Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-BOB

«Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak»

«Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak»

Havoriylar barcha masihiylar uchun o‘rnak

Havoriylar 5:12–6:7 ga asoslangan

1–3. a) Nega havoriylar Oliy Kengash oldida turishgan va qanday jiddiy masalaga duch kelishgan? b) Havoriylar o‘zini qanday tutgani nega bizni qiziqtirishi darkor?

 OLIY KENGASH hakamlari g‘azab o‘tida! Isoning havoriylari jinoyatda ayblanib, ularning oldida javobgarlikka tortilyapti. Qiziq, nega? Oliy Kengashni boshqarayotgan oliy ruhoniy Yusuf Kayafa achchiqlanib: «Sizlarga Isoning nomini tilga olib boshqa ta’lim bermanglar, deb taqiqlab qo‘ymaganmidik?» — dedi. U gapida davom etib: «Xo‘sh, bu nima qilganingiz? Mana, ta’limotingiz bilan butun Quddusni to‘ldirib yubordingizlar. Nima, bu bilan o‘sha odamning qonini bizning bo‘ynimizga qo‘ymoqchimisizlar?» — dedi. (Havor. 5:28) Havoriylarga aniq qilib aytildi: va’z qilmang, aks holda, kuningizni ko‘rsatamiz!

2 Havoriylar qanday yo‘l tutadi? Va’z qilish vazifasini ularga Iso topshirgan. Bu vakolatni unga Alloh bergan edi. (Mat. 28:18–20) Havoriylar do‘q-po‘pisalardan qo‘rqib, jim turadimi? Yoki jasorat ila va’z qilishni davom ettiradimi? Ular jiddiy masalaga duch kelishdi: Xudoga bo‘ysunishmi yoki odamgami? Butrus ikkilanmay, barcha havoriylar nomidan g‘ayrat ila aniq javob beradi.

3 Havoriylar Oliy Kengash tahdidlari ostida o‘zini qanday tutgani bizni juda qiziqtiradi. Sababi, va’z qilish topshirig‘i bizga ham taalluqli. Alloh topshirgan bu vazifani bajarganda, biz ham qarshiliklarga duch kelishimiz mumkin. (Mat. 10:22) Bizga qarshilik ko‘rsatayotganlar faoliyatimizni cheklab qo‘yishga yoki man etishga urinishyapti. Xo‘sh, biz qanday yo‘l tutamiz? Havoriylarga Oliy Kengashda jasoratli bo‘lishga nima yordam bergani va ular u yerga borishidan oldin yuz bergan voqealar haqida fikr yuritish foydali bo‘ladi a.

«Yahovaning farishtasi qamoqxonaning eshiklarini ochdi» (Havoriylar 5:12–21a)

4, 5. Nega Kayafa va sadduqiylar hasadga to‘lgan edi?

4 Butrus bilan Yuhannoga va’z qilish birinchi marta man etilganda, ular shunday javob berishganini eslang: «Ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz». (Havor. 4:20) Oliy Kengashdagi o‘sha to‘qnashuvdan so‘ng Butrus, Yuhanno va boshqa havoriylar ma’badda va’z qilishni davom ettirishgan. Havoriylar mo‘jizalar yaratishgan, masalan, kasallarga shifo berishgan va jinlarni quvib chiqarishgan. Ular buni ko‘p yahudiylar yig‘iladigan ma’badning sharqida joylashgan, tepasi yopiq, ustunlari bor ayvonda — «Sulaymon ravoqida» qilishgan. U yerdagi odamlar, ehtimol, hatto Butrusning soyasi ostida ham shifo topishgan. Sog‘aygan ko‘plar xushxabarni qabul qilgan va natijada «Hazratimizga ishongan erkag-u ayollarning soni» ortib borgan. (Havor. 5:12–15)

5 Sadduqiylar va bu mazhabdan bo‘lgan Kayafa «hasadga to‘lib», havoriylarni qamoqxonaga tashlashgan. (Havor. 5:17, 18) Nega ular bunday yo‘l tutishgan? Chunki havoriylar Isoning tirilgani haqida ta’lim berishgan, sadduqiylar esa tirilishga ishonishmagan. Havoriylar faqat Isoga ishongan kishi qutqarilishi mumkin, deb aytishgan. Biroq sadduqiylar odamlar Isoni Yo‘lboshchisi deb hisoblashsa, Rim hukumati ularni jazolashidan qo‘rqishgan. (Yuhan. 11:48) Sadduqiylar havoriylarning og‘zini yopmoqchi bo‘lgani ajablanarli emas.

6. Yahovaning xizmatchilari asosan kim tufayli ta’qiblarga duch kelishyapti va nega bundan hayron bo‘lmasligimiz lozim?

6 Bugun ham Yahovaning xizmatchilari asosan din peshvolari dastidan ta’qiblarga uchraydi. Faoliyatimizni to‘xtatish uchun ular mavqeidan foydalanib, hukmron hokimiyatga va ommaviy axborot vositalariga ta’sir o‘tkazishadi. Bundan hayron bo‘lishimiz kerakmi? Yo‘q. Boisi, biz va’z qilayotgan xabar soxta din qilmishlarini fosh etadi. Samimiy insonlar haqiqatni qabul qilish orqali Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan ta’limotlar-u urf-odatlardan yuz o‘girishadi. (Yuhan. 8:32) Shuning uchun ham hasadga to‘lib-toshgan din peshvolari xushxabardan nafratlanib, bizni ta’qib qilishyapti.

7, 8. Farishtaning so‘zlari havoriylarga qanday ta’sir qilgan va o‘zimizga qanday savol bersak bo‘ladi?

7 Havoriylar hukm chiqarilishini kutganda, imoni tufayli dushmanlar tomonidan azob chekib qatl etilamiz, deb xavotirlanishgandir. (Mat. 24:9) Biroq kechasi kutilmagan bir voqea yuz berdi: «Yahovaning farishtasi qamoqxonaning eshiklarini ochdi». (Havor. 5:19) b Keyin farishta ularga aniq ko‘rsatma berdi: «Ma’badda turib,... barini aytib beringlar». (Havor. 5:20) Bu havoriylarni ular to‘g‘ri yo‘l tutishayotganiga ishontirgani shubhasiz. Hoynahoy, farishtaning so‘zlari tufayli ular nima bo‘lishidan qat’i nazar va’z qilishni davom ettirishga ham qaror qilishgan. Kuchli imon va jasorat ila havoriylar «saharda ma’badga kirib, ta’lim bera boshlash»gan. (Havor. 5:21)

8 Har birimiz o‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Shu kabi vaziyatlarda va’zgo‘ylikni davom ettirishga imonim va jasoratim yetadimi?» «Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng» shohidlik berish faoliyati farishtalarning ko‘magi bilan amalga oshayotganini bilish bizga kuch ato etadi. (Havor. 28:23; Vah. 14:6, 7)

«Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak» (Havoriylar 5:21b–33)

«Ularni olib kelishgach, Oliy Kengash oldida turg‘izib qo‘yishdi». (Havoriylar 5:27)

9–11. Oliy Kengash va’zgo‘ylikni to‘xtatishni talab qilganda, havoriylar qanday yo‘l tutishdi va haqiqiy masihiylarga qanday o‘rnak ko‘rsatishdi?

9 Kayafa hamda Oliy Kengashning boshqa hakamlari havoriylarning ta’zirini bermoqchi. Ular qamoqxonada nima yuz berganidan bexabar edi va havoriylarni keltirish uchun u yerga odamlarni jo‘natishadi. Ular «qamoqxona yaxshilab qulflanganini hamda eshik oldida soqchilar turganini», ammo ichida hech kim yo‘qligini ko‘rib, og‘zi ochilib qolganini tasavvur qiling! (Havor. 5:23) Ko‘p o‘tmay, soqchilarning nazoratchisi havoriylar yana ma’badda Iso Masih to‘g‘risida shohidlik berishayotganini bilib qoladi. Axir, ular aynan shu sababli qamoqqa tashlangan edi-ku! Shunda u soqchilar bilan birga havoriylarni tutish uchun tezda ma’badga boradi va ularni Oliy Kengashga yetaklab keladi.

10 Bu bobning boshida aytilganidek, jahli chiqqan din peshvolari havoriylarga va’z qilishni to‘xtatishlari kerakligini aytishgan. Lekin havoriylar qanday yo‘l tutishgan? Butrus barcha havoriylar nomidan jasorat ila shunday degan: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak». (Havor. 5:29) Shu yo‘sin, havoriylar barcha haqiqiy masihiylarga o‘rnak ko‘rsatishgan. Hukmron hokimiyat Xudo bizdan talab qilayotgan narsani taqiqlaganda yoki U man etayotgan narsani qilishga majburlaganda, ularga bo‘ysunmaymiz. Shuning uchun «hukmron hokimiyat» va’zgo‘ylik faoliyatini taqiqlasa, Allohning bu boradagi amriga bo‘ysunishimiz lozim. (Rim. 13:1) Darhaqiqat, hukumatlarning e’tiborini o‘zimizga jalb qilmay, Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berishning yo‘llarini topib va’z qilishni davom ettiramiz.

11 Havoriylarning jasorat ila bergan javobi g‘azabga mingan hakamlarning jahlini battar qo‘zg‘atgani ajablanarli emas. Ular havoriylarni «o‘ldirmoqchi bo‘lishdi». (Havor. 5:33) Bu jasur va g‘ayratli shohidlarning kuni bitdi desa ham bo‘ladi. Biroq Yahova ularga kutilmagan yo‘l orqali yordam berdi!

«Ularni to‘xtata olmaysizlar» (Havoriylar 5:34–42)

12, 13. a) Gamaliyel hakamlarga qanaqa maslahat berdi va ular nima qilishdi? b) Yahova bugungi kunda xalqini qanday himoya qila oladi va U «odillik uchun» azob chekishimizga yo‘l qo‘ysa, nimada ishonchimiz komil bo‘lishi darkor?

12 «Butun xalqning hurmatini qozongan, Tavrot muallimi bo‘lmish Gamaliyel» so‘zga chiqdi c. Hoynahoy, boshqa hakamlar ham uni hurmat qilishgan. U mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, havoriylarni «qisqa vaqtga tashqariga chiqarishni» buyurganda boshqalar indamadi. (Havor. 5:34) Gamaliyel o‘tmishda Rimliklarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar haqida aytib, rahbari o‘lganidan keyin qo‘zg‘olonchilar ham darhol daf bo‘lishini ta’kidladi. Shu bois u hakamlarni sabrli bo‘lishga chorlab, havoriylarni to‘xtatmaslikni aytdi. Chunki ularning Rahbari Iso yaqinda vafot etgandi. Gamaliyel jiddiy asos keltirdi: «Bu insonlarga tega ko‘rmanglar, ularni o‘z holiga qo‘yinglar, chunki agar bu tashabbus yoki faoliyat odamlardan chiqqan bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Bordi-yu, Xudodan bo‘lsa, ularni to‘xtata olmaysizlar. Tag‘in Allohga qarshi chiqqan bo‘lmanglar». (Havor. 5:38, 39) Hakamlar unga quloq solishdi. Lekin havoriylarni do‘pposlab, «Isoning nomidan boshqa ta’lim bermaslikni» buyurishdi. (Havor. 5:40)

13 Yahova hozir ham Gamaliyel kabi ziyoli kishilar orqali O‘z xalqini himoya qilishi mumkin. (Hik. 21:1) U muqaddas ruhdan foydalanib qudratli boshqaruvchilarni, hakamlarni yoki qonun chiqaruvchilarni Uning irodasiga muvofiq yo‘l tutishga unday oladi. (Naxim. 2:4–8) Biroq Xudo «odillik uchun» azob chekishimizga yo‘l qo‘ysa ham, ikkita narsada ishonchimiz komil. (1 Butr. 3:14) Birinchidan, U bardoshli bo‘lishimiz uchun kuch bera oladi. (1 Kor. 10:13) Ikkinchidan, dushmanlar Allohning ishini to‘xtata olishmaydi. (Ishayo 54:17)

14, 15. a) Havoriylar do‘pposlangach, nima qilishgan va nega? b) Yahovaning xizmatchilari quvonch ila bardosh qilishini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

14 Havoriylar do‘pposlangach, ruhi tushdimi yoki g‘ayrati so‘ndimi? Aslo! Ular «Oliy Kengashdan suyunib chiqib ketishdi». (Havor. 5:41) Nega ular suyunishdi? Albatta, kaltak yeb azob chekkani uchun emas. Ular Yahovaga sodiq qolib, Isoning izidan yurishgani uchun ta’qiblarga duch kelayotganini bilib suyunishdi. (Mat. 5:11, 12)

15 Birinchi asrdagi imondoshlarimiz singari xushxabar tufayli chekkan azoblarimizni quvonch ila yengamiz. (1 Butr. 4:12–14) Albatta, bizni qo‘rqitishsa, ta’qib qilishsa yoki qamoqqa tashlashsa xursand bo‘lmaymiz. Biroq Allohga sodiq qolganimizdan ich-ichimizdan mamnun bo‘lamiz. Masalan, totalitar rejimlarda ancha yillar vahshiy munosabatga duch kelgan Xenrik Dornikni olaylik. U hukumat 1944-yili avgustda uni va akasini konslagerga jo‘natganini eslaydi. Bizga qarshi bo‘lganlar shunday degan: «Ularni bu yo‘ldan qaytarib bo‘lmaydi. Ular imoni tufayli o‘lishi mumkinligini bilishdan quvonch his qiladi». Birodar Dornik quyidagicha tushuntirdi: «Men azob chekishni xohlamasdim. Ammo jasoratni va o‘zimga nisbatan hurmatni yo‘qotmay, Yahovaga sodiq qolganimdan xursandman». (Yoqb. 1:2–4)

Biz ham havoriylar kabi «uyma-uy» va’z qilamiz

16. Havoriylar keng shohidlik berishga tayyor bo‘lganini nimadan ko‘rsak bo‘ladi va ularning usuliga qanday taqlid qila olamiz?

16 Havoriylar vaqtni boy bermay va’zgo‘ylikni davom ettirishdi. Jasorat bilan «ular har kuni ma’badda va uyma-uy ta’lim berib, Iso Masih to‘g‘risidagi xushxabarni yoyishdan tinmasdilar». (Havor. 5:42) d O‘sha g‘ayratli va’zgo‘ylar keng shohidlik berishga bel bog‘lashgan. Ular Iso Masih buyurganiday, uyma-uy yurib va’z qilishgan. (Mat. 10:7, 11–14) Darhaqiqat, shu yo‘sin ular butun Quddusni haqiqat bilan to‘ldirib yuborishgan. Bugun ham Yahovaning Shohidlari havoriylar kabi bu usuldan foydalanib va’z qilishadi. Hududimizdagi har bir eshikni taqillatganda, barcha insonlarga va’z qilib xushxabarni eshitish imkonini bermoqchi ekanimizni ko‘rsatamiz. Xo‘sh, Yahova uyma-uy xizmatimizga baraka beryaptimi? Bo‘lmasam-chi! Bu oxirzamonda millionlab insonlar Shohlik xabarini qabul qilyapti va ko‘plari Yahovaning Shohidlari uylariga borganida xushxabarni birinchi marta eshitgan.

«Muhim vazifani» bajarishga layoqatli kishilar tayinlangan (Havoriylar 6:1–6)

17–19. Qanday muammo paydo bo‘ldi va uni hal qilish uchun havoriylar qanday yo‘l-yo‘riq berishdi?

17 Yaqinda tashkil etilgan jamoatda yashirin xavf-xatar paydo bo‘ldi. Qiziq, qanday? Suvga cho‘mgan ko‘p shogirdlar turli joylardan Quddusga kelib, uyga ketishdan avval ko‘proq bilim olmoqchi bo‘ldi. Quddusdagi shogirdlar imondoshlarida yegulik va boshqa kerakli narsalar bo‘lishi uchun xayr-ehson qilishdi. (Havor. 2:44–46; 4:34–37) Aynan o‘shanda nozik bir masala yuzaga keldi. «Kundalik rizq-ro‘zni taqsimlashda» yunon tilida gapirgan bevalarni chetlab o‘tishdi. (Havor. 6:1) Ibroniy tilida gapirgan bevalarni esa chetlab o‘tishmadi. Hoynahoy, muammo odam ajratishda edi. Ha, bu tufayli jamoatning birligiga putur yetishi mumkin edi.

18 O‘sha paytda o‘sib borayotgan jamoatning yetakchi kengashi sifatida havoriylar «Allohning kalomidan ta’lim berishni bir chetga surib qo‘yib,... yegulik tortiq qilish» oqilona emasligini tushunishdi. (Havor. 6:2) Bu muammoni hal qilish maqsadida ular ushbu «muhim vazifa»ga tayinlash uchun shogirdlarga «muqaddas ruh va donolikka ega» bo‘lgan yetti kishini tanlashni topshirishdi. (Havor. 6:3) Layoqatli kishilarga ehtiyoj bor edi, chunki ular, ehtimol, nafaqat rizq-ro‘zni tarqatish, balki pulni taqsimlash, bozor-o‘char qilish va kirim-chiqimni hisoblash uchun kerak edi. Tanlangan barcha kishilarning ismlari yunoncha bo‘lgani bejiz emas, chunki kamsitilgan bevalar ularga bemalol murojaat qila olishi ehtimolga yaqin. Havoriylar ibodat ila tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqib, bu «muhim vazifa»ga yetti kishini tayinlashdi e.

19 Xo‘sh, rizq-ro‘zni tarqatishga tayinlangan yetti kishi endi xushxabarni va’z qilmasa ham bo‘larmidi? Albatta, yo‘q! Ular orasida jasorat va g‘ayrat ila va’z qilgan Stefan bor edi. (Havor. 6:8–10) Ular safiga «xushxabar voizi» deb atalgan Filip ham kirgan. (Havor. 21:8) Shubhasizki, o‘sha yetti kishi Shohlik xabarini g‘ayrat ila va’z qilishda davom etgan.

20. Bugungi kunda Xudoning xalqi havoriylarning o‘rnagiga qanday taqlid qilyapti?

20 Hozir Xudoning xizmatchilari havoriylarning o‘rnagiga taqlid qilishyapti. Jamoatga bosh-qosh bo‘lish uchun tavsiya etilgan erkaklar ilohiy donolikni namoyon etib, ularni muqaddas ruh boshqarayotganini ko‘rsatishlari kerak. Muqaddas Kitob talablariga mos keladigan erkaklar Yetakchi kengash yo‘l-yo‘rig‘i bilan oqsoqol yoki jamoat xizmatkori etib tayinlanadi. (1 Tim. 3:1–9, 12, 13) f Bu talablarga mos keladigan kishilar muqaddas ruh tomonidan tayinlanadi, deb aytsak bo‘ladi. Ular ko‘pgina muhim vazifalarni bajarish uchun jon kuydirishadi. Masalan, oqsoqollar yordamga muhtoj bo‘lgan sadoqatli yoshi ulug‘ imondoshlarga amaliy yordam ko‘rsatilishini tashkillashtirishi mumkin. (Yoqb. 1:27) Ba’zi oqsoqollar Yig‘ilish zallarining qurilishida va anjumanlar tashkil etilishida yordam beradi yoki Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitasida xizmat qiladi. Jamoat xizmatkorlari esa cho‘ponlik qilish yoki ta’lim berish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘pgina vazifalarni bajarishadi. Bu qobiliyatli kishilar jamoatdagi va tashkilotdagi vazifalarini bajarish bilan birga Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni va’z etishni ham davom ettirishi lozim. (1 Kor. 9:16)

«Allohning kalomi keng yoyila boshladi» (Havoriylar 6:7)

21, 22. Yaqinda tashkil topgan jamoatga Yahova baraka bergani nimadan ko‘rinyapti?

21 Yangi tashkil topgan jamoat ta’qiblarga dosh berib, uning birligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan muammoni Yahovaning madadi bilan yenga oldi. O‘sha jamoatga Yahova baraka berganini quyidagi so‘zlardan ko‘rish mumkin: «Allohning kalomi keng yoyila boshladi va Quddusda Iso shogirdlarining soni g‘oyat oshib boraverdi. Anchagina ruhoniylar ham imonga kirdi». (Havor. 6:7) Bu Havoriylar kitobida jamoatning tobora o‘sishi haqida yozilgan ko‘pgina misollardan biri, xolos. (Havor. 9:31; 12:24; 16:5; 19:20; 28:31) Bugun ham dunyoning turli joylarida Shohlik xabari keng yoyilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eshitish bizga xursandchilik baxsh etadi, shunday emasmi?!

22 Birinchi asrda g‘azabga mingan din peshvolari qo‘l qovushtirib o‘tirishmadi. Ta’qiblar yanada kuchaydi. Yaqinda Stefan shiddatli qarshiliklarga duch keladi. Keyingi bobda uning misolini ko‘rib chiqamiz.

a « Oliy Kengash — yahudiylarning oliy mahkamasi» nomli 39-sahifadagi ramkaga qarang.

b Havoriylar kitobida farishtalar haqida taxminan 20 marta aytilgan. Bu birinchisi. Bundan oldin Havoriylar 1:10 da ular to‘g‘risida «oq libos kiygan ikki kishi» deyilgan. (Havor. 1:10)

c « Gamaliyel — ravvinlar orasida obro‘ qozongan» nomli 41-sahifadagi ramkaga qarang.

d « “Uyma-uy” va’z qilish» nomli 42-sahifadagi ramkaga qarang.

e Bu «muhim vazifa» jiddiy bo‘lgani sabab uni bajarishga tayinlangan kishilar oqsoqollar uchun talablarga mos kelgan bo‘lsa kerak. Lekin Muqaddas Yozuvlarda erkak kishilar jamoatda qachon oqsoqol yoki nozir etib tayinlanishni boshlagani borasida aniq ma’lumot yo‘q.

f Birinchi asrda layoqatli erkak kishilarga oqsoqollarni tayinlash vakolati berilgandi. (Havor. 14:23; 1 Tim. 5:22; Titus. 1:5) Bugungi kunda Yetakchi kengash tomonidan tayinlanadigan tuman nozirlari oqsoqollarni va jamoat xizmatkorlarini tayinlash mas’uliyatiga ega.