmadi
Havoriylar 12:1–25 ga asoslangan
1–4. Butrus qanday vaziyatga tushgan va uning o‘rnida bo‘lganingizda, nima his qilgan bo‘lardingiz?
BUTRUSNING orqasidan bahaybat temir darvoza taq etib yopildi. U ikkita rimlik askar o‘rtasida zanjir bilan kishanlangan holda qamoqqa olib ketilyapti. Butrus ko‘p soatlar mobaynida, ehtimol, hatto bir necha kun u bilan nima bo‘lishini bilmay o‘tirgandir. Qamoqxonaning to‘rt devori, panjara, zanjir va qo‘riqchilardan bo‘lak ko‘zga ilinadigan hech narsa yo‘q.
2 So‘ng Butrus unga qarshi chiqarilgan hukmni eshitadi. Shoh Hirod Agrippa I a uni o‘ldirishga qaror qilgan. U Butrusni Fisih bayramidan keyin xalqning oldiga chiqarib, xaloyiqning ko‘nglini olish maqsadida qatl qilmoqchi. Bu shunchaki tahdid emas edi. Bundan sal oldin Hirodning buyrug‘i bilan havoriylardan biri bo‘lmish Yoqub qatl etilgandi.
3 Qatl qilishdan oldingi kechada nimalar bo‘lganini tasavvur qiling. Butrus qorong‘i qamoqxonada o‘tirib, nima haqida o‘ylagan? Bir necha yil oldin Isoning uni bog‘lab, istamagan joyiga olib borishlari haqida aytgan gaplarini eslaganmi? (Yuhan. 21:18, 19) Ehtimol, Butrus o‘sha vaqt keldi, deb o‘ylagandir.
4 Butrusning o‘rnida bo‘lganingizda, nima his qilgan bo‘lardingiz? Ko‘pchilik tushkunlikka tushib, umidini yo‘qotardi. Lekin Iso Masihning haqiqiy shogirdlari umidini butunlayin yo‘qotishi mumkinmi? Butrus va boshqa masihiylar quvg‘unlarga qanday munosabat bildirishganidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Keling, buni ko‘rib chiqaylik.
«Jamoat... tinmay ibodat qilar edi» (Havoriylar 12:1–5)
5, 6. a) Shoh Hirod Agrippa I nima uchun va qanday qilib masihiylarni ta’qib qila boshlagan? b) Nega Yoqubning o‘limi jamoat uchun kuchli sinov bo‘lgan?
5 O‘tgan bobdan bilib olganimizday, yahudiy bo‘lmagan Korniliy oilasi bilan masihiy bo‘lgani imonlilar jamoati uchun hayajonli bir voqea edi. Ammo masihiy bo‘lmagan yahudiylar, hoynahoy, ko‘p yahudiy masihiylar o‘zga xalq vakillari bilan birga Xudoga bemalol topinayotganini bilib lol qolgandir.
6 Ayyor siyosatchi Hirod esa buni yahudiylarning ko‘nglini olish imkoni deb masihiylarni ta’qib qila boshladi. Shubhasizki, u Yoqub Iso Masih bilan juda yaqin munosabatlarga ega bo‘lganini bilgan. Shuning uchun Hirod «Yuhannoning akasi Yoqubni qilich bilan o‘ldirishga buyruq» bergan. (Havor. 12:2) Bu jamoat uchun kuchli sinov bo‘lgan. Yoqub Isoning qiyofasi o‘zgarganining va boshqa havoriylar ko‘rmagan mo‘jizalarning guvohi bo‘lgan uchta shogirddan biri edi. (Mat. 17:1, 2; Mark 5:37–42) Yoqub bilan ukasi Yuhanno qoni qaynoq bo‘lgani uchun Iso ularni «momaqaldiroq o‘g‘illari» deb atagan. (Mark 3:17) Xullas, Yoqub qatl etilganidan so‘ng jamoatdagilar g‘ayratli, ishonchli va sevikli havoriydan ayrilgan.
7, 8. Butrus qamalganda jamoat nima qilgan?
7 Hirod umid qilganidek, Yoqubning qatl qilinishi yahudiylarga yoqdi. Bundan u xursand bo‘lib, Butrusni ham gumdon qilmoqchi bo‘ldi. Ushbu bobning boshida aytilganidek, uning buyrug‘i bilan Butrus hibsga olingandi. Bu kitobning 5-bobida gap ketganidek, havoriylar mo‘jizaviy tarzda qamoqxonadan ozod bo‘lishgani Agrippaning esida bo‘lgandir. Butrus qochib ketmasligi uchun Hirod uni ikkita soqchining o‘rtasiga kishanlab, 16 ta askar uni navbat bilan kecha-yu kunduz qo‘riqlashini buyurgan. Butrus qochib ketsa, o‘sha soqchilar ham qatl etilardi. Xo‘sh, bu murakkab vaziyatda imondoshlar Butrusga qay yo‘sin yordam bera olardi?
8 Jamoatdagilar nima qilish kerakligini yaxshi bilardi. Havoriylar da shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Shu tariqa Butrusni qamoqda ushlashardi. Jamoat bo‘lsa u uchun Xudoga tinmay ibodat qilar edi». Ha, ular sevikli birodari uchun chin yurakdan, zo‘r berib ibodat qilishgan. Yoqubning o‘limi esa ularni umidsizlantirib, ibodatlari ijobat bo‘lmaydi, deb o‘ylashlariga turtki bo‘lmagan. Darhaqiqat, ibodatlar Yahova uchun katta ahamiyatga ega. Uning irodasiga muvofiq ibodat qilsak, U bizga javob beradi. ( 12:5Ibron. 13:18, 19; Yoqb. 5:16) Bugun ham masihiylar buni tushunishi zarur.
9. Butrus haqida ibodat qilgan masihiylardan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?
9 Ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan imondoshlarni taniysizmi? Ehtimol, ular quvg‘unlarga duchor bo‘layotgandir, faoliyatimiz taqiqlangan mamlakatda yoki tabiiy ofat yuz bergan joyda yashayotgandir. Ular haqida ibodat qilsangiz bo‘ladi. Balki siz ko‘zga tashlanmaydigan qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan, masalan, oilaviy muammolarga duch kelayotgan, ruhan ezilayotgan yoki imoni sinalayotgan imondoshlarni bilarsiz. Ibodat qilishdan oldin mulohaza yuritish, «ibodatlarni Eshitguvchi» Yahova bilan gaplashganda ularning ismlarini tilga olishga hissa qo‘shadi. (Zab. 65:2) Sizning ham boshingizga shu kabi qiyinchiliklar tushsa, birodar-u opa-singillarning ibodatlariga muhtoj bo‘lasiz.
«Orqamdan yur» (Havoriylar 12:6–11)
10, 11. Farishta Butrusni qamoqxonadan qanday ozod qilganini aytib bering.
10 Butrus qatl qilinishdan qo‘rqqanmi? Aniq javob berish qiyin, lekin qatl qilinish arafasida Butrus mijja qoqmagan ikkita soqchining o‘rtasida uxlab yotgandi. Uning imoni mustahkam bo‘lib, nima bo‘lishidan qat’i nazar Yahova uni mukofotlashiga amin edi. (Rim. 14:7, 8) Biroq Butrus tez orada hayratomuz voqealar yuz berishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. U yotgan xonada to‘satdan nur porlab, farishta paydo bo‘ldi va Butrusni uyg‘ota boshladi. Qo‘riqchilar farishtani ko‘rmaganga o‘xshaydi. Butrusning qo‘llaridagi mustahkam bo‘lib ko‘ringan zanjirlar osonlikcha tushib ketdi!
11 Farishta Butrusga qisqa yo‘l-yo‘riqlar berdi: «Tezda o‘rningdan tur!», «Belingni bog‘lab, sandalingni kiy», «Ustki kiyimingni kiy-da, orqamdan yur». Butrus imillamasdan aytilganday qildi. Ular qamoqxonadan chiqib, tashqaridagi soqchilarning yonidan jimgina o‘tishdi va katta temir darvoza tomon yo‘l olishdi. Qiziq, ular temir darvozadan qanday chiqib ketishadi? Bu fikr Butrusning xayolidan o‘tgan bo‘lsa ham, u ko‘p o‘ylab o‘tirmadi. Ular darvozaga yetib kelganda, «u o‘z-o‘zidan ochildi». Butrus ko‘zini ochib yumguncha ular darvozadan tashqariga chiqishdi, farishta esa g‘oyib bo‘ldi. Butrus yolg‘iz qolib, bu voqea o‘ngida bo‘lganini tushunib yetdi. Ha, bu vahiy emas edi. U chindan ham ozod etildi! (Havor. 12:7–11)
12. Yahova Butrusni qamoqdan ozod qilgani to‘g‘risida mulohaza yuritish nega foydali?
12 Yahova xizmatchilarini ozod qilishga qodir ekanini bilish tasalli baxsh etadi, shunday emasmi?! Butrusni qamab qo‘ygan shohni o‘sha paytda dunyoda katta ahamiyatga ega bo‘lgan hukumat qo‘llab-quvvatlardi. Lekin Butrus qamoqxonadan osonlikcha chiqib keldi! To‘g‘ri, Yahova hamma xizmatchilari uchun bunday mo‘jizalar qilmaydi. Masalan, U buni Yoqub uchun qilmagan. Iso bashorat qilganiday, keyinchalik Butrusning o‘zi ham azob chekib o‘lgan. Bugun ham masihiylar mo‘jizaviy tarzda xalos etilishni kutmaydi. Biroq Yahova o‘zgarmas Xudo ekanini yodda tutamiz. (Mal. 3:6) Yaqinda U O‘g‘li orqali son-sanoqsiz millionlab odamlarni eng mustahkam qamoqdan — o‘limdan ozod etadi. (Yuhan. 5:28, 29) Bunday va’dalar qiyinchiliklarga duch kelganimizda jasoratli bo‘lishimizga ko‘maklashadi.
«Ular... uni ko‘rib hayron qolishdi» (Havoriylar 12:12–17)
13–15. a) Maryamning uyida yig‘ilganlar Butrus kelganida qanday munosabat bildirishgan? b) Havoriylar kitobida keyinchalik nima haqida bayon etilgan va Butrus nima qilishda davom etgan?
13 Butrus qayerga borishini bilmay, qorong‘i ko‘chada turibdi. Keyin u yaqin atrofda Maryam ismli xudojo‘y ayol yashashini esladi. Hoynahoy, u farovon hayot kechirgan beva edi va uyiga bitta jamoat bemalol sig‘ardi. U Mark deb atalgan Yuhannoning onasi edi. Havoriylar kitobida uning ismi bu voqeada birinchi marta tilga olingan. Mark keyinchalik Butrusga o‘g‘ilday bo‘lib qolgandi. (1 Butr. 5:13) O‘sha oqshomda kech bo‘lib qolganiga qaramay, jamoatdagilarning aksariyati Maryamning uyida bo‘lib, ibodat qilayotgandi. Shubhasizki, ular Butrusning ozod etilishi haqida ibodat qilayotgandi, lekin Yahova shunchalik tez javob berishini ular kutmagan!
14 Butrus uyning hovlisiga olib boradigan darvozani taqillatdi. Shunda Roda ismli cho‘ri qiz chiqdi. Bu yunoncha ism bo‘lib «atirgul» degan ma’noga ega. U eshitganlariga ishonmasdi. Bu Butrusning ovozi edi! U hayajonlanganidan darvozani ochishning o‘rniga, uyga yugurib ketdi va jamoatdagilarni tashqarida Butrus turganiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Ular esa uni aqldan ozgan deb hisoblashdi. Ammo cho‘ri qiz aytganida turib oldi. Ayrimlar u nimadir eshitganiga ishonib, Butrusning nomidan farishta kelgandir, deb o‘yladi. (Havor. 12:12–15) Butrus esa darvozani ochmagunlaricha taqillatib turaverdi.
15 Shogirdlar darvoza oldida «uni ko‘rib hayron qolishdi»! (Havor. 12:16) Ular xursandchilikdan shovqin-suron ko‘tarishdi va Butrus ularni tinchlantirib, bo‘lib o‘tganlarni aytib berdi. Shuningdek, u buni Yoqubga va boshqa birodarlarga aytib berishni so‘radi. Butrus Hirodning askarlari uni topib olmasligi uchun xavfsizroq joyga ketdi va xizmatini davom ettirdi. Havoriylar kitobida Butrus boshqa tilga olinmagan. U haqda faqat Havoriylar 15-bobda o‘qishimiz mumkin, o‘shanda u sunnat masalasi hal etilishida qatnashgan. Butrus boshqa joyga ketganidan buyon Havoriylar kitobida Pavlusning xizmati va safarlari haqida batafsil bayon etiladi. Ammo Butrus qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, birodar-u opa-singillarining imonini mustahkamlaganiga amin bo‘lishimiz mumkin. U Maryamning uyini tark etgan bo‘lsa-da, o‘sha yerdagilarning hammasi bo‘lib o‘tgan voqeadan suyungan.
16. Nega kelajakda bizni ko‘p quvonchli voqealar kutayotganiga aminmiz?
16 Ba’zan Yahova xizmatchilariga ular kutganidan ham ortig‘ini beradi va bu ularga quvonch baxsh etadi. O‘sha oqshomda Butrusning imondoshlari aynan shuni his qilishgan. Yahova bizga ham qut-barakalar ato etganda o‘zimizni shunday his qilarmiz. (Hik. 10:22) Kelajakda esa Yahovaning barcha va’dalari jahon miqyosida amalga oshishini ko‘ramiz. Bu quvonchli damlar kutganimizdan ham yaxshiroq bo‘ladi. Yahovaga sodiq qolsakkina, kelajakda toabad zavqlanib yashay olamiz.
«Yahovaning farishtasi uni jazoladi» (Havoriylar 12:18–25)
17, 18. Nima sababli xalq hayratlangan?
17 Butrus ozodlikka chiqqanidan Hirod ham hayron qoldi va bundan xursand bo‘lmadi. U darhol Butrusni qidirib topishni, uni qo‘riqlagan soqchilarni so‘roq qilishni buyurdi. So‘ng «ularni jazolashga», ehtimol, qatl qilishga buyruq berdi. (Havor. 12:19) Hirod Agrippa mehr-shafqatli va rahmdil shoh bo‘lmagan. Qiziq, bu zolim kishi jazolanganmi?
18 Butrusni qatl qila olmagani Agrippaning g‘ururiga tekkandir, lekin ko‘p o‘tmay kamsitilgan nafsini yupatish imkoni paydo bo‘ldi. Ba’zi dushmanlari u bilan tinchlik o‘rnatish uchun oldiga keldi va u butun xalq oldida nutq so‘zlamoqchi bo‘ldi. Luqo bayon etishicha, Hirod nutq aytishdan oldin «shohona kiyimini kiyib» chiqdi. Yahudiy tarixchisi Iosif Flaviy yozganiday, Hirodning kiyimi kumush bilan bezatilgan edi, shuning uchun uning ustiga nur tushganida, u yarqirab turgan va odamlar uni xuddi xudoday ko‘rgan. Nihoyat, bu takabbur shoh nutq so‘zladi. Hayratlangan xalq esa: «Bu odamning ovozi emas, xudoning ovozi!» — deya qichqirardi. (Havor. 12:20–22)
19, 20. a) Nima uchun Yahova Hirodni jazolagan? b) Hirod Agrippaning o‘limi haqidagi voqeadan qanday tasalli topyapmiz?
19 Butun ulug‘vorlik Allohga tegishli edi va U buni ko‘rib turgan! Hirod jazoga yo‘liqmasligi mumkin edi. U xalqqa o‘zgarishga yordam berishi yoki hech bo‘lmaganda fikriga qo‘shilmasligi mumkin edi. Ammo u bilan yuz bergan voqeada quyidagi hikmat o‘z tasdig‘ini topdi: «Mag‘rurlik — halokatga,... olib keladi». (Hik. 16:18) «Shu ondayoq Yahovaning farishtasi uni jazoladi» va bu takabbur, xudbin kishining ajali yetdi. Hirod «kasallikka chalinib, qurtlarga yem bo‘lib o‘ldi». (Havor. 12:23) Iosif Flaviy ham Agrippa qo‘qqisdan dardga chalinganini va u xalqning xushomadgo‘y so‘zlarini qabul qilgani uchun o‘lyapman, deb xulosa qilganini aytgan. Iosif Flaviy Agrippa besh kun qiynalib, o‘lganini yozgan b.
20 Gohida yovuz odamlarning zo‘ravon ishlari jazosiz qolganday tuyulishi hech gap emas. Bundan ajablanmasligimiz kerak, chunki «butun dunyo... yovuz Shaytonning hukmida». (1 Yuhan. 5:19) Shunday bo‘lsa ham, ba’zan Xudoning sadoqatli xizmatchilari yomon odamlar jazosiz qolayotganidan tashvishlanishadi. Shuning uchun bunday voqealar bizga tasalli baxsh etadi. Hirod bilan bo‘lgan voqeadan Yahova vaziyatga aralashib, barcha xizmatchilariga U adolatni sevishini eslatayotganini ko‘ryapmiz. (Zab. 33:5) Ertami-kechmi, U adolatni o‘rnatadi.
21. Havoriylar 12-bobdagi bayonotning asl mohiyati qanday va nega bu bizga tasalli berishi mumkin?
21 Bu bayonot daldali tarzda tugayapti: «Yahovaning kalomi... tobora yoyilib, samara keltirardi». (Havor. 12:24) Va’zgo‘ylikning keng quloch yozishi haqidagi bu bayonot, hoynahoy, Yahova hozir ham bu ishga qanday baraka berayotganini eslatyapti. Shunisi aniqki, Havoriylar 12-bobda shunchaki bir havoriy qanday o‘lgani va boshqasi qamoqdan qay yo‘sin ozod bo‘lgani haqida gap ketmayapti. Bu yerdan Yahova haqida va U Shayton jamoatni hamda va’zgo‘ylik faoliyatini barbod qilish yo‘lidagi barcha hiylalarini yo‘qqa chiqarayotganini bilib olyapmiz. Shaytonning bu hiylalari puchga chiqqani kabi, bunga o‘xshash barcha urinishlari ham chippakka chiqadi. (Ishayo 54:17) Tangri Yahova hamda Iso tomonida bo‘lganlar shug‘ullanayotgan ish esa hech qachon mag‘lubiyatga uchramaydi. Buni bilish daldali! «Yahovaning kalomi» yoyilishida hissa qo‘shish katta sharaf!
a « Shoh Hirod Agrippa I» nomli 79-sahifadagi ramkaga qarang.
b Bir shifokorning fikricha, Iosif Flaviy va Luqo tasvirlagan belgilarning sababi, hoynahoy, ichaklar to‘silib, o‘limga olib keladigan gijjalar (askaridalar) bo‘lgan. Ba’zida ular odam qayt qilganda yoki o‘layotgan paytda tanasidan chiqib ketadi. Bir kitobda shunday deyilgan: «Luqo shifokor sifatida Hirod bilan nima yuz berganini aniq yozgani uning o‘limi juda dahshatli bo‘lganini tasdiqlaydi».