3-BOB
«Muqaddas ruhga to‘lishdi»
Hosil bayramida muqaddas ruh yog‘dirilishining natijasi
Havoriylar 2:1–47 ga asoslangan
1. Hosil bayramidagi muhitni tasvirlab bering.
QUDDUS ko‘chalarida shovqin-suron ko‘tarilgan a. Ma’bad qurbongohidan tutun chiqyapti, levilar esa Xallel nomli hamdu sanolarni (Zabur 113–118) ehtimol, antifon uslubida, ya’ni navbatma-navbat kuylashyapti. Ko‘chalar Quddusga kelgan odamlarga to‘la. Ular uzoq yurtlardan — Elam, Mesopotamiya, Kappadokiya, Pont, Misr va Rimdan kelishgan b. Nega? Ular «ilk hosil yig‘ilgan kun» deb ham ataladigan Hosil bayramiga kelishgan. (Sah. 28:26) Har yili nishonlanadigan bu bayram, arpa o‘rimi tugab, bug‘doy o‘rimi boshlanganini anglatardi. Bu quvonchli kun edi.
2. Mil. 33-yili Hosil bayramida qanday hayratomuz hodisa ro‘y berdi?
2 Mil. 33-yili bahorda ertalab soat to‘qqizlarda bir voqea ro‘y berdi. Bu voqea hozirga qadar odamlarning qalbida o‘chmas iz qoldirgan. O‘shanda «to‘satdan osmondan kuchli shamol esganday bir shovqin keldi». (Havor. 2:2) O‘sha shovqin Isoning 120 ta shogirdi yig‘ilgan uyni to‘ldirdi. So‘ng hayratomuz hodisa sodir bo‘ldi. Ular alangalanib turgan tilga o‘xshash bir narsalar paydo bo‘lganini va bo‘linib har birining ustiga bittadan tushganini ko‘rishdi c. Shunda shogirdlar «muqaddas ruhga to‘lib», har xil tillarda gapira boshlashdi. Keyin ular o‘sha uydan chiqishganida, Quddus ko‘chalaridagi odamlar ular bilan gaplasha olgani uchun hayratda qolishdi. Darhaqiqat, har bir kishi shogirdlar «ularning tillarida gapirishayotganini» eshitardi. (Havor. 2:1–6)
3. a) Nega mil. 33-yildagi Hosil bayramini haq topinish tarixida muhim bosqich desa bo‘ladi? b) Butrusning nutqi «Osmon Shohligining kalitlari» qo‘llanilishi bilan qanday bog‘liq?
3 Ushbu hayajonli voqea haq topinish tarixida muhim bosqich bo‘ldi. O‘shanda ramziy Isroil xalqiga — moylangan masihiylar jamoatiga asos solingan edi. (Galat. 6:16) Lekin bu hali hammasi emas. O‘sha kuni Butrus xaloyiqqa murojaat qilganida, «Osmon Shohligining kalitlari»dan birinchisini qo‘lladi. Bu kalitlar turli xalq vakillari uchun qut-barakalarga ega bo‘lish imkoniyatini berardi. (Mat. 16:18, 19) Birinchi kalit yahudiylarga va boshqa xalq vakillariga xushxabarni qabul qilib, muqaddas ruh bilan moylanish imkonini yaratardi d. Shu yo‘sin, ular ramziy Isroilning a’zosi bo‘lib, Masihiy Shohlikda shoh va ruhoniylar sifatida boshqarish umidiga ega bo‘lardi. (Vah. 5:9, 10) Vaqt o‘tib, bunday imkoniyat samariyaliklar, so‘ng esa boshqa xalq vakillari uchun ochildi. Mil. 33-yili Hosil bayramida bo‘lgan muhim voqealardan hozirgi masihiylar nimani o‘rganishi mumkin?
«Hammasi bir joyda to‘planishgan» (Havoriylar 2:1–4)
4. Mil. 33-yili tashkil topgan va hozirgi jamoat o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
4 Boshida imonlilar jamoatida taxminan 120 ta shogird bor edi. Ular muqaddas ruh bilan moylangan bo‘lib, «hammasi bir joyda», boloxonada to‘plangandi. (Havor. 2:1) O‘sha kunning oxiriga kelib, bir necha ming kishi suvga cho‘mdi. Bu tashkilotimiz o‘sishining boshlanishi edi! Hozir ham bu davom etyapti. Chindan ham, Allohga chuqur hurmat ko‘rsatayotgan erkag-u ayollardan iborat bo‘lgan imonlilar jamoati oxirat kelmagunga qadar Shohlik haqidagi xushxabarni «hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab» va’z qilyapti. (Mat. 24:14)
5. Birinchi asrda bo‘lganidek, bugun ham imonlilar jamoatiga tegishli bo‘lish qanday barakalar olib keladi?
5 Imonlilar jamoati — ham moylanganlar, ham keyinchalik «boshqa qo‘ylar» uchun dalda manbai bo‘lishi kerak edi. (Yuhan. 10:16) Pavlus imondoshlari bir-birini qo‘llab-quvvatlash niyatida qilgan harakatlarini qadrlaganini ko‘rsatish uchun Rimdagi masihiylarga shunday yozgan: «Mustahkamlanishingiz uchun Xudo ato etgan in’om bilan bo‘lishay, deb sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti. Yoki to‘g‘risini aytganda, sizlarning hamda mening, ya’ni bir-birimizning imonimizdan dalda olishimizni xohlayman». (Rim. 1:11, 12)
6, 7. Masihiylar barcha xalqlardagi odamlarga va’z qilish ishini qanday bajarishyapti?
6 Birinchi asrda bo‘lgani kabi, bugun ham imonlilar jamoati o‘sha-o‘sha maqsadlar sari intiladi. Iso shogirdlariga qiyin, lekin qiziqarli vazifa topshirgan. U shunday aytgan: «Barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar». (Mat. 28:19, 20)
7 Hozirgi kunda bu faoliyatni Yahovaning Shohidlari amalga oshiryapti. Albatta, turli tillarda gapiradigan odamlarga xushxabarni yetkazish oson emas. Shunday bo‘lsa-da, Yahovaning Shohidlari 1 000 dan ziyod tillarda adabiyotlar nashr etadi. Agar siz ularning yig‘ilishlariga muntazam ravishda qatnayotgan hamda va’z qilish va shogird tayyorlash ishida ishtirok etayotgan bo‘lsangiz, bu quvonishingiz uchun sabab bo‘la oladi. Darhaqiqat, siz Tangrining ismi to‘g‘risida keng shohidlik berish sharafiga muyassar bo‘lgan nisbatan kamchilik qatoridasiz!
8. Qaysi ma’noda jamoat har birimiz uchun in’om?
8 Ushbu og‘ir damda quvonchni yo‘qotmay, bardoshli bo‘lishimiz uchun Tangri Yahova bizga umumjahon birodarlikni ato etgan. Pavlus ibroniy masihiylarga quyidagilarni yozgan: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik. Ba’zilarning odatidek, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik». (Ibron. 10:24, 25) Imonlilar jamoati — Yahovaning in’omi. U yerda boshqalarga dalda berib, o‘zingiz ham dalda olasiz. Shunday ekan, birodar-u opa-singillardan ayrilmang. Yig‘ilishlarni hech qachon qoldirmang!
«Ularning tillarida gapirishayotganini eshitishdi» (Havoriylar 2:5–13)
9, 10. Boshqa tilda gapiradigan odamlarga xushxabarni yetkazish uchun ba’zilar nima qilyapti?
9 Mil. 33-yili Hosil bayramidagi yahudiylar va boshqa xalq vakillari qanchalik xursand bo‘lganini bir tasavvur qiling. Ularning ko‘pchiligi keng tarqalgan tilda, ya’ni yunon yoki ibroniy tilida gapirgan bo‘lishi mumkin. Endi esa har bir kishi «shogirdlar ularning tillarida gapirishayotganini» eshityapti. (Havor. 2:6) Ular xushxabarni ona tilida eshitib ta’sirlangani shubhasiz. Albatta, bugungi masihiylar boshqa tilda mo‘jizaviy tarzda gapirib ketmaydi. Ammo ularning ko‘pi boshqa xalq vakillariga Shohlik xabarini bajonidil yetkazyapti. Qanday qilib? Ba’zilar yangi tilni o‘rganib, o‘zga tildagi jamoatda xizmat qilyapti yoki hatto boshqa mamlakatga ko‘chgan. Odatda, ular harakatlari tinglovchilarida chuqur taassurot qoldirayotganiga ahamiyat berishadi.
10 Misol uchun, Kristin opamiz va yettita imondoshimiz gujarot tili kurslarida o‘qishgan. U ishxonasida gujarot tilida gapiradigan yosh hamkasbi bilan uning ona tilida salomlashgan. O‘sha hamkasbi hayratda qolib, Kristin gujarot tilini nega o‘rganayotganini bilmoqchi bo‘lgan. Shunda Kristin unga yaxshi shohidlik bergan. Keyin hamkasbi unga: «Hech bir din o‘z vakillarini shunday qiyin tilni o‘rganishga undamaydi. Aminmanki, menga muhim bir narsa aytmoqchisiz»,— degan.
11. Boshqa tilda gapiradigan kishilarga va’z qilish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rsak bo‘ladi?
11 To‘g‘ri, hammamiz ham boshqa tilni o‘rgana olmaymiz. Shunga qaramay, o‘zga tilda gapiradigan insonlarga va’z qilish uchun tayyor bo‘lishimiz lozim. Qanaqasiga? Usullaridan biri «JW Language®» ilovasidan foydalanib, hududingizda keng tarqalgan tilda salomlashishni o‘rganishdir. Qolaversa, o‘sha tilda gapiradigan kishilarda qiziqish uyg‘otish mumkin bo‘lgan bir nechta iborani yodlab olarsiz. So‘ng ularga jw.org saytini va ularning tilida bor bo‘lgan turli video hamda adabiyotlarni ko‘rsatarsiz. Xizmatda shu kabi asboblardan foydalansak, birinchi asrdagi birodarlarga o‘xshab suyunamiz. Ular ham boshqa tilda gapiradiganlar xushxabarni ona tilida eshitib lol qolganida quvonishgan.
«Butrus... o‘rnidan» turdi (Havoriylar 2:14–37)
12. a) Mil. 33-yili Hosil bayramida yuz bergan hodisa to‘g‘risida Yo‘el payg‘ambar nima degan? b) Nega bu bashorat birinchi asrda amalga oshishi kutilgan?
12 Butrus o‘rnidan turib, turli xalqlardan bo‘lgan xaloyiqqa gapirdi. (Havor. 2:14) U Xudo O‘z xizmatchilariga turli tillarda gapirish qobiliyatini ato etganini va Yo‘el payg‘ambar orqali: «Men har qanday inson ustiga O‘z ruhimni yog‘diraman»,— deb aytgan bashorati amalga oshganini tushuntirgan. (Yo‘el 2:28) Osmonga ko‘tarilishidan avval Iso shogirdlariga: «Men Otamga murojaat qilaman va U toabad sizlar bilan bo‘ladigan boshqa yordamchini beradi»,— deb aytgan. O‘shanda Iso «muqaddas ruhni» nazarda tutgan. (Yuhan. 14:16, 17)
13, 14. Qanday qilib Butrus tinglovchilarning qalbini zabt etishga intilgan va biz unga qanday taqlid qila olamiz?
13 So‘zlariga yakun yasab, Butrus xaloyiqqa ochiqchasiga shunday degan: «Sizlar ustunga mixlatgan Isoni Tangrimizning O‘zi Hazrat va Masih qilib tayinlaganini butun Isroil xonadoni yaxshilab uqib olsin». (Havor. 2:36) To‘g‘ri, Butrusni tinglayotganlarning ko‘pi Iso ustunga mixlanganida u yerda bo‘lmagan. Ammo xalq sifatida ularning hammasi bu uchun javobgar edi. Shuni aytish joizki, Butrus yahudiylarga hurmat ila murojaat qilib, qalblarini zabt etmoqchi bo‘lgan. Butrusning maqsadi tinglovchilarni ayblash emas, balki tavba qilishga undash edi. Xo‘sh, ular xafa bo‘lishdimi? Aslo! Aksincha, «yuragiga o‘q qadalganday bo‘ldi». Ular: «Biz nima qilishimiz kerak?» — deb so‘rashdi. Ha, Butrus hurmat ila gapirgani ko‘plarning qalbini zabt etdi va tavba qilishga chorladi. (Havor. 2:37)
14 Odamlarning qalbini zabt etishda havoriy Butrusdan o‘rnak olishimiz mumkin. Boshqalarga shohidlik berayotib, Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan har bir tushunchani to‘g‘rilamasligimiz kerak. Aksincha, umumiy fikrni topib, suhbatni davom ettirsak yaxshi bo‘lardi. Bunday qilsak, keyinchalik suhbatdoshimiz bilan Xudoning Kalomi asosida xushmuomala tarzda muzokara yurita olamiz. Muqaddas Kitobdagi haqiqat aynan shunday taqdim etilsa, samimiy insonlar xushxabarni qabul qilish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.
«Har biringiz... suvga cho‘minglar» (Havoriylar 2:38–47)
15. a) Havoriy Butrus nima degan va odamlar bunga qanday munosabat ko‘rsatgan? b) Nega Hosil bayramida xushxabarni eshitgan minglab kishilar o‘sha kuniyoq suvga cho‘ma olgan?
15 Mil. 33-yili Hosil bayramining o‘sha hayajonli kuni Butrus samimiy yahudiylarni va boshqa xalq vakillarini: «Tavba qilinglar... har biringiz... suvga cho‘ming»,— deb undagan. (Havor. 2:38) Natijada, taxminan 3 000 kishi ehtimol Quddusdagi yoki undan uzoq bo‘lmagan hovuzlarda suvga cho‘mgan e. Ular shunchaki his-tuyg‘uga berilib bunday qilishganmi? Bu voqea Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlar yoki Yahova Shohidlarining farzandlari suvga cho‘mishga tayyorlanmay turib bunday qilishi mumkinligini ko‘rsatyaptimi? Yo‘q. Esingizda bo‘lsa, mil. 33-yili Hosil bayramida suvga cho‘mgan yahudiylar va yahudiy diniga kirganlar Allohning Kalomini puxta o‘rganishgan. Qolaversa, ular Yahovaga bag‘ishlangan xalqning bir qismi edi. Bundan tashqari, ular g‘ayratli ekanini namoyon etishgan. Ularning ba’zilari har yili bayramga borish uchun uzoq yo‘l yurishgan. Iso Masih Xudoning niyatida qanday ahamiyatga ega ekanini bilib olgach, ular xizmatini davom ettirishga tayyor bo‘lishgan. Lekin bu safar ular buni Masihning suvga cho‘mgan izdoshlari sifatida qilishmoqchi edi.
16. Birinchi asrdagi masihiylar fidoyilik ruhini qanday namoyon etgan?
16 Yahova ularga baraka bergani turgan gap. Bayonotda quyidagicha yozilgan: «Isoning izdoshi bo‘lganlarning hammasi birgalashib, barcha narsalarini o‘zaro baham ko‘rishardi. Ular mol-mulklarini sotib, daromadni har kimning ehtiyojiga qarab taqsimlashardi». (Havor. 2:44, 45) f Shubhasizki, barcha masihiylar ularning sevgisi-yu fidoyilik ruhiga taqlid qilishni istaydi.
17. Suvga cho‘mish uchun qanday qadamlar qo‘yish talab etiladi?
17 Hayotini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishdan avval inson Muqaddas Yozuvlarga asoslangan qadamlar qo‘yishi zarur. U Xudoning Kalomidan bilim olishi kerak. (Yuhan. 17:3) Shuningdek, imonini namoyon etishi, tavba qilishi va chin dildan afsuslanayotganini ko‘rsatishi lozim. (Havor. 3:19) So‘ng u tubdan o‘zgarishi va Tangrining irodasiga muvofiq tarzda hayot kechirishi darkor. (Rim. 12:2; Efes. 4:23, 24) Bu qadamlarni qo‘ygach, u ibodat qilib o‘zini Allohga bag‘ishlaydi va suvga cho‘madi. (Mat. 16:24; 1 Butr. 3:21)
18. Suvga cho‘mgan masihiylar qanday sharafga ega?
18 O‘zingizni Allohga bag‘ishlab, suvga cho‘mganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, bu sharafni qadrlang. Siz ham muqaddas ruh yog‘dirilgan birinchi asrdagi shogirdlar kabi keng shohidlik berib, Yahovaning irodasini bajara olasiz!
a « Quddus — yahudiy dinining markazi» nomli 23-sahifadagi ramkaga qarang.
b « Rim — imperiya poytaxti», « Mesopotamiya va Misrdagi yahudiylar» hamda « Pontdagi masihiylar» nomli 24-, 25- va 26-sahifalardagi ramkalarga qarang.
c Bu tom ma’nodagi alanganing «tillari» emas, balki shunga «o‘xshash bir narsa» edi. Hoynahoy, har bir shogirdning ustiga yog‘dirilgan muqaddas ruh yarqirab turgan alangaga o‘xshardi.
d « Yahudiy diniga kirganlar kim edi?» nomli 27-sahifadagi ramkaga qarang.
e Misol uchun, 1993-yili 7-avgustda Kiyevda (Ukraina) bo‘lgan xalqaro anjumanda oltita basseynda 7 402 kishi suvga cho‘mgan. Bu 2 soat 15 daqiqa davom etgan.
f Quddusga kelganlar o‘sha yerda qolib, qo‘shimcha ma’naviy ta’lim olishga ehtiyoj paydo bo‘lgani uchun bunday vaqtincha chora ko‘rilgan. Odamlar mol-mulkini ixtiyoriy ravishda bergan. Ular buni siyosiy qarashlar emas, balki sevgi tufayli qilgan. (Havor. 5:1–4)