Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-BOB

«Mening shohidlarim bo‘lasizlar»

«Mening shohidlarim bo‘lasizlar»

Iso havoriylarini va’zgo‘ylik ishiga bosh-qosh bo‘lishga qanday tayyorlagan?

Havoriylar 1:1–26 ga asoslangan

1–3. Iso qay yo‘sin g‘oyib bo‘ladi va qanday savollar tug‘iladi?

 USHBU damlar tugashini ular xohlamaydi. Chunki bu so‘nggi haftalar havoriylar uchun juda hayajonli bo‘ldi. Iso tirilgani uchun ularning tushkun ahvoli quvonchga aylandi. 40 kun mobaynida Iso izdoshlariga qayta-qayta ko‘rinib, ularga yo‘l-yo‘riq berardi va qo‘llab-quvvatlardi. Ammo bu kun u oxirgi marta zohir bo‘ladi.

2 Havoriylar Zaytun tog‘ida yig‘ilib, Isoning har bir so‘zini diqqat bilan tinglashadi. U gapini tugatganida, ular uchun bu juda qisqa bo‘lib tuyuladi. So‘ng Iso qo‘llarini ko‘tarib duo qiladi-da, ularning ko‘z o‘ngida osmonga ko‘tariladi. Oxiri Iso bulutlar orasida g‘oyib bo‘ladi, shogirdlar esa uni ko‘rishmasa-da, osmonga tikilgancha qarab turishadi. (Luqo 24:50; Havor. 1:9, 10)

3 Bu voqea havoriylarning hayotini keskin o‘zgartirdi. Qiziq, Iso Masih osmonga ko‘tarilgach ular nima qiladi? Shubhasizki, u o‘zi boshlagan ishni shogirdlari davom ettirishi uchun ularni tayyorlagan. Xo‘sh, Iso bu muhim topshiriq uchun ularni qanday tayyorlagan va ular bunga qanday munosabat ko‘rsatishgan? Hozirgi masihiylarga bu qanday taalluqli? Havoriylar kitobining birinchi bobida daldali javoblarni topa olamiz.

«Ishonarli dalillar» (Havoriylar 1:1–5)

4. Luqo Havoriylar kitobining bayonotini qanday boshlayapti?

4 Luqo bayonotini Teofil ismli kishiga murojaat qilib boshlayapti. U ilgari o‘zi yozgan xushxabarni ham unga yo‘llagan edi a. Luqo bayon etgan xushxabarning oxirida yozgan voqealarni Havoriylar kitobida boshqa so‘zlar bilan takrorlab yangi tafsilotlarni ham keltirgan.

5, 6. a) Isoning izdoshlariga imonini mustahkam saqlashga nima yordam beradi? b) Qanday qilib masihiylarning imoni «ishonarli dalillar»ga asoslanadi?

5 Isoning izdoshlariga imonini mustahkam saqlashga nima yordam beradi? Havoriylar 1:3 da: «Iso... o‘zining tirik ekanini ishonarli dalillar bilan ko‘rsatdi»,— deyilgan. Muqaddas Kitobda faqatgina «sevikli tabib» Luqo «ishonarli dalillar» degan ma’noni anglatadigan so‘zni qo‘llagan. (Kolos. 4:14) Bu ibora tibbiy hujjatlarda ishlatilgan va yaqqol, inkor etib bo‘lmaydigan hamda ishonchli dalillarni nazarda tutar edi. Iso aynan shunday dalillar keltirgan. U ko‘p marta izdoshlariga, ba’zida bittasiga yoki ikkitasiga, gohida barcha havoriylariga, bir safar esa hatto 500 dan ziyod masihiylarga zohir bo‘lgan. (1 Kor. 15:3–6) Bu u tirik bo‘lganining ishonarli dalillari!

6 Bugun ham masihiylarning imoni «ishonarli dalillar»ga asoslangan. Xo‘sh, Iso yer yuzida yashaganini, gunohlarimiz uchun jonini berganini va tirilganini tasdiqlaydigan dalillar bormi? Albatta! Muqaddas Kitobdagi voqealarning guvohi bo‘lgan insonlarning ishonchli bayonotlari imonimizning tebranmas ustuni bo‘lib, biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu bayonotlarni o‘rganib, Yahovadan ularni tushunishga yordam so‘rasak, imonimizni mustahkamlay olamiz. Unutmangki, haqiqiy imon ishonchli dalillarga asoslanadi va shunchaki ishonuvchanlikdan farq qiladi. Abadiy yashash uchun haqiqiy imonga ega bo‘lish zarur. (Yuhan. 3:16)

7. Ta’lim berishda hamda va’z qilishda Iso izdoshlariga qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

7 Bundan tashqari, Iso «Xudoning Shohligi haqida aytib» berar edi. Masalan, u Masihning azob chekib o‘lishini ko‘rsatuvchi bashoratlarni tushuntirgan edi. (Luqo 24:13–32, 46, 47) U Masih sifatida qanday o‘ringa ega ekanini oydinlashtirganda, Xudoning Shohligiga e’tibor qaratgan, sababi u bo‘lajak Shoh edi. Iso doim bu Shohlik to‘g‘risida va’z qilgan. Shuning uchun bugun ham uning izdoshlari bu muhim mavzuda odamlar bilan suhbatlashadi. (Mat. 24:14; Luqo 4:43)

«Hatto yerning chetlariga qadar» (Havoriylar 1:6–12)

8, 9. a) Havoriylar nimada yanglishgan? b) Iso ularga fikrlash tarzini o‘zgartirishga qanday ko‘maklashgan va bu biz uchun qanday saboq?

8 Havoriylar Zaytun tog‘ida yig‘ilganda, Isoni yer yuzida oxirgi marta ko‘rishgan. Ular qiziqib undan: «Hazrat, axir siz Isroilda shohlikni shu paytda tiklamaysizmi?» — deb so‘rashgan. (Havor. 1:6) Bu savoldan havoriylar ikkita narsani anglamayotgani ayon bo‘lgan. Birinchidan, ular Xudoning Shohligi Isroil xalqi uchun tiklanadi, deb o‘ylashgan. Ikkinchidan, va’da qilingan Shohlik darhol, «shu paytda» boshqarishni boshlaydi, deb hisoblashgan. Iso ularga fikrlash tarzini o‘zgartirishga qanday yordam bergan?

9 Hoynahoy, Iso ularning birinchi noto‘g‘ri fikri yaqin orada o‘zgarishini bilgan. Darhaqiqat, o‘n kun o‘tar-o‘tmas ular yangi xalq — ramziy Isroil barpo etilishining guvohi bo‘lishgan! Alloh Isroil xalqi bilan deyarli orani ochiq qilgandi. Shogirdlarining ikkinchi noto‘g‘ri fikriga kelsak, Iso ularga mehr ila: «Otam O‘z ixtiyori bilan belgilagan vaqt va muddatlarni bilishingiz shart emas»,— deb eslatgan. (Havor. 1:7) Ha, faqat Yahova irodasi qachon amalga oshishini hal qiladi. Iso yer yuzida bo‘lganida, hatto o‘zi ham «u kun va u soat» haqida, ya’ni oxirat qachon kelishini bilmasligini aytgan. Buni «faqatgina samoviy Otam biladi» degan. (Mat. 24:36) Bugun ham masihiylar oxirat qachon kelishi borasida haddan ortiq tashvishlansa, aslida bilishi shart bo‘lmagan narsalar haqida qayg‘urgan bo‘ladi.

10. Havoriylar kabi qanday munosabatni rivojlantirishimiz lozim va nega?

10 Biroq havoriylar borasida noto‘g‘ri fikrga bormasligimiz kerak. Sababi, ularning imoni kuchli edi. Ular xatosini kamtarlik ila tan olishgan. Ularning savoli nafaqat noto‘g‘ri nuqtai nazarini, balki to‘g‘ri munosabatini ham ko‘rsatgan. Iso shogirdlariga qayta-qayta: «Hushyor turinglar»,— deb aytgan. (Mat. 24:42; 25:13; 26:41) Ular ma’nan hushyor bo‘lishgan va Yahova tez orada harakatga tushishiga ishora qiladigan hodisalarni diqqat bilan kuzatishgan. Biz ham shunday munosabatni rivojlantirishimiz lozim. Darhaqiqat, bu biz uchun har qachongidan ham muhim, chunki biz «oxirzamonda» yashayapmiz. (2 Tim. 3:1–5)

11, 12. a) Iso izdoshlariga qanday topshiriq bergan? b) Iso va’z qilish topshirig‘ini berganda muqaddas ruh haqida eslatgani nega o‘rinli edi?

11 Iso havoriylarga nimaga diqqat qaratish kerakligini eslatgan. U quyidagicha degan: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Ular Isoning tirilishi haqida eng avvalo Quddusda — uni o‘ldirishgan shaharda va’z qilishlari kerak edi. So‘ng esa buni butun Yahudiya hamda Samariyada va olis yerlarda e’lon etishlari lozim edi.

12 Iso shogirdlarini va’z qilishga jo‘natishdan oldin muqaddas ruhni yordamchi sifatida berishni eslatgani o‘rinli edi. Bu «muqaddas ruh» iborasi Havoriylar kitobida uchragan 40 dan ziyod joylardan biri, xolos. Havoriylar kitobida Yahovaning irodasini muqaddas ruhsiz amalga oshirishimiz imkonsizligi qayta-qayta ta’kidlangan. Ha, Xudodan muqaddas ruh so‘rab turishimiz o‘ta muhim! (Luqo 11:13) Nega deganda, unga har qachongidan ko‘proq muhtojmiz.

13. Va’z qilish topshirig‘i qanchalik keng miqyosda bajarilyapti va nega bu bilan band bo‘lishimiz lozim?

13 O‘sha paytdan buyon «hatto yerning chetlariga qadar» degan tushunchaning ma’nosi o‘zgardi. O‘tgan bobda aytilganiday, biz Xudo har turli odamlar Shohlik xabarini eshitishini xohlaganini bilib, va’z qilish topshirig‘ini chin qalbdan qabul qilamiz. (1 Tim. 2:3, 4) Siz ham bu najotbaxsh ishda faol ishtirok etyapsizmi? Bunday mamnuniyat baxsh etadigan qoniqarli ishni hech qayerda topa olmaysiz! Ishonavering, uni bajarishingiz uchun Yahova sizga kerakli kuchni beradi. Havoriylar kitobidan xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun qaysi usullarni qo‘llash va to‘g‘ri munosabatni qanday rivojlantirish mumkinligini bilib olasiz.

14, 15. a) Farishtalar Isoning qaytib kelishi borasida nima degan va bu qanday ma’noga ega? (Izohga ham qarang.) b) Nega Iso yer yuzini tark etganiday qaytib kelgan deb ayta olamiz?

14 Ushbu bobning boshida aytilganiday, Iso osmonga ko‘tarilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Lekin 11 ta havoriy osmonga tikilib qarab turgan. O‘shanda ikkita farishta paydo bo‘lib, ularga shunday degan: «Ey jalilaliklar, nega osmonga tikilib qarab turibsizlar? Orangizdan osmonga olingan bu Isoning ko‘kka ko‘tarilganini qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, u xuddi shunday qaytib keladi». (Havor. 1:11) Bu bilan farishtalar ba’zi dinlarda o‘rgatilganidek, Iso jismoniy tanada qaytib keladi demoqchimidi? Yo‘q. Buni qayerdan bilamiz?

15 Farishtalar Iso o‘sha ko‘rinishda emas, «xuddi shunday qaytib keladi» degan b. Xo‘sh, Iso yer yuzini qanday tark etgan? Farishtalar gapirayotganda, u ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Iso yer yuzini tark etib, samoviy Otasining huzuriga qaytishini faqat bir nechta odam, ya’ni havoriylar ko‘rgan. Uning qaytib kelishi ham «xuddi shunday» bo‘lishi kerak edi. Ha, aynan shunday ham bo‘ldi. Bugungi kunda Muqaddas Kitobni to‘g‘ri tushunadigan kishilargina Iso osmonda Shoh sifatida boshqarayotganini anglab yetyapti. (Luqo 17:20) Biz Iso hukm surayotganini tasdiqlovchi dalillarni ko‘ra olishimiz va buni boshqalarga ham yetkazishimiz kerak. Shunda ular ham qaysi vaqtda yashayotganimizni tushunadi.

«Kimni tanlab olganingni bizga ko‘rsat» (Havoriylar 1:13–26)

16–18. a) Havoriylar 1:13, 14 dan yig‘ilishlar haqida nimani bilib olyapmiz? b) Isoning onasi Maryamning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin? v) Nega yig‘ilishlar bugungi kunda muhim ahamiyatga ega?

16 Havoriylar «juda xursand bo‘lib Quddusga» qaytgani ajablanarli emas. (Luqo 24:52) Qiziq, ular Isoning yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalariga qanday munosabat bildirgan? Havoriylar 1:13, 14 dan shogirdlar «boloxonada» yig‘ilganini va bunday uchrashuvlarning qiziqarli tafsilotlarini bilib olyapmiz. O‘sha paytlarda Falastindagi uylarning boloxonasi bo‘lib, u yerga tashqaridagi zinadan chiqilardi. Ehtimol, bunday «boloxona» Havoriylar 12:12 da tilga olingan uyda ham bo‘lgan. O‘sha uy Markning onasiga tegishli bo‘lib, juda oddiy va shinam edi. Xo‘sh, o‘sha yig‘ilishga kimlar kelgan va ular nima qilgan?

17 E’tibor bering, yig‘ilishda faqat havoriylar va erkaklar bo‘lmagan. U yerda «boshqa ayollar» qatori, Isoning onasi Maryam ham bo‘lgan. Mazkur oyatda uning ismi oxirgi marta uchraydi. U imondoshlari bilan birga kamtarlik ila Xudoga topinganini va o‘ziga bino qo‘ymaganini ko‘z oldimizga keltirsak bo‘ladi. Iso hayotligida uni tan olmagan ukalari endi uning izdoshlari bo‘lgani Maryamga dalda baxsh etgandir. (Mat. 13:55; Yuhan. 7:5) Akasi o‘lib, tirilganidan keyin ular ancha o‘zgarib qolishgan. (1 Kor. 15:7)

18 Endi esa ular nega yig‘ilganiga diqqat qarataylik. Ularning hammasi tinmay ibodat qilayotgandi. (Havor. 1:14) Masihiylar doimo yig‘ilishlarni Xudoga topinishning ajralmas qismi deb hisoblashgan. Biz ham bir-birimizga dalda berish, maslahat hamda yo‘l-yo‘riq olish va eng asosiysi, samoviy Otamiz Yahovaga topinish uchun birga yig‘ilamiz. Yig‘ilishlarda ibodat qilganimiz va hamdu sanolar kuylaganimiz Yahovani quvontiradi. Bu o‘zimiz uchun ham muhim. Iloyo, bunday muqaddas va daldali yig‘ilishlarni hech qachon qoldirmaylik! (Ibron. 10:24, 25)

19–21. a) Butrus jamoat ishlarida faol ishtirok etganidan qanday saboq olyapmiz? b) Nega Yahudoning o‘rniga boshqasi tanlanishi kerak edi va bu masala qanday yechilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

19 Isoning shogirdlari muhim bir masalaga duch kelishdi va havoriy Butrus uni hal qilishda rahbarlikni o‘z zimmasiga oldi. (15–26 oyatlar) Butrus Hazratidan uch marta tonganidan keyin bir necha hafta o‘tib qanchalik o‘zgarganini bilish juda quvonchli! (Mark 14:72) Barchamiz gunoh qilishga moyilmiz, lekin Yahova «mehribon» va chin dildan tavba qilganlarni «kechirishga tayyor» ekanini doim yodda tutishimiz lozim. (Zab. 86:5)

20 Butrus Isoga xoinlik qilgan havoriy Yahudoning o‘rnini boshqasi egallashi kerakligini tushunardi. Bu kim bo‘larkin? U Isoning xizmati davomida unga ergashgan va tirilishini ko‘rgan bo‘lishi shart edi. (Havor. 1:21, 22) Bu Isoning quyidagi so‘zlariga muvofiq: «Mening orqamdan ergashgan sizlar ham 12 taxtga o‘tirib, Isroilning 12 qabilasini hukm qilasizlar». (Mat. 19:28) Hoynahoy, Yahova Isoning yer yuzidagi xizmati davomida unga ergashgan 12 ta havoriy kelajakda Yangi Quddusning «poydevorida 12 ta tosh» bo‘lishini xohlagan. (Vah. 21:2, 14) Xudo Butrusga «Nozirlik vazifasini boshqasi olsin» degan bashorat Yahudoga tegishli ekanini tushunishga ko‘maklashgan. (Zab. 109:8)

21 Xo‘sh, tanlov qanday amalga oshirilgan? Qadimgi odatga ko‘ra, ular qur’a tashlashgan. (Hik. 16:33) Bu Muqaddas Kitobda qur’a tashlash tilga olingan oxirgi vaziyat. Keyinchalik, muqaddas ruh yog‘dirilishi bilan bunga boshqa hojat qolmaganga o‘xshaydi. Ammo nega qur’a tashlanganiga e’tibor bering. Havoriylar shunday ibodat qilishgan: «Ey Yahova, Sen barchaning qalbini bilasan, bu ikki kishidan kimni tanlab olganingni bizga ko‘rsat». (Havor. 1:23, 24) Demak, ular tanlovni Yahovaga qo‘yib berishgan. Qur’a Iso va’zgo‘ylikka yuborgan 70 ta shogirdidan biri bo‘lmish Mattiyaga tushgan. Shunday qilib, Mattiya «12 havoriy»ning biri bo‘lgan. (Havor. 6:2) c

22, 23. Nega jamoatda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarga itoatli bo‘lib, quloq solishimiz muhim?

22 Bu voqeadan ko‘ryapmizki, Xudo xalqi tashkillashtirilgan bo‘lishini xohlaydi. Bugun ham jamoatda ko‘z-quloq bo‘lish uchun mas’uliyatli kishilar tayinlanadi. Oqsoqollar ular Muqaddas Kitob talablariga mos kelish-kelmasligini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, Xudodan muqaddas ruh orqali yo‘naltirishini so‘rashadi. Shuning uchun jamoat bu kishilar muqaddas ruh orqali tayinlangan, deb hisoblaydi. Biz esa ularning ko‘rsatmalariga itoatli bo‘lib, quloq solamiz. Bu jamoatning hamjihatligiga hissa qo‘shadi. (Ibron. 13:17)

Tayinlangan nozirlarga itoatli bo‘lib, quloq solamiz

23 Shogirdlar Isoni tirilganidan keyin ko‘rishgach hamda va’zgo‘ylik ishini tashkillashtirishga ko‘maklashgan o‘zgarishlar yuz bergach ularning imoni mustahkamlandi. Shu yo‘sin, ular keyinchalik sodir bo‘ladigan voqeaga butunlayin tayyor bo‘lishdi. Navbatdagi bobda uni batafsil ko‘rib chiqamiz.

a Luqo bayon etgan xushxabarida unga «muhtaram Teofil» deb murojaat qilishi, ehtimol, u obro‘li inson ekaniga, ammo hali masihiy bo‘lmaganiga ishora qilyapti. (Luqo 1:3) Lekin Havoriylar kitobida Luqo uni «aziz Teofil» deb aytyapti. Ba’zi olimlarning fikricha, Teofil Luqo bayon etgan xushxabarni o‘qigandan keyin masihiy bo‘lgan. Shuning uchun ularning aytishicha, Luqo unga endi balandparvoz unvonni ishlatmay murojaat qilyapti.

b Bu yerda «ko‘rinish» ma’nosini anglatadigan yunoncha morfе́ so‘zi emas, balki «uslubni» anglatadigan trо́pos so‘zi ishlatilgan.

c Keyinchalik Pavlus «o‘zga xalqlarga yuborilgan havoriy» bo‘lib tayinlangan, lekin u 12 havoriy qatoriga kirmagan. (Rim. 11:13; 1 Kor. 15:4–8) U Isoning yer yuzidagi xizmati davomida unga ergashmagani uchun bunday o‘zgacha sharafga loyiq bo‘lmagan.