Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-BOB

«O‘qimagan va oddiy odamlar»

«O‘qimagan va oddiy odamlar»

Havoriylar jasorat ko‘rsatadi, Yahova esa ularga baraka beradi

Havoriylar 3:1–5:11 ga asoslangan

1, 2. Ma’bad darvozasi yonida Butrus bilan Yuhanno qanday mo‘jiza yaratishdi?

 KUNDUZI quyosh nurlari xaloyiqqa yog‘ilib turadi. Xudojo‘y yahudiylar-u Isoning shogirdlari ma’badga boradi. Hademay «ibodat mahali» a bo‘lib qoladi. (Havor. 2:46; 3:1) Ularning orasida Butrus bilan Yuhanno ma’badning Go‘zal degan darvozasi tomon boradi. Hamma gaplashib ketayotgani uchun u yer g‘ala-g‘ovur, o‘rta yoshdagi kambag‘al tug‘ma cho‘loq kishi esa sadaqa so‘rayapti. (Havor. 3:2; 4:22)

2 Butrus bilan Yuhanno bu cho‘loq kishiga yaqinlashib borisharkan, u yodlab olgan iltijosini takrorlardi. Ular to‘xtashadi va ko‘zlari umidvor nigohiga tushadi. Shunda Butrus: «Menda kumush ham, oltin ham yo‘q. Ammo o‘zimda borini sizga beraman: nosiralik Iso Masih nomidan sizga aytaman, o‘rningizdan turib yuring!» — deydi. Butrus bu kishini qo‘lidan ushlab oyoqqa turg‘izganida, odamlar u umrida birinchi marta tik turganini ko‘rib, qanchalik qoyil qolganini tasavvur qiling! (Havor. 3:6, 7) Bu kishi sog‘aygan oyoqlariga hayrat bilan qarab, ilk qadamlarini jur’atsiz bosayotganini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Shubhasizki, u irg‘ib-sakrab yurgancha, baland ovozda Allohni madh etardi!

3. Ilgari cho‘loq bo‘lgan kishi va xaloyiq qanday in’omga ega bo‘lishi mumkin edi?

3 Xaloyiq hangu mang bo‘lib Sulaymon ravoqi yonida turgan Butrus va Yuhannoning oldiga yugurib boradi. Qachonlardir Iso ta’lim berib turgan bu joyda, Butrus hozirgina yuz bergan voqeaning ma’nosini tushuntiradi. (Yuhan. 10:23) U xaloyiqqa va ilgari cho‘loq bo‘lgan kishiga kumush-u oltindan qadrliroq bir in’omni taklif etadi. Bu tiklangan sog‘likdan ham a’loroq in’om bo‘lib, tavba qilish, gunohlardan xalos bo‘lish va Yahova «hayotga yetaklovchi Rahbar» etib tayinlagan Iso Masihning izdoshi bo‘lish imkonidir. (Havor. 3:15)

4. a) Mo‘jizaviy tarzda sog‘aytirish nimaga olib keldi? b) Qaysi ikkita savolga javob topamiz?

4 Naqadar ajoyib kun! Bitta odam jismonan sog‘ayib, yura oladigan bo‘ldi. Minglab boshqa insonlarga esa Xudoni mamnun qilish uchun ma’nan sog‘ayish imkoni berildi. (Kolos. 1:9, 10) Biroq ushbu voqealar tufayli hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar Masihning sodiq izdoshlariga Shohlik haqidagi xabarni boshqalarga yetkazishga to‘sqinlik qilishadi. (Havor. 1:8) Ular Butrus bilan Yuhannoni «o‘qimagan va oddiy odamlar» deb hisoblashadi. Lekin bu ikkita havoriy xaloyiqqa shohidlik berganidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? (Havor. 4:13) b Qarshiliklarni yengishda Butrus, Yuhanno va boshqa shogirdlarga qanday taqlid qila olamiz?

«O‘z kuchimiz bilan» emas (Havoriylar 3:11–26)

5. Butrus xaloyiqqa qanday murojaat qilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

5 Butrus bilan Yuhanno xaloyiq oldida turganida, ularning orasida, ehtimol, Isoni qatl etishni talab qilgan odamlar ham borligini tushunishgan edi. (Mark 15:8–15; Havor. 3:13–15) Butrus cho‘loq kishi Isoning nomi bilan sog‘ayganini aytganda, qanchalik jasorat ko‘rsatgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. U haqiqatni boricha aytib, xaloyiq Isoning o‘limida aybdor ekanini oshkor etgan. Lekin Butrusning ulardan jahli chiqmagan, chunki ular «bilmasdan shunday yo‘l tutgan». (Havor. 3:17) U xaloyiqqa birodarlar deb murojaat qilgan va Shohlik to‘g‘risidagi xabarning ijobiy tomonlariga e’tibor qaratgan. Agar ular tavba qilib, Masihga ishonishganida, ular uchun Yahovadan «tetiklik baxsh etadigan vaqt» kelardi. (Havor. 3:19) Biz ham Alloh kelajakda amalga oshiradigan hukmlarni e’lon qilganda, boricha gapirib, jasur bo‘lishimiz kerak. Shu bilan birga, betgachopar yoki qo‘pol bo‘lmasligimiz va odamlarni hukm qilmasligimiz lozim. Aksincha, biz va’z qilayotgan odamlarga bo‘lajak imondoshlarimizday qarab, Butrus singari avvalo Shohlik haqidagi xabarning ijobiy tomonlariga e’tibor qaratamiz.

6. Qanday qilib Butrus va Yuhanno kamtarlik namoyon etgan?

6 Havoriylar kamtarin bo‘lgan. Ular bu mo‘jizani o‘z kuchimiz bilan qildik, deb aytmagan. Butrus xaloyiqqa shunday degan: «Go‘yo biz bu kishini o‘z kuchimiz bilan yoki xudojo‘yligimiz tufayli oyoqqa turg‘izganimizdek, nimaga bizga tikilib turibsizlar?» (Havor. 3:12) Butrus va boshqa havoriylar xizmatda qilgan hamma ezgu ishlarni o‘zining emas, balki Allohning qudrati bilan bajarganini tan olishgan. Shu bois ular erishgan yutuqlari uchun butun shon-sharafni kamtarlik ila Yahovaga hamda Isoga qaratgan.

7, 8. a) Odamlarga qanday in’omni taklif eta olamiz? b) Tangrining «barcha aytganlarini o‘z o‘rniga» qo‘yish va’dasi bugun qanday amalga oshyapti?

7 Va’z qilganda biz ham kamtar bo‘lishimiz lozim. Bugungi kunda Allohning ruhi yordamida insonlarni mo‘jizaviy tarzda sog‘aytirish qobiliyatiga ega emasmiz. Ammo odamlarga Xudo va Masihga bo‘lgan imonini rivojlantirishga hamda Butrus taklif qilgan in’omga — gunohlardan xalos bo‘lib, Yahovadan tasalli olish imkoniyatiga ega bo‘lishga yordam bera olamiz. Har yili yuz minglab odamlar bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, Masihning suvga cho‘mgan shogirdi bo‘lyapti.

8 Darhaqiqat, biz Butrus aytgan paytda, ya’ni Tangri «barcha aytganlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan» vaqtda yashayapmiz. 1914-yili Samoviy Shohlik boshqarishni boshladi va bu bilan «Alloh qadimgi muqaddas payg‘ambarlari orqali» aytgan so‘zlari amalga oshdi. (Havor. 3:21; Zab. 110:1–3; Don. 4:16, 17) Ko‘p o‘tmay, Masih shogirdlariga haq topinishni tiklashga yordam berdi. Natijada millionlab insonlar Xudo Shohligining fuqarolariga aylandi va hozir ahil bo‘lib Unga topinyapti. Ular eski, yomon o‘zlikni yechib tashlab, «Xudoning niyatiga ko‘ra yaralgan yangi o‘zlikni» kiyib olishdi. (Efes. 4:22–24) Shifo topgan cho‘loq kishi bilan yuz berganiday, bu ajoyib ish insonlarning harakatlari emas, Xudoning ruhi tufayli amalga oshyapti. Boshqalarga ta’lim berganda Butrus kabi jasoratli bo‘lib, Xudoning Kalomidan mohirlik ila foydalanishimiz kerak. Insonlarga Masihning shogirdi bo‘lishga ko‘maklashishda erishishimiz mumkin bo‘lgan har qanday yutuqni o‘zimizning emas, Allohning kuchi bilan qo‘lga kirita olamiz.

«Aytmay turolmaymiz» (Havoriylar 4:1–22)

9–11. a) Yahudiy rahbarlar Butrus bilan Yuhannoning xabariga qanday munosabat bildiradi? b) Havoriylar qanday yo‘l tutishga qaror qilishadi?

9 Butrusning nutqi va ilgari cho‘loq bo‘lgan kishining sakrashi-yu hayqirgani dastidan to‘polon ko‘tariladi. Shu bois ma’bad hududida tartib bo‘lishiga bosh-qosh bo‘lish uchun tayinlangan ma’bad soqchilarining nazoratchisi va bosh ruhoniylar tezda yetib kelishadi. Ehtimol, bu kishilar sadduqiylar, ya’ni rimliklar bilan tinch munosabatlarni o‘rnatadigan ta’siri kuchli boy siyosiy mazhabning a’zolari bo‘lgan. Sadduqiylar Tavrotga amal qiladigan farziylardan farqli ravishda og‘zaki qonunni rad etib, tirilishga ishonishmagan c. Ular Butrus bilan Yuhanno ma’badda Isoning tirilgani haqida jasorat ila aytishganini ko‘rishganda, g‘azabga minishgan!

10 Butrus bilan Yuhannoga qarshi chiqqan bu jahldor kishilar ularni qamoqqa tashlab, ertasiga yahudiylarning oliy mahkamasiga sudrab borishadi. Ularning fikricha, Butrus bilan Yuhanno «o‘qimagan va oddiy odamlar» bo‘lgani uchun ma’badda ta’lim berishga haqqi yo‘q edi. Chunki ular biror taniqli diniy maktabda o‘qimagan. Biroq ular ochiq-oydin va ishonch bilan gapirib mahkama a’zolarini hayron qoldiradi. Nega Butrus bilan Yuhanno bunday qila olgan? Sabablaridan biri, ular «Iso bilan birga» bo‘lgan. (Havor. 4:13) Ularning Ustozi ulamolar singari emas, balki Allohdan vakolat olgan kishiday o‘rgatardi. (Mat. 7:28, 29)

11 Mahkama tomonidan havoriylarga va’zgo‘ylikni to‘xtatish buyuriladi. O‘sha vaqtlarda mahkamaning qarorlari katta ahamiyatga ega edi. Bundan bir necha hafta oldin aynan bu mahkama a’zolari Iso haqida: «U o‘limga loyiq!» — deb e’lon qilishgan. (Mat. 26:59–66) Ammo Butrus bilan Yuhannoni hech narsa qo‘rqita olmasdi. Shunday boy, ziyoli va martabali kishilar oldida ular qo‘rqmay, lekin hurmat ila quyidagilarni aytishadi: «O‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar, Allohning nazarida Unga emas, sizlarga quloq solish adolatdanmi? Bizlar esa ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz». (Havor. 4:19, 20)

12. Imon va jasoratni rivojlantirishda nima yordam berishi mumkin?

12 Siz ham bunday jasorat ko‘rsata olasizmi? Boy, ziyoli va martabali kishilarga va’z qilish imkoni tug‘ilganda, o‘zingizni qanday his qilasiz? Oila a’zolaringiz, sinfdoshlaringiz yoki hamkasblaringiz e’tiqodingizni deb sizni masxara qilishsa-chi? Qo‘rqib qolasizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu kabi tuyg‘ularni yengishingiz mumkin. Iso yer yuzida bo‘lganida havoriylarga e’tiqodini ishonch va hurmat ila himoya qilishni o‘rgatgan. (Mat. 10:11–18) Tirilgach esa Iso shogirdlariga «zamonaning oxirigacha» ular bilan bo‘lishini va’da qilgan. (Mat. 28:20) Isoning boshqaruvi ostida «ishonchli va aqlli xizmatkor» e’tiqodimizni qanday himoyalashimiz mumkinligiga o‘rgatyapti. (Mat. 24:45–47; 1 Butr. 3:15) Bunday yo‘l-yo‘riqlarni yig‘ilishlarda, misol uchun, «Hayot tarzimiz va xizmatimiz»da hamda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlar, masalan, jw.org saytimizdagi «Muqaddas Kitobga asoslangan javoblar» turkumidagi maqolalar orqali olyapmiz. Siz ham bunday yig‘ilishlarga borib, adabiyotlarimizni o‘qiyapsizmi? Agar shunday qilsangiz, yanada jasoratli bo‘lib, imoningizga imon qo‘shasiz. Havoriylar kabi siz ham bilib olgan va eshitgan ajoyib haqiqatlar to‘g‘risida gapirishingizga biron nima xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymaysiz.

Muqaddas Kitobdan bilib olgan ajoyib haqiqatlarni gapirishdan sizni hech narsa to‘xtatmasin

«Hammasi... ibodat qilishdi» (Havoriylar 4:23–31)

13, 14. Qarshilikka duch kelganimizda nima qilish kerak va nega?

13 Butrus va Yuhanno ozodlikka chiqishi bilanoq imondoshlar bilan uchrashishdi. Ular va’zgo‘ylikni to‘xtatmaslik uchun Allohdan jasorat so‘rab, «hammasi... ibodat qilishdi». (Havor. 4:24) Butrus Xudoning irodasini bajarishga intilganda, o‘z kuchiga ishonish nodonlik ekanini yaxshi bilardi. Bundan bir necha hafta oldin u o‘ziga ishonib, Isoga: «Hamma sizdan yuz o‘girsa ham, men aslo yuz o‘girmayman!» — degan edi. Lekin Iso bashorat qilganiday, u darrov qo‘rquvga berilib, do‘sti-yu ustozidan tondi. Shunday bo‘lsa-da, Butrus xatosidan saboq oldi. (Mat. 26:33, 34, 69–75)

14 Masih to‘g‘risida shohidlik berish topshirig‘ini bajarish uchun jasoratning o‘zi yetarli emas. Dushmanlar sizni imondan qaytarishga yoki va’z qilishdan to‘xtatishga urinishsa, Butrus va Yuhannoga taqlid qiling. Yahovadan kuch so‘rab ibodat qiling. Imondoshlardan yordam berishini so‘rang. Boshdan kechirayotgan qiyinchiliklaringiz to‘g‘risida oqsoqollarga va ma’nan yetuk imondoshlarga ayting. Boshqalarning duolari sizni qo‘llab-quvvatlashda kuchli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. (Efes. 6:18; Yoqb. 5:16)

15. Va’zgo‘ylikni vaqtincha to‘xtatganlar nega taslim bo‘lmasligi kerak?

15 Bordi-yu, qachondir bosimga berilib, qaysidir vaqt davomida va’z qilmayotgan bo‘lsangiz, taslim bo‘lmang. Esingizda bo‘lsa, Isoning o‘limidan keyin hamma havoriylar muayyan vaqtga va’zgo‘ylikni to‘xtatgan, lekin keyinchalik yana faoliyatli bo‘lgan. (Mat. 26:56; 28:10, 16–20) O‘tmishdagi xatolar dastidan siqilishning o‘rniga, ulardan saboqlar olib, boshqalarga dalda berish uchun ulardan foydalana olasizmi?

16, 17. Masihning izdoshlari Quddusda qilgan ibodatidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

16 Hokimiyat tomonidan ta’qiblarga yo‘liqsak, nima haqda ibodat qilishimiz lozim? E’tibor bering, Masihning shogirdlari sinovlardan xalos bo‘lishni so‘ramagan. Ular Iso: «Agar meni ta’qib qilgan bo‘lishsa, sizlarni ham ta’qib qilishadi»,— deb aytgan so‘zlarini yodda tutgan. (Yuhan. 15:20) Ushbu sodiq shogirdlar Yahovadan dushmanlarning do‘q-po‘pisalariga e’tibor berishini so‘ragan. (Havor. 4:29) Shogirdlar Xudoning irodasi muhim va ta’qiblarga yo‘liqishi bashoratlarning amalga oshishi ekanini tushungan. Iso ibodat qilishni o‘rgatganiday, insoniy hukumatlar nima deyishidan qat’i nazar Xudoning irodasi «yerda ham» bajo bo‘lishini ular bilgan. (Mat. 6:9, 10)

17 Allohning irodasini bajarish uchun shogirdlar Yahovaga: «Kalomingni gapirish uchun qullaringga jasorat ato et»,— deb ibodat qilgan. Yahova shu zahotiyoq nima qilganini bilasizmi? «O‘tirgan joylari silkinib ketdi va ularning har biri muqaddas ruhga to‘lib, Tangrining kalomini jasorat bilan gapira boshladi». (Havor. 4:29–31) Ha, Uning irodasi bajo bo‘lishiga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. (Ishayo 55:11) Qiyinchiliklar qanchalik og‘ir va dushmanlar qanchalik kuchli bo‘lmasin, Allohga iltijo qilsak, Uning kalomini jasorat ila gapirish uchun U bizga kuch berishiga aminmiz.

«Odamlarga emas, Allohga» hisobdormiz (Havoriylar 4:32–5:11)

18. Quddusdagi jamoatdagilar bir-biriga qanday yordam berishgan?

18 Quddusdagi yangi tashkil topgan jamoatda qisqa muddat ichida 5 000 dan ziyod kishi paydo bo‘ldi d. Kelib chiqishi turlicha bo‘lishiga qaramay, shogirdlar «bir jon, bir tan» va o‘y-fikrda yakdil edi. (Havor. 4:32; 1 Kor. 1:10) Shogirdlar Yahova harakatlariga baraka berishini so‘rabgina qolmay, bir-birini ma’nan qo‘llab-quvvatlagan va kerak bo‘lganda moddiy yordam ko‘rsatgan. (1 Yuhan. 3:16–18) Misol uchun, havoriylar Barnabo deb nom qo‘ygan Yusuf Quddusga olis yurtlardan kelgan insonlar u yerda uzoq vaqt qolib, yangi e’tiqodi borasida ko‘proq bilib olishi uchun o‘z yerini sotib, pulini ehson qilgan.

19. Nima uchun Yahova Hananiya bilan Saffirani jazoladi?

19 Hananiya va Saffira juftligi ham o‘z mol-mulkini sotib, xayr-ehson qildi. Ular o‘zini hamma pulni bergandek ko‘rsatdi. Aslida esa Hananiya «pulning bir qismini yashirdi» va xotini bundan xabardor edi. (Havor. 5:2) Yahova bu juftlikni kam xayr-ehson qilgani emas, balki buni yomon niyat bilan qilib, aldagani uchun o‘limga mubtalo etdi. Ular «odamlarga emas, Allohga yolg‘on gapirdi». (Havor. 5:4) Iso ayblagan ikkiyuzlamachilar kabi, Hananiya va Saffira ham Tangrining roziligini olishni istamagan, ular avvalo odamlardan maqtov olmoqchi edi. (Mat. 6:1–3)

20. Xayr-ehsonlarimizga Yahova qanday qarashidan nimalarni bilib oldik?

20 Birinchi asrda Quddusdagi masihiylar saxiylik ko‘rsatishgani kabi bugun ham millionlab Yahovaning Shohidlari xayr-ehsonlar orqali umumjahon va’zgo‘ylik ishini qo‘llab-quvvatlayapti. Ularni bunga hech kim majburlamaydi hamda vaqti-yu mablag‘ini ajratishni talab qilmaydi. Axir Yahova biz o‘z xohishimizga qarshi yoki majburiyat yuzasidan Unga xizmat qilishimizni istamaydi. (2 Kor. 9:7) Shuni yodda tutishimiz kerakki, Yahova uchun qancha berishimiz emas, qaysi niyatda berishimiz muhim. (Mark 12:41–44) Iloyim, hech qachon Hananiya va Saffira kabi bo‘lmaylik, Allohga g‘arazli niyat ila yoki o‘zimizga sharaf izlab xizmat qilmaylik. Aksincha, Butrus, Yuhanno hamda Barnaboga o‘xshab Xudoga va yaqinimizga bo‘lgan samimiy sevgi Unga xizmat qilishga bizni doim undasin. (Mat. 22:37–40)

a Ma’badda ertalab va kunduzi qurbonliklar keltirilganda odamlar ibodat qilardi. Qurbonlik kunduzi «soat uchlarda» yoki kunning to‘qqizinchi soatida keltirilardi.

b « Butrus — g‘ayratli havoriyga aylangan baliqchi» nomli 30-sahifadagi va « Yuhanno — Isoning sevimli shogirdi» nomli 33-sahifadagi ramkalarga qarang.

c « Oliy ruhoniy va bosh ruhoniylar» nomli 34-sahifadagi ramkaga qarang.

d Mil. 33-yili Quddusda, ehtimol, bor-yo‘g‘i 6 000 ga yaqin farziy va bundan sal ozroq sadduqiylar bo‘lgan. Hoynahoy, bu Isoning ta’limotlari ular uchun katta xavf tug‘diradi, deb hisoblaganining yana bir sababi.