Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7-BOB

«Iso haqidagi xushxabarni» e’lon qilish

«Iso haqidagi xushxabarni» e’lon qilish

Xushxabar voizi Filipning o‘rnagi

Havoriylar 8:4–40 ga asoslangan

1, 2. Birinchi asrda va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtatish uchun qilingan harakatlar nimaga olib keldi?

 KUCHLI quvg‘unlar boshlandi va Shoul jamoatga «zulm» o‘tkazadigan bo‘ldi. (Havor. 8:3) Shogirdlar Quddusdan qochib ketishadi va ba’zilar Shoul masihiylarni va’z qilishdan to‘xtatib, maqsadiga erishadi, deb o‘ylashi mumkin. Ammo shogirdlarning tarqalib ketgani tufayli kutilmagan bir narsa yuz beradi. Qiziq, nima bo‘ladi?

2 «Tarqab ketgan shogirdlar borgan joylarida Allohning kalomi to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon etishadi». (Havor. 8:4) Ana xolos! Quvg‘unlar va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtatmadi, aksincha, keng yoyilishiga sababchi bo‘ldi. Ta’qib qiluvchilar Isoning shogirdlarini tarqatib, o‘zlari bilmagan holda xushxabar olis yerlarga yetib borishiga hissa qo‘shishdi. Bunga o‘xshash voqealar bizning davrimizda ham sodir bo‘lganini ko‘rib chiqamiz.

«Tarqab ketgan shogirdlar» (Havoriylar 8:4–8)

3. a) Filip kim bo‘lgan? b) Nega Samariyada xushxabar keng tarqalmagan, ammo Isoning so‘zlariga binoan, u yerda nima yuz berishi kerak edi?

3 «Tarqab ketgan shogirdlar»dan biri Filip a bo‘lgan. (Havor. 8:4; « ”Xushxabar voizi” Filip» nomli 53-sahifadagi ramkaga qarang.) U Samariyaga boradi. Bu shaharda ko‘pchilik xushxabarni hali eshitmagan edi. Sababi, Iso qachonlardir havoriylariga: «Boshqa xalqlar hududidan o‘tmanglar va samariyaliklarning hech bir shahriga kirmanglar. Sizlar yaxshisi adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar»,— degan. (Mat. 10:5, 6) Ammo Iso keyinchalik bu shaharda keng shohidlik berilishini bilgan, chunki osmonga ko‘tarilishidan oldin u shunday degan: «Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8)

4. Samariyaliklar xushxabarni qanday qabul qilishgan va bunga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

4 Filip Samariyada hosil yetilganini payqadi. (Yuhan. 4:35) Filipning xabari u yerda yashovchi xalq uchun rohatbaxsh havoday bo‘lgan. Nega deganda, yahudiylar samariyaliklar bilan muloqot qilishmasdi va ko‘plari hatto ulardan nafratlanardi. Lekin samariyaliklar xushxabar barcha insonlar uchun ekanini va farziylar o‘rgatayotgan narsalardan farq qilishini tushunishgan. Sababi, farziylar odam ajratib, o‘zini boshqalardan zo‘r deb bilishgan. Filip esa yuzxotirchilik qilmay, samariyaliklarga jasorat ila shohidlik berib, ularni mensimagan odamlarning fikri unga ta’sir qilmasligini ko‘rsatgan. Bu xaloyiq Filipni diqqat ila eshitganining sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. (Havor. 8:6)

5–7. Masihiylarning tarqab ketishi xushxabarning keng yoyilishiga olib kelgani to‘g‘risida misol keltiring.

5 Birinchi asrda bo‘lganidek, hozir ham Xudoning xalqiga qarshi uyushtirilgan ta’qiblar va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtata olmayapti. Masihiylar majburan bir joydan boshqa joyga qayta-qayta ko‘chishi yoki qamoqqa tushishi tufayli Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni ko‘plab insonlar eshitgan. Masalan, Ikkinchi jahon urushida Yahovaning Shohidlari natsistlar konslagerlarida shohidlik berish imkoniyatini qo‘ldan boy berishmagan. O‘sha yerda Yahovaning Shohidlarini uchratgan bir yahudiy kishi shunday bo‘lishdi: «Ularning g‘ayratiga besh ketdim. Ularning imoni Muqaddas Yozuvlarga asoslanganiga amin bo‘ldim va men ham Yahovaning Shohidiga aylandim».

6 Ba’zida hatto ta’qib qiluvchilar Shohlik xabarini tinglab, haqiqatni qabul qilishgan. Mana bir misol. Frans Desh ismli imondoshimizni Guzen konslageriga (Avstriya) ko‘chirishganida, u SS ofitsyeri bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan. Yillar o‘tib, ular Yahova Shohidlarining anjumanida ko‘rishganida, ikkalasi ham va’zgo‘y sifatida xizmat qilayotganidan juda xursand bo‘lishganini bir tasavvur qiling!

7 Shunga o‘xshash voqealar masihiylar quvg‘unlar dastidan bir mamlakatdan boshqasiga qochib ketishganida ham yuz bergan. Masalan, 1970-yillarda Malavidagi Yahovaning Shohidlari Mozambikka qochib ketishganida, u yerda keng shohidlik berilgan. Hatto keyinchalik Mozambikda ham quvg‘unlar boshlanganida va’zgo‘ylik ishi to‘xtamagan. Bu haqda Fransisku Koana ismli birodarimiz shunday fikr bildirdi: «To‘g‘ri, va’zgo‘ylik faoliyati uchun ba’zi imondoshlarimizni bir necha marta hibsga olib, qamoqqa tashlashgan. Ammo ko‘p odamlar xushxabarni qabul qilganini ko‘rganimizda, Xudo birinchi asrdagi masihiylarga yordam berganidek, bizni ham qo‘llab-quvvatlayotganiga amin edik».

8. Siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar va’zgo‘ylik faoliyatiga qanday ta’sir qilgan?

8 Albatta, masihiylarning soni tobora oshishi faqatgina quvg‘unlar tufayli bo‘lmagan. Keyingi o‘n yillar mobaynida siyosiy hamda iqtisodiy o‘zgarishlar tufayli har xil xalqlar va turli tillarda gapiradigan odamlar xushxabarni eshitish imkoniga ega bo‘lgan. Ba’zilari barqaror hayot ilinjida urushlar bo‘layotgan yoki iqtisodiy tomondan kambag‘al hududlardan ketgan va u yerda Muqaddas Kitobni o‘rgana boshlagan. Bu esa o‘zga tilda gapiradigan hududlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Siz ham hududingizdagi «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan» odamlarga va’z qilishga intilyapsizmi? (Vah. 7:9)

«Menga ham shunday iqtidor beringlar» (Havoriylar 8:9–25)

«Havoriylar qo‘l qo‘ygan kishilarga muqaddas ruh berilayotganini ko‘rgan Simun ularga pul taklif qildi». (Havoriylar 8:18)

9. Simun kim bo‘lgan va uni nima ta’sirlantirgan bo‘lishi mumkin?

9 Filip Samariyada ko‘p alomatlar ko‘rsatgan. Misol uchun, u bemorlarni sog‘aytirgan va hatto jinlarni quvib chiqargan. (Havor. 8:6–8) Ayniqsa, bir odam Filipning mo‘jiza yaratish qobiliyatidan qattiq ta’sirlangan. O‘sha kishining ismi Simun bo‘lgan va u sehr-jodu bilan shug‘ullangan. Uni juda hurmat qilgan odamlar: «Bu kishida katta ilohiy kuch bor»,— deb aytishgan. Ammo Simun Filipning mo‘jizalarini ko‘rganda, unda haqiqiy ilohiy kuch borligini tushungan va Masihning izdoshiga aylangan. (Havor. 8:9–13) Biroq keyinchalik Simunning niyatlari sinalgan. Qanday qilib?

10. a) Samariyada Butrus bilan Yuhanno nima qilgan? b) Butrus va Yuhanno yangi shogirdlarning ustiga qo‘llarini qo‘yishganini ko‘rgach, Simun nima qilgan?

10 Havoriylar Samariyada haqiqatni qabul qilganlarning soni oshib borayotganini eshitgach, u yerga Butrus bilan Yuhannoni yuborishgan. (« Butrus “Osmon Shohligining kalitlarini” qo‘llamoqda» nomli shu sahifadagi ramkaga qarang.) Bu ikkita havoriy u yerga borgach, yangi shogirdlarning ustiga qo‘llarini qo‘ygan. Shunda ularning har biri muqaddas ruhga ega bo‘lgan b. Bu Simunda qiziqish uyg‘otgan. U havoriylarga: «Menga ham shunday iqtidor beringlar, toki kimning ustiga qo‘limni qo‘ysam, o‘sha muqaddas ruhga ega bo‘lsin»,— degan. Simun bu qobiliyatni hatto pulga sotib olmoqchi bo‘lgan. (Havor. 8:14–19)

11. Butrus Simunga qat’iylik ila nima degan va u buni qanday qabul qilgan?

11 Butrus Simunga qat’iylik ila shunday javob bergan: «Kumushing o‘zing bilan qo‘shmozor bo‘lsin. Chunki sen Xudoning in’omini pulga sotib olmoqchi bo‘lding. Tangri oldida yuragingdagi niyat buzuq bo‘lgani uchun, bu ishda sening ulushing yo‘q». Keyin Butrus uni tavba qilishga va Xudodan kechirim so‘rashga undab, quyidagi so‘zlarni aytgan: «Yuragingdagi buzuq niyat kechirilishi uchun,... Yahovaga yolvor». Hoynahoy, Simun yomon inson bo‘lmagan. U to‘g‘ri yo‘l tutishni xohlagan, biroq o‘sha paytda noto‘g‘ri istaklariga berilgan. Shuning uchun u havoriylardan: «Men uchun Yahovaga iltijo qilinglar, tag‘in aytganlaringizdan hech biri boshimga tushmasin»,— deb so‘ragan. (Havor. 8:20–24)

12. «Simoniya» nima degani va u xristian olami uchun qanday tuzoqqa aylangan?

12 Butrusning Simunga aytgan so‘zlari barcha masihiylar uchun ogoh tariqasida xizmat qiladi. «Simoniya» so‘zi aynan bu kishining ismi asosida paydo bo‘lib, muayyan, ayniqsa, diniy unvonlarni olib-sotishni bildiradi. Xristian olamining tarixi bunday misollarga to‘lib-toshgan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Talabalar papalarning konklavlar c tarixini tadqiq qilib hech bir saylov simoniyasiz o‘tmaganiga amin bo‘ladi. Konklavlarda ko‘pincha beadab, uyatsiz va ochiqdan-ochiq simoniyalar bo‘lgan». («The Encyclopædia Britannica», 1878)

13. Qanday qilib masihiylar simoniyadan qocha oladi?

13 Bugungi kunda masihiylar simoniyadan ehtiyot bo‘lishi lozim. Masalan, mas’uliyatli vazifalarni bajarishga tayinlaydigan birodarlarga xushomadgo‘ylik qilishga intilmaymiz yoki faqat ularga saxiylik ko‘rsatib, sovg‘alar taqdim etmaymiz. Boshqa tomondan, mas’uliyatli birodarlar boy imondoshlarga o‘zgacha munosabat ko‘rsatishdan uzoqlashishi lozim. Bu ikkala vaziyat ham simoniyaga kiradi. Ha, Xudoning har bir xizmatchisi «o‘zini past olib», Yahova O‘z ruhi orqali bunday sharafli xizmatga tayinlash vaqtini kutishi darkor. (Luqo 9:48) Allohning tashkilotida «o‘ziga sharaf izlagan» insonlarga o‘rin yo‘q. (Hik. 25:27)

«O‘qiyotganlaringizni tushunyapsizmi?» (Havoriylar 8:26–40)

14, 15. a) Habashistonlik amaldor kim bo‘lgan va Filip uni qayerda uchratgan? b) Amaldor Filipning xabariga qanday munosabat bildirgan va nega uning suvga cho‘mgani his-tuyg‘ularga asoslanmagan edi? (Izohga qarang.)

14 Yahovaning farishtasi Filipga Quddusdan G‘azoga boradigan yo‘lga tushishni aytadi. Balki, Filipning ko‘nglidan nima uchun degan fikr o‘tgandir. Ammo u «Ishayo payg‘ambarning kitobini ovoz chiqarib o‘qib ketayotgan» amaldorni ko‘rgach, buning sababini anglab yetadi. (« Habashistonlik amaldor» nomli 57-sahifadagi ramkaga qarang.) Yahovaning muqaddas ruhi Filipni uning aravasiga yetib olishga undaydi. Filip arava yonida chopib ketayotganda, undan: «O‘qiyotganlaringizni tushunyapsizmi?» — deya so‘raydi. U javoban: «Agar birov o‘rgatmasa, qanday tushuna olaman?» — deydi. (Havor. 8:26–31)

15 Keyin u Filipdan aravaga chiqib o‘tirishini iltimos qiladi. Ularning qiziqarli suhbatini bir tasavvur qiling! Boshqa ko‘plar kabi bu amaldor ham Ishayo payg‘ambarning bashoratidagi «qo‘zi» yoki «xizmatkor» kimni bildirishini bilmagan. (Ishayo 53:1–12) Yo‘l-yo‘lakay Filip unga bu bashorat Iso Masihda amalga oshganini tushuntirgan. Mil. 33-yili Hosil bayramida suvga cho‘mganlar kabi yahudiy diniga kirgan bu amaldor ham nima qilishi kerakligini darrov anglagan. U Filipga: «Mana suv, mening suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — degan. Shunda Filip uni shu zahotiyoq suvga cho‘mdirgan! d Suvga cho‘mish» nomli ramkaga qarang.) So‘ng Filipga yangi vazifa topshirilgan. U Ashdodga borib, xushxabarni va’z qilishi kerak edi. (Havor. 8:32–40)

16, 17. Qanday qilib farishtalar bugungi kunda va’zgo‘ylik faoliyatida ishtirok etishyapti?

16 Bugungi kunda masihiylar Filip kabi xushxabarni baham ko‘rish sharafiga ega. Odatda ular Shohlik to‘g‘risidagi xabar bilan norasmiy tarzda, masalan, sayohat qilganda bo‘lishishadi. Ko‘p hollarda, samimiy insonlarni uchratishni tasodif deb aytib bo‘lmaydi. Bunday vaziyatlar yuz berishi tabiiy, chunki Muqaddas Kitobga binoan, va’zgo‘ylik faoliyatida bizni farishtalar yo‘naltiradi. Shu bois bu xabar «har bir millat, qabila, til va xalqqa» yetkazilyapti. (Vah. 14:6) Iso ham va’zgo‘ylik faoliyatida qatnashayotganlarni farishtalar yo‘naltirishini bashorat qilgan. U bug‘doy va begona o‘tlar to‘g‘risidagi masalni aytib, o‘rim-yig‘im paytida — oxirzamonda — «o‘roqchilar» farishtalar bo‘lishini tushuntirgan. Shuningdek, Iso ular «uning Shohligidan boshqalarni gunohga yetaklaydigan barcha narsani va qonunbuzarlarni» to‘plashlarini aytgan. (Mat. 13:37–41) Shu bilan birga, Yahova samoda boshqarish umidiga ega bo‘lganlarni yig‘ishda va «boshqa qo‘ylar»dan iborat «ulkan olomonni» xalqiga qo‘shishda farishtalardan foydalanadi. (Vah. 7:9; Yuhan. 6:44, 65; 10:16)

17 Buning tasdig‘i sifatida biz xizmatda uchratgan odamlar Allohdan yordam so‘rab ibodat qilishganini aytib bergan vaziyatlarni keltirsa bo‘ladi. Bitta voqeaga nazar solaylik. Bir kuni ikkita va’zgo‘y bilan yosh bolakay xizmat qilgan. Tushlikka yaqin ular xizmatni tugatmoqchi bo‘lishgan. Lekin bolakay yana bir xonadon eshigini taqillatmoqchi bo‘lgan. U hatto o‘sha xonadonga o‘zi borib, eshikni taqillatgan! Eshikni yosh ayol ochganda, o‘sha ikkita va’zgo‘y unga xushxabarni aytishgan. Qizig‘i shundaki, u bundan sal oldin ibodat qilib, unikiga kimdir kelishini va Muqaddas Kitobni tushuntirib berishini Xudodan so‘ragan. Shunday qilib, u Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagan!

«Ey Xudo, bor bo‘lsang, iltimos, menga yordam ber»

18. Nega xizmatimizni hamisha qadrlashimiz kerak?

18 Xudoning xizmatchisi sifatida siz keng miqyosda olib borilayotgan va’zgo‘ylik faoliyatida farishtalar bilan hamkorlik qilish sharafiga egasiz. Buni hamisha qadrlang! G‘ayrat ila va’z qilish va «Iso haqidagi xushxabarni» aytib berish orqali ulkan quvonch topasiz. (Havor. 8:35)

a Bu yerda havoriy Filip emas, ushbu kitobning 5-bobida tilga olingan Filip to‘g‘risida gap ketyapti. U «yaxshi nom orttirgan... yetti kishi»dan biri bo‘lib, yunon va ibroniy tilida gapirgan Quddusdagi bevalarga kundalik rizq-ro‘zni tarqatishga g‘amxo‘rlik qilishga tayinlangan edi. (Havor. 6:1–6)

b Hoynahoy, o‘shanda yangi shogirdlar suvga cho‘mganda, muqaddas ruh bilan moylanishgan yoki unga ega bo‘lishgan. Bu ularga kelajakda osmonda shoh va ruhoniy sifatida Iso bilan birga boshqarish imkonini ochib bergan. (2 Kor. 1:21, 22; Vah. 5:9, 10; 20:6) Biroq aynan bu vaziyatda yangi shogirdlar suvga cho‘mganda muqaddas ruh bilan moylanmagan edi. Butrus va Yuhanno suvga cho‘mgan yangi shogirdlarning ustiga qo‘llarini qo‘yishganda, ular muqaddas ruhga, jumladan, mo‘jizalar yaratish kuchiga ega bo‘lishgan.

c Bu Rim papasini saylash maqsadida chaqiriladigan kardinallar yig‘ini.

d Amaldorning bu ishi his-tuyg‘ularga asoslanmagan edi. Chunki u yahudiy diniga kirgan edi va allaqachon Muqaddas Yozuvlarni, jumladan, Masihga taalluqli bashoratlarni bilardi. Allohning irodasi amalga oshishida Isoning o‘rni qanday ahamiyatga ega ekanini bilgach esa u darrov suvga cho‘mgan.