Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-BOB

«Butun jamoatda tinchlik hukm sura boshladi»

«Butun jamoatda tinchlik hukm sura boshladi»

Ashaddiy ta’qibchi Shoul Xudoning g‘ayratli xizmatchisiga aylanadi

Havoriylar 9:1–43 ga asoslangan

1, 2. Shoul qaysi niyatda Damashqqa boradi?

 SHAFQATSIZ yo‘lovchilar yovuz niyat bilan Damashqqa yaqinlashib kelishyapti. Ular Isoning shogirdlarini uylaridan sudrab chiqarishadi, bog‘lashadi va ularni kamsitib, Oliy Kengash g‘azabini sochishi uchun Quddusga olib ketishadi.

2 Ushbu to‘daning boshlig‘i Shoul a. Uning qo‘llari allaqachon qonga botgan. U bundan sal oldin o‘ziga o‘xshagan mutaassiblar Isoning sodiq xizmatchisi Stefanni toshbo‘ron qilishganini ma’qullab kuzatib turgan. (Havor. 7:57–8:1) Isoning shogirdlarini Quddusda ta’qib qilishdan qoniqmay, Shoul bundan-da ayovsiz ta’qiblarni uyushtirishga tayyor turibdi. Uning niyati «bu yo‘ldan yuradigan har bir kishini» gumdon qilish. (Havor. 9:1, 2; « Shoulning Damashqdagi vakolati» nomli 61-sahifadagi ramkaga qarang.)

3, 4. a) Shoul bilan nima bo‘ldi? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 To‘satdan Shoulning yo‘liga nur yog‘ilib, atrofini yarqiratib yubordi. Uning hamrohlari nurni ko‘rib, dong qotib qolishdi. Shoulning ko‘zi ko‘rmay qolgani uchun yerga yiqildi. Shunda u osmondan: «Shoul, Shoul, nimaga meni ta’qib qilyapsan?» — degan bir sado eshitdi. Gangib qolgan Shoul: «Ey Hazrat, siz kimsiz?» — deb savol berdi. «Men, sen ta’qib qilayotgan Isoman»,— degan javob esa yuragiga o‘qday qadaldi. (Havor. 9:3–5; 22:9)

4 Isoning Shoulga aytgan ilk so‘zlaridan nimani bilib olsak bo‘ladi? Shoul masihiy bo‘lishi to‘g‘risidagi voqealarni ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltirishi mumkin? U masihiylar safiga qo‘shilgach, tinchlik hukm sura boshlagan. Jamoatdagilar bu paytdan qanday foydalanganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

«Nimaga meni ta’qib qilyapsan?» (Havoriylar 9:1–5)

5, 6. Isoning Shoulga aytgan so‘zlaridan nimani bilib olishimiz mumkin?

5 Iso Shoul Damashqqa ketayotganida, uni to‘xtatgan va undan: «Nimaga shogirdlarimni ta’qib qilyapsan?» — deb so‘ramagan. Aksincha: «Nimaga meni ta’qib qilyapsan?» — degan. (Havor. 9:4) Ha, Isoning shogirdlari azob chekkanda, u ham azob chekadi. (Mat. 25:34–40, 45)

6 Sizni masihiy bo‘lganingiz uchun ta’qib qilishsa, ishonavering, Yahova hamda Iso nimalarni boshdan kechirayotganingizdan xabardor. (Mat. 10:22, 28–31) Balki, hozir sinovlardan butunlay xalos bo‘lishning iloji yo‘qdir. Shuni unutmangki, Iso Stefanning o‘limida Shoulning ham hissasi borligini hamda u Quddusdagi masihiylarni uylaridan sudrab chiqqanini ko‘rgan. (Havor. 8:3) Lekin u o‘shanda bunga aralashmagan. Shunday bo‘lsa-da, Yahova Iso orqali Stefan ham, boshqa shogirdlar ham sadoqatli qolishlari uchun kuch bergan.

7. Ta’qiblarga dosh berishingizga nima yordam beradi?

7 Agar 1) nima bo‘lishidan qat’i nazar, Allohga sodiq qolishga qaror qilsangiz; 2) Yahovadan yordam so‘rasangiz (Filip. 4:6, 7); 3) qasosni Uning qo‘liga topshirsangiz (Rim. 12:17–21); 4) Xudo sinovdan sizni xalos qilmaguncha, uni boshdan kechirishingiz uchun kuch berishiga ishonsangiz siz ham ta’qiblarga dosh bera olasiz. (Filip. 4:12, 13)

«Birodarim Shoul,... Hazratimiz Iso meni oldingizga yubordi» (Havoriylar 9:6–17)

8, 9. Hananiyaga vazifa topshirilganda, u nimalarni his qilgan bo‘lishi mumkin?

8 Iso Shoulning: «Ey Hazrat, siz kimsiz?» — degan savoliga javob berib: «O‘rningdan turib, shaharga kir va nima qilishing kerakligini bilib olasan»,— dedi. (Havor. 9:6) Ko‘r bo‘lib qolgan Shoulni Damashqqa olib borishdi. O‘sha yerda u uch kun ro‘za tutib, ibodat qildi. Shu orada Iso Damashqda yashagan «yahudiylar orasida yaxshi nom orttirgan Hananiya ismli» shogirdiga Shoul to‘g‘risida gapirib berdi. (Havor. 22:12)

9 O‘shanda Hananiya nimalarni his qilganini tasavvur qiling! Jamoat Boshi — tirilgan Iso Masih u bilan shaxsan gaplashib, uni o‘zgacha vazifaga tayinladi. Bu katta sharaf va shu bilan birga mushkul vazifa! Iso Hananiyaga Shoul bilan gaplashishni aytganda, u shunday javob bergan: «Hazratim, bu odam Quddusdagi muqaddas xizmatchilaringizga qancha yomonlik qilganini men ko‘plardan eshitganman. U shu yerda ham ismingizni aytib chaqiradiganlarni hibsga olish uchun bosh ruhoniylardan vakolat olgan». (Havor. 9:13, 14)

10. Iso Hananiya bilan qay tarzda gaplashganidan nimalarni bilib olyapmiz?

10 Hananiya o‘z xavotirlari bilan bo‘lishgani uchun Iso uni koyimadi. Aksincha, unga aniq yo‘l-yo‘riq berdi. Shuningdek, ushbu o‘zgacha vazifani Hananiyaga topshirganining sababini aytib, Iso uni hurmat qilganini ko‘rsatdi. Iso Shoul to‘g‘risida quyidagilarni aytdi: «O‘z ismimni boshqa xalqlarga, shuningdek, shohlarga va Isroil o‘g‘illariga yetkazish uchun bu kishini tanlaganman. Bundan tashqari, u ismim uchun yana qancha azob chekishi kerakligini unga ko‘rsataman». (Havor. 9:15, 16) Hananiya imillamasdan Isoning aytganini qildi. U o‘sha ta’qibchini qidirib topib, unga: «Birodarim Shoul, ko‘zlaringiz ochilib, muqaddas ruhga ega bo‘lishingiz uchun yo‘lingizda sizga ko‘ringan Hazratimiz Iso meni oldingizga yubordi»,— deb aytdi. (Havor. 9:17)

11, 12. Iso, Hananiya va Shoul haqidagi bayonotdan qanday xulosalar chiqarsak bo‘ladi?

11 Iso, Hananiya va Shoul haqidagi bayonotdan bir nechta xulosa chiqarsak bo‘ladi. Masalan, Iso va’da qilganiday, va’zgo‘ylik ishini boshqaryapti. (Mat. 28:20) Garchi u bugungi kunda odamlarga shaxsan o‘zi murojaat qilmasa-da, ishonchli xizmatkor yordami bilan va’zgo‘ylik faoliyatiga boshchilik qilyapti. Iso unga uydagilariga g‘amxo‘rlik qilishni topshirgan. (Mat. 24:45–47) Yetakchi kengashning nazorati ostida va’zgo‘ylar va kashshoflar Masih to‘g‘risida ko‘proq bilishni xohlagan kishilarni izlab topishyapti. O‘tgan bobda aytilganidek, bu kabi ko‘p insonlar Xudodan yo‘l-yo‘riq so‘rashgan va bundan so‘ng ularnikiga Yahovaning Shohidlari kelishgan. (Havor. 9:11)

12 Hananiya topshirilgan vazifani itoatkorlik ila bajardi va natijada barakalarga ega bo‘ldi. Keng shohidlik berish vazifasi sizda qo‘rquv uyg‘otayotgan bo‘lsa-da, uni itoatkorlik ila bajaryapsizmi? Masalan, ba’zilar uchun uyma-uy yurib, begonalar bilan suhbat qurish qiyin kechishi mumkin. Boshqalarga esa ish joyida, ko‘cha-ko‘yda yoki telefon orqali va’z qilish oson kechmas. Hananiya qo‘rquvni yenga olgan va Shoulga muqaddas ruhga ega bo‘lishga yordam berish sharafiga muyassar bo‘lgan b. Darhaqiqat, u Isoga ishonib, Shoulga birodaridek qaragani uchun muvaffaqiyatga erishgan. Hananiyaga taqlid qilib, va’zgo‘ylik faoliyatini Iso boshqarayotganini yodda tutsak, odamlarga rahm-shafqatli bo‘lsak va ularga bo‘lajak imondoshlarimizdek qarasak, qo‘rquvni yenga olamiz. (Mat. 9:36)

«U... Iso Xudoning O‘g‘li ekanini... va’z eta boshladi» (Havoriylar 9:18–30)

13, 14. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan, lekin hali suvga cho‘mmagan bo‘lsangiz, Shouldan qanday o‘rnak olishingiz mumkin?

13 Shoul bilib olgan narsalarini darhol amalda qo‘lladi. Ko‘zlari ko‘ra boshlagach u suvga cho‘mib, Damashqdagi shogirdlar bilan muloqot qila boshladi. Lekin bu hali hammasi emas. Shoul «darhol Iso Xudoning O‘g‘li ekanini ibodatxonalarda va’z eta boshladi». (Havor. 9:20)

14 Siz ham Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan, lekin hali suvga cho‘mmagan bo‘lsangiz, bilib olganlaringizni Shoul kabi darhol qo‘llaysizmi? U Iso yaratgan mo‘jizaning guvohi bo‘lgan va bu uni muayyan harakatlarga undagani shubhasiz. Ammo boshqa kishilar ham Isoning mo‘jizalarini ko‘rgan. Misol uchun, ba’zi farziylar Iso qo‘li qurib qolgan bir odamni sog‘aytirganini ko‘rgan. Yahudiylarning aksariyati ham Iso Lazarni tiriltirganini bilgan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchiligi beparvo bo‘lib, hatto unga qarshi chiqqan. (Mark 3:1–6; Yuhan. 12:9, 10) Ulardan farqli o‘laroq, Shoul butunlay o‘zgargan. Nega u haqiqatni qabul qilgan, boshqalar esa yo‘q? Chunki u odamlardan ko‘ra Xudodan ko‘proq qo‘rqqan va Masih unga namoyon etgan rahm-shafqatni qadrlagan. (Filip. 3:8) Siz ham Shoulga o‘xshab yo‘l tutsangiz, xushxabarni e’lon etib, suvga cho‘mishingizga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi.

15, 16. Shoul Damashqdagi ibodatxonalarda nima qilgan va yahudiylar bunga qanday munosabat bildirgan?

15 Shoul ibodatxonalarda Iso to‘g‘risida va’z qilishni boshlaganda, xaloyiq qanchalik hayratlanganini va g‘azablanganini tasavvur qila olasizmi? Ular: «Bu, Quddusda Isoning ismini aytib chaqiradiganlarni shiddat bilan ta’qib qilgan kishi emasmi?» — deb so‘rashardi. (Havor. 9:21) Shoul Isoga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirganini tushuntirganda, «Isoning Masih ekaniga mantiqiy dalillar» keltirardi. (Havor. 9:22) Biroq quruq mantiq doim ham yetarli emas. Sababi, urf-odatlarga qattiq rioya qiladigan yoki mag‘rur kishilar uchun mantiq hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Shoul esa taslim bo‘lmagan.

16 Oradan uch yil o‘tib, Damashqdagi yahudiylar hali ham Shoulga qarshi chiqardi. Oxir-oqibat, ular Shoulni o‘ldirishga til biriktirishdi. (Havor. 9:23; 2 Kor. 11:32, 33; Galat. 1:13–18) Ammo Shoul bu fitna haqida xabar topgach, aql-idrok bilan ish tutib, shaharni tark etdi. Uni savatga o‘tqizib, shahar devoridagi teshikdan tushirib qo‘yishdi. Luqoning bayon etishicha, buni «Shoulning shogirdlari» qilishdi. (Havor. 9:25) Demak, Damashqda Shoulni tinglaganlarning ba’zilari xushxabarni qabul qilib, Masihning izdoshi bo‘lishdi.

17. a) Odamlar Muqaddas Kitobdagi haqiqatga qanday munosabat ko‘rsatyapti? b) Nima qilishni davom ettirishimiz kerak va nega?

17 Bilib olganlaringizni oila a’zolaringiz, do‘stlaringiz va boshqa kishilarga aytishni boshlaganda, Muqaddas Kitobdagi haqiqat mantiqan to‘g‘ri bo‘lgani uchun ular uni qabul qiladi, deb o‘ylagandirsiz. Ehtimol, ba’zilar uni qabul qilgandir, ko‘pchiligi esa yo‘q. Hatto oila a’zolaringiz sizga dushmanday munosabat ko‘rsatgandir. (Mat. 10:32–38) Ammo Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara yuritish mahoratini yaxshilashda davom etsangiz va xulq-atvoringiz yaxshi bo‘lsa, hatto qarshilik ko‘rsatayotganlar ham sizga bo‘lgan munosabatini keyinchalik o‘zgartirishi mumkin. (Havor. 17:2; 1 Butr. 2:12; 3:1, 2, 7)

18, 19. a) Barnabo Shoulga yordam bergani qanday natija keltirdi? b) Barnabo bilan Shoulga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

18 Shoul Quddusga kelganida, shogirdlar muayyan sabablarga ko‘ra u masihiy bo‘lganiga ishonishmagan. Lekin Barnabo u masihiy bo‘lganini tasdiqlaganda, havoriylar uni qabul qilishgan va u bilan muayyan vaqt mobaynida birga bo‘lishgan. (Havor. 9:26–28) Shoul ehtiyotkor bo‘lgan, lekin xushxabarni e’lon qilishdan uyalmagan. (Rim. 1:16) Iso Masihning shogirdlarini shafqatsizlarcha ta’qib qilgan Shoul keyinchalik Quddusda g‘ayrat ila va’z qilgan. Quddusdagi yahudiylar ilgari yahudiy dinining ashaddiy tarafdori bo‘lgan Shoul masihiy bo‘lganini bilgach, uni o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. Havoriylar 9:30 da shunday yozilgan: «Bundan xabar topgan birodarlar uni [Shoulni] Kesariyaga olib borishdi-da, keyin esa Tarsga jo‘natib yuborishdi». Iso jamoat orqali bergan yo‘l-yo‘riqqa Shoul quloq soldi. Bu unga ham, jamoatga ham foyda keltirdi.

19 Barnabo tashabbus ko‘rsatib, Shoulga yordam qo‘lini cho‘zganiga e’tibor bering. Albatta, mehribonlik ila qilingan bunday harakat tufayli Yahovaning bu g‘ayratli xizmatchilari qalin do‘st bo‘lib qolishgan. Siz ham Barnaboga o‘xshab jamoatning yangi a’zolari bilan va’zgo‘ylikda hamkorlik qilib, ma’nan ulg‘ayishiga yordam beryapsizmi? Shunday qilsangiz, qut-barakalarga ega bo‘lasiz. Agar Shoul kabi yangi va’zgo‘y bo‘lsangiz, sizga taklif qilinayotgan yordamni qabul qilyapsizmi? Tajribali va’zgo‘ylar bilan hamkorlik qilsangiz, xizmatdagi mahoratingiz oshib, quvonchga to‘lasiz. Boz ustiga, abadiy davom etadigan do‘stona munosabatlarni rivojlantira olasiz.

«Ko‘plar Hazratimizga ishondi» (Havoriylar 9:31–43)

20, 21. Tinchlik hukm sura boshlaganda, o‘tmishda Xudoning xalqi bundan qanday foydalangan va hozir qanday foydalanyapti?

20 Shoul masihiy bo‘lib, Quddusni eson-omon tark etgach, «Yahudiya, Jalila va Samariyadagi butun jamoatda tinchlik hukm sura boshladi». (Havor. 9:31) Shogirdlar bu paytdan qanday foydalandi? (2 Tim. 4:2) Bayonotdan jamoat mustahkamlanib borganini bilib olyapmiz. Havoriylar hamda boshqa mas’uliyatli birodarlar shogirdlarning imoniga imon qo‘shib, jamoatdagilarga «Yahovadan qo‘rqib,... muqaddas ruhdan» tasalli topishga yordam berishardi. Misol uchun, Butrus Sharon tekisligida joylashgan Lidda shahridagi shogirdlarini mustahkamlashga harakat qilgan. Uning harakatlari zoye ketmadi, boisi, u yerda yashagan ko‘plar «Hazratimizga ishondi». (Havor. 9:32–35) Shogirdlar keraksiz narsalarga chalg‘imagan, aksincha, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishga va xushxabarni va’z qilishga jon kuydirgan. Natijada, «shogirdlarning soni tobora ortardi».

21 Taxminan 1990-yillarda ko‘p mamlakatlarda Yahovaning Shohidlari uchun «tinchlik hukm sura boshladi». Ko‘p yillar mobaynida Xudoning xalqiga zulm o‘tkazgan turli hukumatlar qo‘qqisdan o‘z kuchini yo‘qotdi. Shunda faoliyatimiz man etilgan mamlakatlarda va’z qilish osonroq bo‘lib qoldi va ba’zi joylarda hatto erkinlik berildi. O‘n minglab Yahovaning Shohidlari bundan foydalanib, xushxabarni jamoat joylarida va’z qila boshladi. Bu samarali natijalar olib keldi.

22. Erkinlikdan qay yo‘sin foydalana olasiz?

22 Siz ham bunday erkinlikdan foydalanyapsizmi? Din erkinligi bor mamlakatda yashayotgan bo‘lsangiz, Shayton siz Shohlik manfaatlari payidan bo‘lishingizni emas, boylik sari intilishingizni xohlaydi. (Mat. 13:22) Shunday ekan, boshqa narsalar sizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymang. Yaxshisi, nisbatan tinchlik hukm surgan paytdan donolik ila foydalaning. Keng shohidlik berish hamda jamoatdagilarni mustahkamlash imkonini qo‘ldan boy bermang. Unutmang, sharoitingiz qo‘qqisdan o‘zgarishi mumkin.

23, 24. a) Tavita haqidagi bayonotdan qanday saboq olyapmiz? b) Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

23 Keling, Tavita yoki Dorka c ismli masihiy ayol bilan nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik. U Lidda shahriga yaqin bo‘lgan Yaffada yashagan. Tavita vaqti-yu mablag‘ini donolik bilan sarflardi va «ko‘p ezgu ishlar qilib, xayr-sadaqa berardi». Kutilmaganda u kasal bo‘lib, vafot etdi. Uning o‘limi Yaffadagi shogirdlarni, ayniqsa, uning mehribonligini ko‘rgan bevalarni qayg‘uga soldi. Tavita dafn etilishga tayyorlanayotgan uyga Butrus keladi va hali hech bir havoriy qilmagan mo‘jizani yaratadi. Butrus ibodat qiladi va uni tiriltiradi! Havoriy Butrus bevalar-u boshqa shogirdlarni xonaga chaqirib, Tavita tirik ekanini ko‘rsatganda, ular qanchalik quvonganini bir tasavvur qiling. Hoynahoy, bu ularni bo‘lajak qiyinchiliklar uchun mustahkamlagan. Darhaqiqat, bu mo‘jiza «butun Yaffaga ma’lum bo‘ldi va shunda ko‘plar Hazratimizga ishondi». (Havor. 9:36–42)

Tavitaga qanday taqlid qila olasiz?

24 Tavita haqidagi ta’sirli bayonotdan ikkita muhim saboq olyapmiz. 1) Umr qisqa. Hali hayot ekanmiz, Allohning nazarida yaxshi nom orttirish zarur! (Voiz 7:1) 2) Tirilishga bo‘lgan umidimiz ishonchli. Yahova Tavitaning ko‘p ezgu ishlarini ko‘rib, bu uchun uni taqdirlagan. Biz ham Armageddongacha hayotdan ko‘z yumsak, Xudo mehnatimizni esga oladi va bizni hayotga qaytaradi. (Ibron. 6:10) Shunday ekan, «noqulay paytda» yashayapmizmi yoki tinchlik hukm surgan davrdami, keling, Masih to‘g‘risida tinmay keng shohidlik beraylik. (2 Tim. 4:2)

a « Farziy Shoul» nomli 62-sahifadagi ramkaga qarang.

b Ko‘p hollarda faqat havoriylar orqali muqaddas ruh in’omlari berilardi. Biroq bu o‘zgacha vaziyatda Iso Hananiya orqali Shoulga muqaddas ruh in’omlarini bergan. Shoul masihiy bo‘lgach, ancha vaqt davomida 12 ta havoriy bilan ko‘rishmagan. Ammo u o‘sha paytda va’zgo‘ylikda faol qatnashgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun Iso Shoul va’z qilish topshirig‘ini bajarishi uchun kerakli kuchga ega bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilganga o‘xshaydi.

c « Tavita “ko‘p ezgu ishlar” qilardi» nomli 67-sahifadagi ramkaga qarang.